"Na O‘zbekistonda qolishni, na boshqa davlatga ketishni bilamiz. AQShga qayta olishimiz esa noma’lum"
Trampning yangi viza siyosati AQShdagi o‘zbek talabalariga qanday ta’sir qilmoqda?

Surat manbasi, Reuters
AQShda o‘qib kelgan o‘zbekistonlik talabalarning ko‘pchiligi umidsizlikda. Bu yil kuzda o‘qishni boshlamoqchi bo‘lganlarning rejalari keskin o‘zgargan. Aksariyati endi qanday yo‘l tutishni bilmaydi.
Tramp va Garvard universiteti o‘rtasida boshlangan nizo so‘nggi kunlarda butun dunyo bo‘ylab AQSh elchixonalarida talabalik vizasi uchun suhbatlarning to‘xtatilishiga olib keldi. Atigi bir necha kun ichida imzolangan ayni qaror AQShga borib o‘qimoqchi bo‘lgan xalqaro talabalarning rejalarini butkul boshqa yo‘nalishga burib yubordi.
Ular orasida minglab o‘zbekistonliklar ham bor.
AQShning Toshkentdagi elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 2023 yilda 1089 nafar o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan. So‘nggi yillarda ushbu raqam sezilarli darajada oshib borgan edi.
MIT, Garvard va Stenford kabi AQShda joylashgan dunyoning eng nufuzli universitetlariga qabul qilingan o‘zbekistonlik yoshlarning soni ham oxirgi yillarda osha boshlagan edi.
Biroq, Trampning so‘nggi qarori va elchixonalarda viza suhbatlarining to‘xtatilishi nafaqat kuzda AQShga ketishni reja qilgan o‘zbekistonlik bo‘lajak talabalarni, balki allaqachon AQShda o‘qib kelyotgan va yozgi ta’til uchun O‘zbekistonga qaytganlarni ham tashvishlantirmoqda.
Ularning aksariyati talabalik vizasini yangilash uchun topshirgan arizalariga rad javobi olishgan. AQShga kutilayotgan kuzgi sayohat rejalari esa bekor qilinish arafasida.
BBC O‘zbek xizmati shu kabi o‘zbekistonlik talabalarning aksariyati bilan suhbatlashdi. Biroq, ularning iltimosiga ko‘ra shaxslari ochiqlanmaydi.
Javohir (ismi o‘zgartirilgan), AQShdagi Janubiy Florida Universitetida 2 bosqich talabasi. U o‘zi bilan birga tahsil oladigan 3 nafar do‘stlari bilan yozgi ta’til uchun O‘zbekistonga qaytgan edi.
AQSh qonunchiligiga ko‘ra, talabaning joriy vizasi muddati o‘tgach, Qo‘shma Shtatlar hududidan tashqariga chiqqan talabalar mamlakatga qayta kirish uchun vizalarini yangilashi kerak.
Talabalarning aytishicha, bu odatda unchalik qiyin bo‘lmaydi. Sanoqli holatlardagina viza yangilash uchun topshirilgan arizalar rad etilgan.
Biroq, may oxirida Javohir va u bilan birga bo‘lgan do‘stlarining barchasi talabalik vizasini yangilash uchun topshirgan arizalariga rad javobi olishgan.
"Biz Tramp va Garvard o‘rtasidagi mojarolardan xabardor edik. Ammo elchixonalarning suhbat joylarini yopishi kutilmagan bo‘ldi. Shunga qaramay, biz vizamizni yangilash uchun bir necha oy avval ariza qoldirgandik. Elchixona esa rad etishning aniq sababini keltirmadi."
AQShda ta’lim oladigan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi ta’til vaqtida O‘zbekistonga qaytishga odatlangan. Ammo AQShning Toshkentdagi elchixonasi ayni vaqtda necha nafar talaba o‘z vizasini yangilash bilan bog‘liq muammoga duch kelganini ochiqlamagan.
Shuningdek, talabalarning viza yangilash uchun topshirgan arizalarining rad etilishi aynan so‘nggi viza siyosatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligi aniq emas.
"Agar avgustda AQShga qaytib bora olmasak, universitetimizni "muzlatishimiz" kerak. Ammo bu qancha vaqt davom etishi noma’lum. Biz Tramp ma’muriyati elchixonalardagi bu holatni qachon yengillatishini bilmaymiz. Eng yomoni – shunda. Na O‘zbekistonda qolishni, na boshqa davlatga ketishni bilmaymiz. AQShga qayta olishimiz esa noma’lum."

Surat manbasi, Reuters
Aslida, Tramp va xalqaro talabalar o‘rtasidagi ayni mavzu bundan bir necha oy ilgari boshlangan edi. Falastinni yoqlovchi namoyishlarda ko‘rinish berganlarning hibsga olinishi va ayrimlarining deportatsiya qilinishini ko‘pchilik ogohlantirish sifatida qabul qilgandi.
Biroq, vaziyatning bu qadar keskinlashuvi barcha uchun kutilmagan bo‘lgan.
Universitetlar o‘z talabalarini doimiy ravishda AQShdan tashqariga chiqmaslikka chaqirib kelgan.
Jumladan, Janubiy Florida Universiteti o‘z talabalariga kunora ogohlantirish xabarlari yuborgan. Ularning aksariyati yozgi ta’tilda o‘z vatanlariga qaytmaslik haqidagi chaqiruvlardan iborat.
"Biz bunday xabarlarni deyarli har kuni olardik. Ammo jiddiy e’tibor qilmagandik. Vizamiz rad etilishi yoki bekor qilinishi uchun qonuniy asos yo‘q edi. Voqealar tez va keskin o‘zgarib ketishini kutmagandik" – deydi Javohir.
AQShning qat’iylashgan viza siyosati va xalqaro talabalarga nisbatan o‘zgargan munosabati nafaqat Qo‘shma Shtatlardan tashqarida qolib ketayotgan talabalarni, balki ayni vaqtda mamlakat ichkarisa bo‘lganlarni ham xavotirga solmoqda.
Akmal (ismi o‘zgartirilgan) AQShdagi Virjiniya Texnologiyalar Universitetining 1-kursini yaqindagina tamomladi. U yozgi ta’til uchun O‘zbekistonga qaytmagan. Ammo Nyu-Yorkka borib ishlashni, biroz mablag‘ jamg‘arishni rejalagandi.
Prezident Trampning so‘nggi haftalardagi siyosati uni qattiq tashvishga solmoqda.
"O‘zbekistonga qaytmasligim siyosiy o‘zgarishlar bilan emas, yozda keyingi semester uchun pul yig‘moqchi edim. Ammo hozir Nyu-Yorkka borishga ham ikkilanyapman. Universitetimizda deyarli har kuni ayni mavzuda tadbir va uchrashuvlar bo‘ladi. Bizga eng xavfsiz tanlovni qilishni maslahat berishmoqda."
Akmalning aytishicha, universitetlar ma’muriyati talabalarga mediadan uzoqroq bo‘lishni maslahat berishmoqda. AQSh hukumatining ayni qarorlariga qarshi aytilgan har qanday gap ularning viza statusiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, Akmal universitet kampusida politsiya xodimlari avvalgidan ko‘payganini va xorijiy talabalarga ko‘proq e’tibor qarata boshlashganini aytadi.
"Avvallari, xattoki qishda ham, hech qaysi politsiya xodimi bizdan kimligimiz haqida so‘ramagan. Bizga shubha bilan qarashlari esa tasavvurga ham sig‘mas edi. Ammo oxirgi haftaning o‘zida 2 marta politsiya xodimlariga duch keldim. Ular mendan umumiy savollar so‘rashdi. To‘g‘ri, bu unchalik jiddiy holat emas, biroq ba’zi do‘stlarimning aytishicha, bu kabi vaziyatlar oldin aslo kuzatilmagan."

Surat manbasi, Reuters
O‘zbekistonliklar AQShda ta’lim olishi uchun o‘rtacha 20 000 dollardan 60 000 dollargacha to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu esa mamlakatdagi o‘rtacha oylik bilan taqqoslaganda, o‘zbekistonliklar uchun Qo‘shma Shtatlarda universitet ta’limini olish anchayin murakkab va qimmatligini ko‘rsatadi.
Biroq, AQShda ta’lim olishga qiziqish ortib bormoqda. Garchi hozirda AQShdagi o‘zbekistonlik talabalar soni mamlakat aholi soniga nisbatan ancha kam bo‘lsa-da, oxirgi yillarda talablarning soni o‘sgan.
Ushbu talabalarning aksariyati universitet to‘lovini to‘lashda asosan grant va universitet beradigan iqtisodiy yordamga tayanadi.
Davron, 18 yoshda. U AQShdagi nufuzli universitetlardan biriga to‘liq grant asosida qabul qilingan. Biroq, elchixona talabalik vizalari uchun suhbatlarni to‘xtatgach, uning keyingi rejalari mavhum qoldi.
"Universitet nomini oshkora qilishim ham viza jarayonlariga ta’sir qilishi mumkin deb qo‘rqaman" - deydi u.
"Men qabul qilingan universitet barcha xarajatlarimni qoplaydi. Ammo men hali viza uchun suhbatga kira olmadim. Hozir nima qilishga hayronman. Yo bir yil kutishim, yo O‘zbekistonda o‘qishim kerak. Dunyo bo‘ylab universitetlarning ko‘pchiligi allaqachon qabulni yopgan. Yevropa yoki Osiyoning boshqa davlatlariga hujjat topshirish endi qishki semestrgacha imkonsiz."
Trampning ayni siyosati ko‘pchilik tomonidan qattiq tanqidlarga uchraganiga qaramasdan, hukumat bu qarorida qat’iy turmoqda. Uning ta’sir ko‘lami esa anchayin keng.
So‘nggi haftalarda yuz bergan ayni o‘zgarishlar Bangladeshlik magistr talabalardan tortib, Nukusdagi maktab o‘quvchilarigacha ta’sir qilmoqda.
Ularning ba’zilari bir yil kuta oladi, ayrimlari allaqachon boshqa imkoniyatlarni izlashmoqda. Boshqalari esa AQShda to‘xtab qolishi mumkin bo‘lgan o‘qishlarini na "muzlatishni", na bekor qilishni biladi.












