O‘zbekiston-AQSh: Mirziyoyev Trampga 'jest' qildimi - munosabat

Tramp va Mirziyoyev

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan.
O'qilish vaqti: 11 daq

Markaziy Osiyoda geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgan bir manzarada poytaxt Toshkentdan uzoq kutilgan va kutilmagan xabarlar olindi.

Yangilik ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek tilli segmenti e’tiborini tezda o‘ziga tortdi, ulashildi, O‘zbekistonning aksariyat nashrlarida allaqachon sarlavhalarga ham chiqib bo‘ldi.

Ammo so‘nggi xabarlarga rasmiy Vashington va Trampning munosabati hozircha imkonsiz.

Nima bo‘ldi - yangi tafsilotlar

Amerika Qo‘shma Shtatlari

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortgan davlati bo‘ladi.

Rasmiy Toshkent AQSh fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz tartibni joriy etdi.

Bu xususda O‘zbekiston prezidentining farmoni qabul qilindi.

Xabarlarga ko‘ra, yangi farmon 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kiradi.

AQSh fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha muddatga vizasiz rejim belgilanadi.

Yangilik kecha, 3 noyabr kuni chiqdi.

Prezident farmoniga oid xabar "Markaziy Osiyo+AQSh" formatining ikkinchi sammiti arafasida bo‘y ko‘rsatdi.

AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili va AQSh Davlat kotibi o‘rinbosarining O‘zbekistonga tashrifidan qisqa vaqt o‘tmay olindi.

Toshkentdagi muzokaralar chog‘ida ham tomonlarning iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralar olib borishlari aytilgan.

Bu ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni mustahkamlash va savdo aloqalarini kengaytirishga intilishining bir qismi sifatida baholangan.

Vashington 6 noyabr kuni mezbonlik qilajak sammitga Markaziy Osiyo liderlari shaxsan AQSh Prezidenti Donald Trampning o‘zi taklif qilgan.

Bu Kreml tarafdori bo‘lgan sharhlovchilarning e’tiboridan chetda qolmagan, ular buni mintaqani Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan keng qamrovli harakatning bir qismi sifatida baholashgan.

O‘zbekiston prezidentining shu yil sentyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan uchinchi tashrifi ham "tarixiy", deb baho topgan.

Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti BMT Bosh Assambleyasining yubiley sammiti tegrasida shaxsan uchrashgan "sanoqli davlat rahbarlari"dan biri bo‘lgan.

Amerika tomoni mazkur uchrashuvga "tarixiy", deb baho bergan.

Donald Tramp "juda yaxshi" ekanini aytib, O‘zbekiston prezidentiga "$105 milliard dollarlik katta xaridi" uchun shaxsan minnatdorchilik bildirgan.

Shavkat Mirziyoyev AQSh yetakchisining qator global mojarolarni hal etishdagi xizmatlarini qayd etib, uni yana bir bor O‘zbekistonga taklif qilgan.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati esa, o‘shanda ikki davlat rahbarlarining strategik sheriklikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlarini ham muhokama etib olganliklarini ma’lum qilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning Nyu-Yorkdagi so‘nggi muzokaralariga O‘zbekiston tomoni ham ijobiy baho bergan.

O‘zbekiston prezidentining Tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Nyu-Yorkdagi muzokaralar "O‘zbekiston va AQSh munosabatlarini barqaror darajaga olib chiqqan"ligini aytgan.

Abdulaziz Komilov fikricha, ikki tomon o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar "barqarorlik va prognoz qilsa bo‘ladigan bosqichiga o‘tgan".

U "O‘zbekiston 24" telekanaliga shu yil oktyabrida bergan intervyusida, "Amerika elitasining deyarli barcha vakillari, jumladan, siyosiy doiralar va biznes vakillari mamlakatlar hamkorlikning yangi bosqichi boshlanayotganini tan olayotganligi"ni aytgan.

Bularning barchasi postsovet makonida ham o‘ziga e’tibor tortgani, "Rossiya endi o‘tmishi bilan faxrlana olmasligi, mintaqaga Boeing taklif eta olmasligi, Markaziy Osiyo buyog‘iga Sharq bilan G‘arbdan birini tanlamasligi, balki ularning manfaatlarini uyg‘unlashtirib, geosiyosiy raqobatni o‘z taraqqiyoti uchun "yoqilg‘i"ga aylantirishi"ga oid xabarlarga ham zamin yaratgani ko‘rilgan.

Nyu-Yorkdagi muzokarayu kelishuvlar ortidan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi ham "ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar har qachongi davrga qaraganda yaxshiroq" ekanini aytib, intervyu bergan.

Rossiya shu orada Markaziy Osiyo bilan o‘tkazishga ulgurgan ikkinchi "+" sammiti esa, Kremlning mintaqada o‘zining o‘rnini tiklash, ta’sirini yanada kuchaytirish harakati sifatida baho topgan.

Agar, xuddi shu sammit ortidan ayrim mintaqaviy nashrlarda bo‘y ko‘rsatgan tahlillarga tayanilsa, Putin ushbu sammitdan "nafaqat iqtisodiy integratsiya sur’atlaridan noroziligini bildirish, balki Markaziy Osiyo davlatlarini, uning ta’biri bilan aytganda, o‘zaro savdodagi faolliklari yetarlicha emasligi uchun tanqid qilishda minbar sifatida ham foydalangan."

Prezident topshirig‘i

Mirziyoyev va Tramp

Surat manbasi, GettyImagesWin McNamee

O‘zbekiston prezidenti bu xususda muzokaralar olib borishni mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga topshirganiga oid xabarlar shu yilning may oyida chiqqandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘ladi, Rossiya va Xitoy bilan birga mintaqada o‘zaro raqobatda bo‘lgan uchta geosiyosiy qudratdan bittasi.

U yerda qudratga Respublikachi Donald Trampning qaytishi mintaqada yangi xavotirlarni paydo qilgan voqe’likka aylangan.

Tahlilchilar doirasida endi Markaziy Osiyoning "geosiyosiy tuzoq"qa tushib qolishi ehtimoli kuchayishi, endi mintaqaning Rossiya, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi manyovr qilish imkoniyati bo‘lmasligi mumkinligiga oid tahlillarga ham zamin yaratgan.

Tramp yutib chiqqan so‘nggi Amerika prezidentligi saylovi dunyoda geosiyosiy tanglik bu yaqin o‘n yilliklarda "misli ko‘rilmagan bir daraja"ga yetgan, hatto, yarim asrdan ko‘proq o‘tib, yadroviy urush xavfi yana kun tartibiga qaytgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini kuchayib borayotgan, xuddi shu urush fonida Rossiya Xitoyga, ikkovlon yana Markaziy Osiyoga tobora yaqinlashayotgan, Global Janubni jipslashtirib, ko‘pqutbli dunyo talabidagi da’vatlariga zo‘r berayotgan, buning ziddiga mintaqaga kollektiv G‘arbning diqqat-e’tibori ham kuchaygan, uni hamkorligining markaziga qo‘ygan, G‘azo misolida bo‘ladimi, Livan yoki Eron – Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashib, dastlab Isroil va Hamas o‘rtasida boshlangan qurolli nizoning endi butun mintaqaga sachrashi, katta urushga aylanishi ehtimoli tobora reallik kasb etib borayotgan bir fazoda bo‘lib o‘tgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari bugungi global geosiyosiy tanglik ortida turgan yirik qurolli mojarolarga befarq emas, Tramp qudratga qaytgunigacha Rossiyaga qarshi urushi va mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi himoyasida Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelayotgan eng yirik donor sifatida ko‘rilgan, shu urush bilan kechayotgan uch yildan ortiqroq vaqt ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham Rossiya tahdididan rasman va oshkora ogohlantirishga o‘tgan, vakillarining ham tashriflarini faollashtirgan davlat.

Rasmiy Toshkentning yangi rejasiga oid yangilik yana Trampning Ukraina urushiga Putinning o‘zi bilan chek qo‘yish harakatlari postsovet makonida Rossiyaning ta’sirini yanada kuchaytirishiga oid yangi qo‘rquvlar manzarasida ham olingan.

Xitoy esa Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga dunyoning eng yirik ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi sanaladi, u ham o‘zining yadroviy arsenaliga ega, ammo, boshqa tomondan, eng yirik savdo hamkori aynan Amerika bo‘lgan davlat.

Boshqa tomondan, Xitoy bugun Markaziy Osiyoning eng yirik sarmoyachi va kreditorlaridan biri.

Aksar aholisi nisbatan kambag‘al mintaqada muhim o‘rin tutuvchi iqtisodiy va geoiqtisodiy qudrat.

Xitoy o‘zining umumiy qiymati milliardlab dollarlik yirik iqtisodiy va transport loyihalarini ham Markaziy Osiyoga bog‘lagan, dunyoning mintaqaga bunday tashabbuslar, Ukraina urushi fonida ularning o‘z mustaqilliklari tarixida ko‘rilmagan ulkan hamkorlik rejasi va yirik moliyaviy ko‘mak va’dasi bilan chiqqan yagona davlati.

Ukraina urushi fonida e’lon qilgan xuddi shu olamshumul rejasi endi Rossiyaning ziddiga mintaqada Xitoyning siyosiy ta’siri kuchayadi, degan talqinlarga ham sabab bo‘lishga ulgurgan.

Xuddi shu manzarada dunyoda bo‘y ko‘rsatib turgan mavjud geosiyosiy tanglik bir necha yilning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida ham allaqachon jiddiy xavotirlarga molik masalalardan biriga aylanib bo‘lgan.

O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Qozog‘iston, mintaqaning eng yirik davlatlari liderlari shu qisqa vaqtning o‘zida bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri o‘z mintaqalarini ham chetlab o‘tmayotganligi, "murakkab sinovlarni boshlaridan kechirayotganliklari"ni rasman va oshkora e’tirof etishgacha borishgan.

Markaziy Osiyo mintaqasi va qudratlar

Xarita
Surat tagso‘zi, Aholisining aksarisi musulmon, tabiiy energiya zaxiralari, uran bo‘ladimi yoki boshqa, strategik ahamiyatga ega turli noyob ma’danlarga boy, Ukraina urushi fonida uch global qudrat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan, Yevropa Ittifoqining ham qiziqishi kuchaygan, xuddi shu manzarada dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati va NATOning yagona musulmon a’zosi bo‘lgan Turkiya ham yangi o‘yinchi sifatida sahnaga kirib kelgan hudud.

Aholisi sakson milliondan ortuvchi Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, jiddiy ekologik muammolarga yuz tutgan, kuzatuvchilar nazdlarida, diniy radikalizm, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori, orada jangarilik muammosidan ham ziyon chekkan mintaqa.

Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi aksaran qishloq xo‘jaligiga asoslangan, millionlab fuqarosi chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.

Rossiya ularning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan bittasi, eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori.

Ammo geostrategik jihatdan muhim, Rossiya, Xitoy, Eron, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan, O‘zbeklari ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan, jon saqlab kelayotgan va uch yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan, ammo Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash imkoniyatiga ega Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.

Aholisining aksarisi musulmon, tabiiy energiya zaxiralari, uran bo‘ladimi yoki boshqa, strategik ahamiyatga ega turli noyob ma’danlarga boy, Ukraina urushi fonida uch global qudrat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan, Yevropa Ittifoqining ham qiziqishi kuchaygan, xuddi shu manzarada dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati va NATOning yagona musulmon a’zosi bo‘lgan Turkiya ham yangi o‘yinchi sifatida sahnaga kirib kelgan hudud.

Markaziy Osiyo va Tramp

Mirziyoyev va Tramp

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston AQShning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy pozitsiyasini ham yuksak qadrlashini ta’kidlagan.

O‘tgan noyabr oyidagi Amerika prezident saylovining ertasigayoq Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining barchasi birdek Trampni g‘alabasi bilan rasman qutlashgani ham, ayniqsa, Ukraina urushi manzarasida chetda ham e’tibor tortgan, turli talqin va tahlillarga sabab voqe’likka aylangan.

Ularning hammasi o‘z tabriklarida "o‘zaro hurmatga asoslangan", "manfaatli", "teng", "do‘stona" sifatlarida bo‘ladimi yoki "ko‘pqutbli" "yangi darajaga ko‘tariluvchi" – Donald Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikka umid bildirib qolishgan.

Tabriklarning ichida eng mufassali va ko‘p qirralisi esa, O‘zbekiston prezidenti ekani ko‘rilgan.

Shavkat Mirziyoyev Trampni tabriklash barobarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi saylangan Respublikachi prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga ham da’vat qilgan.

U O‘zbekiston AQShning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy pozitsiyasini ham yuksak qadrlashini ta’kidlagan.

Bu ham Markaziy Osiyo prezidentlarining Trampga yo‘llagan tabriklari manzarasida aynan Shavkat Mirziyoyevnikida ko‘pchilik o‘zining diqqatini qaratgan eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan.

Xuddi shu mazmundagi bayonot buning ortidan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik sheriklik muloqoti haqidagi qo‘shma bayonotda ham aytilgan.

Tomonlar forum maqomini kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarishga ham kelishib olishgani ma’lum bo‘lgandi.

Donald Tramp Shavkat Mirziyoyev bilan bir vaqtda qudratga kelgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning ilk boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan.

Va Trampning taklifi bilan O‘zbekiston prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan.

Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan.

Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston prezidentining bu tashrifini "tarixiy", deb atashgacha borgan.

Amerika va immigratsiya

Meksikadan Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘tayotgan odamlar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Qo‘shma Shtatlarga rekord darajadagi muhojirlar oqimi shu yil boshida sanoqli oylarning o‘zida keng ko‘lamli siyosiy inqirozga aylangan, bu Ukrainani Amerika yordamisiz qoldirishiga oid jiddiy xavotirlarni paydo qilgan va vaziyat Jo Baydenning prezidentlik faoliyatiga nuqta qo‘yish bilan tahdid qilish darajasiga borganiga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan, ayniqsa, Demokratchi prezident Jo Bayden boshqaruvi ostida kechgan so‘nggi to‘rt yil ichida qamoq va o‘lim xavfiga ham qaramay, hududiga noqonuniy kirishga urinayotganlarining ham soni jiddiy ortgan davlati bo‘ladi.

Xuddi shu manzarada u yerda 11 milliondan ortiq noqonuniy muhojir bo‘lsa, ularning orasida o‘zbekistonliklarning ham "oz emas"ligi aytilgan.

Donald Tramp o‘zining saylovoldi kampaniyasi chog‘ida noqonuniy mavqe’dagi muhojirlarni "ommaviy deportatsiya qilish"ga va’da bergan, u buning Amerika tarixida "misli ko‘rilmagan" bo‘lishini ham aytgan va qayta prezidentlik vakolatini boshlashi bilanoq o‘z va’dasi ijrosiga kirishgan.

Qisqa vaqtning o‘zida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ortga deportatsiya qilingan va qilinayotgan noqonuniy mavqe’dagi o‘zbekistonliklarga oid xabarlarning ham soni ortgan.

Orada O‘zbekiston ilova qolgan barcha to‘rt Markaziy Osiyo davlatlari ham Trampning bojlar siyosati nishoniga aylanishgan.

Ammo O‘zbekiston tomoni hay’atlari allaqachon Tramp ma’muriyati boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlariga borish, muhim mineral qazilmalar bo‘yicha kelishuvga erishish, tinch atom energetikasida hamkorlik masalasini ham muhokama etib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu yangilik ham Markaziy Osiyodagi tabiiy energiya zaxiralariga befarq bo‘lmagan va mintaqada ilk atom elektr stantsiyailarini aynan o‘zi qurish rejasi hamda harakatida bo‘lgan Rossiyaning e’tiboridan chetda qolmagan.

Amerika va o‘zbekistonliklar

Migrantlar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbekistonlik ayrim faollar esa, mamlakatda "nelegal" ekani aytiluvchi "11 milliondan ortiq" odam orasida ham O‘zbekiston fuqarolari kam emasligini taxmin etishadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Shtatlarda o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashashi, ulardan bir necha mingi Amerika fuqaroligini ham olgani aytiladi.

Ulardan aksariyatini Grin-karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.

Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida AQSh Davlat Departamentidan keltirilgan raqamlarga tayanilsa, har yili yarim millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ularning Green Card lotereyasida o‘ynash uchun ariza topshiradi.

2018 yilda esa, bu raqam hatto qariyb to‘rt barobar ko‘p bo‘lgani, mazkur lotereya orqali Amerikada yashash huquqini qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 2 milliondan kishini tashkil etgani aytiladi.

Dunyoning qolgan biror bir davlati misolida bu kabi holatning kuzatilmasligi esa, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining ahamiyatini alohida urg‘ulovchi omil bo‘ladi.

Amerikada yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari ham oz emas.

O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" tadqiqot markazining so‘nggi yillarda o‘tkazgan ayrim so‘rovlari ham Amerikaga ketish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ortib borayotganiga dalolat qilgan.

Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan (rasman 37 milliondan ortuvchi – tahr.), ishsizlik hanuz anchayin og‘ir muammoligicha qolayotgan O‘zbekiston va uning rahbariyati uchun tashqi mehnat migratsiyasi, ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida alohida dolzarblik kasb etgan masala bo‘ladi.

Trampning qudratga qaytishi o‘tgan yil may oyidagi qonli teraktdan so‘ng Rossiya o‘zining aksilmigratsion siyosatini tobora kuchaytirayotgan, endi o‘zlarida mehnat muhojirligida band katta sondagi o‘zbekistonliklar, Markaziy osiyoliklarni ham Ukraina urushiga yollash, safarbar etish ilinjini oshkora izhor etishga o‘tgan va migrantlarning yalpi ortga qaytishi ehtimoli mintaqa davlatlari poytaxtlarida uyg‘otgan xavotirlar halicha arimagan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Chetda mehnat muhojirligida band millionlab sondagi fuqarolari har yili ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar ham O‘zbekiston hukumati uchun muhim, ular, yillarki, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng amaliy va samarali vositalardan biri bo‘ladi.

Shunday ekan, so‘nggi yangilik O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun nimani anglatadi? Rasmiy Toshkent nega aynan hozir bu kabi bir qadamga borayotgan bo‘lishi mumkin? Bu har ikki davlat uchun nimani anglatishi mumkin?

Bi-bi-si O‘zbek xizmati hali O‘zbekiston prezidentining mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga bergan topshirig‘i manzarasida xuddi shunday savollar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridan asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayz bilan bog‘langan va unga xuddi shu kabi savollar bilan murojaat qilgandi:

Bahodir Fayz
facebook
O‘zbekiston hukumati amerikaliklarga viza majburiyatini olib tashlash yo‘li bilan Tramp ma’muriyatining ko‘nglini olishni o‘ylayotgan bo‘lishi ham bir ehtimol.
Bahodir Fayz
Asli o‘zbekistonlik sotsiolog, Amerika Qo‘shma Shtatlari (batafsil: bbc.com/uzbek da).

O‘zbekiston prezidentining bu qarori muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

Mazkur qarordagi eng qiziq, balki kutilmagan yangilik bu AQSh davlati bilan sayohat, viza tizimini qulaylashtirish bandi bo‘lsa kerak.

Bilamizki, O‘zbekiston -AQSh munosabatlari avvalgi davrlarda nisbatan sovuq, juda rasmiy tarzda bo‘lib kelgan.

Lekin oxirgi 10 yillikda Amerikada o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz sonini keskin o‘sishi, albattaki, rasmiy Toshkent nazariga tushgan ko‘rinadi.

Prezident farmoni bu jihati bilan AQShda muqim yashayotgan va Amerika fuqaroligini olishga ulgurgan yurtdoshlarimiz uchun juda quvonchli yangilik.

Masalan, bu qaror kuchga kirishi bilan, Amerika fuqaroligini olgan vatandoshlarimiz yoki bu yerda tug‘ilgan farzandlari O‘zbekistonga bemalol vizasiz sayohat qilishlari imkoni bo‘ladi.

Bu hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashayotgan minglab o‘zbekistonliklarning byurokratik muammolarini hal qiladi.

Endi, nega aynan hozirga kelib bu qaror rejasiga kelindi, bunga nima sabab bo‘ldi, degan savol tug‘iladi.

Menimcha, asosan turizm sohasini rivojlantirish uchun olingan bu qarordan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston iqtisodiga, davlat byudjetiga nisbatan kamroq dastlabki kapital talab etiladigan turizm sohasi orqali foyda keltirish.

Bilamizki, O‘zbekison iqtisodining katta qismi qishloq xo‘jaligiga, yer osti boyliklariga va chet ellardagi mehnat muhojirlaridan kelayotgan daromadlarga bog‘liq.

Tashqi tijoratda Rossiya va Xitoy davlatlari bilan nomutanosib ravishda muvozanatsizlik mavjud.

Moliya sohasi, makro iqtisod, sanoat, va boshqa ishlab chiqarish sektorlari rivojlangan davlatlar bilan taqqoslanganda ancha orqada.

Hatto qo‘shnimiz Qozog‘iston iqtisodi, xususan, bozor iqtisodi sharoitlari O‘zbekistondagidan bir muncha ilg‘or.

Albatta, bu mustaqillikdan keyingi chorak asr ichida shakllangan, rivojlangan bir muhit.

Huquqsizlik va buning natijasida kelib chiqayotgan ijtimoiy adolatsizlik, korruptsiya ko‘rsatkichlari, afsuski, O‘zbekistonda ancha yuksak.

Bu vaziyatda tashqi sarmoyani O‘zbekistonga erkin kirishi dargumon.

Xullas, O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy vaziyatini, qolaversa, oxirgi yillarda o‘sib borayotgan tashqi qarzlarini hisobga olganda, turizm sohasidan keladigan yoki ko‘zlangan foyda zaif iqtisodni qutqaruvchi va bo‘shab borayotgan davlat byudjetini to‘ldiruvchi omil sifatada o‘z ahamiyatini ko‘rsatadi.

Lekin O‘zbekistonning geografik, geosiyosiy o‘rni, yomon ekologik vaziyat, dunyodagi turizm jannatnatlari bilan taqqoslanganda, amalda turizm sohasini rivojlantirishning o‘zi O‘zbekiston iqtisodi uchun qanchalik daromad keltiradi, degan savol ham tug‘iladi.

Albattaki, turizm sohasini rivojlantirish, dunyo standartlariga ko‘tarish muhim ahamiyatga ega.

Ammo O‘zbekiston turizm sektori faqatgina madaniy-tarixiy jihatdan turistlarni ma’lum bir qisminigina jalb qila olishi mumkin.

Samarqand va Buxorodagi bir nechta obidani tomosha qilish orzusi sayyohlar oqimini sezilarli darajada orttirmaydi.

Ya’ni, amerikalik yosh turistlar uchun Samarqanddagi tarixiy asarlar jozibali bo‘lmasligi mumkin.

Albatta, faqatgina iqtisodiy sabablar bilan bu qaror ortida turgan omillarni aytishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida Tramp ma’muriyatining keskin antimigratsion siyosati, Trampning xalqaro munosabatlarda dunyo davlatlariga qo‘yayotgan talablari manzarasida bu rasmiy Toshkentning Vashingtonga bir jesti bo‘lishi ham mumkin.

Ya’ni, O‘zbekiston hukumati amerikaliklarga viza majburiyatini olib tashlash yo‘li bilan Tramp ma’muriyatining ko‘nglini olishni o‘ylayotgan bo‘lishi ham bir ehtimol.

Lekin qanday sabablar nazarda tutilgan bo‘lsa ham, bu - yaxshi yangilik, albatta.

Agar, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Amerikaga borishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, bu Tramp ma’muriyati davrida imkonsiz, menimcha.

O‘zi shundoq ham, migrantlar soni, qonuniy bo‘lsin, noqonuniy bo‘lsin, oxirgi yillarda Amerikada misli ko‘rilmagan darajada ortgan.

Prezident Tramp o‘zining saylov kampaniyasida va prezidentlik davri boshlanishi bilanoq antimigratsion siyosatini amalga oshirish uchun butun davlat imkonlarini sarflayapti.

Qolaversa, Amerikaga Meksika orqali kirib kelgan o‘zbekistonlik ham talaygina.

Hozirda bu yurtdoshlarimiz boshpana olish umidi bilan yurishibdi.

Ya’ni, xulosa qilib aytganda, katta sondagi o‘zbekistonlik mehnat muhojorlari uchun Amerika muqobil tashqi mehnat bozoriga aylana olmaydi, nazarimda.

Ammo turistik maqsadlarda sayohat qilish, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Amerikaga kelib-ketishlarini qulaylashtirish, talabalarning AQSh universitetlarida ta’lim olishlarini qulaylashtirishi mumkin, albatta.

Bi-bi-si: Rasmiy Toshkentning AQSh, Amerika va o‘z fuqarolari bilan bog‘liq yangi rejasiga oid yangilik bo‘y ko‘rsatgan kunning o‘zida esa, O‘zbekiston Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjonliklarga 30 kungacha bo‘lgan muddatda mamlakatga ID-karta yoki ichki hujjat orqali kirishga ruxsat berishni rejalayotganiga oid xabarlar ham olingan.