Tramp birinchi ish kuni nimalarni o‘zgartirishga va’da bermoqda?

- Author, Lora Bleyzi va Jessika Merfi
- Role, BBC News, Vashington
- O'qilish vaqti: 3 daq
Donald Tramp prezidentlikka qaytgan birinchi kunidayoq "boshlarni aylantirib qo‘yishga" va’da berdi. U AQShning 47-prezidenti sifatida qasamyod qilgan kuni 200 dan ortiq farmoyish chiqarishi kutilmoqda.
U hali imzolanmagan ushbu direktivalarning ayrimlari bilan oldindan tanishishni taklif qildi. Ular noqonuniy immigratsiya, iqlim qoidalari, xilma-xillik siyosati, maxfiy hujjatlar va shu kabi boshqa masalalarga qaratilishini aytdi.
Prezidentlar lavozimga kirishganida bir qator farmonlarni imzolashi odatiy holdir. Bunday farmonlar qonuniy ahamiyatga ega, ammo keyingi prezidentlar yoki sudlar tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Ammo Trampning rejalari misli ko‘rilmagan bo‘lishi mumkin va qonuniy qiyinchiliklar kutilmoqda.
Immigratsiya va chegara
Tramp birinchi kundan boshlab "Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiya dasturini" ishga tushirishga va’da berdi.
Fox News telekanaliga ko‘ra, u mamlakat chegarasida favqulodda holat e’lon qilishi va harbiylarga janubiy chegara xavfsizligini ta’minlashga yordam berishni buyurishi kutilmoqda.
Tramp, shuningdek, federal immigratsiya idoralarini cherkov va maktablarda reydlar o‘tkazishdan to‘sib kelgan uzoq yillik siyosatga barham berishini aytdi.
Har qanday ommaviy deportatsiya dasturi logistik qiyinchiliklarga, milliardlab xarajatlarga va ko‘plab huquqiy muammolarga duch kelishi kutilmoqda.
Meksikada qoling
Tramp darhol o‘zining "Meksikada qolish" siyosatini qaytadan amalga oshirishga kirishishi mumkin. Birinchi muddati davomida bu siyosat 70 000 ga yaqin meksikalik bo‘lmagan boshpana izlovchilarni qarorlarini kutish uchun chegara orqali Meksikaga qaytargandi.
Tug‘ma fuqarolikni tugatish
Tramp 150 yillik konstitutsiyaviy huquq, ya’ni AQSh hududida tug‘ilgan har qanday inson Amerika fuqarosi bo‘lishini "bema’nilik" deb atadi va birinchi kuniyoq undan voz kechishga va’da berdi.
Ammo buni amalga oshirish oddiy farmon chiqarishdan ko‘ra qiyinroq, chunki tug‘ma fuqarolik AQSh Konstitutsiyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafolatlangan.
Sog‘liqni saqlash nuqtai nazaridan chegarani yopish
Donald Tramp transgender ayollarning ayollar sportida ishtirok etishini taqiqlashga va’da bergan.
1944 yilda qabul qilingan Title 42 nomli chora-tadbir AQSh hukumatiga aholi salomatligini himoya qilish maqsadida migratsiyani cheklashga imkon beradi. U oxirgi marta pandemiya paytida ishlatilgan, ammo AQSh ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, kelayotgan ma’muriyat AQShning Meksika bilan janubiy chegarasini yopish rejalarini oqlashga yordam beradigan "kasallik" qidirmoqda.
Narkokartellar
Tramp narkokartellarni "xorijiy terrorchi tashkilotlar" deb tasniflashi va ularni Al-Qoida, "Islomiy davlat" va XAMAS kabi guruhlar qatoriga kiritishi kutilmoqda.
Devor qurish
Tramp 2016 yilda birinchi marta prezident bo‘lib saylanganida chegara devorini qurish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Devorning bir qismi qurilgan bo‘lsa-da, hali tugallanmagan ishlar ko‘p. U boshlagan ishini oxiriga yetkazishga harakat qilishi mumkin.
Xilma-xillik va gender
So‘nggi yillarda AQShdagi maktab va shirkatlar ayollar va irqiy ozchiliklarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatlarni qabul qildilar.
Ko‘pincha "xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik" (XTI) ostida tasniflangan bu amaliyotlar ko‘plab konservatorlarni g‘azablantirdi va huquqiy muammolarga duch keldi. Tramp ularni yo‘q qilishga va’da berdi va Meta, Walmart va Amazon kabi yirik korporatsiyalar allaqachon tegishli tashabbuslarni qaytarishni boshladilar.
Tramp XTI dasturlariga ega bo‘lgan maktablar yoki boshqa muassasalarga federal moliyalashtirishni taqiqlash uchun Prezident farmonini chiqarishi mumkin. U, shuningdek, "tanqidiy irq nazariyasi" o‘rgatadigan maktablarni moliyalashtirishmay qo‘yishi mumkin.
Abort
O‘zidan oldingi aksariyat respublikachi prezidentlar singari, Tramp ham abort bo‘yicha maslahat beradigan xalqaro guruhlarga federal yordamni taqiqlovchi "Mexiko siyosati"ni tiklashi kutilmoqda.
Shuningdek, u kam ta’minlangan oilalar uchun oilani rejalashtirish dasturi tarkibidagi federal tibbiy muassasalarga bemorlarga abort haqida eslatishni taqiqlovchi abort qoidasini qayta tiklashi kutilmoqda. Ushbu o‘zgartirish abort qilishni taklif qiladigan yoki tavsiyalar beradigan tashkilotlarni o‘nlab million dollardan mahrum qiladi.
Sportda transgender ayollar
Tramp maktablar va sog‘liqni saqlash tizimidagi "transgender jinnilik" deb atovchi bu mavzuni tanqid qilib keladi. Jumladan, u transgender ayollarning ayollar sportida ishtirok etishini taqiqlashga va’da bergan.
TikTok
Yakshanba kuni ertalab Tramp Xitoyga tegishli TikTok ijtimoiy media platformasini taqiqlovchi qonunni keyinga qoldirishni nazarda tutuvchi farmon chiqarishga va’da berdi.
Unga ko‘ra, uning farmoni kompaniyaning 50% ulushini sotib olish uchun AQShdan sherik topishga fursat beradi.
Tramp avvalroq TikTokni taqiqlashni qo‘llab-quvvatlagandi, biroq yaqinda o‘z mavqeini o‘zgartirib, o‘tgan yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida uning videolari platformada milliardlab marta tomosha qilinganiga ishora qilgan.
TikTok Xitoy va O‘zbekiston kabi mamlakatlarda allaqachon taqiqlangan.












