"Uyg‘urlarga ayting, qaytishmasin". Xitoyning Shinjonida nimalar bo‘lmoqda?

Surat manbasi, Xinjiang police
- Author, Aysimbat Toqoeva
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 11 daq
"...U menga ishonish mumkinligini tushungach, ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoridan pastga, xuddi ekranda ko‘rsatayotgandek ishora qildi – "aviarejimni yoqing" degan ma’noda, – deb hikoya qiladi Shahriyor. – So‘ng: "Telefoningizni shu yerda qoldiring," dedi va biz nariroq ketdik..."
Xitoy Qozog‘iston fuqarolari uchun vizalarni bekor qilib, Shinjon chegaralarini ochgach, nafaqat chet eldagi uyg‘ur qarindoshlar, balki xorijlik tadqiqotchilar ham mintaqaga qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning ta’kidlashicha, Shinjondagi zohiriy qulaylik ortida to‘liq nazorat mavjud, tinchlik esa ommaviy qatag‘onlar va "qayta tarbiyalash lagerlari"dan qo‘rquv va xotiralar asosida saqlanib turibdi.
Qozog‘istonlik etnik uyg‘ur Shahriyor* vizasiz rejimdan foydalanib, to‘qqiz yil ichida birinchi marta ShUARga (Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni) borishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir u Bi-bi-siga Shinjonda nimalarni ko‘rgani va oxirgi borganidan beri nimalar o‘zgargani haqida so‘zlab berdi.

"Keyin boshqa shaharda ham shunga o‘xshash holat yuz berdi... Aviarejimni yoqishdagi o‘sha imo-ishora: "Yuring, omborxonada gaplashamiz..."
Shinjon tashqi dunyo uchun ochildi va sayyohlarni (asosan Xitoyning boshqa hududlaridan) faol qabul qilmoqda. Biroq, uyg‘urlarning qanday yashayotganini tushunish hali ham oson emas. Shaharlarda nazorat punktlari yo‘qolgan, mehmonlar shaharlar tinch va osoyishta ko‘rinishini ta’kidlamoqda. Ammo bu osoyishtalikni yuzlab kuzatuv kameralari nazorat qiladi, mahalliy aholi esa begonalardan o‘zini olib qochadi yoki partiya va hukumat tufayli ularning hayoti yaxshilanayotgani haqida bir xil gapni takrorlaydi.
Kuzatuvlar va kamdan-kam telefonsiz suhbatlar shuni ko‘rsatadiki, lagerlarga tushganlarning barchasi ham uyga qaytmagan, uyg‘ur va boshqa millat bolalari o‘zaro xitoy tilida gaplashadi, masjidlar ochilgan bo‘lsa-da, jamoat siyraklab qolgan.
"Shinjonga xush kelibsiz!"
Iparxon* 2024 yil boshida Shinjonning ma’muriy markazi Urumchiga yetib keldi. U uyg‘urlar va mintaqa tarixini o‘rganadi va bu sayohat uning ko‘p yillik orzusi edi. Iparxon Urumchiga kelganida sayyohlar guruhlarini ko‘rmadi. Aeroportda u juda oz sonli chet elliklardan biri edi. Safar maqsadi "turizm" ekanligini aniqlagach, uni qo‘shimcha tekshiruvlarsiz va savollarsiz o‘tkazib yuborishdi.

Kovid cheklovlari bekor qilingach, chet elliklarga alohida talablar qo‘yilmayapti. Shunday qilib, Shinjon sayohat qilish uchun, masalan, Tibetdan ham qulayroq bo‘lib qolmoqda.
Ammo Shinjonning turli joylarida o‘tkazgan bir necha kun davomida Iparxon mintaqadagi vaziyat faqat tashqi tomondan osoyishta ekanligini tushundi. U "qora ro‘yxat"ga tushib qolmaslik va XXRda uchrashgan odamlarga muammo tug‘dirmaslik uchun haqiqiy ismini aytmaslikni so‘radi.
Iparxon – musulmon ayol, Yevropa pasportidagi suratiga ro‘molda tushgan. Shu bois u chegaradagi savollarga tayyor edi, ammo chegarachilar unga e’tibor bermadi. Urumchi aeroportida u ro‘molini xudi kapyushoniga almashtirdi, biroq politsiya hujjatlarni tekshirish uchun mehmonxonaga kelganida, unga Shinjonda hijob kiyish "odat emas"ligini eslatdi.
Bu voqea parvozdan bir necha kun o‘tgach sodir bo‘ldi. Ertalab ro‘yxatga olish bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib, qabulxonaga tushishni so‘rashdi. Pastda ikki zobit – etnik uyg‘ur va xitoylik kutib turardi. Ular tashrif maqsadi va rejalari haqida savollar berishdi. Pasportimni uyg‘ur zobitiga topshirganimda, uning qo‘llari qaltirayotganini sezdim, deb eslaydi Iparxon.
"U "Uyg‘ur tilini qanday o‘rgandingiz?" deb so‘radi. Men ona tilimga o‘xshashligini tushuntirdim. Ko‘plab savollardan so‘ng u pasportimga qaradi va duduqlanib, suratdagi hijobni nazarda tutib, bu holatda yurishim mumkin emasligini aytdi," deydi Iparxon.
Qozog‘istonda tug‘ilib o‘sgan uyg‘ur Shahriyor ham vizasiz rejimdan foydalandi. Iparxondan farqli o‘laroq, Qozog‘iston bilan quruqlikdagi chegarada uni bir necha soatlik so‘roq kutardi. Telefonini olib qo‘yishdi, ijtimoiy tarmoqlar va yozishmalarini tekshirishdi.
"Menga qozog‘istonliklar, ayniqsa, uyg‘urlar uzoq vaqt tekshirilishini aytishgandi. Ammo men bu qanday bo‘lishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni xohladim," deydi Shahriyor, xitoylik chegarachi ayol darhol "Uyg‘urmi? Kutib turing," deganini eslab.
U 2015 yildan beri birinchi marta Shinjonga bordi. Uning avvalgi va oxirgi tashrifi ommaviy hibsga olishlar boshlanishiga to‘g‘ri kelgandi. "O‘shanda odamlar g‘oyib bo‘la boshlagan edi". Shahriyor 2016 yilda viza olmoqchi bo‘lganida esa rad javob berilgan.
Chegaradagi so‘roq to‘rt yarim soat davom etdi. Shahriyor alohida xonada qurollangan ikki askar bilan birga o‘tirardi. Savollarni uning telefonidagi ma’lumotlarni tekshirayotgan va xonaga galma-galdan kirib-chiqayotgan bir nechta zobit – ikki nafar etnik uyg‘ur va bir qozoq berdi.
"Bittasi kirib keladi: "Falonchiga qo‘ng‘irog‘ingiz bor ekan. Nima haqida gaplashdingiz?" "Bilmayman," deyman. Balki qo‘ng‘iroq qilishimni so‘rashgandir. Men bu odamni tanimayman, hatto kontaktlarimda ham yo‘q, – deb eslaydi Shahriyor. – Ya’ni ular qandaydir raqamni aytishadi va nega unga qo‘ng‘iroq qilganimni so‘rashadi, lekin u mening kontaktlarimda saqlanmagan."
"Chegara soat sakkizgacha ishlaydi. Qarasam, soat 8:30 bo‘lib qolibdi. O‘ylayman: endi tamom – meni qamashadi. Hozir politsiya yoki boshqa kimdir keladi-da, meni qo‘yib yuborishmaydi... Ammo oxir-oqibat ular: "Hammasi joyida, ketavering," deyishdi," deb eslaydi Shahriyor.
Qayta tarbiyalash lagerlari va qamoqxonalar
Shinjonda 12 millionga yaqin uyg‘ur yashaydi. Uyg‘ur tili turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, o‘zbek tiliga eng yaqin til hisoblanadi.
1990-yillardan boshlab Xitoy, boshqa ko‘plab mamlakatlar singari, islom fundamentalizmi o‘sishidan xavotirda edi. Qo‘shni Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardagi voqealar ehtimoliy rivojlanish yo‘llarini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, XXR hukumati separatizmga oid har qanday ishoraga ta’sirchan, SSSR parchalanganidan keyin mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo respublikalari ko‘plab uyg‘urlar uchun ilhom manbai bo‘lgan edi.
Xitoy hukumati 2009 yilda Urumchidagi keng ko‘lamli millatlararo to‘qnashuvlardan so‘ng nazoratni kuchaytira boshladi. ShUARdan tashqarida sodir bo‘lgan bir qator hujumlardan so‘ng, jumladan, 2014 yil bahorida Kunmin vokzalida 31 kishi halok bo‘lgan qirg‘indan keyin, hukumat "Terrorizmga qarshi kuchli zarba" kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi.
Keng qamrovli raqamli nazorat tizimlarini joriy etish, hujjatlarni tekshirish va shaxsiy (shu jumladan tibbiy) ma’lumotlarni to‘plashdan tashqari, ommaviy hibsga olishlar boshlandi. 2017 yilga kelib, kuzatuvchilar baholashicha, Shinjondagi qatag‘onlar cho‘qqisiga yetdi.
Daniyalik antropolog Rune Stinbergning aytishicha, uyg‘urlar va etnik ozchilik vakillari dastlab tergov izolyatorlariga joylashtirilgan, keyinchalik ular "qayta tarbiyalash lagerlari"ga taqsimlangan yoki qamoqxonalarga jo‘natilgan. Stinberg va uning Shinjonni o‘rganayotgan hamkasblari hisob-kitoblariga ko‘ra, "qayta tarbiyalash lagerlari"dan bir milliondan ikki milliongacha odam – musulmonlar va etnik ozchiliklar vakillari o‘tgan.
"Eng yomoni, shubhasiz, qamoqxona, undan keyin tergov izolyatori, qayta tarbiyalash lagerlari esa turli xil bo‘ladi, ularning ba’zilari boshqalariga qaraganda biroz yaxshiroq, ammo ularning barchasi dahshatli. [...] Tergov izolyatorlarida ularni so‘roq qilishgan, ko‘pincha qiynoqqa solishgan, lagerlarda emas, aynan o‘sha yerda ko‘proq zo‘ravonlik ishlatilgan. Lagerlarda ham xo‘rlashlar bo‘lib turardi, lekin eng og‘ir va shafqatsiz xo‘rlashlar tergov izolyatorlarida sodir bo‘lardi. Sudlanmaganlar yoki partiya marhamati bilan afv etilgan sudlanganlar qayta tarbiyalash lagerlariga jo‘natilgan," deb tushuntiradi Stinberg.
Xitoy hukumati bularning barchasini "ekstremizmga qarshi kurash, qayta tarbiyalash va kasbiy qayta tayyorlash dasturlari" deb atadi. Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, 2014 yildan 2019 yilgacha 1,3 million kishi "kasbiy qayta tayyorlash dasturlari"ga jalb qilingan.
Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, gap aslida Ikkinchi jahon urushidan beri misli ko‘rilmagan kontsentratsion lagerlar haqida ketmoqda, ularda qullar mehnati, qiynoqlar va zo‘rlashlar keng tarqalgan. 2022 yilda Bi-bi-si politsiyaning ichki hujjatlarini qo‘lga kiritdi, o‘shanda qochishga uringanlarga qarata o‘q otish buyurilgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, yarim millionga yaqin milliy ozchilik oilalarining bolalari internatlarga yuborildi. U yerda ularni Xitoyga sodiq fuqarolar etib tarbiyalash mo‘ljallangan edi, deb yozadi New York Times.

Bir qator davlatlar, jumladan, AQSh, Britaniya, Niderlandiya va Kanada XXRning uyg‘urlarga nisbatan siyosatini genotsid deb tan oldi.
Xitoy hukumati esa Shinjondagi harakatlari xalqaro terrorizm va separatizmga qarshi kurashga qaratilganligini va tahdidlarga mutanosib ekanligini ta’kidladi. Ko‘plab musulmon davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistoni, BAA va Misr, shuningdek, Rossiya Xitoyni qo‘llab-quvvatlab munosabat bildirdi.
Minglab odamlar lagerь va qamoqxonalardan qaytmadi. Qamoqda o‘lganlar va bedarak yo‘qolganlarning aniq sonini hech kim ayta olmaydi. Pessimistik hisob-kitoblarga ko‘ra, gap o‘n minglab odamlar haqida borishi mumkin.
Rune Stinbergning aytishicha, 2020 yildan keyin aksariyat "qayta tarbiyalash lagerlari" yopilgan. Biroq, mintaqada musulmonlar majburan ushlab turiladigan boshqa muassasalar hamon ishlayapti.
"[Lagerlarning yopilishi] hamma ozodlikka chiqdi degani emas, ko‘p odamlar uy qamog‘ida yoki o‘z tumani, qishlog‘i, shahrini tark eta olmayapti, boshqalari esa erkin bo‘lmagan sharoitlarda ishlaydigan fabrikalarga o‘tkazilgan," deydi antropolog.
"Biz 2017-2019 yillar oralig‘idagi mahbuslar sonini hisoblab chiqdik – 300 mingdan 500 minggacha odam, ularning aksariyati hali ham qamoqxonalarda, oz qismi ozodlikka chiqqan," deydi Stinberg.
«Bu bizning xavfsizligimiz uchun axir»
"Shinjonda birinchi e’tibor bergan narsam – hamma joyga minglab kameralar o‘rnatilganligi, – deydi Shahriyor. – Hatto piyodalar yo‘laklarida ham: uyga burilish, hovliga kirish – hamma yerda kameralar o‘rnatilgan, balandlikda ham, bo‘y barobarida ham. Mahalliy aholi bunga odatiy holatdek qaraydi: "Bu bizning xavfsizligimiz uchun axir. Shu sababli hozir bizda o‘g‘rilik, bosqinchilik va boshqa jinoyatlar yo‘q." Aytgancha, hamma joyda turli xil biometriya skanerlari ham bor."
Iparxonning mehmonxonasida bo‘lgani kabi, chet elliklarni atay so‘roqlashmasa ham, hokimiyat vakillari ularni kuzatish uchun barcha imkoniyatlarga ega. "Hujjatlar doimiy ravishda skanerdan o‘tkaziladi. Mehmonxonalar, chipta xarid qilish, vokzalga kirish va shunga o‘xshash joylarda," deya qo‘shimcha qiladi Shahriyor.
Ko‘chalarda harbiylar va politsiyachilar soni sezilarli kamaydi. Bu mintaqada tinchlik hukm surayotgani va aholining markaziy hokimiyatga sodiqligini ko‘rsatishi kerak.
"2011-12 yillarda barcha politsiyachilar etnik xitoyliklar edi va ularning hammasi harbiy kiyimda edi. Bu esa keskin vaziyatni yuzaga keltirardi, – deydi Shahriyor. – Hozir uyg‘ur va qozoq politsiyachilar ko‘payibdi."
Shinjonda Xitoyning boshqa hududlaridan kelgan sayyohlar ko‘p. "Bu turizmning barchasi ichki Xitoydan kelgan sayyohlarga mo‘ljallangan," deydi Shahriyor va ayniqsa gastroturlar, shuningdek, uyg‘ur milliy mavzulari mashhur ekanligini qo‘shimcha qiladi.
"Masalan, shunday xizmat bor – "milliy liboslar kiyish", va u yerda narxlar quyidagicha: TikTok uchun – 100 yuanь, to‘liq fotosessiya taxminan 700 yuanь. Sayyohlar kiyinishadi, pardoz qilinadi. Juftlar uchun ham, yolg‘izlar uchun ham. Ular uchun bularning barchasi ekzotika – mana, ular uyg‘ur milliy kiyimida va bularning barchasi ijtimoiy tarmoqlar uchun," deydi Shahriyor.
Bunday fototurlar, ayniqsa, Shinjonning tarixiy va madaniy markazi Qashqarda mashhur. 2 ming yildan ortiq tarixga ega bu shaharda 2023 yilda sayyohlar soni birinchi marta oyiga bir million kishidan oshdi. China Daily ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida Qashqarda fotosessiyalarni tashkil etuvchi kompaniyalar soni ikkitadan 200 taga ko‘paygan.

Iparxon Urumchidan poezdda Qashqarga yo‘l oldi. Kupega videokameralar o‘rnatilgan, boshqa yo‘lovchilar esa chet ellik ayoldan o‘zlarini chetga olishardi.
"Poezdda telefonimni quvvatlashim kerak edi. Keksa uyg‘urning oldiga borib, [uning yonidagi] rozetkaga ulashga ruxsat so‘radim. U gapni "Qayerliksan, qizim?" deb so‘rashdan boshladi. Unga javob berganimda, ikki yosh uyg‘ur darrov o‘rinlaridan turib, o‘z kupelariga kirib, eshikni yopib olishdi," deb eslaydi Iparxon.
Keksa erkak ularning xatti-harakatlarini yoshlar lagerь mahbuslari bo‘lgani va hozirda "qora ro‘yxat"ga kiritilgani bilan tushuntirdi. Keyin u namoyishkorona va Iparxonning nazarida kinoya bilan Qashqar "katta yutuqlarga erishganini" aytib, Xitoy kompartiyasini maqtay boshladi.
Shahriyorning aytishicha, odamlar uyg‘ur tilini tushunadigan va gapiradigan chet ellik bilan uchrashayotganini bilsa, ayniqsa, ehtiyotkor bo‘lib qolishadi.
"Qozog‘istonliklar uchun, aytaylik, "assalomu alaykum" – bu oddiy kundalik ibora. [Shinjonda] esa odamlarga bunday murojaat qilmaslik kerak – buning uchun ularni qamoqqa olishlari mumkin, – deydi Shahriyor. – Biz, masalan, beixtiyor: "Xudo xohlasa, ko‘rishamiz" deymiz. Mana shunday gaplarni aslo aytib bo‘lmaydi."
Shu bilan birga, Shahriyor ta’kidlaganidek, ko‘pchilik suhbatlashishni istaydi. U kechqurunlari to‘rt marta bir joyga ovqatlanishga borganini eslaydi.
"Mana, to‘rtinchi kun ketma-ket bir odamni ko‘ryapman. Birinchi kuni ozmi-ko‘pmi "yuzaki" gaplashish mumkinligini tushunaman. "Qanday keldingiz? Hammasi joyidami? Ko‘rib turganingizdek, bizda ham hammasi ajoyib, biz yaxshi yashayapmiz, bizda shunday iqtisodiy yuksalish bor. Davlatdan minnatdormiz." Ertasi kuni, uchinchi-to‘rtinchi kuni uni yana ko‘rasiz... U o‘tiradi, nimadir aytmoqchi bo‘ladi va o‘girilib qaraydi, lekin jim qoladi. Nimadir so‘ramoqchi, ammo qo‘rqadi. Qanday murojaat qilishni bilmaydi."
"Maktablaringiz qanday?" Men: "Ha, bizda rus tilida, qozoq tilida, uyg‘ur tilida maktablar bor," deyman. U uchun bu hayratlanarli. "Sizlarda uyg‘ur tilida maktab bormi?"
"Bizda esa bolalar xitoy tilida o‘qiydi. Bundan keyin nima bo‘lishini bilmaymiz. Biz uyg‘ur tilida o‘qiganmiz. Hozir bolalar bog‘chadan boshlab, maktabdan boshlab to‘liq xitoy tilida ta’lim oladi. Bularning barchasi biz uchun juda og‘ir, juda qiyin." Keyin u [ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoridan pastga qarab ishora qiladi] – "aviarejimni yoqing" deydi. Biz chetga chiqib gaplashamiz."

Suhbatdoshlarimizning aytishicha, hatto telefonlari o‘chirilgan va guvohlar bo‘lmasa ham, Shinjon uyg‘urlari juda ehtiyotkor gapiradi va aniq fikr aytishdan qochadi.
Shahriyorning aytishicha, hatto eng oddiy narsalarni ham yuzma-yuz suhbatlarda hamma ochiq aytishga tayyor emas. "Hayotimizni juda qiyinlashtirib yuborishyapti..." – u "xitoyliklar" demoqchi bo‘ladi-yu, lekin aytolmaydi. O‘zlarini allaqachon shunga o‘rgatib qo‘yishgan. Ilgari uyg‘urlar xitoyliklarni "Xitoy" deb atashardi. Keyin "xanzu" – "xan xalqi" deydigan bo‘lishdi, lekin hozir bunday ham aytib bo‘lmaydi. Faqat "qarindoshlar" yoki "o‘rtoqlar" deyish mumkin. "O‘rtoqlar hayotimizni juda qiyinlashtirib yuborishyapti". Ya’ni, ikkalamiz bo‘lsak ham, u baribir "xitoyliklar" so‘zini ayta olmaydi.
Qabrlarda yarim oy, ko‘chalarda xitoy tili
50 yoshli Sharipxan To‘re* – Shinjon tarkibiga kiruvchi Ili-Qozoq avtonom okrugida tug‘ilib o‘sgan etnik qozoq. Uning bir necha avlodi shu hududda yashagan.
To‘re 1990-yillarda Qozog‘istonga ko‘chib kelgan va fuqaroligini o‘zgartirgan. Keyinchalik u Shinjonga bir necha bor borib, Xitoy vizasini olgan. Oxirgi marta – 2016 yilda.
2024 yil bahorida vizasiz rejim joriy etilgach, To‘re qarindoshlarini ziyorat qilishga va otasi qabrini ko‘rishga qaror qildi.
Qabristonga u qarindoshi bilan borgan, lekin qarindoshi hududga kirishdan bosh tortgan. Shunda Sharipxan To‘re yolg‘iz o‘zi qabr boshiga borib, musulmoncha duo o‘qigan.
"Men duo o‘qiy boshlaganimda, tashqarida turgan qozoqlar qochib ketishdi. Qo‘rqishadi," deydi To‘re.
Uning aytishicha, 2024 yil boshida hokimiyat qatag‘onlar boshlanishida olib tashlangan musulmonlarning yarim oy ramzlarini qabrlarga qaytarishga ruxsat berdi.

Iparxonning aytishicha, masjidlar ham ochiq va ziyorat uchun ruxsat berilgan. U Qashqardagi Id Qah masjidiga kirgan. XV asrga oid binoning maydoni taxminan 16 ming kvadrat metr bo‘lib, masjid 20 ming kishigacha sig‘dira oladi. "Men ichkarida bir necha soat o‘tirdim. Shu vaqt ichida mendan boshqa hech kim kelmadi. Masjidda hatto imom ham ko‘rinmadi," deydi Iparxon.
Sharipxan To‘rening tug‘ilgan qishlog‘ida, butun okrugda bo‘lgani kabi, maktablar xitoy tiliga o‘tkazilgan. "Qishlog‘imizdagi bolalar hozir qozoqcha gapirmaydi. Agar uyda ota-ona qozoq tilida gaplashsa ham, bolani bog‘chaga olib borganda, u yerda faqat xitoy tilini o‘rgatishadi. Bolalar o‘zaro xitoy tilida gaplashadi," deydi To‘re. Uning kuzatishicha, uyg‘ur va qirg‘iz sinflari ham xuddi shunday ahvolda.
"Hozir ko‘chada hamma xitoycha gapiradi, do‘konda qozoqcha gapirsang, davlat tilida gapirishingni so‘rashadi. [...] 5-10 yildan keyin u yerda qozoqni topolmaysiz, hammasi to‘liq assimilyatsiya bo‘ladi. Yoshlar endi o‘z ona tilida gapirmaydi. Bunga barcha musulmonlar duchor bo‘ldi: uyg‘urlar ham, qirg‘izlar ham," deydi To‘re.
Vizasiz rejim va qo‘rquv
Vizasiz rejim joriy etilgach, Qozog‘istonga xitoylik sayyohlar oqimi bir yarim baravardan ko‘proq oshgan. "Kazakh Tourism" milliy kompaniyasi (Madaniyat va sport vazirligining sho‘ba korxonasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 11 oyi davomida mamlakatga 605 ming nafar xitoylik fuqaro tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 65 foizga ko‘p.
Antropolog Rune Stinbergning aytishicha, Pekinning vizasiz rejim joriy etishi va chegaralarni ochishi ham iqtisodiyotni rag‘batlantirishga, ham etnik ozchiliklarning genotsidida ayblanganidan keyin obro‘sini tiklashga qaratilgan.
"Menimcha, bu qisman Shinjon yopiq va zulmat joy degan tasavvurni yo‘qotish uchun qilingan. Ular [Xitoy Kompartiyasi] hamma yaxshi va baxtli degan ko‘plab targ‘ibotlarni yaratdi va endi shu yo‘l bilan dalillar keltirib, odamlarni o‘z gaplariga ishontirishga harakat qilmoqda," deydi olim.
Stinberg ma’lumot to‘plaganidan so‘ng, vizasiz rejim Qozog‘istonga qochib kelgan qozoqlar va uyg‘urlarning ahvolini og‘irlashtirdi, degan xulosaga kelgan, chunki hozir Xitoy maxsus xizmatlari xodimlari ularni bemalol topib borishi mumkin.
"Etnik qozoqlar menga aytishicha, lagerlarning sobiq mahbuslari va faollarning oldiga Shinjondan kelgan, vizasiz kirgan xavfsizlik xizmatidan bo‘lgan mehmonlar ko‘paygan. Ular uylariga kelib, ularni so‘roq qilishgan, shuningdek: "Agar o‘zingizni yaxshi tutmasangiz, biz istalgan vaqtda kelishimiz mumkin, sizni olib ketamiz," deb ogohlantirishgan. Odamlar bundan juda qo‘rqishadi," deydi Stinberg.
Bundan tashqari, 2023 yil oktyabrь oyida vizasiz rejim joriy etilishi arafasida ratifikatsiya qilingan Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi to‘g‘risidagi kelishuv etnik qozoqlar va uyg‘urlar ahvoliga ta’sir qilishi mumkin. O‘shanda tomonlar fuqaroligini o‘zgartirgan, mamlakatga kirish, bo‘lish yoki chiqish qoidalarini buzgan shaxslar to‘g‘risida har chorakda ma’lumot almashishga kelishib olgan.
Antropologning ta’kidlashicha, Qozog‘iston bilan vizasiz rejim uyg‘urlarning qo‘shni davlatga ko‘chib o‘tishini osonlashtirmaydi. Ular chegarani kesib o‘tib, Qozog‘istonga qochib keta olmaydi – aksariyatining xorijga chiqish pasporti yo‘q va ular Shinjonda tom ma’noda "qamalgan."
"Bu ochiq osmon ostidagi qamoqxonaga o‘xshaydi, chegaralari mustamlakachi hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi va uyg‘urlarning aksariyati tashqariga chiqa olmaydi. Agar chiqishga muvaffaq bo‘lsa ham, ularning harakatlari, kimlar bilan uchrashishi va qachon qaytishi juda qattiq nazorat qilinadi. Aks holda, vatanidagi oilalari jazolanadi," deb ta’kidlaydi tadqiqotchi.
Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Shinjonning 26 millionga yaqin aholisining 6 foizidan kamrog‘ini qozoqlar, 45 foizini uyg‘urlar tashkil etadi. Xitoyliklar esa taxminan 42 foiz.
Qozog‘istonga har yili Xitoydan minglab etnik qozoqlar ko‘chib kelmoqda. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, Xitoyni tark etishga muvaffaq bo‘lgan uyg‘urlar Qozog‘istondan tranzit sifatida foydalanib, imkon qadar tezroq boshqa joylarga jo‘nab ketishmoqda. Uyg‘urlarning o‘zlari buni Qozog‘iston hukumati ularni Pekin ta’qibidan himoya qila olmasligi bilan izohlashmoqda.

Shinjonga qilgan sayohati chog‘idagi yana bir voqea Iparxonda kuchli taassurot qoldirdi. U xususiy taksi yollab, shahar tashqarisiga yo‘l oldi. Yo‘l davomida taksichi yo‘lovchi ayol bilan uyg‘ur tilida suhbatlashdi. Bir payt qiz va haydovchi orqalaridan qoraytirilgan oyna mashina kelayotganini payqab qolishdi.
"Mashina oynasi qoraytirilgani uchun rulda kim o‘tirgani va ichida qancha odam borligi ko‘rinmasdi. Kerakli joyga yetib borganimizda, men taksidan tushib, haydovchidan meni kutib turishini so‘radim. Qaytib kelganimda, uning yuzida qo‘rquv alomati bor edi. Taksi haydovchisi, ularning ortidan kelayotgan mashinadan to‘rt kishi tushib, uni yo‘lovchi ayol haqida so‘roq qilganini aytdi. Ular uni qo‘rqitib qo‘yishgandi, shuning uchun ortga jimgina qaytdik," deb hikoya qiladi Iparxon.
Qiz tan olishicha, Shinjonda bo‘lgan vaqtida mahalliy aholi xavfsizligi uchun – ularni maxsus xizmatlar so‘roqqa tortishidan qo‘rqib, deyarli hech kim bilan suhbatlashmagan.
Qashg‘arda Iparxonning oldiga bir o‘smir yigit kelib, unga yordam kerak-kerakmasligini so‘radi. Iparxonning asli kelib chiqishini bilgan yigit unga muhojir uyg‘urlarga ayting, hech qachon Shinjonga qaytishmasin dedi.
* Suhbatdoshlar ismlari o‘zlarining iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan












