Ruslar bosqini ostidagi Ukrainlar qanday yashamoqda?

plakat
    • Author, Olga Malchevska
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Ukraina hududining beshdan bir qismi hozir Rossiya nazoratida. Ishg‘ol qilingan bu yerlarda yashayotgan ukrainaliklar uchun urushni tugatish bo‘yicha har qanday kelishuv ahvolni o‘zgartirishi ehtimoli kam ko‘rinmoqda.

Rossiya nazorati ostidagi turli shaharlarda yashovchi uch nafar ukrainalik Bi-bi-siga Rossiya pasportini olishga majbur bo‘lishdan tortib, kichik qarshilik harakatlari xavfigacha bo‘lgan bosimlar haqida so‘zlab berdi. Ularning xavfsizligi uchun haqiqiy ismlarini aytmaymiz va ularni Mavka, Pavlo va Irina deb ataymiz.

Potentsial xavflar 2022 yildagi keng ko‘lamli bosqinda Rossiya tomonidan bosib olingan Mariupol yoki Melitopolda ham, sakkiz yil oldin anneksiya qilingan Qrimda ham bir xil.

Mavka 2022 yil 25 fevralda ruslar Melitopolga bostirib kirganida o‘z shahrida qolishga qaror qildi, "chunki kimdir shunchaki kelib mening uyimni olib qo‘yishi adolatsizlik", deydi u.

U tug‘ilganidan beri Qrim yarim oroli va viloyat markazi Zaporojьe o‘rtasida yashab kelmoqda.

So‘nggi oylarda u nafaqat shaharda qat’iy "ruslashtirish" siyosati kuchayishini, balki hayotning barcha sohalarini, shu jumladan, maktablarni ham harbiylashtirish ortib borayotganini sezdi.

U mahalliy yoshlarni armiyaga chaqirishni targ‘ib qiluvchi reklama taxtasi, Putin surati tushirilgan maktab daftarchasi, maktab formasi o‘rniga Rossiya harbiy kiyimini kiygan va harbiy ta’lim mashqlarini bajarayotgan o‘quvchilar – o‘g‘il va qizlarning suratlari hamda videosini ko‘rsatdi.

Aloqador mavzular:

Pavloning aytishicha, Azov dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab taxminan 200 km uzoqlikda va Rossiya chegarasiga ancha yaqin bo‘lgan Mariupol shahri tashqi dunyodan "uzib qo‘yilgandek" tuyuladi.

Ukraina po‘lat sanoatining bu muhim porti va markazi 2022 yilda deyarli uch oy davom etgan vayronkor qamal va bombalashlardan so‘ng bosib olindi.

Pavlo aytishicha, endi ishlash yoki o‘qish yoxud shoshilinch tibbiy yordam olish uchun Rossiya fuqaroligini olish majburiy.

"Agar kimningdir farzandi, aytaylik, ertalab maktabda Rossiya madhiyasini kuylashdan bosh tortsa, FSB [Rossiya xavfsizlik xizmati] uning ota-onasiga boradi, ularni «ro‘yxatga olishadi» va keyin hamma narsa bo‘lishi mumkin."

Uch yildan beri Rossiya nazorati ostidagi Mariupul tashqi dunyodan uzilib qolgandek, deydi Pavlo

Surat manbasi, REUTERS/Alexander Ermochenko

Surat tagso‘zi, Uch yildan beri Rossiya nazorati ostidagi Mariupul tashqi dunyodan uzilib qolgandek, deydi Pavlo

Pavlo oltita o‘q, shu jumladan boshiga tekkan o‘qqa qaramay, qamaldan omon qoldi.

Endi u sog‘ayib, keksa yaqinlari tufayli ketolmasligini his qilmoqda.

"Mariupolda qolgan yoki qaytganlarning aksariyati keksa ota-onalariga yoki kasal bobo-buvilariga yordam berish uchun yoxud kvartirasi tufayli shunday qilishgan," deydi u menga yarim tundan keyin, hech kim eshitmasligi uchun telefon orqali.

Mariupoldagi eng katta tashvish uyni saqlab qolish, chunki Rossiya raketalaridan zarar ko‘rgan mulkning aksariyati buzib tashlangan, turmush xarajatlari va ishsizlik darajasi oshgan.

"Shaharda odamlar asosan mulk haqida suhbatlashadi: uni qanday qilib qaytarib olish, qanday sotish to‘g‘risida. Odamlar non olish uchun navbatda turganida, dorixonaga ketayotganida, oziq-ovqat bozorida, hamma joyda shu gap," deydi u.

buzilmoqda

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock

Qrim Rossiyaning Ukrainadagi urushi boshlangan 2014 yilda Vladimir Putin yarim orolni anneksiya qilganidan beri okkupatsiya ostida.

Irina keksa qarindoshiga g‘amxo‘rlik qilish uchun, shuningdek, "go‘zal uyini" tark etishni istamagani uchun qolishga qaror qildi.

Ukraina va ukrainlarga tegishli har qanday belgi jamoat joyida taqiqlangan va Irina endi jamoat joyida ukrain tilida gapira olmasligini aytadi, "chunki kim orqangizdan chaqishini hech qachon bilmaysiz."

Qrimdagi bolalar bog‘chasida bolalarga har kuni ertalab, hatto eng kichigiga ham Rossiya madhiyasini kuylashni buyurishadi. O‘qituvchilarning hammasi rus, ko‘pchiligi Rossiyadan ko‘chib kelgan askarlarning xotinlari.

Irina yarim orolning boshqa joylaridagi do‘stlari bilan video qo‘ng‘iroqlar paytida ba’zan o‘zining an’anaviy, kashta tikilgan ko‘ylagini kiyadi.

"Bu bizga okkupatsiyadan oldingi baxtli hayotimizni eslatib, ruhimizni ko‘tarishga yordam beradi."

reklama

Ammo xavf-xatarlar yuqori, hatto kashta kiyish uchun ham. "Seni darhol otib tashlamasliklari mumkin, lekin keyin jimgina g‘oyib bo‘lishing mumkin," deydi u.

U ukrainalik do‘stini politsiya so‘roq qilgani haqida gapiradi, chunki 2014 yilda Qrimga kelgan rossiyalik qo‘shnilar politsiyaga uning noqonuniy quroli borligini aytishgan. "Albatta, yo‘q edi. Yaxshiyamki, oxir-oqibat uni qo‘yib yuborishdi, baribir juda qo‘rqinchli."

Irina hatto qahva ichish uchun ham yolg‘iz chiqa olmasligidan shikoyat qiladi, chunki "askarlar sizga miltiq o‘qtalib, haqoratlashlari yoki ularni xursand qilishingizni buyurishlari mumkin."

Qrim

Ukrainaning bosib olingan shaharlarida qarshilik ko‘rsatish xavfli va u ko‘pincha aholining yolg‘iz emasligini eslatishga qaratilgan kichik norozilik harakatlarida namoyon bo‘ladi.

Melitopolda Mavka "ukrainaliklar okkupatsiyaga rozi emasligini, biz bunga chaqirmaganimizni va bunga hech qachon toqat qilmasligimizni odamlarga bildirish uchun" "Zla Mavka" (G‘azablangan Mavka) deb nomlangan yashirin ayollar qarshilik harakati a’zosiligi haqida gapiradi.

Irinaning aytishicha, harakat "deyarli barcha bosib olingan shaharlardagi" xotin-qizlardan tashkil topgan, ammo a’zolari uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi sababli uning hajmi yoki ko‘lamini oshkor qila olmaydi.

Mavka tarmoqning ijtimoiy media hisoblarini qanday yuritishi haqida gapirdi. Bu hisoblar okkupatsiya ostidagi hayotni hujjatlashtiradi. "Boshqa ukrainaliklarga ular yolg‘iz emasligini eslatish uchun" jamoat joylarida Ukraina ramzlari yoki varaqalarini joylashtirish kabi harakatlarni, shuningdek, yanada xavfliroq amaliyotlarni qayd etadi.

park

"Ba’zida rus askarlariga "xush kelibsiz sovg‘asi" sifatida spirtli ichimliklar va pishiriqlarga ich surgi dori ham qo‘shamiz," deydi u.

Bunday harakat uchun jazo juda og‘ir bo‘ladi.

Mavkaning aytishicha, Rossiyaning ishg‘olchi hokimiyati ukrain tilini yoki Ukraina bilan bog‘liq har qanday narsani ekstremistik deb hisoblaydi.

Ukrainaliklar 2023 yilda Ukraina sharqidagi qiynoq qamoqxonalari haqidagi ma’lumotlarni tekshirayotgan paytda g‘oyib bo‘lgan 27 yoshli jurnalist Viktoriya Roshchinaga nima bo‘lganini yaxshi bilishadi.

Rossiya rasmiylari uning oilasiga 2024 yil sentyabrda hibsda vafot etganini aytishgan. Uning jasadi shu oy boshida qaytarilgan bo‘lib, bir nechta a’zolari olib tashlangan va qiynoq izlari aniq ko‘rinib turgan.

ayol

Surat manbasi, Global Images Ukraine via Getty Images

Mavkaning eng qo‘rqadigan narsasi – jimgina o‘g‘irlab ketishlari: "To‘satdan hech kim sening qaerdaligingni yoki senga nima bo‘lganini bila olmay qoladi."

Uning harakati soxta a’zolardan himoyalanish uchun yangi keladiganlarga vazifalar to‘plamini ishlab chiqqan va hozirgacha ular kiberhujumlardan saqlanishga erishgan.

Hozircha ular kutishmoqda va kuzatishmoqda: "Biz hozir qo‘limizga qurol olib, bosqinchiga qarshi kurasha olmaymiz, lekin hech bo‘lmaganda Ukrainaga tarafdor aholi bu yerda ekanligini va bundan keyin ham shunday bo‘lishini ko‘rsatmoqchimiz."

U va Melitopoldagi boshqalar Kievda bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda, "chunki Kievning biz uchun kurashishga tayyorligini bilish biz uchun muhim. Kichik qadamlar ham ahamiyatli."

"Bu yerda kayfiyatlarimiz chayqalib turibdi. Ko‘pchilik, Xudo saqlasin, bizni Rossiya ishg‘oli ostida yanada uzoqroq qoldiradigan hujjatlar imzolanishidan xavotirda. Chunki biz Rossiyaning bu yerda nima qilishini bilamiz."

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Mavka va unga yaqin odamlarning xavotiri shundaki, agar Kiev haqiqatan ham to‘xtatishga rozi bo‘lsa, bu Rossiyaning Qrimdagi kabi siyosat yuritishiga, ya’ni ukrainlarning o‘zligini yo‘q qilish va aholini qatag‘on qilishiga olib kelishi mumkin.

"Ular allaqachon mahalliy aholini o‘z odamlari bilan almashtirmoqda. Ammo bu yerdagi odamlar hali ham umidvor, biz qarshilik ko‘rsatishda davom etamiz, faqat yanada ijodkorroq bo‘lishimiz kerak bo‘ladi."

Mavkadan farqli o‘laroq, Pavlo Ukrainaga qaytish imkoniyatini yo‘qotsa ham, urush tugashi kerak, deb hisoblaydi.

"Inson hayoti eng katta qadriyat... ammo urushni to‘xtatishning ma’lum shartlari bor va hamma ham ularga rozi bo‘lmasligi mumkin. Chunki savol tug‘iladi: nega so‘nggi uch yil ichida shuncha odam halok bo‘ldi? Ular o‘zlarini tashlab ketilgan va xiyonat qilingandek his qilarmidi?"

Pavlo hatto shifrlangan aloqa orqali ham gaplashishdan ehtiyot bo‘ladi, ammo qo‘shimcha qiladi: "Men bu qarorni qabul qilish jarayoniga aloqador hech kimga havas qilmayman. Bu oddiy, oq-qora emas."

Irina zo‘ravonlik muhitida o‘sgan. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan qaytgan otalaridan namuna olayotgan Qrimning keyingi avlodidan xavotirda.

U menga jarohatlangan mushugini ko‘rsatib, ko‘chasidagi bir bola uni rezina o‘q bilan otib qo‘yganini aytadi.

"Ular uchun bu qiziqarli edi. Bu bolalarni tinchlikka emas, kurashishga o‘rgatishmoqda. Yuragim ezilib ketayapti."