Mirziyoyevning AQShga safari ortidan kuzatuvchilar Rossiyaning O‘zbekistonga bosimidan ogohlantirmoqdalar

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati
Tahlilchilar taxminicha, Prezident Mirziyoyevning Nyu-Yorkdagi uchrashuvlari ortidan O‘zbekiston Rossiyaning informatsion kampaniyasi nishoniga aylanishi, migratsiya nazorati qattiqlashtirilishi va iqtisodiy bosimlarga duch kelishi mumkin.
O‘zbekistondagi Platforma.uz Telegram kanali yozishicha, "Kreml O‘zbekiston bo‘yicha siyosatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha printsipial qaror qabul qildi. Moskvada Toshkentning tashqi siyosiy kursi tobora aniqroq tarzda an’anaviy "rus orbitasidan" tizimli chiqish sifatida qabul qilinmoqda".
Siyosiy sharhlovchilar Rossiyaning Markaziy Osiyoga mo‘ljallangan propaganda xarajatlari 2024 yili 210 million dollarga yetganini urg‘ulaydilar, mahalliy yashovchilar orasida rossiyaparast kayfiyat kuchayishi ehtimolidan ogohlantiradilar.
"Moskvada bu uchrashuv "namoyishkorona qadam" va O‘zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishlarini uzoq muddatli qayta formatlash signali sifatida qabul qilindi. Rossiyalik tahlilchilarning fikricha, aynan shunday qadamlar Toshkentning butunlay G‘arbga siljish xavfini oshirmoqda va bu jarayonda Rossiya faktori ikkinchi darajaga tushib qolmoqda", deb yozdi Platforma.uz.
Telegram kanali yozishicha, Kreml Toshkentning tashqi siyosat yo‘nalishi "an’anaviy Rossiya orbitasidan tizimli ravishda uzoqlashmoqda" degan xulosaga kelgan.
"Shuningdek, rusparast va urushni yoqlab chiquvchi blogerlarning hibsga olinishi Moskvada "Rossiyaga qarshi tendentsiyalarning" davlat darajasida tasdiqlanishi sifatida baholanmoqda.", — deb qo‘shimcha qildi Platforma.uz.
Kanal Kreml nuqtai nazaridan yana bir qator xavotirli jihatlarni ta’kidladi: Yana bir "tashvishli" yo‘nalish – O‘zbekistonning xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligining kuchayishi: Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi bilan bitimlardan tortib, BlackRock va Citigroup kabi kompaniyalar bilan investitsion loyihalar tuzilishi, JSTga a’zolik bo‘yicha faol harakatlar.
Shuningdek, Kreml O‘zbekistonning tashqi siyosatda ko‘p vektorlikka sodiq qolishiga katta e’tibor qaratmoqda. Rasmiy Toshkentning Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, AQSh va YeI bilan hamkorligining faollashuvi Rossiyaga tobora cheklangan rol ajratilayotganining belgisi sifatida ko‘rilmoqda", — deyiladi xabarda.
"Bu sharoitda Kreml javob choralarining komplekcini ishga tushirishga qaror qildi. Axborot sohasida federal OAV va unga bo‘ysunuvchi ekspert tuzilmalariga "O‘zbekistondagi rusofobiya" haqidagi narrativni shakllantirish va mamlakat siyosiy elitasini "G‘arb qo‘g‘irchoqlari" sifatida obro‘sizlantirish vazifasi yuklatildi. Migratsion siyosatda esa Rossiyadagi o‘zbekistonlik fuqarolarning yashash shartlarini qat’iylashtirish, tekshiruvlarni kuchaytirish, kvotalar va deportatsiyalarni ko‘paytirish rejalashtirilmoqda", — deb yozadi kanal.
"Shu bilan birga, iqtisodiy va energetik bosim vositalari ham tayyorlanmoqda — qo‘shma loyihalar bo‘yicha muzokaralarni cho‘zib yuborishdan tortib, resurslar yetkazib berishda yashirin cheklovlargacha. Harbiy yo‘nalishda esa O‘zbekistonni KXShT doirasidagi qaram xavfsizlik sxemalariga tortib kiritish maqsadida "Afg‘on xavfi" mavzusidan faol foydalanish stsenariysi muhokama qilinmoqda. Manbalar ta’kidlashiga ko‘ra, Kremlning bu qarori strategik tusga ega: Moskva kutish siyosatidan voz kechib, faol choralar ko‘rishga intilimoqda", — deb yozadi Platforma.uz.
Rossiya propagandasi miqyosi kengayishi

Surat manbasi, RASSOM TUZ/FACEBOOK
2 oktyabrь kuni Telegramdagi Eltuz kanali Rossiyaning Markaziy Osiyodagi targ‘ibot harakatlari moliyaviy ko‘lamiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Eltuz yozishicha, Rossiya 2023 yili Markaziy Osiyo mamlakatlarida targ‘ibot ishlari uchun 130 million dollar ajratgan, 2024 yilda esa bu summa deyarli ikki barobarga ko‘paygan — 210 million dollarga yetgan.
Eltuz Bosh muharriri Qudrat Bobojon yozishicha, O‘zbekistondagi ayrim mahalliy va mustaqil nashrlar aynan shu mablag‘lar orqali moliyalashtirilayaptilar va kerakli axborotni Instagram, TikTok va Facebook kabi norasmiy kanallar orqali tarqatmoqdalar.
U Rossiyaning 2013 yilda qabul qilingan, 2019 yilda yangilangan gibrid harbiy doktrinasini "noharbiy vositalar orqali do‘st bo‘lmagan davlatlarni zaiflashtirish maqsadida beqarorlashtiruvchi dezinformatsiyani faol tarqatish"ni o‘z ichiga oladi, deb ta’rifladi.
Qudrat Bobojon ta’kidlashicha, butun mintaqa bo‘ylab rus tilidagi maktablarning soni ko‘payyapti, O‘zbekistonda esa ularning soni 1000 dan ortiq.
Shuningdek, aholining taxminan 40 foizi rus tilida gaplasha oladi. U rus tilidan boshqa xalqaro tilni bilmaydigan o‘rta yoshdagi odamlar global voqealarni asosan rus OAV orqali kuzatishini, alternativ nuqtai nazarni taqdim etuvchi nufuzli xalqaro manbalarga ega emasliklari haqida yozdi.
"Yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda Rossiya propagandasi ta’siri ortib boradi, rus tili geografiyasining kengayishiga bo‘lgan urinishlar kuchayadi", deb yozdi Eltuz.
5 oktyabr kuni Facebookdagi sahifasida rassom Shuhrat Bobojon O‘zbekistonda Putin tarafdorlarining ko‘payib borayotganidan xavotir bildirdi.
"Agar mamlakat rus targ‘iboti tomonidan uzluksiz hujum ostida yashasa, hukumat esa 9 mayni nishonlasa, Sovet ramzlari va harbiy ritorikani qayta tiklasa, bunday shaxslar soni yanada ko‘payib boradi", — deb yozdi Rassom Tuz.
U mamlakatdagi "ichki zabt etish" jarayonidan xavotir bildirdi va Rossiyaga havas qiluvchilar soni "haddan tashqari ko‘payib ketganini" ta’kidladi.
5 oktyabr kuni siyosiy sharhlovchi Dilnur Komilov Nyu-Yorkdagi uchrashuvdan so‘ng Rossiya forumlarida "o‘zbek tili va millatga qarshi dahshatli provokatsiyalar" amalga oshirilayotgani haqida yozdi.
"Xavfli jarayonlar ketmoqda, birodarlar. Hozircha ehtiyot bo‘laylik", — deb yozdi Komilov Facebook'da.
4 oktyabr kuni Londonda yashaydigan siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov O‘zbekiston hukumatining Rossiya bosimiga bo‘yin egmasligiga umid bildirdi.
U Rossiya tarafdori bo‘lgan blogerlar ishi oxiriga yetkazilishi va "urush targ‘ibotchilari" qamoq jazosiga tortilishini xohlashi haqida yozdi.
"Boshqa tomondan, hukumatimiz ularga qamoq yoki O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilib Rossiyaga chiqarib yuborish imkonini taklif qilishi mumkin... Keyin Rossiyaga borgach, u yerdagi hukumat ularni hujum guruhlariga jalb qilib, Ukraina FPV dronlari bilan to‘qnashish 'lazzatini' his qildirishi mumkin", — deb yozdi siyosiy tahlilchi o‘zining Feysbukdagi sahifasida.

Surat manbasi, .
"Mustaqillikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid"
4 oktyabr kuni o‘zbekistonlik sobiq diplomat Alisher Taksanov Sovet birodarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish va sotsializmga qaytishni Kreml manfaatlariga mos keladigan "yanaada kengroq ideologik yo‘nalish" deb ta’rifladi.
"Rossiya SSSRga nisbatan nostalgiyani postsovet makonida ta’sir vositasi sifatida tizimli ravishda qo‘llamoqda... 'Ulug‘' o‘tmish va yagona xalq haqidagi rivoyatlarni joriy etish orqali Moskva o‘z ekspansiyasini oqlash uchun zamin tayyorlamoqda", — deb yozdi Alisher Taksanov Facebook'dagi sahifasida.
Taksanov bunday faoliyatni "beshinchi kolonna"ni shakllantirish deb atadi va shunday blogerlar chet el kun tartibini targ‘ib qiluvchi vositachilarga aylanib, "O‘zbekiston davlatchiligi va madaniyatini qadrsizlantirish, mustaqillikka ishonchni zaiflashtirish va Moskvasiz mamlakat halokatga uchraydi degan yolg‘on tuyg‘ularni shakllantirish"ga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
U Kreml tarafdori bo‘lgan kuchlar O‘zbekistonda mavjudligini va ular "ongli yoki ongsiz ravishda Rossiyaning neo-imperializmi bilan hamkorlik qilishga tayyor" ekanlarini ta’kidladi. Ularning faoliyati "oddiy fikr emas, balki mamlakat mustaqilligiga bevosita tahdid", deb yozdi u.












