Eron yadroviy inshootlari portlatilsa, radiatsiya O‘zbekistonga boradimi?

Surat manbasi, Reuters
Isroil Eronning yadroviy infratizilmasiga hujumlar qilyapti. Uning asosiy nishoni – uranni boyituvchi yerosti inshootlar.
Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA)ga ko‘ra, Eron markazidagi Natanz inshootiga ko‘p shikast yetgan.
Yana bir inshoot, Fordo, tog‘lar ostida chuqur joylashgan. Bu kabi yerosti korxonaga zarba berish uchun "bunkerni portlatuvchi" bombalar kerak.
Bunday bombalar faqat AQShda bor.
Xo‘sh, Fordoni portlatish qanday xavflarni keltirib chiqarishi mumkin?
XAEA Eron yadroviy inshootlariga qilingan hujumlarni "o‘ta xavotirli" deya tasvirladi.
Dushanba kuni uning direktori Rafael Grossi harbiy amaliyotlarning kuchayishi radiatsiyaning chiqishiga yetaklashi, hamda bu insonlar va tabiatga jiddiy zarar yetkazishidan ogohlantirdi.
Radiatsiya bo‘yicha xavotirlar nafaqat Eron, balki unga yaqin Markaziy Osiyo davlatlari aholisi orasida ham yuzaga kelgan. Bu kabi xavotirlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek foydalanuvchilari orasida ham yangramoqda.
Xo‘sh, Erondagi yadroviy inshootlar portlatilishi ortidan chiqqan radiatsiyadan qo‘shni va yaqin davlatlar aholisi zarar ko‘rishi mumkinmi?

Uranni boyituvchi inshootlar izotopning muayyan turi bo‘lmish uranni katta miqdorda g‘amlashga ixtisoslashgan.
"Uranni yerdan qazib olganingizda, u ikki shaklda bo‘ladi: uning 99,3 foizi uran-238 bo‘ladi. Qolgan 0,7 foizi esa uran-235. O‘sha ikkinchisi, ya’ni uran-235 yadroviy reaktorlarni ishlatish uchun zarur uran turidir", - deb tushuntiradi Britaniya milliy fizika laboratoriyasidan Professor Paddi Regan.
Energiya lovillashi
Yadroviy boyitish jarayoni uran-235 miqdorini oshirishni anglatadi.
Buni qilish uchun sentrifuga nomli tez aylanuvchi qurilmalarga uran gaz shaklida solinadi.
Uran-238 uran-235dan og‘irroq bo‘lgani uchun, aylanish jarayonida ikkovi bir-biridan ajraladi. Uranni boyitish uchun bu jarayon qayta-qayta takrorlanadi.
Atom stantsiyalarida energiya ishlab chiqaruvchi yadroviy reaktsiya uchun odatda bu boyitilgan uranning 3-5 foizi kerak bo‘ladi.
"Lekin, agar maqsadingiz yadroviy qurol yaratish bo‘lsa, unda sizga ancha ko‘proq miqdorda uran-235 kerak bo‘ladi. Taxminan 90%", - deydi Professor Regan.
Xullas, uran qancha boyitilgan bo‘lsa, o‘sha atomlar bir-biridan ajralganida kelib chiqadigan energiya lovillashi ham shuncha kattaroq bo‘ladi.
XAEAga ko‘ra, Eronning urani hozirda 60%ga boyitilgan. Demak, u yadroviy qurol, ya’ni atom bombasini yaratish uchun zarur bo‘ladigan kontsentratsiyaga yaqin qolgan.
Uran zarrachalari o‘pkalaringiz yoki oshqozoningizdagi hujayralarga o‘rnashib oladi, va sekin-asta radiaktiv chirish yuz beradi va shikast etadi.
Lekin, to‘g‘ri g‘amlangan boyitilgan uran omborlariga raketa bilan urilsa, bu Fukushima yoki Chernobil atom stantsiyalaridagi kabi halokatni keltirib chiqarmaydi.
"Yaxshilab boyitilgan uran boyitilmagan urandan taxminan uch baravar radiaktivroq. Lekin, aslida, kattaroq manzaraga qaralsa, uranning ikki turi ham juda radiaktiv emas. Ular yirik radiatsiya muammosini keltirib chiqarmaydi", - deydi Chernobil falokatini tadqiq qilgan Portsmut universiteti professori Jim Smit.
"Ko‘proq xavotirga soladigani "parchalanuvchi moddalar". Uran reaktorga yoki bombaga kiritilganda, u ana shu moddalarga ajraladi. Bular sirasiga radiaktiv seziy, radiaktiv strontsiy, radiaktiv yod kiradi. Ularning atrof-muhitni zaharlash xavfi kattaroq", - deya qo‘shimcha qiladi u.

Surat manbasi, Getty Images / Maxar Technologies
Ammo, uranni boyitish zavodlarida yadroviy reaktsiya qilinmayapti, va raketa urilganda yuz beradigan portlash ham unday reaktsiyani keltirib chiqarmaydi, chunki u yerda radiaktiv "parchalanuvchi moddalar" bo‘lmaydi, deydi Professor Smit.
Unga ko‘ra, raketa zarbasi shunchaki uranni sochib yuboradi.
Hududi cheklangan tahdid
Natanz inshootiga Isroil bomba tashlashi ortidan XAEA u yerda radiaktiv zaharlanish yuz berganini aniqladi, ammo tashkilotga ko‘ra, atrofdagi radiatsiya darajasi o‘zgarishsiz, normal darajada qoldi.
"Uranning radiatsiyasi uncha uzoqqa yoyilmaydi. Ammo, unga yaqin yashovchi aholi sog‘ligiga xavf tug‘dirishi mumkin", - deydi Bristol universitetidagi mineralogiya va radiaktiv chiqindilar boshqaruvi bo‘limi raisi Professor Kleyr Korkxill.
"Inson tanasiga yetkaziladigan zaharlanishga kelsak, uni havodan yo boshqa yo‘l bilan qabul qilish xavfli. Chunki uran zarrachalari o‘pkalaringiz yoki oshqozoningizdagi hujayralarga o‘rnashib oladi, va sekin-asta radiaktiv chirish yuz beradi va shikast yetadi", - deydi u.
Radiatsiyadan tashqari, atrofdagi aholi kimyoviy moddalardan ham zaharlanishi mumkin.
"Agar falokat yuz bersa va sentrifugalarda saqlanuvchi "uran geksaftoridi" nomli gaz sizib chiqsa, bu juda katta kimyoviy falokatni keltirib chiqara oladi", - deydi Bangor universitetining yadroviy moddalar bo‘yicha olimi Professor Simon Middlsburg.
"Agar uran geksaftoridi havodagi namlik bilan aralashsa, u juda-juda kuchli kislotaga aylana oladi va bu kuchli yemirish qobiliyatiga ega bo‘ladi", - deydi u.
Lekin, uning aytishicha, bu odatda mahalliy hudud bilan cheklanadi va yirik tabiiy ofatni keltirib chiqarmaydi.
XAEA o‘zining Hodisa va tezkor yordam markazi Eron yadroviy inshootlari ahvoli va ulardagi radiatsiya darajasini tinimsiz tekshirib borayotgani bildirdi.












