Rossiya asirga olgan Ukrain askari qorniga "Rossiyaga shon-sharaflar" degan tamg‘a urilgan

Surat manbasi, Oleksandr Turkevych
- Author, Anna Kundirenko
- Role, BBC Ukrain xizmati
- O'qilish vaqti: 3 daq
Diqqat: Matnda og‘riqli tafsilotlar bo‘lishi mumkin.
Ukraina harbiy asirining qorniga "Rossiyaga shon-sharaf" degan yozuv kuydirib yozilgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab ukrainaliklarda g‘azab va dahshat uyg‘otdi. Surat shu darajada shafqatsiz va ma’nosiz edi-ki, ayrimlar hatto uning haqiqiyligiga shubha bilan qaradi.
Rasmni ilk bor X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi Clash Report sahifasi e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ukraina rasmiylari va jabrlangan harbiyni davolayotgan shifokorlar surat haqiqiyligini tasdiqladi va undagi inson Rossiya asirligidan yaqinda ozod qilinganini aytishdi.
Uning ismi – Andrey. Bu – shifokorlar tibbiy etikani buzmasdan ochiqlashi mumkin bo‘lgan yagona shaxsiy ma’lumot. Biroq ular chandiq va davolash jarayoni haqida ko‘proq gapirishga tayyor.
Biz bu hodisa ortidagi sabablar, usullar va uni kim amalga oshirganini aniqlash uchun shifokorlar va huquq-tartibot idoralari bilan suhbatlashdik.

Surat manbasi, clashreport
"Ularni reabilitatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi mintaqaviy markazlardan birida shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazayotgan paytda bu holatga chiday olmagan va suratni tarmoqqa joylagan. Bu himoyachilarimiz asirlikda nimalarni boshdan kechirayotganining yaqqol dalilidir," dedi Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi vakili Andrey Yusov Ukraina teleefirida.
Chandiqlar va kuyish oqibatlarini bepul davolashga ixtisoslashgan "Yonmaslar" milliy dasturi shifokorlari Andreyga yordam berishga qaror qilishdi.
Bu professional darajada, texnik jihatdan sifatli amalga oshirilgan, garchi ma’nosi mutlaqo bema’ni bo‘lsa-da. Umumiy narkoz ostida bajarilgan, bu chandiq tekisligidan bilinadi.
"Andrey hayratlanarli darajada kuchli irodali va hazilkash yigit. U davolanishga to‘liq tayyor, ruhiy holati barqaror," dedi Bi-bi-si Ukraina xizmatiga dastur rahbari Maksim Turkevich.
Uning aytishicha, Andrey Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi Istanbulda bo‘lib o‘tgan so‘nggi yirik asirlar almashinuvi doirasida ozod qilingan.
Shifokorlar bemorning tanasiga chizilgan yozuv qanday va kim tomonidan qilinganini aniqlash uchun yetarli dalillarga ega.
"Qiynash uchun emas, iz qoldirish uchun"
Turkevichning aytishicha, yozuvni oddiy tibbiyot xodimi emas, balki malakali xirurg bajargan.

Surat manbasi, Oleksandr Turkevych
"Bu professional darajada, texnik jihatdan ancha sifatli amalga oshirilgan, garchi ma’nosi mutlaqo bema’ni bo‘lsa-da. U umumiy narkoz ostida bajarilgan, bu chandiq tekisligidan bilinadi. Agar bemor hushyor bo‘lganida, harakat qilgan bo‘lardi va chandiq bu darajada silliq chiqmasdi."
Shu asosda, Turkevich xulosa qiladi: "Bu qiynoqqa solish emas, balki iz qoldirish maqsadida qilingan."
Unga ko‘ra, yozuv dermatologiyada so‘gal va papillomalarni olib tashlashda ishlatiladigan elektrokoagulyator yordamida yozilgan. "Yozuv juda nozik, chandiqlar ham shunga yarasha ingichka. Agar bu yerto‘lada oddiy kuydirgich bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, chandiq ancha dag‘al va notekis bo‘lardi," deya izohlaydi u.
Ko‘rinib turibdiki, yozuv Andreyning tanasida boshqa tibbiy muolajalar vaqtida qoldirilgan.
"Uning qorin bo‘shlig‘ida jiddiy muammolar bor: churrasi, chov sohasida parchalangan shikastlanish va siydik pufagi jarohati. Quyidan snaryad portlashi oqibatida shikastlangan. Suratlarda siydik chiqarish yo‘li uchun o‘rnatilgan moslamani ko‘rish mumkin," deya tushuntiradi Turkevich.
Chandiq nima bo‘ladi?
Andreyni oldinda bir oydan ortiq statsionar davolanish va asosiy shikastlanishlar bo‘yicha bir nechta jarrohlik amaliyotlari kutmoqda. Shundan so‘ng shifokorlar yozuvni lazer yordamida yo‘qotish ishlariga kirishadi.

Surat manbasi, Office of the President of Ukraine
Hozircha bemorga chandiq to‘qimasini yumshatish va uni faol davolash bosqichiga tayyorlash uchun ukollar qilinmoqda.
"Keyin lazer orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri chandiq to‘qimasiga ta’sir ko‘rsatiladi. Bunda turli usullar, texnologiyalar va uskunalar birgalikda qo‘llanadi. Bizning prognozimizga ko‘ra, aniq natijalar (ya’ni chandiqning qisman yoki to‘liq yo‘qolishi) olti oy ichida sezila boshlaydi," deydi Turkevich.
Uning ta’kidlashicha, ayni holatda chandiqni jarrohlik yo‘li bilan kesib tashlash mumkin emas, chunki bemor gipertrofik va kolloid chandiqlarga moyil.
Ukraina Bosh prokuraturasi Bi-bi-si Ukraina xizmatiga bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiyadagi qamoqxonalarda ukrainalik harbiy asirlar qiynoqqa solinishi bo‘yicha ochilgan katta jinoyat ishi doirasida Andreyning holati ham tergov qilinmoqda.
Dastlabki tergovni Ukraina Xavfsizlik xizmati olib bormoqda. U Bi-bi-siga yaqin orada bu ish yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini va’da berdi.








