O‘zbekiston: Bu yilgi Ramazon nimasi bilan yodda qoladi?

O‘zbekiston Prezidenti iftorligi

Surat manbasi, O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Ramazon oyi arafasida Prezident Mirziyoyev "diniy kontseptsiya"ni imzoladi.
O'qilish vaqti: 2 daq

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon iftorligini o‘tkazdi, iftorlikda shunday dedi:

"Fuqarolarimizning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanayotgani bu yil Ramazon oyida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda".

Prezident Mirziyoyev bu yil Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi, Samarqanddagi buyuk muhaddis Imom Buxoriy maqbarasi atrofida ulkan majmua ochilishini, Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi nishonlanishini aytdi.

O‘zbekiston ijtimoiy davlat, xalqchil va insonparvar siyosat olib borayapti, dedi Prezident Mirziyoyev.

Shu maqsadda 2024 yili "ko‘makka muhtoj insonlarga 16 trillion so‘mlik (1,25 mlrd AQSh dollari) moddiy yordam va nafaqalar berilgan".

Prezident Mirziyoyev Islom dunyosidagi ziddiyat va mojarolardan tashvish bildirdi, "notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib, butun-butun mintaqalarga yoyilib ketish xavfi tobora ortib bormoqda", dedi.

Prezident Mirziyoyev yoshlarni xatarli g‘oyalarning salbiy ta’sirlaridan asrash muhimligini urg‘uladi, Tasavvufdagi Naqshbandiya tariqatining Piri Bahouddin Naqshbandning "Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin" degan o‘gitini eslatdi.

Aksar kuzatuvchilar fikricha, Prezident Mirziyoyevning ushbu chiqishi O‘zbekiston rahbariyatining yangi diniy siyosatini belgilab beradigan chiqish bo‘lgan.

Ramazon arafasida Prezident Mirziyoyev og‘zaki nuqtda "diniy kontseptsiya" deb atalayotgan O‘zbekiston parlamentining ikki palatasi qabul qilib ma’qullagan hujjatni imzoladi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Diniy kontseptsiyada O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekani urg‘ulangan, bag‘rikenglik va tenglikning muhimligi ta’kidlangan.

Qariyb 5000 so‘zli kontseptsiya matnida "dunyoviy" so‘zi 51 marta ishlatilgan.

Kontseptsiyada O‘zbekiston uchun din sohasidagi ba’zi "tahdid va xatarlar" ham tilga olingan.

Bular boshqa odamlarga diniy normalarni majburan yuklash, gender tengligini buzish urinishlari, diniy sabablarga ko‘ra fuqarolik burchlarini bajarmaslik, ijtimoiy normalar va umuminsoniy qadriyatlarni e’tibordan chetda qoldirish, tibbiy xizmat olish huquqini cheklash va davlat xizmatchilari orasida dunyoviy davlat tushunchasi yetishmasligi singarilar ekani ko‘rsatilgan.

"Diniy kontseptsiya" qabul qilinishi ortidan O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov musulmonlarga murojaat qilib, muqaddas Ramazon oyida bolalarni masjidlarda o‘qiladigan Taroveh namozlariga olib kelmaslikni so‘radi.

Muftiy murojaati ortidan militsiya xodimlari O‘zbekiston masjidlarida Taroveh namoziga kelgan maktab o‘quvchilarini ushlab olib chiqib ketayotganlari tasvirga tushirilgan videolar ko‘paydi.

O‘zbekiston rasmiylari mamlakatga "diniy kontseptsiya" nega kerak edi, degan savolga javob berganlari yo‘q, mamlakatda diniy erkinlik vaziyati yomonlashib borayapti degan xabarlarni rad etadilar.