Ukraina mustaqilligi: o‘zbekistonlik do‘stlarimizga rahmat

Ukrainaning Toshkentdagi elchiligi

Surat manbasi, X/Yusuf Kurkchi

Surat tagso‘zi, Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Yusuf Kurkchi Ukraina bayrog‘i ranglari bilan yoritilgan elchilik binosi suratini X dagi sahifasida e’lon qildi
O'qilish vaqti: 2 daq

Prezident Zelenskiy Prezident Mirziyoyev tabrigidan mamnun bo‘ldi.

24 avgustda Ukraina o‘z mustaqilligining 34 yilligini nishonladi.

Shu munosabat bilan qilgan nutqida Prezident Volodimir Zelenskiy, "tinchlikka chaqiriqqa quloq solinmas ekan", Ukraina o‘z ozodligi uchun jang qilishni davom ettiraveradi, dedi.

Aloqador mavzular

"Bizga tinchlik kerak. O‘zimizning kelajagimiz borasida faqat o‘zimiz qaror qabul qiladigan tinchlik. Ukraina hali g‘alaba qilmadi, ammo mag‘lub bo‘lmagani ham aniq", dedi Ukraina prezidenti.

Ukraina mustaqilligi kuni Kievga Kanada Bosh vaziri Mark Karni tashrif buyurdi.

Bayram tantanalarida qatnashib so‘zga chiqqan Kanada bosh vaziri shunday dedi:

"Men juda sodda va muhim narsani aytmoqchiman: Kanada doim Ukraina bilan yelkama-elka turadi".

Bosh vazir Mark Karni Kanada Ukrainaga 1 milliard dollarlik harbiy yordam paketini ajratganini, bu yordamlar shu yaqin kunlarda yetib kelishini xabar qildi.

Aksar o‘zbekistonliklar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Prezident Zelenskiyni Ukraina mustaqilligi bayrami bilan tabriklaganini olqishladilar.

Prezident Zelenskiy O‘zbekistonning Ukraina hududiy yaxlitligi borasida egallagan mavqe’i uchun hamda ukrainalik bolalarning O‘zbekistonda hordiq chiqarishlari uchun tashkil qilingan insonparvarlik tashabbuslari uchun minnatdorlik izhor etdi.

Mirziyoyev tabrigi

Surat manbasi, X/ZelenskyyUa

Shu kuni O‘zbekistonning Kievdagi elchiligi Ukraina xalqini mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mar Toqaev Prezident Zelenskiyga tabrik telegrammasi yuborgani haqida xabar qildi Qozog‘iston prezidenti saroyi Oq O‘rda.

Qozog‘iston nashrlari va bloggerlar Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli rossiyalik siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnovning Toqaev tabrigi tahliliga e’tibor qaratdilar.

Dubnov MDHdagi hamma davlat rahbarlari ham shaxsan Ukraina prezidentini tabriklashga jur’at qilolmadilar deb yozdi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

"Bugun liderlar Ukrainani har xil tabriklayapti: G‘arb bir ovozdan, MDHda ko‘pchilik "xalqqa" noma bilan cheklanayapti. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, misol uchun, Vladimiru Zelenskiyga shaxsan murojaat etishdan voz kechishni ma’qul ko‘rdi", deb yozdi Arkadiy Dubnov.

U Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Prezident Zelenskiyga tabrik yo‘llaganini xabar qildi.

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Yusuf Kurkchi o‘zining X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida O‘zbek tilida "Rahmat Toshkent. O‘zbekistonlik do‘stlarimizga rahmat" deb post qoldirdi.