O‘zbekiston va Markaziy Osiyo yana nimadan xavotirda?

Surat manbasi, rasmiy
Markaziy Osiyo davlatlarining deyarli barchasi bir kunda birdek bayonot bilan chiqdi.
Neytral Turkmaniston esa yanada uzoqroq ketdi...
So‘nggi keskinlik ularni shunchalik xavotirga soldimi?
Bayonotlar

Surat manbasi, Reuters
Isroilning Eronga so‘nggi hujumi mintaqada ham birdek aks-sado berdi.
Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarining barchasi Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashishidan "chuqur", "jiddiy" va "o‘ta" xavotirda ekanliklarini bildirishdi.
To‘rt mintaqa davlati Isroil hujumining ilk kunidayoq (13 iyun) bu xususda rasmiy bayonot bilan chiqishdi, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri esa, oradan kun o‘tiboq, poytaxt Ashxobodda Eron elchisi bilan uchrashishgacha borgani rasman xabar qilindi.
Eron dunyoning Markaziy Osiyoga chegaradosh davlatlaridan biri bo‘ladi, chegarasi Turkmanistondan tashqari yana ikki postsovet davlati – Ozarbayjon va Armaniston bo‘ylab ham uzanadi.
Xuddi shu manzarada rasmiy bayonotlari mazmunidan Tojikiston "Isroilning Eron Islom Respublikasi hududiga ko‘plab insonlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan harbiy zarbalarini keskin qoralagan" yagona Markaziy Osiyo davlati ekani ko‘rildi.
Rasmiy Toshkent barcha tomonlarni "to‘liq vazminlikka, harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishga", Tojikiston, "halokatli oqibatlarga olib keluvchi keyingi harbiy harakatlardan tiyilish", Qirg‘iziston "har ikki tomonni maksimal darajada og‘ir-bosiqlik, mintaqadagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan harakatlardan qochish", Qozog‘iston esa, "ishtirokchi tomonlarni maksimal darajada vazminlik"ka chaqirdi.
Turkmaniston o‘zining "neytral" mavqeiga alohida urg‘u bergan holda "har qanday muammoni hal qilishda kuch ishlatishga qarshi ekanliklari"ni alohida ta’kidladi.
Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari ham Yaqin Sharqdagi mojaroni faqat tinch – siyosiy va diplomatik yo‘lda, muzokaralar va muloqotlar orqali yechishga tarafdorlik qilganliklari ko‘rildi.
Tojikiston yana "Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining asosiy tamoyillari va xalqaro huquqning boshqa me’yorlariga rioya qilgan holda, inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish"ga undagan bo‘lsa, O‘zbekiston, "mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligi"ni ham bildirgan.
O‘zbekiston o‘zining bayonotida bunday istakni izhor etgan yagona Markaziy Osiyo davlati sifatida o‘rtaga chiqqan.
Eronni "birodar xalq" sifatida tilga olgan Tojikiston tomoni esa, o‘zining bayonotida qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, rasman ta’ziyalarini ham izhor etgan.
Bugun, 16 iyun kuni so‘nggi uch kun ichida Isroilning hujumlarida qurbon bo‘lgan eronliklarning soni 220 dan ortgani, Isroilning talafotlari esa, 19 kishiga yetgani xabar qilindi.
Poytaxt Ashxoboddan olingan rasmiy xabarlarga ko‘ra, Eron elchisi Turkmaniston tomonini Yaqin Sharq mintaqasidagi so‘nggi voqealar yuzasidan o‘z davlatining mavqeidan ham boxabar etgan, ammo rasmiy xabarda buning aynan nimadan iboratligi tafsilotlari noayon qolgan.
Eronlik diplomat Turkmaniston hududi orqali mintaqadagi qo‘shni davlatlardan biriga tashrifdan so‘ng qaytayotgan Eron hay’atiga ko‘rsatgan har tomonlama dastagi uchun turkman tomoniga minnatdorlik ham bildirgan.
Shu kunlarda Isroil va Eronning hujumlari sabab yo‘nalishlarini o‘zgartirayotgan samolyotlariga o‘z eshiklarini ochib bergani uchun Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiya kabi qator davlatlar ham rasmiy Ashxobodga rahmat aytganliklariga oid xabarlar olingan.
Besh Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlarining rasmiy bayonotlariga hozircha Isroil va Eron tomonining munosabati ko‘zga tashlanmaydi.
Markaziy Osiyo aksar aholisi musulmon mintaqa, O‘zbekiston esa, eng yirik postsovet musulmon davlati bo‘ladi.
O‘zbekiston mojaroning keskinlik darajasini kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishga tayyorligini bildiradi.
Eron va Markaziy Osiyo

Eron va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar G‘arb va mintaqaviy o‘yinchilar diqqat-e’tiboriga molik voqe’liklardan biri bo‘ladi.
Geosiyosiy va geoiqtisodiy qudratlar diqqat-markazi va raqobati ostidagi Markaziy Osiyoning Eron uchun ham "strategik" ahamiyat kasb etishi aytiladi.
Agar, ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarning fikrlariga tayanilsa, YevroOsiyo qit’asining markazida joylashganligi, Rossiya va Xitoy kabi muhim hamkorlari bilan yaqinligi, muhim tabiiy resurslari va xalqaro transport yo‘nalishlarining joylashganligi mintaqani Eron uchun jozibador qilib kelayotgan omillar bo‘ladi.
Ularga ko‘ra, Markaziy Osiyo ham tabiiy energiya zaxiralariga boy, jo‘g‘rofiy joylashuvi muhim Eronni tashqi aloqalari, bozorlarini turfalashtirishda o‘zlariga qo‘shimcha imkoniyat bera olishi mumkin bo‘lgan davlat va tovarlarini jahon bozorlariga olib chiqishda muhim tranzit yo‘llaridan biri sifatida ko‘radi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Eron xalqaro suv va savdo yo‘llariga chiqishlari uchun Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining ayrim bandargohlarini taklif etayotganiga oid xabarlar ham olingan.
Mintaqaning G‘arbning cheklovchi sanksiyalari ostida bo‘lgan Eron bilan savdo-sotig‘ining qanchalik barqaror ekani ham global qudratlarning manfaatlari to‘qnashgan har ikki mintaqada aksariyat tahlilchilarning e’tiborlarini o‘ziga tortgan voqe’liklardan biri bo‘ladi.
Yaqin Sharqdagi voqealarning so‘nggi rivoji esa, ikki o‘rtada tashriflar faollashayotgan, Eron qator Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tizimlarini bekor qilish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish harakatida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Tahlilchilar ikki tomon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning potentsiali juda katta ekani aytisharkan, G‘arbning cheklovchi sanksiyalari bo‘lmaganida, Eronni Markaziy Osiyoning gullab-yashnashida muhim o‘rin tuta olishi mumkin davlat sifatida ham tilga olishadi.
Markaziy Osiyo dunyoning Eron bilan muntazam parvozlar amalda bo‘lgan mintaqalaridan biri ham bo‘ladi.
Shu kunlarda Isroil va Eron o‘rtasidagi so‘nggi hujumlar Markaziy Osiyodan amalga oshirilayotgan xalqaro parvozlarga ham ta’sir qilmay qo‘ymagani ko‘riladi.
Qator mintaqa davlatlari kabi O‘zbekiston ham voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida ham Isroil va ham Erondagi fuqarolarini ogoh bo‘lishga rasman chaqirib chiqqan.
Bugun esa O‘zbekiston Erondan aynan Turkmaniston va Ozarbayjon orqali o‘nlab fuqarolarini olib chiqqaniga oid xabarlar ham olingan.
Yana qancha O‘zbekiston fuqarosining Eron va Isroilda qolayotgani ma’lum emas.
Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bugun, 16 iyun kuni yangi bayonot bilan chiqqan.
Vazirlik Yaqin Sharqdagi mavjud vaziyat munosabati bilan Turkmaniston xorijlik diplomatlar va ularning oila a’zolari, shuningdek, hozirda Eronda bo‘lgan boshqa fuqarolarning chiqishi uchun o‘z hududini taqdim etish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rayotganligini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, shu kunga qadar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlardan 120 nafarga yaqin fuqaro Turkmaniston davlat chegarasini nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kesib o‘tgan.
Kelganlar transport vositalari, oziq-ovqat, mehmonxonalar va zarur ashyolar bilan ta’minlangan.
Vazirlikka ko‘ra, gumanitar missiyani amalga oshirish doirasida Turkmanistonning tegishli davlat organlari xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
"Shu nuqtai nazardan, Turkmaniston insonparvarlik, xalqaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini amalda tasdiqlaydi, bu Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan e’lon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yilida, ayniqsa, dolzarblik kasb etadi".
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri shu bugunning o‘zida Isroil-Eron mojarosini ham Ozarbayjon va ham o‘monlik hamkasblari bilan telefon orqali muhokama etib olgan.
Eron barcha Markaziy Osiyo davlatlarini o‘z ichiga oluvchi, Rossiya va Xitoy shamsiyasi ostidagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga ham kiradi.
Rossiya va Xitoy kabi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Markaziy Osiyodagi faollashuviga sezgir, ijtimoiy, iqtisodiy hamda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyati barcha mintaqa davlatlarining birdek xavotirlariga sabab bo‘lib kelayotgan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh davlatlardan bittasi, yaqin-yaqingacha afg‘on mojarosida muhim o‘rin tutuvchi mintaqaviy o‘yinchilardan biri sifatida ham ko‘rilgan.
Isroil operatsiyasining maqsadlaridan biri esa, Eronda hokimiyatni almashtirish bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda.
"Bu, albatta, natija bo‘lishi mumkin, chunki Eron rejimi juda zaif", - deya bayon qilgan Isroil Bosh vaziri kuni-kecha Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
Eron mintaqadagi sanoqli Islomiy Respublikalardan biri bo‘ladi, aksar aholisini shia mazhabiga mansub musulmonlar tashkil etishadi.












