Faol Qobul Dusov qamoqqa tashlandi, o‘zbek shaxmatchisi ayol raqibining qo‘lini nega siqmadi, Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni "Amirsoy" uchun maqtadi

Qobul Dusov ijtimoiy faolligi bilan tanilgandi

Surat manbasi, Facebook/Kobul Dusov

Surat tagso‘zi, Qobul Dusov ijtimoiy faolligi bilan tanilgandi
O'qilish vaqti: 3 daq

Jamoat faoli Qobul Dusov qamoqqa olindi. O‘zbek shaxmatchisi e’tiqodi sabab raqib qizning qo‘lini siqmaganini aytdi. "Amirsoy"ga kelgan Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni maqtadi.

Jamoat faoli, Bo‘stonliq shahar kengashining sobiq deputati Qobul Dusov internetdan foydalangani uchun jazoning qolgan qismini manzil koloniyasida o‘taydi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning xabar berishicha, 4 yanvardan 11 yanvargacha u o‘zining Kobul Dusov/RASMIY KANAL Telegram kanalida har xil mazmundagi materiallarni joylashtirgan. 11 yanvarь kuni u probatsiya bo‘limiga chaqirilib, ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qo‘llangan.

"24 yanvarь kuni IIV Tezkor qidiruv departamentining Kiberxavfsizlik markazi Dusovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida xam, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganini aniqlagan", deb yozadi Obidov.

2024 yiling noyabrida Qobul Dusov O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqievni haqorat qilgani uchun 1 yilga ozodligi cheklangan edi.

Sud qaroriga ko‘ra, sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi, internetdan foydalanishi, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etishi taqiqlangan.

Faol endi jazoning qolgan qismini manzil koloniyasida o‘taydi.

Jamoat faollari Qobul Dusov faoliyati sabab qamalgan, degan fikrni bildirmoqda.

"Yo‘q, haqorat bir bahona, xolos! Agar haqorat uchun uyidan bosib ketib, hibslanishi kerak bo‘lganida, bir qancha kursilar hozir "vakansiya" bo‘lib turardi. «QOBUL DO‘SOVNING JINOYaTI NIMADA?..» degan savol javobini ijtimoiy tarmoqdagi Haq talab qilgan chiqishlaridan, faoliyatidan izlash kerak", deb yozadi jurnalist Dilmurod Sayyid.

E’tiqodi sabab qo‘lini siqmadi

Prezident farmoni bilan Nodirbek Yaqubboev “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan

Surat manbasi, president.uz

Surat tagso‘zi, Prezident farmoni bilan Nodirbek Yaqubboev "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvoni bilan taqdirlangan

O‘zbekistonlik shaxmat ustasi Nodirbek Yaqubboev Tata Steel Chess musobaqasidagi o‘yin davomida hindistonlik shaxmatchi Rameshbabu Vaishalining qo‘lini siqishni rad qilishi ietimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Video tasvirda hindistonlik Rameshbabu Vaishali Nodirbekka qo‘lini uzatganini, ammo u raqibining qo‘lini javobsiz qoldirib, partiyani boshlganani ko‘rish mumkin.

O‘yinda o‘zbekistonlik shaxmatchi yutqizgan. Keyinchalik u sodir bo‘lgan holat uchun X tarmog‘ida uzr so‘radi.

O‘zbekistonlik grossmeystr o‘z qarorini diniy e’tiqod bilan izohladi.

"Vaishali bilan o‘yinda bo‘lgan vaziyatni tushuntirmoqchiman. Ayollar va hind shaxmatchilariga chuqur hurmat bilan shuni ma’lum qilmoqchimanki, men diniy sabablarga ko‘ra boshqa ayollarga tegmayman. Men Vaishali va uning ukasini Hindistonning eng kuchli shaxmatchilari sifatida hurmat qilaman. Agar mening xatti-harakatim uni xafa qilgan bo‘lsa, uzr so‘rayman", degan u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 2023 yil Abu-Dabidagi musobaqada shaxmatchi Divye Deshmukh bilan qo‘l siqishganiga oid tasvirlarni shunday izohladi.

"Oldin shunday qilgan holatlarimni, men o‘zim uchun noto‘g‘ri deb bilaman. Nimani lozim topsam, shuni qilaman. Men boshqalar ham qarshi jinsning qo‘lini qismasligi kerak yoki ayollar hijob yoki burqa taqsin demayman. Bu ularning shaxsiy ishi", degan Yaqubboev.

Sadir Japarov: "Shavkat Mirziyoyevga gap yo‘q"

prezidentlar

Surat manbasi, president.uz

25 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkent viloyatidagi "Amirsoy" kurort majmuasida norasmiy uchrashuv o‘tkazgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Facebookda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

U "Amirsoy"da yaratilgan shart-sharoitlar bilan Qirg‘izistonni solishtirgan.

"Mamlakatimiz hududining 94 foizini tog‘lar egallaydi. Yetti viloyatimizning har birida shunday tog‘-chang‘i kurortlari bo‘lishi mumkin edi. Ammo bizda ular deyarli yo‘q. Nima uchun? Chunki mustaqillikka erishganimizdan beri oddiy xalqdan tortib, prezidentlargacha faqat siyosat bilan shug‘ullanib keldik.

Har kuni miting, har kuni to‘y bo‘ldi. Iqtisodiyot, turizm va boshqa muhim sohalar e’tibordan chetda qoldi", degan u.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

president.uz
Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortini ko‘rib, hayratda qoldim. Hamkasbim Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi bu bazani noldan boshlab qurdi. Gap yo‘q, barakalla.
Sadir Japarov
Qirg'iziston przidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Sadir Japarov hayratini yashirmagan va O‘zbekiston prezidentini maqtagan.

"Amirsoy" tog‘-chang‘i kurortini ko‘rib, hayratda qoldim. Hamkasbim Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi bu bazani noldan boshlab qurdi. Gap yo‘q, barakalla", degan u.

Qirg‘iziston prezidenti "Amirsoy"dagi xizmat ko‘rsatish darajasi Yevropanikidan kam emasligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston prezidenti veb sayti ikki davlat yetakchilari "ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashdilar", deb yozgandi.