O‘zbekiston: Taniqli huquq faoli nimada aybdor deb topildi?

Surat manbasi, Facebook/Abdurakhmon Tashanov
Toshkent shahridagi Mirobod tuman mahkamasi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovni aybdor, deb topgan.
Ushbu ish mamlakatda O‘zbek tili, sud tizimida ish yuritish bilan bog‘liq keng aks-sado bergan ishlardan biri bo‘ldi.
Tomonlarning talablariga qaramay, mahkama yopiq o‘tkazilgan.
O‘zbekistonlik taniqli huquqbon ustidan ish O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni pasaygani kuzatilayotgan, so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgani ta’kidlanayotgan vaqtda kuzatilmoqda.
Toshkent Davlat Yuridik universitetining ikki o‘qituvchisi R. Altaev va O. Narziev huquqbon Abdurahmon Tashanovni Feysbuk tarmog‘ida 28 fevraldagi "Sizga achinaman, janoblar!" deb sarlavhalangan posti uchun sudga bergandilar.
O‘qituvchilar ushbu post o‘zlarining sha’nlari, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘larini kamsitgan, deb da’vo qilganlar.
Sud da’vogarlarning talablarini qisman qanoatlantirgan va A. Tashanovni ma’naviy zarar uchun 50 million so‘m, shuningdek, ikki baravar miqdorda davlat boji va pochta xarajatlarini to‘lashga hukm etgan.
Shu bilan birga, A. Tashanovga "Sizga achinaman, janoblar" nomli ijtimoiy tarmoqdagi postini o‘chirish va da’vogarlardan rasman uzr so‘rash majburiyati yuklatilgan.
"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati Mirobod sudi qarorini o‘z faoliyatiga nisbatan tahdid, sifatida baholab, bayonot tarqatgan.
"Joriy yilning 23 may kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchilari R. Altiev va O. Narziev tomonidan O‘zbekiston "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga qarshi berilgan tuhmat da’vosini qanoatlantirdi" - deb boshlanadi "Ezgulik" bayonoti.
"Jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, diplomatik korpus, Tashanovning huquqiy vakillari va "Ezgulik" jamiyati tayinlagan jamoat himoyachilari sud zaliga kiritilmadi. Holbuki, har ikki taraf sud majlislarini ochiq o‘tkazish to‘g‘risida iltimosnoma kiritgan. Sudьyaning xolis emasligi bo‘yicha berilgan raddiyalar ham aynan o‘sha sudьyaning o‘zi tomonidan rad etildi" - deb davom etadi "Ezgulik" o‘z bayonotida.

Surat manbasi, .
"Ezgulik" bayonotida yozilishicha, "sud Tashanovning asosli e’tirozlariga qaramasdan, postda haqoratli so‘zlar yo‘qligiga qaramay, uni da’vogarlarni kamsituvchi deb baholagan".
"So‘nggi ikki yil ichida "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining kamida uch nafar faoli qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilib, jamiyatning xalqaro grantlardan foydalanishi cheklandi va faoliyati falaj qilindi. Shu bilan birga, jamiyat faollariga qarshi ijtimoiy tarmoqlarda muntazam qoralovchi trolling kampaniyasi olib borilmoqda" - deb urg‘ulanadi ayni bayonotda.
"Ezgulik" jamiyatiga ko‘ra, A. Tashanov sud qarori yuzasidan Toshkent shahar fuqarolik ishlari sudiga apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
Haqorat yo‘q, kamsitish bormi?

Surat manbasi, Facebook/Abdurakhmon Tashanov
Huquqbon Abdurahmon Tashanovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zbekzabon ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
"Kamsitishning klinik tashxisi: Sud haqoratni topa olmadi, lekin xafa bo‘ldi" - deb yozdi Feysbukdagi sahifasida o‘zbekistonlik advokat, "Ezgulik" inson haqlari jamiyati faoli Zarif Mirzaxmedov.

Surat manbasi, .
Sud hukmini jamiyat qanday qabul qildi?

Surat manbasi, Facebook/Kamoliddin Rabbimov
O‘zbekistonlik taniqli siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov o‘zining Feysbukdagi sahifasida shunday post qoldirdi. "Siz nohaq bo‘lib g‘olibsiz, men esa haq bo‘lib mag‘lubman! "Mehrobdan chayon" Abdulla Qodiriy.
"Qachonki jamiyat sud hukmini mutlaq qabul qilmasa, uning adolatli va asosli ekanligiga ishonmasa, bu sud tizimiga, sud hokimiyatiga, demakki, davlatning eng yirik ustunlaridan biriga o‘z ishonchini inkor qilgan bo‘ladi. Demakki, davlatning bir qismi to‘liq legitimligidan mahrum bo‘lgan bo‘ladi" - deb yozdi siyosiy tahlilchi.

Surat manbasi, .
O‘zbekiston uzoq yillar so‘z va fikr erkinligi cheklangan mamlakatlar ro‘yxatida bo‘lib kelgan.
Biroq 2016 yil Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lishi bilan boshqa sohalar kabi bu jabhada ham yirik o‘zgarishlar qilishini aytgan.
Ayni shu manzarada mamlakatdagi o‘zgarishlar qatorida jamiyatdagi turli muammo hamda kamchiliklarni yoritadigan jurnalistlar, blogerlar va veb-sahifalar paydo bo‘ldi.
Prezident Mirziyoyev doimo jurnalist va blogerlarni qo‘rqmay ishlashga chaqirib, ular ortida o‘zi turishini urg‘ulab keladi.
Ayni damda, o‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda bir necha nafar blogerning qamoqqa olinishi so‘z erkinligini ta’minlash borasida prezident boshlagan jarayonlarning hali to‘liq amalga oshmaganini ko‘rsatishi mumkinmi kabi savollarni ham paydo qilishi ehtimoli yo‘q emas.












