Olimlar inson hujayralaridan quvvat oladigan "tirik" kompyuterlar yaratmoqda

Zoe Kleynman laboratoriya ichida biokompyuterlar o‘stirilayotgan idishlarni ko‘rdi
Surat tagso‘zi, Zoe Kleynman laboratoriya ichida biokompyuterlar o‘stirilayotgan idishlarni ko‘rdi
    • Author, Zoe Kleynman
    • Role, Technology editor
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Olimlar inson hujayralaridan quvvat oladigan "tirik" kompyuterlar yaratayaptilar.

Uning ildizlari ilmiy-fantastikada bo‘lsa-da, kam sonli tadqiqotchilar tirik hujayralardan kompyuterlar yaratishda haqiqiy yutuqlarga erishmoqdalar.

Biokompyuterlarning g‘aroyib olamiga xush kelibsiz.

Bu soha yetakchilari orasida shveytsariyalik bir guruh olimlar bor, men ular bilan uchrashgani bordim.

Aloqador mavzular

Ularning ishonishicha, bir kun kelib sun’iy intellekt (SI) kabi o‘rganadigan "tirik" serverlardan iborat ma’lumotlar markazlari quriladi. Ular hozirgilardan ko‘ra ancha kam energiya sarflashi mumkin.

Bu men uchrashgan FinalSpark laboratoriyasi hammuassisi doktor Fred Jordanning fikridir.

Biz hozir foydalanayotgan kompyuterlarimizdagi apparat va dasturiy ta’minot tushunchalariga o‘rganib qolganmiz.

Doktor Jordan va boshqalar o‘zlari yaratayotgan narsani quloqqa g‘alati eshitiladigan "wetware" atamasi bilan atamoqda.

Sodda qilib aytganda, bunda «organoidlar» deb ataladigan to‘plamlarga aylanadigan neyronlar yaratiladi. Bu organoidlar o‘z navbatida elektrodlarga ulanadi va shundan so‘ng ularni mini-kompyuterlar sifatida ishlatishga urinish boshlanadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Doktor Jordan tan olishicha, ko‘pchilik uchun biokompyuter tushunchasining o‘zi biroz g‘alati tuyulishi mumkin.

"Ilmiy fantastikada odamlar bu g‘oyalar bilan anchadan buyon tanish," deydi u.

"Neyronni kichik mashina sifatida ishlataman deganingizdayoq bu o‘z miyamizga boshqacha qarash bo‘ladi va kimligimiz haqida qayta o‘ylashga majbur qiladi."

FinalSpark ishni Yaponiyadagi klinikadan sotib olingan inson terisi hujayralaridan olingan o‘zak hujayralardan boshladi. Haqiqiy donorlar anonim.

Ammo, ajablanarli tomoni shundaki, ularga takliflar yetarli.

"Bizga murojaat qiluvchilar ko‘p," deydi u.

"Lekin biz faqat rasmiy yetkazib beruvchilardan keladigan o‘zak hujayralarni tanlaymiz, chunki hujayralarning sifati juda muhim."

Shveytsariyadagi FinalSpark laboratoriyasi olimlari inson terisi hujayralaridan biokompyuter yaratishayapti
Surat tagso‘zi, Shveytsariyadagi FinalSpark laboratoriyasi olimlari inson terisi hujayralaridan biokompyuter yaratishayapti

Laboratoriyada FinalSpark kompaniyasining hujayra biologiyasi mutaxassisi doktor Flora Brozzi menga bir nechta kichik oq sharchalar solingan idishni uzatdi.

Har bir sharcha aslida laboratoriyada o‘stirilgan kichik miya bo‘lib, tirik o‘zak hujayralardan tashkil topgan. Ular neyronlar va yordamchi hujayralar to‘plamiga aylantirilgan – bular "organoidlar".

Ular inson miyasining murakkabligiga yaqinlashmasa-da, ammo unsurlari bir xil.

Bir necha oy davom etadigan jarayondan so‘ng, organoidlar elektrodga ulanishga tayyor bo‘ladi va oddiy klaviatura buyruqlariga javob berishi sinab ko‘riladi.

Bu elektr signallarini yuborish va qabul qilish usuli bo‘lib, natijalar tizimga ulangan oddiy kompyuterda qayd etiladi.

Bu oddiy test: siz elektrodlar orqali elektr signalini yuboradigan tugmani bosasiz va agar u ishlasa (har doim ham ishlamaydi), ekranda javob sifatida faollik biroz kuchayishini ko‘rishingiz mumkin.

Ko‘rsatilayotgan narsa elektroentsefalogrammaga o‘xshash grafik.

Men tugmani ketma-ket bir necha marta bosganimda, javoblar to‘satdan to‘xtadi. Keyin diagrammada qisqa, o‘ziga xos energiya portlashi kuzatildi.

Nima bo‘lganini so‘raganimda, doktor Jordan organoidlar nima qilishi va nima uchun shunday qilishi haqida hali to‘la tushunmasliklarini aytdi. Ehtimol, ularni bezovta qilgandirman.

Elektr stimulyatsiyalar jamoaning kattaroq maqsadi – biokompyuter neyronlarida o‘rganishni qo‘zg‘atish yo‘lidagi dastlabki muhim qadamdir. Shunda ular oxir-oqibat vazifalarni bajarishga moslasha oladi.

"Sun’iy intellekt uchun bu har doim bir xil," deydi u.

"Ma’lumot kiritasiz va undan foydalanish uchun natija olishni xohlaysiz.

Masalan, siz mushukning rasmini berasiz va natijada u mushuk ekanligini aniqlashni istaysiz," deb tushuntirdi u.

Biokompyuterlarni tirik saqlash

Oddiy kompyuterni ishlatib turish oson – unga faqat elektr ta’minoti kerak, lekin biokompyuterlar bilan qanday bo‘ladi?

Bu savolga olimlar hali javob topa olmagan.

"Organoidlarda qon tomirlari bo‘lmaydi," deydi London Imperial kolleji Neyrotexnologiya markazi direktori, neyrotexnologiya professori Saymon Shults.

"Inson miyasida qon tomirlari mavjud bo‘lib, ular miya bo‘ylab turli darajalarda tarqalgan va uni yaxshi ishlashi uchun ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi.

Biz hali ularni to‘g‘ri tayyorlashni bilmaymiz. Demak, bu oldindagi eng katta muammo."

Lekin bir narsa aniq. Biz "wetware" bilan kompyuter o‘limi haqida gapirganimizda, biz aynan o‘limni nazarda tutgan bo‘lamiz.

FinalSpark so‘nggi to‘rt yil ichida sezilarli yutuqlarga erishdi: endi uning organoidlari to‘rt oygacha yashay oladi.

Ammo ularning oxir-oqibat halok bo‘lishi bilan bog‘liq ba’zi dahshatli kuzatuvlar bor.

Ba’zida ular organoidlarning o‘limidan oldingi faollik to‘lqinini kuzatadilar – bu ba’zi odamlarda hayoti so‘ngida kuzatiladigan yurak urishi tezlashishi va miya faolligiga o‘xshaydi.

"Faollik [hayotning] so‘nggi daqiqalari yoki so‘nggi 10 soniyalarida juda tez oshgan bir nechta hodisalar bo‘lgan," deydi doktor Jordan.

"O‘ylashimcha, so‘nggi besh yilda biz 1000 yoki 2000 ga yaqin shunday o‘lim holatlarini qayd etdik."

"Bu achinarli, chunki biz tajribani to‘xtatishimiz, uning nima uchun o‘lganini tushunishimiz va keyin buni yana takrorlashimiz kerak," deydi u.

Professor Shults bu hissiz yondashuvga qo‘shiladi.

"Biz ulardan qo‘rqmasligimiz kerak, ular shunchaki boshqa substratdan, boshqa materialdan yasalgan kompyuterlar," deydi u.

Real dunyoda qo‘llanishi

FinalSpark biokompyuter sohasida ishlaydigan yagona olimlar guruhi emas.

Avstraliyaning Cortical Labs kompaniyasi 2022 yilda sun’iy neyronlarga dastlabki kompyuter o‘yini "Pong"ni o‘ynashni o‘rgatganini e’lon qildi.

AQShda Jons Hopkins Universiteti tadqiqotchilari ham "mini-miyalar" yaratmoqda, biroq ular buni Altsgeymer va autizm kabi nevrologik kasalliklar uchun dori-darmon ishlab chiqish maqsadida qilayaptilar.

Umid shuki, yaqin kelajakda sun’iy intellekt bu kabi ishlarni tezlashtiradi.

Ammo hozircha, Jons Hopkins Universitetidagi tadqiqotlarga rahbarlik qilayotgan doktor Lena Smirnova "wetware" ilmiy jihatdan qiziqarli, biroq hali boshlang‘ich bosqichda ekanligini ta’kidlaydi.

Uning aytishicha, bu texnologiya hozirda kompyuter chiplari uchun ishlatiladigan asosiy material o‘rnini bosa olmaydi.

"Biokompyuter kremniy asosidagi sun’iy intellekt o‘rnini bosmaydi, balki to‘ldirishi, shu bilan birga kasalliklarni modellashtirish va hayvonlardan foydalanishni kamaytirish imkonini berishi kerak," deydi u.

Professor Shults ham bu fikrga qo‘shiladi: "Menimcha, ular ko‘p sohada kremniy bilan raqobatlasha olmaydi, lekin o‘z o‘rnini topadi."

Bu texnologiya real dunyoda qo‘llash usullariga tobora yaqinlashib borayotgan bo‘lsa-da, doktor Jordan hamon uning ilmiy-fantastik ildizlarini eslaydi.

"Men har doim fantastika muxlisi bo‘lganman," deydi u.

"Ilmiy-fantastik film yoki kitobni ko‘rganimda, doim biroz xafa bo‘lardim, chunki mening hayotim kitobdagidek emas edi. Endi o‘zimni go‘yo kitob ichida, uni yozayotgandek his qilyapman."

Maqolani yozishda Francheska Hoshimiy yordam bergan