G‘azoni qanday qayta qurish mumkin?

- Author, Pol Adams
- Role, Bi-bi-sining diplomatik muxbiri
- O'qilish vaqti: 9 daq
Hali ham beqaror bo‘lgan otashkesim sharoitida g‘azoliklar o‘z hayotlarini tiklash uchun dastlabki ehtiyotkor qadamlarini qo‘ymoqdalar.
Buldozerlar yo‘llarni tozalayapti, urush vayronalari yuk mashinalariga ortilayapti. Yo‘lning ikki tomonida betonu buralgan metall uyumlari – bir paytlar gavjum bo‘lgan mahallalar qoldiqlari yotibdi.
G‘azo shahrining ba’zi qismlarini umuman tanib bo‘lmaydi.
"Bu mening uyim edi", – deydi Abu Iyad Hamduna. U bir paytlar G‘azo shahrining eng gavjum mahallalaridan biri bo‘lgan Shayx Radvandagi beton va po‘lat uyumiga ishora qiladi.
"Shu yerda edi. Lekin endi uy ham yo‘q."
Abu Iyad 63 yoshda.
Agar G‘azo qachonlardir kuldan yana qayta tiklansa, buni ko‘rishga umri yetishiga ishonmaydi.
"Bu tezlikda, menimcha, 10 yil kerak bo‘ladi."
U charchagan va taqdirga tan bergandek ko‘rinadi. "Biz o‘lib ketamiz... qayta qurilishni ko‘rmay o‘tib ketamiz."

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Yaqin atrofda 43 yoshli Nihad al-Madhun va uning jiyani Said bir paytlar uy bo‘lgan vayronalarni titkilashadi.
Bino har lahza qulab tushishi mumkin, ammo bu ularni to‘xtata olmaydi – ular eski g‘isht bloklarini yig‘ib, eski qizil divandagi qalin changni tozalaydilar.
"Vayronalarni tozalashning o‘ziga besh yildan ko‘proq vaqt ketishi mumkin, – deydi u. – Kutamiz. Boshqa choramiz yo‘q."
Vazifaning ko‘lami hayratlanarli. BMT zarar miqdorini 70 milliard dollar deb baholaydi.
BMTning sun’iy yo‘ldosh markazi Unosat ma’lumotlariga ko‘ra, 300 mingga yaqin uy va kvartiralar shikastlangan yoki vayron qilingan.
G‘azo sektori portlamagan xavfli bombalar va ostida inson jasadlari qolgan 60 million tonna vayronaga to‘la.

Jami so‘nggi ikki yil ichida G‘azoda 68 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, deydi G‘azoning Hamas boshqaruvidagi sog‘likni saqlash vazirligi.
Uning ma’lumotlari BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan.
Bunday vayronagarchiliklar ichida ishni nimadan boshlashni bilish qiyin.
G‘oyalar yetarli, uzoq poytaxtlarda o‘tirgan, pul va hokimiyat egalari o‘ylab topgan ulkan loyihalar ham bor.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘z fikrini bildirdi.
Ammo biz suhbatlashgan g‘azoliklar chet elda tuzilgan rejalarga shubha bilan qaraydilar va ularning ham o‘z tasavvurlari bor. Demak, G‘azoning kelajagini shakllantirish uchun kurash boshlanmoqda.
Savol shuki, kim ustun keladi?
Trampning riverasidan Qaqnus rejasigacha
G‘azo shahrining Hamas tomonidan tayinlangan hokimi Yahyo as-Sarraj fosforli kamzul kiyib, ko‘chalarda vayronalarni ko‘zdan kechirayapti.
U allaqachon do‘konlar va restoranlar ochila boshladi deydi.
"Albatta, bu juda kamtarona, – deydi u, – lekin ular yashashni istaydilar va yashashga haqlilar."
Bunday vayronagarchilik G‘azoga begona emas, deb qo‘shib qo‘yadi u, 2023 yil 7 oktyabrda Hamas Isroilga uyushtirgan dahshatli hujumlardan keyin boshlangan urushdan oldingi bir necha mojarolarni eslab.
"Ko‘plab xalqaro, mahalliy, mintaqaviy rejalar haqida eshitdik. [Ammo] bizning o‘z rejamiz bor.
Biz uni G‘azo Qaqnusi deb ataymiz."
Bu urush paytida paydo bo‘lgan birinchi mahalliy Falastin rejasi – u haqdagi kompyuterda yaratilgan videoda vayron bo‘lgan jamoalar go‘yo sehrli tarzda zamonaviy mahallalarga aylantirilganini ko‘rish mumkin.
"Biz bo‘shliqni to‘ldirishni xohladik," deydi Jahon Bankining sobiq menejeri, urushdan keyingi Iroq kabi mojaroli hududlarda 30 yillik tajribaga ega Yara Salim.
"Mamlakatingiz haqida o‘z tasavvuringiz bo‘lmay turib, chet elliklarning qayta qurish rejalari tepadan tushirilishi mumkin emas."
Ba’zilari chet elda yashayotgan 700 ga yaqin tiklanish bo‘yicha falastinlik mutaxassislardan iborat keng koalitsiyaning 13 oylik mehnatidan keyin fevral oyida Qaqnus rejasi e’lon qilindi.
U G‘azo sektoridagi me’mor va muhandislarning bilim va tajribasiga ham asoslangan. G‘oyani rivojlantirishga bosib olingan G‘arbiy Sohildagi Birzeit Universiteti talabalari ham jalb qilinganlar.
Munitsipalitetlar ustidan siyosiy nazoratga ega Hamas bunga aralashmagan.
Bugungi kunda Qaqnus rejasi mualliflari uning taqdiri o‘z qo‘llaridan chiqib ketganini, Yaqin Sharq va undan tashqaridagi raqobatchi kuchlar G‘azo kelajagini nazorat qilish uchun kurashayotganini bilishadi.
Qaqnus rejasi Prezident Tramp tomonidan fevral oyida Oq Uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashuvi chog‘ida birinchi marta aytilgan munozarali taklif – "G‘azo riverasi"dan keskin farq qiladi.

Surat manbasi, Phoenix
Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bir videoni qayta joylashtirdi. Unda u, Netanyahu va milliarder tadbirkor Ilon Maskning Dubay uslubidagi fantaziyasi aks etgan edi.
Garchi video aniq hazil bo‘lsa-da, Prezident Tramp allaqachon AQShning G‘azoga "uzoq muddat egalik qilishi" haqida gapirgan edi.
Uning kuyovi Jared Kushner o‘tgan yili Harvard universiteti tinglovchilariga shunday degan edi:

Surat manbasi, Getty Images
"Agar odamlar hayotiy shart-sharoitni yaratishga e’tibor qaratsa, G‘azoning sohilbo‘yi hududlari juda qimmatli mulk bo‘lishi mumkin."
Trampning oktyabr oyida kelishilgan otashkesim bo‘yicha 20 bandli taklifida "G‘azoni qayta qurish va rivojlantirish uchun Tramp iqtisodiy rivojlanish rejasi" va boshqaruvni nazorat qilish uchun xalqaro "Tinchlik kengashi"ni tashkil etish nazarda tutilgan.
Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Blerning ushbu kengashga rahbarlik qilishi mumkinligi haqida taxminlar bor.
Yuqori texnologiyali, sun’iy intellektdan quvvatlangan "aqlli shaharlar"
Biroq Trampning "G‘azo riverasi" – kelajakdagi G‘azoning yagona yorqin tasviri emas.
Avgust oyida The Washington Post gazetasi e’lon qilgan maxfiy hujjatda 10 yil davomida AQSh vasiyligida bo‘ladigan yuqori texnologiyali G‘azo sektori haqida shunga o‘xshash g‘oya ilgari surilgan.
"GREAT" (Gaza Reconstitution, Economic Acceleration and Transformation Trust – G‘azoni qayta tiklash, iqtisodiy jadallashtirish va transformatsiya tresti) deb nomlangan reja isroillik va amerikalik maslahatchilar tomonidan va Toni Blerning Global o‘zgarishlar instituti a’zolari ishtirokida ishlab chiqilgani aytilgan.
Rejada bir qator "zamonaviy va sun’iy intellektdan quvvatlanadigan aqlli shaharlar" yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, "G‘azodagi davomiy qo‘zg‘olonlar"ning asosiy sababi sifatida shahar dizaynining nomukammalligi ko‘rsatilgan.

Surat manbasi, Great

Surat manbasi, Great
"Vayron qilingan Eron proksisidan farovon Ibrohimiy ittifoqchiga" nomli sarlavha ostidagi reja, Trampning birinchi prezidentlik muddatida imzolangan Abraham bitimlariga ishora qiladi. Unda qayta tiklangan G‘azo keng ko‘lamli mintaqaviy tinchlik tashabbusining bir qismi bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Rejada "ixtiyoriy ko‘chish" g‘oyasiga ham e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, G‘azo aholisining to‘rtdan bir qismi 5000 dollar miqdorida ko‘chirish to‘lovi oladi va xorijda subsidiyalangan ijara haqi evaziga yashaydi.
Bularning barchasi G‘azoning mavjud infratuzilmasini saqlash va imkon qadar hududning ijtimoiy va geografik tuzilishini tiklashga qaratilgan "Qaqnus" rejasidan keskin farq qiladi.

Surat manbasi, .
"Bu kabi deyarli xayoliy rejalar tashvishlanarli falokatli kapitalizmga yo‘l ochayapti," deydi Falastin iqtisodiy siyosat tadqiqot instituti mustaqil tahlil markazi bosh direktori Raja Xolidiy.
"Davlat qanday G‘azoni qurishni, qachon qurishni va bu qanchaga tushishini rejalashtirish imkoniyatiga ega.
Bu Falastinning o‘z rejasi bo‘lishi kerak – biz chetda qolib ketishimizdan xavotirdaman."

Surat manbasi, Reuters
AQShning RAND nohukumat tahlil markazi katta ilmiy xodimi, G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha batafsil tadqiqot hammuallifi Shelli Kalbertson ham G‘azo sektorini Dubayning yangi versiyasiga aylantirishlarini kutib turgan oppoq qog‘oz deb hisoblamaslik kerakligini ta’kidlaydi.
"Bu yerda ming yillik tarixga ega shaharlar, boy meros bor, – deydi u. – Hammasini yo‘q qilib, boshidan boshlash yaxshi amaliyot emas. Aksincha, mavjud narsalarni hisobga olib qurish kerak."
"G‘azoning qalbi va ruhi"
Bular yagona rejalar emas. Misr tomonidan ishlab chiqilgan va mart oyida Qohirada bo‘lib o‘tgan sammitda Arab davlatlari ligasi shoshilinch qabul qilgan yana bir reja G‘azoni besh yil ichida qayta qurishni nazarda tutadi.
"Qaqnus" rejasi kabi, bu rejada ham "egalik hissini shakllantirish va mahalliy aholi ehtiyojlarini qondirish uchun" g‘azoliklarni har bir bosqichga jalb qilish muhimligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Prezident Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin Ma’muriyati (FM) G‘azo sektori bo‘yicha o‘z takliflarini ishlab chiqmoqda. Bu G‘azo va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilni kelajakdagi Falastin davlatida qayta birlashtirish bo‘yicha kengroq rejaning bir qismidir.
Ramallohdagi ofisida FM rejalashtirish vaziri Estefan Salama menga qanday reja qabul qilinishidan qat’i nazar, kelajakda G‘azoning qiyofasi o‘zgarishini, ammo ba’zi narsalar o‘zgarmay qolishi kerakligini aytdi.

"G‘azo aholisining 70 foizi falastinlik qochqinlar ekanini unutmang, – deydi u. – Biz qochqin o‘zligini saqlab qolishimiz kerak. G‘azoning joni va ruhini asrashimiz lozim."
Salama uchun bu G‘azoning urushdan oldingi qochqinlar lagerlarini qayta tiklashni anglatadi. Bu lagerlarda 1948-1949 yillarda Isroil davlati tashkil etilgan chog‘da, urush vaqtlarida qochgan yoki o‘z uylaridan haydab chiqarilgan falastinliklarning yuz minglab avlodlari yashab kelmoqda.
Vaqt o‘tishi bilan lagerlar 1950-yillardagi brezent chodirlar va tunuka kulbalardan dunyodagi zich gavjum jamoalarga aylandi.

Surat manbasi, Reuters
Falastin Ma’muriyati rejasidan ko‘zlangan maqsad, kulbalarni qayta tiklash emas, balki ahil jamoalarni tiklashdir.
"Biz Jabaliyani avvalgi joyida qayta qurishni xohlaymiz," deydi Salama, bir vaqtlar 100 000 dan ortiq odam yashagan va hozirda asosan vayron bo‘lgan eng katta lagerni nazarda tutib.
Ammo hozircha Falastin Ma’muriyati G‘azoni emas, faqat G‘arbiy Sohilni nazorat qila oladi.
Trampning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga ko‘ra, Tinchlik kengashi "Falastin ma’muriyati islohotlar dasturini yakunlaguncha" G‘azoni qayta qurish bilan shug‘ullanadi.
Sekin, mashaqqatli jarayon
Qayta qurish, ehtimol, Shelli Kalbertson "bosqichma-bosqich shaharlashtirish" deb atagan sekin va mashaqqatli jarayon bo‘lishi mumkin.
"Zararlangan, ammo yaroqli hududlarda yashash va shu yerda turib qayta qurish, bizningcha, jamoalarni saqlab qolish va odamlarga qaytarishning asosiy yo‘li bo‘ladi," deydi u.
[Ammo] ba’zi joylar shunchalik vayron bo‘lgan, shikastlangan va xavfliki, ularni to‘siq bilan o‘rash, butunlay buzib tashlash va qayta qurish kerak.
"Bu besh yillik tiklanish emas, balki o‘n yillab davom etishi mumkin."

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Falastin ma’muriyatining rejalashtirish vaziri muddat qisqaroq bo‘lishini, biroq siyosiy va xavfsizlik choralari yo‘lga solinmaguncha, chegaralar ochilmaguncha (qurilish materiallarini olib kirishga ruxsat berilishi uchun) va mablag‘ ajratilmaguncha hech narsa boshlanmasligini ta’kidlaydi.
Lekin muammo shundaki, xalqaro homiylar G‘azoni qayta qurish uchun zarur o‘nlab milliard dollarni va’da qilishi uchun tiklanish rejasi borasida kelishuv bo‘lishi lozim.
Misr qayta qurish bo‘yicha sammit o‘tkazishni rejalashtirmoqda, biroq uning sanasi hali belgilanmagan. Eng ehtimoliy moliyalashtiruvchilar – Saudiya Arabistoni va BAA. Ular yana bir urush bo‘lib, qilgan sarmoyalari havoga sovurilmasligiga kafolat istashadi.
Ammo siyosiy to‘siqlar juda katta. Isroilning hozirgi hukumati Saudiya Arabistoni ham talab qilayotgan Falastin davlatini tashkil etish rejasiga qat’iy qarshi chiqmoqda.

Surat manbasi, Reuters
Isroil ilgari turli mamlakatlardan kelgan investorlar va quruvchilar Isroil Mudofa kuchlari nazorati ostidagi hududlarda qayta qurish ishlarini boshlashiga qarshi emasligini aytgan edi.
Yaqinda Isroilga tashrifi chog‘ida Jared Kushner Isroil harbiy nazorati ostida bo‘lgan hududda "yangi G‘azo" qurilishi haqida gapirib, Hamas nazoratidagi hududlarga qayta qurish uchun mablag‘ yo‘naltirilmasligini aytdi.
Biroq G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi qil ustida turganda, Isroil bilan Hamas hali ham vaqti-vaqti bilan bir-biriga zarba berayotganda, jiddiy harakatlar bo‘lishi qiyin.
G‘azo shahrining Shayx Radvan mahallasidagi vayronaga qaytgan Abu Iyad Hamdunani esa boshqa narsa ko‘proq tashvishga solayapti.
"Qayta qurish? – xitob qiladi u. – Suv-chi?"
Urush paytidagi beshta majburiy ko‘chishdan so‘ng, Abu Iyad shunchaki o‘z joyida qolishni, topgan har qanday boshpanada yashashni yoki o‘zi uchun boshpana qurishni xohlaydi.
U Qaqnusning qayta tug‘ilishini yoki umuman G‘azo riverasining paydo bo‘lishini kutib o‘tirmoqchi emas.
"Mana, chodir tikyapmiz, – deydi u. – Biz hali yashay olmayotgan uyimiz yonida chodir tikib o‘tiribmiz."
Maqoladagi birinchi surat mualliflik huquqi: Bloomberg/Reuters/ Phoenix. Suratda vayron bo‘lgan G‘azo binolari va sun’iy idrokdan foydalanib yasalgan Qaqnus rejasi. Prezident Tramp














