Hindiston: Sirli kasallik tarqaldi – odamlar kal bo‘lib qolmoqda

Hindistondagi 12 ta qishloq aholisi sochlarining ommaviy to‘kilishidan tashvishga tushib qolgan. Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan boshlab 200 dan ortiq kishining, jumladan, to‘rt yoshli bolaning ham tez va kutilmaganda sochi to‘kilgan.
Maharashtra shtati Buldhana tumanida kuzatilayotgan bu g‘alati holatning ba’zilarida odamlar butunlay sochsiz qolgan, bu hodisa ko‘pchilikni tashvishlantirib, vahimaga solgan. Hindiston sog‘liqni saqlash organlari buning sabablarini tekshira boshlagan.
Shegaon talukasidagi Pahurjira qishlog‘idan bo‘lgan Anand (ism o‘zgartirilgan) ham jabrlanganlardan biri. Uning sochlari 2024 yil 31 dekabrda to‘kila boshlagan. Shundan so‘ng u sartaroshxonaga borib, sochini oldirgan. Keyin sochlari qayta o‘sgan, ammo soch to‘kilishi yana davom etgan.
Ma’lum qilinishicha, bu g‘alati holat bosh terisining qichishishi bilan boshlanib, tez orada sochlarning sezilarli to‘kilishiga olib keladi. Ba’zi odamlarning sochlari qayta o‘sgan, ammo buning aniq sababi hali noma’lum.
Hozirda Ayush vazirligi (Hindistonning muqobil tibbiyot vazirligi) bemorlarni kasallik alomatlariga qarab gomeopatik dori-darmonlar bilan ta’minlamoqda.
Hukumat, mutaxassislar va Hindiston tibbiy tadqiqotlar kengashi hodisaning ehtimoliy sabablarini o‘rganishni boshlagan.
Kengash olimlari Bhopal, Chennay, Pune va Dehli shaharlaridan kelgan jamoalar bilan birgalikda zarar ko‘rgan qishloqlarga borib, bemorlarning sochlari, tirnoqlari, qoni, siydigi va mahalliy suv manbalaridan namunalar olishdi. Bu namunalar Akoladagi davlat tibbiyot kollejida tahlil qilingan.
Kollej rahbari doktor Minakshi Gajbxie BBC News Marathi'ga shunday dedi: "Bioptsiya va qon tahlillari bu holat zamburug‘li infektsiyadan emasligini aniq ko‘rsatgan. Bundan tashqari, uni ma’lum bir kasallik sifatida tasniflash mumkin emas. Ushbu muammoning aniq sababini aniqlash uchun tadqiqotlar davom etmoqda. Shuningdek, mahalliy miqyosda qo‘llaniladigan turli mahsulotlar va suv manbalari bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda."
Kollej jamoasi qishloqlarga ham borgan.
Buldhana tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i doktor Amol Gite BBC News Marathi'ga shunday deydi: "Buni zamburug‘li infektsiya deb aytib bo‘lmaydi, chunki bunday tez soch to‘kilishi odatda zamburug‘li infektsiyalarda kuzatilmaydi."
Soch to‘kilishi va ijtimoiy ixota

Bu vaziyat zarar ko‘rgan qishloqlar aholisiga nisbatan ma’lum darajada kamsitishga olib kelgan.
Bi-bi-si borganida, ba’zi yosh yigit-qizlar oldinga chiqib gaplashishdan qo‘rqishdi.
Nikoh uchrashuvlari bekor qilingan, sochi to‘kilgan kishilar ijtimoiy tadbirlardan chetlashtirilgan. Ba’zi o‘quvchilar maktab va kollejda masxara qilinayotganidan shikoyat qilishgan.
55 yoshli Parvati (ism o‘zgartirilgan) shunday deydi: "O‘g‘limning sochlari to‘kildi. Uning nikoh haqidagi gaplari ham bitdi."
U yana qo‘shib qo‘ydi: "O‘g‘lim qishloqda ko‘chaga chiqmay qo‘ydi."
Oltmish yoshli Kaveri Dhalokarning sochlari ilgari beligacha tushib turardi, hozir esa boshida kal joylar paydo bo‘lgan.
Avvaliga ozgina sochim toʻkildi. Keyin sochlarimni taraganimda koʻp toʻkilganini koʻrdim. Yuvganimda hammasi toʻkilib ketdi. Shuncha sochni yoʻqotish juda yomon.
"Avvaliga ozgina sochim to‘kildi, – deydi u. – Keyin sochlarimni taraganimda ko‘p to‘kilganini ko‘rdim. Yuvganimda hammasi to‘kilib ketdi. Shuncha sochni yo‘qotish juda yomon."
Hududga borgan Butun Hindiston tibbiyot fanlari instituti mutaxassisi, dermatolog doktor Somesh Gupta soch to‘kilishidan xavotirda bo‘lgan va kasallik yuqumli yoki yo‘qligidan tashvishlanayotgan aholini tinchlantirmoqda.
U BBC bilan suhbatda shunday dedi: "Dastlab sochlari to‘kilganlarning sochlari qayta o‘sa boshladi. Bu muammo uzoq davom etadi deb o‘ylamayman. Qayta o‘sayotgan sochlar ham yaxshi ko‘rinishda."
U yana qo‘shib qo‘ydi: "Bu virusli infektsiyaga o‘xshamaydi. Shuningdek, juda yuqumliga ham o‘xshamayapti."
Hindiston tibbiy tadqiqotlar kengashining OITSga qarshi kurash milliy tadqiqot instituti mutaxassisi doktor Shila Godbol shunday deydi: "Bemorlar shampunь va yog‘lardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Ular o‘z taroqlaridan foydalanishlari lozim. Odamlar vahimaga tushmasligi kerak."

2025 yil yanvaridan boshlab 200 dan ortiq kishi, shu jumladan, to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar ham tez va kutilmaganda soch to‘kilishini boshdan kechirgan.
Yuqori darajadagi stress holatlarini boshdan kechirayotgan odamlarda, masalan, Covid-19 pandemiyasi paytida ko‘pchilik vaqtinchalik soch to‘kilishidan aziyat chekkanida, sababsiz soch to‘kilishi haqida xabar berilgan bo‘lsada, Buldhanadagi kabi to‘satdan, mahalliy miqyosda yuz bergan holat haqida hujjatlashtirilgan ma’lumotlar yo‘q.
Atrof-muhitning ifloslanishi ko‘pincha bunday holatlarda asosiy sabablardan biri hisoblansada, rasmiylar suv manbalarini tekshirish va boshqa ekologik omillarni o‘rganish kabi turli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.
Zarar ko‘rgan qishloqlardagi yer osti suvlari namunalari tahlil qilindi, tuman ma’muriyati ehtiyot chorasi sifatida barcha mahalliy suv manbalarini xlorlash orqali ichimlik suvi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.












