Sun’iy aql allaqachon ongli bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Bunga tayyormizmi o‘zi?

Robot

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Pallab Gosh
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Kabinaga biroz ikkilanib kiraman. Musiqa sadolari ostida stroboskopik nurlarni kutyapman – bu insonni inson qiladigan narsani tushunishga qaratilgan tadqiqot loyihasining bir qismidir.

Bu tajriba "Bladerunner" ilmiy-fantastik filmidagi, sun’iy, ammo o‘zini inson qilib ko‘rsatadigan mavjudotlardan haqiqiy insonlarni ajratish uchun mo‘ljallangan testni eslatadi.

Men kelajakdan kelgan robotmanu, ammo o‘zim buni bilmasligim mumkinmi? Sinovdan o‘ta olarmikinman?

Tadqiqotchilar bu tajriba aslida bu haqida emasligiga meni ishontirishdi. Ular "Dreamachine" deb atagan qurilma inson miyasi dunyoni qanday qilib ongli idrok etishini o‘rganish uchun mo‘ljallangan.

Stroboskopik nurlar boshlanganida, ko‘zlarim yopiq bo‘lsa-da, ikki o‘lchamli geometrik shakllar aylanayotganini ko‘raman. Bu xuddi kaleydoskopga tushib qolgandek, uchburchaklar, beshburchaklar va sakkizburchaklar uzluksiz o‘zgarib turadi. Ranglar juda yorqin, tiniq va doimiy o‘zgaruvchan: pushti, to‘q qizil va moviy ranglar neon chiroqlari kabi porlaydi.

"Dreamachine" miyaning ichki faoliyatini yaltiroq chiroqlar yordamida yuzaga chiqaradi, fikrlash jarayonlarimiz qanday ishlashini o‘rganadi.

Pallab "Dreamachine" ni sinab ko‘rmoqda
Surat tagso‘zi, Pallab "Dreamachine" ni sinab ko‘rmoqda

Tadqiqotchilar aytishicha, men ko‘rayotgan tasvirlar faqat mening ichki dunyomga va shaxsan o‘zimga xos ekan. Ularning fikricha, bu naqshlar ongning mohiyatini tushunishga yordam berishi mumkin.

Ular mening shivirlagan ovozimni eshitishadi: "Bu juda ajoyib, g‘oyat go‘zal. Xuddi o‘z ongim bo‘ylab parvoz qilayotgandek!"

Sasseks universitetining Ongni o‘rganish markazidagi "Dreamachine" – butun dunyo bo‘ylab inson ongini tekshirayotgan ko‘plab yangi tadqiqot loyihalaridan biridir. U ongimizning o‘zlikni anglash, fikrlash, his qilish va dunyo haqida mustaqil qaror qabul qilish imkonini beradigan qismini o‘rganadi.

Ongning tabiatini o‘rganish orqali tadqiqotchilar sun’iy intellektning kremniyli miyasida nimalar sodir bo‘layotganini chuqurroq anglashga umid qilmoqda. Ba’zilar sun’iy intellekt tizimlari tez orada mustaqil ongli bo‘lib qolishiga, hatto allaqachon shunday bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkinligiga ishonishadi.

Ammo ong aslida nima va sun’iy intellekt unga erishishga qanchalik yaqin? Sun’iy intellekt ongli bo‘lishi mumkinligi haqidagi tasavvur keyingi bir necha o‘n yillikda insoniyatni tubdan o‘zgartirishi mumkinmi?

Ilmiy fantastikadan voqelikka

BBC
Biz bu g‘oyat murakkab narsalarni qurishda g‘alati holatdamiz, chunki ular qanday qilib ajoyib natijalarga erishayotganini tushuntiruvchi ma’qul nazariya yo‘q.
Myurrey Shanahan
Google DeepMind kompaniyasining bosh ilmiy xodimi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ongli mashinalar g‘oyasi ilmiy fantastikada uzoq vaqtdan beri o‘rganib kelingan. Sun’iy intellekt haqidagi xavotirlar deyarli yuz yil oldin, robot haqiqiy ayol qiyofasida tasvirlangan "Metropolis" filmiga borib taqaladi.

Mashinalarning ongli bo‘lib qolishi va insonlarga tahdid solishi haqidagi qo‘rquv 1968 yildagi "2001: Kosmik Odissey" filmida HAL 9000 kompyuteri kosmik kemadagi astronavtlarni o‘ldirmoqchi bo‘lganida ko‘rsatilgan. Yaqinda ekranlarga chiqqan so‘nggi "Imkonsiz topshiriq" filmida esa dunyoga kuchli mustaqil sun’iy intellekt tahdid soladi. Uni bir qahramon "o‘zini anglaydigan, o‘z-o‘zini o‘rgatadigan, haqiqatni yemiruvchi raqamli parazit" deb ta’riflaydi.

Aloqador mavzular:

Biroq yaqinda real dunyoda mashina ongi haqidagi tushunchalarda keskin burilish yuz berdi. Ishonchli manbalarda bu endi ilmiy fantastika emas, degan xavotirlar paydo bo‘ldi.

Bu to‘satdan o‘zgarishga telefonlarimizdagi Gemini va ChatGPT kabi ilovalar orqali foydalanish mumkin bo‘lgan katta til modellari (LLM) deb ataladigan dasturlarning muvaffaqiyati sabab bo‘ldi. So‘nggi avlod LLMlarning ishonchli, erkin suhbatlar olib borish qobiliyati hatto ularning yaratuvchilari va sohadagi yetakchi mutaxassislari uchun ham kutilmagan bo‘ldi.

Ba’zi mutaxassislar orasida sun’iy intellekt aqlliroq bo‘lgani sari, mashinalar ichida to‘satdan "chiroqlar yonadi" va ular ongli bo‘lib qoladi, degan fikr tobora keng tarqalmoqda.

Boshqalar, masalan, Sasseks universiteti jamoasini boshqaradigan professor Anil Set bu fikrga qo‘shilmaydi va bu qarashni "ko‘r-ko‘rona optimistik va insonni mustasno ko‘rishga mayl" deb baholaydi.

"Biz ongni aql va til bilan bog‘laymiz, chunki ular insonda birga namoyon bo‘ladi. Ammo ularga birgalikda ega bo‘lishimiz, ular umuman olganda, masalan, hayvonlarda ham shunday ekanligini anglatmaydi."

Xo‘sh, ong aslida nima?

Qisqa javob: buni hech kim aniq bilmaydi. Bu professor Setning yosh sun’iy intellekt mutaxassislari, kompyuter mutaxassislari, neyrologlar va faylasuflardan iborat jamoasidagi samimiy, ammo qizg‘in bahslardan yaqqol ko‘rinib turibdi. Ular fan va falsafadagi eng muhim savollardan biriga javob topishga urinmoqda.

Ongni o‘rganish markazida ko‘plab turli qarashlar mavjud bo‘lsa-da, olimlar bir masalada yakdil: bu ulkan muammoni "Dreamachine" kabi bir qator tadqiqot loyihalarida ko‘plab kichikroq masalalarga bo‘lib o‘rganish kerak.

XIX asrda jonsiz narsalarni jonlantirgan "hayot uchquni"ni izlashdan voz kechib, tirik tizimlarning alohida qismlarining ishlash tarzini o‘rganishga o‘tilganidek, Sasseks jamoasi ham endi ongga xuddi shunday yondashmoqda.

miya skani

Ular ongli tajribalarning turli xususiyatlarini, masalan, elektr signallarining o‘zgarishi yoki miyaning turli qismlariga qon oqimini tushuntiruvchi miya faoliyati qonuniyatlarini aniqlashga umid qilmoqdalar. Maqsad miya faoliyati va ong o‘rtasidagi oddiy bog‘liqlikni izlashdan tashqari, uning alohida tarkibiy qismlarini batafsil o‘zganishga harakat qilishdir.

Ong haqidagi "Being You" kitobi muallifi professor Set ilm-fan haqida yetarli bilimga ega bo‘lmasdan yoki oqibatlarini o‘ylamasdan, texnologik o‘zgarishlarning shiddatli sur’atlari tufayli tez o‘zgarayotgan jamiyatga oshig‘ich kirib borayotganimizdan xavotirda.

"Biz kelajakni go‘yo inson o‘rnini superinsonlar muqarrar egallaydigandek tasavvur qilamiz," deydi u.

"Ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan biz bu mavzularni yetarlicha muhokama qilmadik, bu esa jamoaviy zararimizga sabab bo‘ldi. Ammo sun’iy intellekt masalasida hali kech emas. Biz nimani xohlashimizni o‘zimiz hal qila olamiz."

Sun’iy aql allaqachon onglimi?

Ammo texnologiya sohasidagi ba’zi mutaxassislar kompyuter va telefonlarimizdagi sun’iy intellekt allaqachon ongli bo‘lishi mumkin va biz ularga shunday munosabatda bo‘lishimiz kerak, deb hisoblashadi.

Google 2022 yilda dasturiy ta’minot muhandisi Bleyk Lemuanni ishdan chetlatdi, chunki u sun’iy intellekt chatbotlari narsalarni his qilishi va potentsial azob chekishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

2024 yil noyabrь oyida Anthropic kompaniyasining sun’iy intellekt farovonligi bo‘yicha xodimi Kayl Fish hammualliflikda sun’iy intellekt ongi yaqin kelajakda real imkoniyat ekanligini ko‘rsatuvchi hisobot yozdi. Yaqinda u The New York Times gazetasiga chatbotlarning allaqachon ongliligi ehtimoli(15%) borligiga ishonishini aytdi.

Uning bunga ishonishining sabablaridan biri shuki, hech kim, hatto bu tizimlarni ishlab chiqqan odamlar ham ularning qanday ishlashini aniq bilishmaydi. Bu xavotirli, deydi Google DeepMind kompaniyasining bosh ilmiy xodimi va London Imperial kollejining sun’iy intellekt bo‘yicha faxriy professori Myurrey Shanahan.

"Biz aslida LLMlarning ichki ishlash mexanizmini yaxshi tushunmaymiz va bu ma’lum darajada xavotirga sabab bo‘ladi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.

Prof. Shanahanning ta’kidlashicha, texnologiya kompaniyalari o‘zlari yaratayotgan tizimlarni to‘g‘ri tushunishlari muhim va tadqiqotchilar bunga dolzarb masala sifatida yondashmoqda.

"Biz bu g‘oyat murakkab narsalarni qurishda g‘alati holatdamiz, chunki ular qanday qilib ajoyib natijalarga erishayotganini tushuntiruvchi ma’qul nazariya yo‘q, – deydi u. – Ularning qanday ishlashini yaxshiroq tushunish esa ularni o‘zimiz xohlagan yo‘nalishga burish va xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi."

"Insoniyat evolyutsiyasining keyingi bosqichi"

Texnologiya sohasidagi keng tarqalgan qarashga ko‘ra, LLMlar hozirda dunyoni biz kabi his qilmaydi va ehtimol, umuman anglamaydi. Ammo Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahridagi Karnegi Mellon universiteti faxriy professorlari bo‘lgan er-xotin Lenore va Manuel Blumning fikricha, bu holat tez orada o‘zgarishi mumkin.

Blumlarning so‘zlariga ko‘ra, bu sun’iy intellekt va LLMlar kamera va sezgir sensorlarni (tegish bilan bog‘liq) sun’iy intellekt tizimlariga ulash orqali ko‘rish va teginish kabi real dunyodan ko‘proq jonli ma’lumotlarga ega bo‘lganda sodir bo‘lishi mumkin. Ular miyada sodir bo‘ladigan jarayonlarni takrorlashga urinib, qo‘shimcha sensor ma’lumotlarni qayta ishlaydigan Brainish deb nomlangan o‘zining ichki tilini yaratadigan kompyuter modelini ishlab chiqmoqdalar.

filmdan parcha

Surat manbasi, Getty Images

"Biz Brainish bizga ma’lum bo‘lgan ong muammosini hal qila oladi deb o‘ylaymiz," deydi Lenore Bi-bi-si bilan suhbatda. "Sun’iy intellekt ongi muqarrar."

Manuel zavq-shavq bilan jilmayib, o‘zi ham paydo bo‘lishiga qat’iy ishongan yangi tizimlar "insoniyat evolyutsiyasining keyingi bosqichi" bo‘lishini aytadi.

Uning fikricha, ongli robotlar bizning avlodimiz. "Kelajakda bunday mashinalar Yerda va ehtimol, biz yo‘q bo‘lganimizda boshqa sayyoralarda mavjud bo‘ladigan zotlar bo‘ladi."

Nyu-York universitetining falsafa va nevrologiya fanlari professori Devid Chalmers 1994 yilda Arizona shtatining Tukson shahrida bo‘lib o‘tgan konferentsiyada haqiqiy va zohiriy ong o‘rtasidagi farqni ta’rifladi. U miyaning har qanday murakkab operatsiyalari qanday qilib va nima uchun ongli tajribani keltirib chiqarishini, masalan, bulbul sayrashini eshitganimizda hissiy reaktsiyamizni o‘rganishning "qiyin muammosi"ni o‘rtaga tashladi.

Prof. Chalmers «qiyin muammo»ning hal bo‘lish imkoniyati borligini aytadi.

"Insoniyatga ham bundan yangi aql-idrok yutuqlari nasib qilsa, ana shu ideal natija bo‘lardi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda. "Ehtimol, bizning miyamiz sun’iy intellekt tizimlari bilan kuchaytirilar."

Buning ilmiy-fantastik oqibatlari haqida u kinoya bilan shunday deydi: "Mening kasbimda ilmiy fantastika va falsafa o‘rtasida nozik chegara bor."

'Etli kompyuterlar'

Biroq, professor Set haqiqiy ong faqat tirik tizimlarda bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini o‘rganmoqda.

"Ong uchun hisoblash emas, balki tirik bo‘lish yetarli ekanligi haqida ishonchli dalil keltirish mumkin," deydi u.

"Miyalarda, kompyuterlardan farqli o‘laroq, ularning nima qilishi va nima ekanligi o‘rtasidagi chegara noaniq." Uning fikricha, shu noaniqlik tufayli miyalarni "shunchaki etli kompyuterlar" deb hisoblash qiyin.

Asab hujayralari

Agar professor Setning hayot muhimligi haqidagi intuitsiyasi to‘g‘ri bo‘lsa, eng ehtimoliy texnologiya kompyuter kodida ishlaydigan kremniydan emas, balki hozirda laboratoriyalarda o‘stirilayotgan yasmiq donasi kattaligidagi mayda nerv hujayralari to‘plamidan iborat bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalarida "mini-miya" deb atalayotgan bu tizimlarni ilmiy hamjamiyat "miya organoidlari" deb nomlanaydi va miya qanday ishlashini o‘rganish hamda dori-darmonlarni sinash uchun qo‘llanadi.

Avstraliyaning Melburndagi Cortical Labs shirkati hatto 1972 yilgi Pong video o‘yinini o‘ynay oladigan idishdagi nerv hujayralari tizimini ishlab chiqdi. Garchi bu ongli tizimdan juda uzoq bo‘lsa-da, "idishdagi miya" deb ataladigan narsa pikselli to‘pni qaytarish uchun raketkani ekranda yuqoriga va pastga harakatlantiradi.

Ba’zi mutaxassislar fikricha, agar ong paydo bo‘lsa, u ushbu tirik to‘qima tizimlarining kattaroq, rivojlangan versiyalaridan kelib chiqishi mumkin.

Cortical Labs ongning paydo bo‘lishiga o‘xshash har qanday signalni aniqlash uchun ularning elektr faolligini kuzatib boradi.

Shirkatning bosh ilmiy va operatsion direktori doktor Brett Kagan har qanday paydo bo‘lgan boshqarib bo‘lmas intellektning "biznikiga mos kelmaydigan" istaklari bo‘lishi mumkin deydi. Bunday holatda, deydi u, yarim hazil qilib, ehtimoliy organoid hukmronligini yengish osonroq bo‘ladi, chunki nozik neyronlarni yo‘q qilish uchun "doim parchalovchi modda" bor.

Jiddiyroq ohangga qaytib, u sun’iy ongning kichik, ammo sezilarli tahdidi bor ekan, bu sohadagi yirik o‘yinchilar ko‘proq e’tibor qaratishi kerak deydi, lekin "afsuski, biz bu sohada hech qanday jiddiy sa’y-harakatlarni ko‘rmayapmiz".

Ong illyuziyasi

Biroq, eng dolzarb muammo mashinalarning ongli ekanligi haqidagi illyuziyaning bizga qanday ta’sir qilishidir.

Bir necha yildan so‘ng biz ongli bo‘lib tuyuladigan odamsimon robotlar va soxta tasvirlar dunyosida yashayotgan bo‘lishimiz mumkin, deydi professor Set. U sun’iy intellekt his-tuyg‘u va hamdardlikka egaligiga ishonishdan o‘zimizni tiya olmasligimizdan xavotirda. Chunki bu yangi xavflarga olib kelishi mumkin.

"Bu shuni anglatadiki, biz bu narsalarga ko‘proq ishonamiz, ular bilan ko‘proq ma’lumot almashamiz va ularning ta’siriga ko‘proq berilamiz."

Ammo ong illyuziyasidan kelib chiqadigan katta xavf – "axloqiy yemirilish," deydi u.

"Bu bizning axloqiy tanlovlarimizni buzib, hayotimizdagi asl narsalar hisobiga ushbu tizimlarga g‘amxo‘rlik qilishga ko‘proq resurslarimizni sarflashga majbur qiladi", ya’ni biz robotlarga rahm-shafqatli bo‘lishimiz, lekin boshqa odamlarga kamroq e’tibor berishimiz mumkin.

Bu bizni tubdan o‘zgartirishi mumkin, deydi professor Shanahan.

"Inson munosabatlari sun’iy intellekt munosabatlarida tobora ko‘proq takrorlanmoqda, ular o‘qituvchilar, do‘stlar, kompyuter o‘yinlarida raqiblar va hatto romantik juftlar sifatida ishlatilmoqda. Bu yaxshimi yoki yomon, bilmayman, lekin bu sodir bo‘ladi va biz buning oldini ololmaymiz."