G‘azo: Vayron bo‘lgan masjid va boshqa obidalarni tiklash boshlandi. Hozirgi holat qanday?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Yoland Knell
- Role, Quddus
- O'qilish vaqti: 6 daq
Kaskalar va yorqin nimchalar kiygan o‘nlab falastinlik ishchilar cho‘kich va aravalar yordamida G‘azo sektoridagi eng qadimiy va eng katta masjid vayronalarini tozalamoqda.
O‘rta asrlardagi Buyuk Umariy masjididan yarmi qulagan sakkiz burchakli minora va bir nechta tashqi devor qolgan. Hamasga qarshi ikki yillik urushda Isroil hujumi oqibati bu.
Deyarli sakkiz hafta oldin AQSh vositachiligidagi otashkesin boshlanganidan beri endi toshlarni tozalash va saralashga kirishildi, ammo haqiqiy tiklash ishlari hali boshlanmagan. Isroil otashkesin shartnomasiga muvofiq, G‘azoga qurilish materiallari olib kirishga ruxsat bermayapti.
"Biz duch kelayotgan asosiy muammo – resurslar, ya’ni temir va qurilish materiallari yetishmasligi," deydi "Rivaq" falastin madaniy merosi tashkiloti muhandisi Husni al-Mazlum. "Bundan tashqari, biz sodda asboblardan foydalanyapmiz va juda ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak, chunki bu yerdagi toshlar 1200 yoki 1300 yillik."

G‘azo shahridagi idorasida Hanin al-Amsi 13-asrga oid Buyuk Umariy masjidi kutubxonasining saqlash xonalaridan topgan noyob qadimiy islom qo‘lyozmalari parchalarini sinchiklab o‘rganmoqda.
"Xuddi odamlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatganimizdek, qo‘lyozmalar uchun ham shunday qilmoqdamiz," deya tushuntiradi xalqaro darajada o‘qitilgan konservatsiya mutaxassisi video aloqa orqali.
Amsi xonimning aytishicha, urush boshida Eski shahar Isroilning kuchli hujumi ostida qolgan, uning bo‘limidagi yosh xodim ba’zi qo‘lyozmalarni saqlab qolish uchun o‘z hayotini xavfga qo‘ygan. Biroq ilk islomiy asarlarning katta qismi vayron bo‘lgan bino ostida qolib ketgan.
Yanvardagi ikki oylik o‘t ochishni to‘xtatishdan so‘ng, Amsi xonim Britaniya Kengashi moliyalashtirgan jamoaga rahbarlik qilib, ushbu qo‘lyozmalarni saqlab qolish ishlarishga kirishdi. Ular xarsangtoshlarni qo‘lda olib tashlay boshladilar.

Amsi xonimning ta’kidlashicha, "dahshatli yo‘qotishlar" bo‘lgan bo‘lsa-da, 228 ta qo‘lyozmaning 148 tasi saqlanib qolgan. Bu asosan uning urushdan oldingi sa’y-harakatlari bilan bog‘liq bo‘lib, u Britaniya kutubxonasi bilan hamkorlikda asarlarni saqlash, arxivlash va raqamlashtirish ustida ishlagan. Qo‘lyozmalar maxsus qutilarda saqlangan va temir seyflarga joylangan.
"Biz topgan ba’zi parchalar 700 kun davomida vayronalar ostida qolmagandek ko‘rinardi, – deydi Amsi xonim. – Boshqalari esa go‘yo yosh bola maydalab yirtib tashlagandek edi." Misol tariqasida u arabcha yozuvli kuygan qog‘oz bo‘laklari solingan qutini ko‘rsatadi.
So‘nggi kunlarda Amsi xonim jamoasi jiddiy shikastlangan qo‘lyozmalarni topish uchun og‘ir uskunalardan foydalana boshladi. Uning aytishicha, Falastin tarixining bebaho yodgorligi hisoblangan kutubxona arxivi, jumladan, Usmonlilar davri hujjatlari, butunlay yonib ketgan.

Falastinliklar Isroilni madaniy meros ob’ektlarini atay nishonga olishda ayblashmoqda, bu harbiy jinoyat sanaladi. Isroil buni rad etib, xalqaro huquqqa muvofiq ish ko‘rayotganini ta’kidlamoqda.
Isroil mudofaa kuchlari (IMK) Hamasni muhim tarixiy yodgorliklar va to‘plamlarni yo‘q qilishda ayblab, qurolli guruh "madaniy meros ob’ektlari yaqinida yoki ostida" harakat qilganini aytmoqda. IMK ma’lum qilishicha, Buyuk Umariy masjidida "tunnel shaxtasi va terror tunneli" bombalangan.
UNESCO 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligida Isroilga hujumlar urushni keltirib chiqarganidan beri G‘azodagi 145 ta diniy, tarixiy va madaniy ob’ektga yetkazilgan zararni tasdiqlagan. Bu baholov asosan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslangan. Joyida tekshiruv o‘tkazgan mahalliy guruhlar zarar darajasini ancha yuqori baholamoqda.
G‘azo tarixi 5000 yildan ortiq davrni qamrab oladi. Turli tamaddunlar o‘z izlarini qoldirgan: kan’oniylar, qadimgi misrliklar, filistimliklar, ossuriyaliklar, forslar, yunonlar, yahudiy hasmoniylar, rimliklar, nasroniy vizantiyaliklar, musulmon mamluklar va usmonlilar.

Surat manbasi, AFP

Eski shahar qismining boshqa bir joyida yosh yigitlar 800 yillik Posho saroyi qoldiqlaridan qum va maydalangan qorishmani olib tashlamoqda, ostidan mozaika polning geometrik naqshlari ko‘rinmoqda.
"Bajarilayotgan ishlar juda oz," deydi G‘arbiy Sohilda joylashgan va masofadan turib ishlarni muvofiqlashtiruvchi Madaniy merosni saqlash markazi direktori Issam Juha. "Hatto oddiy ta’mirlash uchun ham bizga sement yoki ohak qorishmasi kerak, ammo bular yo‘q."
Bu tarixiy qal’ada 1799 yilda Napoleon Bonapart to‘xtab o‘tgan. So‘nggi paytlarda u ta’mirlanib, Frantsiya boshchiligidagi arxeologik qazishmalarda topilgan qimmatbaho ashyolar namoyish etilgan ajoyib muzeyga aylantirilgan edi.

"Biz Falastin xalqining o‘ziga xosligi va xotirasini aks ettiruvchi bino bilan shug‘ullanyapmiz," deydi tiklash ishlariga rahbarlik qilayotgan madaniy meros bo‘yicha mutaxassis doktor Hamuda al-Dahdar. "Biz bu muhim tarixiy obidaning qolgan qismini saqlab qolmoqchimiz."
IMK menga urushda nima uchun Posho saroyi nishonga olingani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi. Mahalliy aholi aytishicha, u Isroil havo hujumiga uchragan va keyinchalik buldozer bilan buzib tashlangan.
O‘qitilgan ishchilar hozirda ob’ektda saqlangan 17 000 ga yaqin artefaktlarni izlamoqda. Ko‘pchiligi zararlangan yoki o‘g‘irlangan. Hozirgacha vayronalar ostidan atigi 30 ga yaqin buyum, jumladan, Vizantiya sarkofagi qopqog‘i bo‘lagi va sopol idishlar topilgan.

Surat manbasi, Reuters
Amalga oshirilayotgan ishlar G‘azoda juda tanqis bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratmoqda, mahalliy madaniy guruhlarni xalqaro nohukumat tashkilotlar qo‘llab-quvvatlamoqda.
Jenevada joylashgan «Alif» jamg‘armasi 2024 yildan beri G‘azodagi favqulodda ishlar uchun 700 000 dollar ajratgan va uning mutaxassislari deyarli har kuni joylardagi guruhlar bilan aloqada ekanligini ta’kidlamoqda.
Britaniya kengashi bildirishicha, yaqindagi o‘t ochishni to‘xtatishdan so‘ng, uning hamkorlari "kelajakda madaniy meros bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirish mumkinligini tushunish uchun" yangi zararni baholash va xavfsizlik tekshiruvlarini o‘tkazmoqda.
"Isroil armiyasining hozirligi sababli biz yetib bora olmaydigan ko‘plab arxeologik joylar bor," deydi G‘azonning yetakchi arxeologi Fozil al-Otol. U hozirda Shveytsariyada voqealarni kuzatmoqda.
U shimolda, Jabaliya lageridan sharqda joylashgan Rim qabristonlari va Vizantiya cherkovini tilga oldi. Bular u qazishmalarni boshqargan hududlar bo‘lib, hududning to‘liq Isroil nazorati ostida bo‘lgan 53 foizida joylashgan.

G‘azo shahrida qadimgi yunon porti bo‘lgan Anfedonga boriladigan yo‘lni u yerda lager qurgan minglab ko‘chirilgan odamlar to‘sib qo‘ygan.
"Ichki zararning to‘liq hajmini baholay olmaymiz, – deya davom etadi janob Otol. – Hozircha u yerda hech qanday ish qilib bo‘lmaydi."
Vashington yaqin kelajakda G‘azoda otashkesinning keyingi bosqichlarida Hamasdan keyingi boshqaruv, xavfsizlik va qayta qurish kabi murakkab masalalar bo‘yicha rivojlanish kutilayotganini ma’lum qildi.
G‘azo aholisi kelajaklari noaniqligini his qilayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik meros ob’ektlarida ishlar boshlanganini kichik umid belgisi sifatida qabul qilmoqda.












