G‘azo urushi Isroilning o‘zini ikkiga bo‘lib tashladimi?

Mavzuga aloqador kollaj rasm
O'qilish vaqti: 15 daq

Isroilning eng ko‘p muddat xizmat qilgan Bosh vaziri va mamlakat siyosatidagi eng ta’sirli shaxs Benyamin Netanyahu G‘azodagi urush haqidagi o‘zi ishongan "asosiy haqiqat"dan hech chekinmagan.

HAMAS deyarli ikki yil avval Isroilga hujum qilganidan buyon u ham mamlakat ichida, ham tashqi dunyoga izchil ravishda bir narsani ta’kidlab kelmoqda. U buni ilk marta 2023 yil 28 oktyabrda – hujumlardan uch hafta o‘tib, G‘azoga yo‘llangan birinchi katta quruqlik amaliyoti paytida ochiq aytgan va shundan keyin uni qayta-qayta takrorlagan.

"Biz yurtimizni himoya qilish uchun kurashamiz. Kurashamiz, aslo chekinmaymiz. Quruqlikda ham, dengizda ham, havoda ham jang qilamiz. Dushmanni yer ustida ham, ostida ham yo‘q qilamiz. Jang qilamiz va g‘alaba qozonamiz.

Bu g‘alaba – ezgulikning yovuzlikdan, nurning zulmatdan, hayotning o‘limdan ustun kelishi bo‘ladi. Bu urushda har qachongidan ham birdamroq va adolatimizga ishonch bilan sobit turib kurashamiz."

Uning nutqi ohang jihatidan 1940 yil iyun oyida Uinston Cherchillning mashhur chaqiruvini – "biz sohillarda ham jang qilamiz" degan so‘zlarini eslatardi. O‘sha nutq Britaniyaning Frantsiya shimolida Germaniyadan mag‘lub bo‘lganidan va Dyunkerkdan 338 mingdan ortiq ittifoqchi askar evakuatsiya qilinganidan keyin yangragan edi.

Cherchil va Netanyahu rasmi kollaj qilingan

Surat manbasi, Walter Stonema Getty / ABIR SULTAN /AFP Getty

Surat tagso‘zi, Netanyahu 1940-yilda Uinston Cherchillning xalqni ruhlantirishga qaratilgan nutqi ohanglarini o‘zida mujassam etgan o‘sha nutqidan buyon, bir necha bor yorug‘lik, zulmat, yaxshilik va yomonlik kabi mavzularga qaytdi.

Shundan beri Netanyahu ko‘p marta nur va zulmat, ezgulik va yovuzlik kabi obrazlarga murojaat qilib keldi.

Ammo Cherchill o‘zining mashhur nutqida "aslo taslim bo‘lmaymiz" deyishdan oldin xalqni "ulkan harbiy mag‘lubiyat"dan xabardor ham qilgan edi.

HAMAS 7 oktyabrda Isroilga eng alamli mag‘lubiyatni yetkazdi. Chegaralarni buzib kirib, ko‘plab odamlarni o‘ldirgani va garovga olib ketgani Isroilda hanuz juda real dahshatdek eslanadi. Bu holat urushga bo‘lgan munosabatni, uning qanday olib borilayotganini va qanday yakun topishi mumkinligini shakllantirayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib turibdi.

Isroilliklarning ko‘pchiligi o‘z ishlari adolatliligiga shubha qilmagan. Biroq Netanyahuning "har qachongidan ham birdamroq" turish haqidagi so‘zlari ikki yil o‘tgach, Isroil voqeligiga uncha yopishmayapti.

Hozir Isroil o‘z tarixidagi eng bo‘lingan davrlardan birini boshidan kechirmoqda. HAMAS hujum qilgan paytda ham allaqachon bahsli shaxs bo‘lgan Netanyahu mamlakatdagi ushbu chuqur nifoqlar ustida rahbarlik qilmoqda.

G‘azodagi azoblar haqidagi o‘ylar

Tel-Avivdagi aksil-Netanyahu namoyishlarida bir necha yuz isroillik sukutda, har biri G‘azoda o‘ldirilgan falastinlik bola ismi yozilgan plakat ushlab turardi.

Ko‘plab plakatlarda kulimsirab turgan qizaloq yoki bolakayning surati, tug‘ilgan va o‘ldirilgan sanasi ko‘rsatilgan. Rasmi yo‘q bolalarning ismlari esa gul tasviri bilan ifodalangan.

O‘ldirishni to‘xtatishni talab qilayotgan jimlik namoyishlari soni tobora ortib bormoqda. Ayrimlari hatto harbiy havo bazalari tashqarisida o‘tkaziladi, uchuvchilarning e’tiborini tortmoqchi bo‘ladi. Biroq bu namoyishchilar hanuz kamchilik fikrini ifoda etmoqda.

Namoyish tashkilotchilaridan biri Timina Peresning aytishicha, harakat 18 martda Isroil HAMAS bilan oxirgi otashkesimni buzib, yana urushga qaytgach boshlangan.

Ovqatga navbatda turgan och G'azoliklar tasviri

Surat manbasi, MOHAMMED SABER/EPA/Shutterstock

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, isroillik yahudiylarning katta qismi G‘azodagi falastinliklarning azob-uqubatlaridan tashvishlanmayapti.

"Bir hafta ichida qancha ko‘p bolalar halok bo‘lganini angladik. Odamlar genotsidi va ochlikdan qirilishi bo‘layotganda jim turishni istamayman…"

Uning aytishicha, ko‘chada ko‘pchilik ularga rahmat aytadi, ammo ko‘plab odamlar qarg‘aydi, xafa bo‘ladi va bu suratlardan qattiq ranjiydi.

– Sizlarni "xiyonatchi" deb atashadimi? – deb so‘rashdi undan.

– Albatta, – deydi Peres. – Ko‘plari: shunday o‘ylasangiz borib G‘azoda yashang deydi.

"Ular davlatni tanqid qilish demokratiyaning asosiy qismi ekanini anglashmaydi."

Mart oyida Isroil mudofaa kuchlari G‘azoda urushga qayta kirishib, otashkesimni buzgandan beri o‘tkazilgan so‘rovlar yahudiy isroilliklarning katta qismi G‘azodagi falastinliklar azobidan bezovta emasligini ko‘rsatmoqda.

Isroil Demokratiya instituti iyul oyi oxirida o‘tkazgan so‘rovda aholining beshdan to‘rt qismini tashkil etuvchi yahudiy isroilliklarning 78 foizi "urush sharoitida Isroil falastinliklarga ortiqcha azob yetkazmaslik uchun jiddiy harakat qilmoqda" deb hisoblagan.

Shaxsiy savol ham berildi: "G‘azodagi falastinliklar orasidagi ochlik va azoblar haqidagi xabarlardan bezovta emasmisiz?"

Aloqador mavzular:
Netanyahu rasmi

Surat manbasi, REUTERS/Ronen Zvulun/Pool

Surat tagso‘zi, Isroil bosh vaziri Netanyahu: "G‘azoda och qolayotgan yagona insonlar – bu bizning garovga olingan asirlarimiz", – deb aytdi.

So‘ralgan yahudiy isroilliklarning 79 foizi "bezovta emasman" deb javob berdi. Shu bilan birga, shu savolga javob bergan Isroildagi falastinlik arablarning 86 foizi "juda bezovtaman" yoki "ancha bezovtaman" deb javob berdi.

Netanyahu, uning vazirlari va rasmiylari esa HAMAS, BMT, guvohlar, yordam guruhlari va xorijiy hukumatlarni G‘azodagi gumanitar inqiroz haqida yolg‘on tarqatayotganlikda ayblamoqda.

10 avgust kuni xalqaro OAV uchun ingliz tilida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Benyamin Netanyahu G‘azodagi ochlik haqidagi xabarlarni keskin qoraladi. U "yolg‘onlarni fosh qilish" zarurligini ta’kidlab: "G‘azoda ochlikdan azob chekayotgan yagona odamlar – bu garovdagi fuqarolarimizdir", dedi.

Netanyahu ko‘p yillardan beri Isroilga qaratilgan har qanday tanqidni antisemitizm bilan tenglashtirib keladi. Britaniya, Frantsiya va Germaniya kabi yaqin hamkorlar ishonib, qoralagan ochlik haqidagi ma’lumotlar va Isroil askarlari ovqat izlagan falastinliklarni o‘ldirgani haqidagi xabarlarni u Yevropa tarixida yahudiylarning ta’qib qilinishiga qiyosladi.

U shunday dedi:

"Biz haqimizda masihiy jamiyatiga zararkunanda hasharotlar tarqatmoqda, deyishgan. Quduqlarni zaharlayapti, deganlar ham bo‘lgan. Bolalarni so‘yib qonini ichyapti, degan bo‘htonlar ham tarqatishgan.

Bu yolg‘onlar dunyo bo‘ylab yoyilgani sayin, ularning ortidan dahshatli qirg‘inlar, pogromlar, ko‘chirilishlar sodir bo‘ldi va nihoyat eng dahshatlisi – Xolokostga olib keldi.

Bugun yahudiy davlatiga ham xuddi shu yo‘sinda bo‘hton qilinmoqda."

"Biz og‘ir zamonni yashayapmiz – garovdagilar halok bo‘lmoqda"

Faol Timina Peres Isroil ommaviy axborot vositalari falastinliklarning azob-uqubati va o‘limi haqida yetarlicha ko‘rsatmayotganini ta’kidlaydi.

Bu mavzudagi bahs milliy muhokamalar markaziga yaqinlashdi, chunki uni shanba kechqurungi mashhur tok-shou – sobiq "West Ham United" futbolchisi Eyal Berkovich olib boradigan dasturda ham tilga olishdi.

Dasturning muntazam mehmoni isroillik jurnalist Emmanuel Elbaz-Felps edi. Ular avvalgi suhbatlardagi kabi garovdagilar va ularning oilalari ko‘rayotgan azoblar, shuningdek, G‘azoda jangda halok bo‘lgan isroillik askarlar haqida gaplashishardi.

U menga aytishicha, shunda jurnalist sifatida o‘zini Isroil televideniesida kamdan-kam tilga olinadigan bir narsani aytishni burchidek his etgan.

Elbaz-Felps xonimning so‘zlariga ko‘ra, "isroilliklar aziyat chekmoqda... [Ko‘pchilik] hukumatdan garovga olinganlarni ozod qilish uchun yo‘l topishni so‘ramoqda".

Surat manbasi, REUTERS/Ammar Awad

Surat tagso‘zi, Elbaz-Felps xonimning so‘zlariga ko‘ra, "isroilliklar aziyat chekmoqda... [Ko‘pchilik] hukumatdan garovga olinganlarni ozod qilish uchun yo‘l topishni so‘ramoqda".

"Men shunchaki aytdimki, urush G‘azoda ko‘p falastinliklarni ham o‘ldirmoqda. Bu oddiy gap edi, hech qanday siyosiy pozitsiya emas. Lekin hech kim sabr bilan quloq solmadi."

Berkovichning javobi keskin bo‘lgan. Frantsiya televideniesi muxbiri ham bo‘lgan Elbaz-Felps uni shunday eslaydi:

"U: 'Men G‘azodagi odamlar haqida qayg‘urishim shart emas, ular mening dushmanlarim', dedi. Men esa: 'Men u yerdan kelayotgan dahshatli tasvirlardan tashvishdaman', deb javob berdim. U esa: 'Albatta, mavzuni yoping', dedi. Bu jamoat fikrining yorqin ifodasi edi."

Elbaz-Felps Isroil jurnalistlarini himoya qildi:

"Menimcha, dunyoga Isroil hukumati va qarorlari haqida ma’lumotlarning 95 foizini aynan isroillik jurnalistlar yetkazadi. Biroq gapirish bilan ko‘rsatish o‘rtasida katta farq bor. G‘azo haqida ko‘rsatilgan kadrlar asosan IMK urushda qanday yutyapti, degan xabarni berishga xizmat qiladi. Insoniy hikoyalar yo‘q, yuzlar yo‘q… Chunki isroilliklar ham og‘riq ichida."

Bir jurnalistning aytishicha, "Isroil jamoatchiligining 7-oktyabrь voqealari haqidagi dardini Isroildan tashqarida to‘liq anglab yetish qiyin".

Surat manbasi, Leon Neal/Getty Images

Surat tagso‘zi, Bir jurnalistning aytishicha, "Isroil jamoatchiligining 7 oktyabr voqealari haqidagi dardini Isroildan tashqarida to‘liq anglab yetish qiyin".

Uning fikricha, bunga asosiy sabab – 7 oktyabrdan keyingi milliy jarohat:

"Dunyo G‘azo aholisining azobi haqida yoritmoqda – bu to‘g‘ri. Ammo isroilliklarning o‘zlari qanday og‘ir jarohat ichida ekani yetarlicha anglanmayapti. Biz hali jarohatdan keyingi bosqichda emasmiz, balki jarohatning o‘zidamiz. Garovdagilar HAMASning tunnellarida halok bo‘lmoqda. Odamlar hukumatdan bitim tuzishni va ularni ozod qilishni so‘ramoqda. Faqat garovdagilar uyga qaytgachgina shifolanish mumkin. Isroil jamoati hali ham 7 oktyabrda qolib ketgan."

Ko‘tarish juda og‘ir

Hozirgi paytda taxminan 20 yahudiy garovda ekani va ularning tirikligiga ishonishadi. Siyosiy qarashidan qat’i nazar, isroilliklar yaqinda tarqalgan videolardan qattiq dahshatga tushdi – ularda G‘azo tunnellaridagi ikki qattiq ozib-qurib qolgan yigit ko‘rsatilgan edi.

Ularning taqdiri isroilliklarning urushga munosabati markazida turibdi.

Hamas asrga olgan erkak askar tasviri

Surat manbasi, Гаровдагилар ва Бедарак Кетганлар Оилалари Форуми

Surat tagso‘zi, G‘azo sektorida garovga olingan isroillik askar Eviatar Davidning video tasvirlari HAMAS tomonidan e’lon qilingani Isroil va G‘arb davlatlari rahbarlari tomonidan keskin qoralandi. Uning akasi: "Uning faqat suyaklari qolgan qolgan", – dedi.

Men Tel-Avivdagi armiya bosh qarorgohidan uncha uzoq bo‘lmagan "garovdagilar maydoni"da omma fikrini o‘rganuvchi Daliya Sheyndlin bilan uchrashdim. U liberal "Haaretz" gazetasida ko‘p marta Netanyahuning urush siyosatini tanqid qilgan.

2023 yil oktyabridan beri bu joy garovdagilarning oilalari ularni ozod qilish uchun kurash olib borayotgan markazga aylangan.

"Isroilliklarning urushni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlashiga asosiy sabab – garovdagilarni qaytarish istagi", deydi u.

Falastinliklarning azobiga nisbatan befarqlik haqida u qo‘shib qo‘ydi:

"Ko‘plab isroilliklar bu azob-uqubatlar bo‘rttirilgan yoki qisman HAMAS tomonidan uydirilgan, deb hisoblashadi."

Garovdagilarni ozod qilish uchun namoyishga chiqqanlar

Uning fikricha, isroilliklar axborotni taqdim etish tarziga shubha bilan qarashadi:

"Isroilliklar uzoq yillardan beri PR – ya’ni Hasbaraga hushyor bo‘lib qolishgan."

Isroilga qaratilgan tanqidlarni "noqis kommunikatsiya" bilan izohlashga moyillik urush davrida yanada kuchaydi, ayniqsa, ochlik haqidagi ayblovlar masalasida.

"O‘ta o‘ng qanotdagilar buni soxta kampaniya, deb ataydi. Ular hatto Isroil mediasi bu haqda yoza boshlaganini ham HAMAS targ‘ibotini kuchaytirish deb ko‘radi.

Ammo, menimcha, asosiy ko‘pchilik isroilliklar bu haqdagi fikrlarni xayoldan chiqarishga harakat qiladi – chunki buni ko‘tarish ular uchun juda og‘ir. Bu kabi gaplar faqat shaxsiy suhbatlarda aytiladi.

Ular garovdagilar taqdiri yoki G‘azoda jang qilayotgan yaqinlari haqida shunchalik o‘yga cho‘mganki, Isroil qandaydir noto‘g‘ri ish qilayotgan bo‘lishi mumkin degan ehtimolni ko‘tara olmaydi."

"Hukm chiqarish oson…"

Tel-Aviv va O‘rta yer dengizi sohilidagi shaharlardagi dunyoviy qatlamdan tashqarida men Isroilning urushdagi harakatlari adolatliligiga shubha qilganlarni deyarli uchratmadim.

G‘arbiy sohilning changli yo‘llaridan biri orqali boriladigan "Esh Kodesh" nomli yahudiy manzilgohi bor. Bu kichik qishloqlar majmuasi bir avlod oldin faqat tepaliklardagi karvonlardan iborat edi, hozir mustahkam qaror topgan.

Los-Anjelesdan ko‘chib kelgan, yetti bolaning otasi Aaron Katzoff bu yerda sharobxona va "Settlers" (Kelgindilar) nomli bar ochgan. U yerga Amerika G‘arbi ruhini olib kirgan va o‘z sharobini "suyuq bashorat" deb nomlagan.

"Settlers Bar" o‘ng qanot va dindor insonlar, shuningdek, mahalliy aholi orasida ommabopdir.
Surat tagso‘zi, "Settlers Bar" o‘ng qanot va dindor insonlar, shuningdek, mahalliy aholi orasida ommabopdir.

"Settlers Bar" o‘ng qanot va diniy qatlam vakillari, shuningdek, mahalliy aholi orasida ommalashgan. Bu joy nafaqat qishloq ahli, balki maxsus yo‘l bosib keladigan o‘ngchi va dindor mijozlar uchun ham ijtimoiy markazga aylangan.

Men borgan paytda ko‘pchilik mijozlar qurollangan edi. Changga botgan formadagi bir askar burger yeb, tizzasiga qo‘ygan M-16 vintovkasi bilan qizil sharob ichardi. Boshqalar avtomatlarini bar ortida qoldirishgan, gulli libos kiygan bir ayol esa belidagi g‘ilofda 9 mm pistolet olib yurardi. Burchakda o‘tirgan yigitlar esa, Aaronning aytishicha, G‘azodagi xizmatdan so‘ng dam olayotgan ekan.

Aaron hali ham zaxiradagi IMK ofitseri sifatida xizmat qiladi va G‘azoda jang qilgan. U Isroil harakatlari adolatliligiga shubha qilmaydi.

"G‘azodagi yer osti tunneliga tushib ko‘ring. Kislorodsiz, issiq va nam, ayollar va bolalar ortiga yashirinib sizga miltiq o‘qtaladigan terrorchilarga qarshi jang qilishni tasavvur qiling…

Konditsionerli xonada o‘tirvolib hukm chiqarish oson. Lekin urush oson ish emas", deydi u.

Garovdagilarniozod qilishni talab qilib chiqqanlar tasviri

Surat manbasi, REUTERS/Ronen Zvulun

Men undan: "Ko‘p isroilliklar istaganidek, urushni hozir tugatish haqida nima deysiz?" deb so‘radim.

"Hamma narsa darhol hal bo‘lmaydi. Siz har narsa 'Ajoyibotlar o‘lkasi'ga aylanishini xohlaysiz, lekin dunyo unday emas. Vaqt kerak. Achinarli, lekin bu – reallik", deb javob berdi u.

7 oktyabrdan oldingi "qo‘llab-quvvatlov yo‘qoldi"

2023 yil 7 oktyabrdan avval minglab isroilliklar hukumatning sud tizimini o‘zgartirish rejalariga qarshi ko‘chalarga chiqqan edi. Ular buni demokratiyaga hujum, deb hisoblagan.

"Bu hukumat urushdan ancha oldindanoq obro‘sizlangan edi", deydi siyosatshunos Daliya Sheyndlin.

"Urush boshlangach esa, boshqa ko‘plab davlatlarda kuzatiladigan hukumatni qo‘llab-quvvatlov oshish o‘rniga, aksincha, yo‘qoldi."

Netanyahuning aytishicha, HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonilmaguncha, urush tugamaydi.

Surat manbasi, ABIR SULTAN/Pool via REUTERS

Surat tagso‘zi, Netanyahuning aytishicha, HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonilmaguncha, urush tugamaydi.

Shu bilan birga, o‘ng qanot saylovchilar Netanyahuga "HAMASni to‘la mag‘lub etmay turib urush tugamaydi" degan da’vo bilan reytingini qayta tiklash imkonini berdi. Biroq u hanuz muxolifat partiyalaridan ortda.

Muxolifat vakillari esa uni urushni sun’iy uzaytirib, hokimiyatda qolishga urinyapti, deb ayblamoqda. Agar u oddiy fuqaro bo‘lganida, 7 oktyabr kuni HAMASga imkoniyat bergan xavfsizlik xatolari uchun sud qilinardi. Shu bilan birga, unga nisbatan yirik korruptsiya ishi ham tezlashib, ehtimoliy qamoq jazosiga olib kelishi mumkin edi.

Koalitsiyadagi ultramillatchi yetakchilar – moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar Netanyahu HAMAS bilan har qanday kelishuv qilsa, hukumatni ag‘darish bilan tahdid qilmoqda. Ularning maqsadi faqat HAMASni mag‘lub etish emas, balki G‘azoni annektsiya qilish, falastinliklarni chiqarib yuborish va ularning o‘rniga yahudiylarni joylashtirishdir.

Garovga olinganlarning oila a’zolari Netanyahudan HAMAS bilan kelishuvga erishishni so‘rab murojaat qilishdi.

Surat manbasi, Гаровдагилар ва Бедарак Кетганлар Оилалари Форуми

Surat tagso‘zi, Garovga olinganlarning oila a’zolari Netanyahudan HAMAS bilan kelishuvga erishishni so‘rab murojaat qilishdi.

Garovdagi insonlarning oilalari esa yaqinlari halok bo‘lib ketmasidan oldin HAMAS bilan kelishuvga erishishni talab qilmoqda.

Biroq Netanyahu "to‘la g‘alaba" shiorida qat’iy qolib, yangi hujum e’lon qildi. Bu garovdagi oilalarning ko‘pini qattiq g‘azablantirdi va Isroilning ko‘plab ittifoqchilari tomonidan qoralandi.

General Eyal Zamir G‘azoda yangi hujum boshlash haqidagi Netanyahu rejasiga qarshi ekanini ma’lum qildi.

Surat manbasi, Исроил мудофаа кучлари (IDF)/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, General Eyal Zamir G‘azoda yangi hujum boshlash haqidagi Netanyahu rejasiga qarshi ekanini ma’lum qildi.

Netanyahu rejalariga Isroil armiyasining hozirgi rahbariyati ham qarshi chiqdi. Bosh shtab boshlig‘i general Eyal Zamir uning G‘azoda yangi hujum boshlash rejasiga qarshi ekanini ochiq bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu garovdagilar hayotini xavfga qo‘yib, gumanitar inqirozni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Zamir mart oyida tayinlangan, chunki uning oldingi rahbari urushni olib borish masalasida Bosh vazir bilan kelisha olmay, iste’fo bergan edi.

Isroil mediasi hozirda Netanyahu general Zamirni iste’foga majbur qilishi mumkinligi haqida taxmin qila boshladi. Bir xabarga ko‘ra, Zamir "Bosh vazir rejasiga qarshi chiqqanidan so‘ng ishdan olish uchun belgilab qo‘yilgani"ga ishonishini aytgan.

"Bu go‘yo mo‘’jiza davri"

Urush Isroildagi eng keskin bo‘linish – dunyoviy aholi va diniy o‘ng qanot o‘rtasidagi ziddiyatni yanada chuqurlashtirdi. Tel-Avivdagi dunyoviy isroilliklar namoyishlaridan Quddusdagi dindor aholi yig‘inlariga borish go‘yo ikki xil mamlakat orasida qatnovga o‘xshaydi.

Urush har doim og‘ir. Ammo Isroildagi murosasiz diniy millatchi o‘ng qanot vakillar uchun bu faqat dard emas – balki imkoniyat, hatto messiya kelishiga yaqinlashtirayotgan "mo‘’jiza davri"dir.

Smotrichning "Diniy Sionizm" partiyasidan vazir Orit Strok o‘tgan yozda urush voqealarni ular tomon burganini aytgan edi:

"Nazarimda, bu go‘yo mo‘’jizalar davri," degan u.

(Rasmda: 7-oktyabrь kuni isroillik tank ustiga chiqib olgan falastinliklar).

Surat manbasi, SAID KHATIB/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Urush doim og‘riqlidir. Ammo Isroildagi o‘ta o‘ng qanot dindor millatchilar uchun bu ayni paytda imkoniyat hamdir.

Ayrimlar buni Xudo tomonidan berilgan imkoniyat deb ko‘rib, Isroilni Tavrot qonunlari asosidagi davlatga aylantirish mumkin, deb ishonadi.

Urush shuningdek, xaritani o‘zgartirish istagini ham tezlashtirishi mumkin. Ularga ko‘ra, Xudo O‘rta yer dengizidan to Iordan daryosigacha bo‘lgan barcha yerlarni yahudiylarga bergan. Shuning uchun G‘azo va G‘arbiy sohilda mustaqil davlat barpo etish orqali Isroil bilan tinchlik o‘rnatish mumkin deb o‘ylaydigan oz sonli falastinliklar uchun ham bu yerda joy qolmasligi kerak.

Smotrich hatto yahudiy davlati Iordanning har ikki tomonida bo‘lishi, Yarmukdan to Damashqqacha cho‘zilishi kerak, deb aytgan.

Diniy qonunlarni joriy etish hukumat siyosati emas, shuningdek, Isroil chegaralarini Iordan ortigacha kengaytirish ham rasmiy rejada yo‘q. Ammo Falastin davlatiga yo‘l qo‘ymaslik – Netanyahu koalitsiyasining asosiy ustuni.

Moliya vaziri Betsalel Smotrich shu yil boshida G‘azo va G‘arbiy Sohil bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qildi.

Surat manbasi, Amir Levy/Getty Images

Surat tagso‘zi, Moliya vaziri Betsalel Smotrich shu yil boshida G‘azo va G‘arbiy Sohil bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qildi.

Bu koalitsiya faqat Smotrich va Ben-Gvir uni qo‘llab-quvvatlab turgani uchun hokimiyatda qolmoqda. Shu bois ularning Bosh vazirga ta’siri juda katta.

6 may kuni Smotrich G‘azo va G‘arbiy sohil bo‘yicha o‘z qarashini bayon qildi. Bu hududni falastinliklar mustaqil davlat uchun talab qilib keladi. G‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligi, jumladan, Buyuk Britaniya Falastin davlatini Isroil bilan bir qatorda tan olishni yagona yechim sifatida ko‘radi.

Biroq Smotrichning aytishicha, olti oy ichida G‘azo aholisi tor bir hududga qamalishi, qolgan yer esa "butunlay vayron etilishi va bo‘shatilishi" lozim.

G‘azolik falastinliklar esa "butkul umidsiz holatga tushib, G‘azodan ko‘ngil uzib, boshqa yerlarda yangi hayot boshlash uchun ko‘chish yo‘lini izlashi" kerak.

Qadimgi shahardagi taranglik

3 avgust, yakshanba kuni Quddusning bosib olingan Qadimgi qismida ko‘plab falastinliklar do‘konlarini yopib, ko‘chalarga chiqmadi. Chunki isroillik yahudiylar Tisha be-Av – birinchi ma’badni bobilliklar, ikkinchi ma’badni esa rimliklar yo‘q qilgan kunni motam sifatida nishonlashadi.

Ma’badlar joylashgan hudud keyinchalik islomning uchinchi muqaddas maskaniga aylandi. Hozir bu yerda al-Aqso masjidi joylashgan. Musulmonlar bu yerda Muhammad payg‘ambarning Isro va Me’roji sodir bo‘lganiga ishonadi.

Quddusdagi Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun muhim diniy maskandir.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Quddusdagi Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun muhim diniy maskandir.

Tinchlikni saqlash uchun bu yerda "status-kvo" qoidalari amal qilishi kerak. Unga ko‘ra, yahudiylarga al-Aqso maydonida ibodat qilish taqiqlangan. Ammo so‘nggi yillarda Ben-Gvirning qo‘llab-quvvatlovi bilan bu qoida ko‘p marta buzildi.

Tisha be-Av kunining o‘zida Ben-Gvir o‘zi ham al-Aqso hududiga kirib, duolar o‘qishga boshchilik qildi. Bu esa provokatsiya sifatida baholandi.

Uning ortidan o‘nlab tarafdorlari va milliy xavfsizlik vaziri sifatida u boshqaradigan og‘ir qurollangan politsiya kuzatib bordi. Ular Quddus eski shaharining tor ko‘chalari va ibodatxona tepaligi darvozalaridan o‘tishdi.

Ben-Gvirning so‘zlariga ko‘ra: "Biz butun G‘azo sektori ustidan suverenitet e’lon qilishimiz kerak".

Surat manbasi, Amir Levy/Getty Images

Surat tagso‘zi, Ben-Gvir: "Biz butun G‘azo sektori ustidan suverenitet e’lon qilishimiz kerak".

Ben-Gvir faqat duo o‘qish bilan cheklanmay, nutq ham so‘zladi. U o‘z ishtiroki va duolarini G‘azodagi urush va Isroilni o‘zgartirish niyati bilan bog‘ladi.

Uning aytishicha, ochlikdan azoblanayotgan garovdagi ikki isroillik tasvirlangan videolardan maqsad Isroilni bosim ostiga qo‘yishdir, bunga qarshi turish lozim.

"Hukmronlik qilish mumkin bo‘lgan joydan – Ma’bad tepaligidan aynan shu yerdan biz xabar yo‘llaymiz. Bugunning o‘zida G‘azo sektori to‘liq zabt etilsin, suverenitet e’lon qilinsin, HAMASning har bir a’zosi yo‘q qilinsin va ko‘ngilli ko‘chishlar rag‘batlantirilsin", dedi u.

"Faqat shu yo‘l bilan biz garovdagilarni ozod qilamiz va urushda g‘olib chiqamiz".

"Uyimizni qaytarib olishni istaymiz"

Ben-Gvir ketgach, uning yosh tarafdorlaridan katta bir guruh to‘siqli ayvon ostida qolib, duo qilishda davom etdi. Ularning sadolari baland tosh ayvon ostida qayta-qayta yangradi.

Yosh ikki qiz – Ateret va Tamar kelajakka umid bilan to‘lgan holda, nega Ma’bad tepaligi yahudiylikning yuragi ekani haqida gapirdi.

Ateret ma’badlar vayron qilingani haqida:

"Bu xuddi tanang bor-u, ammo yuraging yo‘qqa o‘xshaydi", dedi.

"Biz faqat garovdagilarimiz qaytishini, hamma tinchlikka erishishini xohlaymiz. Bu faqat bizning emas, butun dunyoning yuragi. Xudo bu yerga kelganda, dunyo tinchlik topadi".

Ular har kuni bu yerda uchinchi ma’bad qurilishi uchun duo qilishini aytadi:

"Bu ming yillar davomida bizning uyimiz bo‘lgan. Endi biz yana shu yerdamiz. Biz uyimizni qaytarishni istaymiz".

Men ulardan hozirgi musulmon muqaddas maskanlari taqdiri haqida so‘raganimda, bilmasliklarini aytishdi. Ateret va Tamar muloyim, ammo diniy shavqqa to‘la odamlardek ko‘rindi.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, Isroil va arab qo‘shnilari xavfsizlik xizmatlari uchun eng katta xavf – radikal yahudiy ekstremistning al-Aqso masjidiga zarar yetkazib, uchinchi ma’bad qurilishi jarayonini tezlashtirishga urinishi. Bu butun mintaqani yoqib yuboradigan voqea bo‘lishi mumkin.

"Biz ich-ichimizdan parchalanganmiz"

Siyosiy sahnaning ikkinchi tomonida yozuvchi va Netanyahuning o‘tkir tanqidchisi Avrum Burg. U bir vaqtlar Isroilning yetakchi markaz-so‘l siyosatchilaridan biri edi: 1999–2003 yillarda Knesset – parlamentda spiker, undan oldin esa Yahudiy agentligi va Butunjahon sionistik tashkiloti rahbari bo‘lgan.

Bugun u urushni mamlakatni o‘zgartirish uchun mo‘’jizaviy imkoniyat deb bilmaydi.

"Isroilliklar hozir diniy shavq va ruhiy tushkunlik orasida qolgan", deydi Burg.

Uning fikricha, o‘rta yo‘l yo‘q:

"Ozchilik isroillik va hukumatdagi ko‘pchilik "mo‘’jizaviy davrda yashayapmiz. Bu imkoniyat. Xudo bergan imkoniyat. Tarix bilan qayta uyg‘unlashishga ochilgan yagona eshik", deb ishonadi.

 Avrum Burgning aytishicha, "Ko‘plab isroilliklar bu urushni ma’nosiz deb his qilmoqda. Ular "Bu nima uchun kerak? Nima uchun men buning badalini to‘lashim kerak?" degan savollarni bermoqda".
Surat tagso‘zi, Avrum Burgning aytishicha, "Ko‘plab isroilliklar bu urushni ma’nosiz deb his qilmoqda. Ular "Bu nima uchun kerak? Nima uchun men buning badalini to‘lashim kerak?" degan savollarni bermoqda.

"Ammo ko‘p isroilliklar: "Nima uchun? Bu nimani anglatadi? Men nima uchun bahosini to‘lashim kerak? Bu ma’nosiz urush", deb o‘ylaydi. Shu ikki holat orasida Isroil degan narsaning o‘zi yo‘q. Isroil – parchalangan, singan, parokanda jamiyat".

Bu ruhiy tushkunlik va hukumatdan g‘azab Netanyahu iste’fosini talab qilayotgan muntazam namoyishlarda yaqqol ko‘rinadi.

Tel-Avivdagi issiq va nam kechada dunyoviy namoyishchilar Dovud yulduzi tushirilgan bayroqlarni ko‘tarib, shiorlar aytdi, nog‘ora qoqdi, milliy madhiya vaqtida sukutga cho‘mdi. Keyin esa armiya va politsiyaning nafaqadagi qo‘mondonlari minbarga chiqib, o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildilar.

Sahna orqasida, ko‘p ommaviy mitinglarni tashkil qilgan Nava Rosalio o‘z pozitsiyalarini ochiq bayon qildi:

Netanyahuning iste’fosini talab qilib namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Surat manbasi, JACQUELYN MARTIN/POOL/AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Netanyahuning iste’fosini talab qilib namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

"Biz Netanyahu hukumatini almashtirmoqchimiz. Eng avvalo barcha garovdagilarni kelishuv orqali qaytarishni va G‘azodagi urushga chek qo‘yishni istaymiz. Chunki bu urush hozir faqat uning va ittifoqchilarining siyosiy omon qolishiga xizmat qilmoqda".

Men unga: "Ayrimlar siz HAMASning pozitsiyasini takrorlayapsiz, deb aytishi mumkin", dedim.

Biroq Rosalio bu fikrni rad etadi:

"Bu faqat propaganda. Bizda kuchli armiya bor, u G‘azo tashqarisida qolib, faqat chegarani qo‘riqlashi mumkin.

U yerda qolish uchun hech sabab yo‘q, agar ular G‘azoni bosib olishni va aholisini ko‘chirishni orzu qilmayotgan bo‘lsa.

"Biz sizlarni himoya qilayapmiz" degan bahonaga ishonmaymiz. Agar haqiqatan xalqni himoya qilmoqchi bo‘lsangiz, urushni tugatib, jamiyatga tiklanish imkonini bergan bo‘lardingiz.

Biz ich-ichimizdan parchalanganmiz".

Xudoning qo‘lida

So‘nggi uch hafta ichida men Isroilning ikki qarama-qarshi tomonini ko‘rdim: Tel-Avivda falastinlik bolalarning o‘ldirilishiga qarshi sukunat bilan norozilik bildirgan, parlamentning sobiq spikeri Avrum Burg ta’riflagan "ruhiy iztirob"ni namoyon etgan liberal-so‘l qanot vakillaridan tortib, mamlakatning boshqa qismida, Isroil o‘z ittifoqchilari yoki dushmanlaridan kelayotgan bosim va tanqidlarga quloq solmasligi kerak, degan qat’iy ishonchgacha.

U yerdagi ko‘pchilikka ko‘ra, 7 oktyabrda HAMAS amalga oshirgan hujumlar va tunnellarda shafqatsiz sharoitda tutib turilgan asirlar Isroilning barcha harakatlarini oqlaydi.

Jeremi Bouen Isroilning ikki tomoni o‘rtasida sayohat qildi – bir tomonda, Tel-Avivda falastinlik bolalarning o‘ldirilishi va u yerdagi azob-uqubatlarga qarshi jimgina norozilik bildirayotgan so‘lchilar bor edi.

Surat manbasi, REUTERS/Mahmoud Issa

Surat tagso‘zi, Jeremi Bouen Isroilning ikki tomoni o‘rtasida sayohat qildi – bir tomonda, Tel-Avivda falastinlik bolalarning o‘ldirilishi va u yerdagi azob-uqubatlarga qarshi jimgina norozilik bildirayotgan so‘lchilar bor edi.

Isroil Bosh vaziri hanuz omma oldida AQSh prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatloviga ega. Biroq, Netanyahuning garovdagilar bo‘yicha kelishuvga yo‘l ochishdan bosh tortgani sababli Tramp tobora bezovta bo‘layotgani haqida ham ishoralar bor. Shunga qaramay, Bosh vazir yana bir harbiy hujumga tayyorlanmoqda va Isroilning ayrim ittifoqchilarini ildizi chuqur antisemitlikda ayblamoqda.

Uni qo‘llab-quvvatlayotgan messiyachi diniy sionistlar esa Xudo ular bilan birgaligiga ishonadi.

G‘arbiy sohilda, Iordan vodiysiga qarab turgan qishloqlarda Aaron Kattsof va uning "Settlers"dagi do‘stlari o‘zlari ichayotgan sharob Bibliya davridan qolgan usullarda yetishtirilgan uzumdan tayyorlanganiga faxr bilan ishonadi, o‘zlarini muqaddas yozuvlardagi bashoratlarni bajarayotgandek his qilishadi.

Uning huzurbaxsh va mamnun mijozlari esa Tel-Avivda Netanyahuga qarshi namoyish qilayotgan sekulyar liberallarni kechagi isroilliklar, deb hisoblaydi. Endi ularning nazaricha, davlatning kelajagi o‘z qo‘llarida va Xudoning irodasida. Shu bois, hammasi oxir-oqibat xayrli tugaydi, degan ishonch bilan yashamoqdalar.