Ukraina 30 yil oldin yadroviy qurolidan voz kechib, xato qilganmidi?

Oleksandr bir vaqtlar yadroviy bomba saqlangan bazaga muzey kuratorlaridan biri sifatida qaytdi

Surat manbasi, BBC/Kostas Kallergis

Surat tagso‘zi, Oleksandr bir vaqtlar yadroviy bomba saqlangan bazaga muzey kuratorlaridan biri sifatida qaytdi
    • Author, Paul Adams
    • Role, Diplomatic correspondent
    • Reporting from, Pervomais'k, central Ukraine
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Og‘ir kulrang osmon va yupqa qor qatlami ostida yotgan, sovuq urush davrining ulkan kulrang va yashil qoldiqlari Ukrainaning sovet o‘tmishini yodga soladi.

Raketalar, uchirgichlar va ularni tashuvchi transportlar Ukraina Sovet Ittifoqining yadro qurollari dasturida muhim rol o‘ynaganidan yodgorlik – bu ularning eng so‘nggi mudofaa chizig‘i edi.

Qisman ko‘tarilgan beton va po‘lat qopqoq ostidan ulkan qit’alararo ballistik raketa (QBR) ko‘rinib turibdi.

Ammo bu raketa nusxasi bo‘lib, darz ketgan va mog‘or bosgan. Deyarli 30 yildan beri bu raketa turadigan o‘ra vayronalar bilan to‘lgan.

Ukrainaning markaziy shahri Pervomaysk yaqinidagi baza allaqachon muzeyga aylantirilgan.

1990-yillar boshida Moskvaning soyasidan chiqib, yangi mustaqil Ukraina paydo bo‘lganida, Kiev yadro qurollaridan voz kechdi.

Ammo Rossiyaning to‘liq miqyosdagi bosqini boshlanganiga deyarli uch yil o‘tgach, Ukraina xavfsizligini qanday kafolatlash to‘g‘risida aniq kelishuv bo‘lmagani sababli, ko‘pchilik yadro qurolidan voz kechish xato bo‘lgan deb hisoblamoqda.

Aloqador mavzular:

O‘ttiz yil oldin, 1994 yil 5 dekabrda Budapeshtda bo‘lib o‘tgan marosimda Ukraina Belarus va Qozog‘istonga qo‘shildi hamda AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoy va Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari evaziga yadro qurol-yarog‘laridan voz kechdi.

Ochig‘i, raketalar Sovet Ittifoqiga tegishli edi, uning yangi mustaqil sobiq respublikalariga emas.

Ammo SSSR yadro zaxirasining uchdan bir qismi Ukraina hududida joylashgan edi va qurollarni topshirish xalqaro e’tirofga loyiq muhim lahza sifatida baholangan.

"Biz ushbu uch davlatga bergan xavfsizlik kafolatlari ularning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligimizni tasdiqlaydi," degan edi o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Bill Klinton Budapeshtda.

Xarkovdagi harbiy akademiyaning yosh bitiruvchisi sifatida Oleksandr Sushenko Pervomayskka ikki yildan so‘ng, xizmatdan bo‘shatish jarayoni boshlangan paytda keldi.

U raketalar olib ketilayotganini va ular turgan omborlar portlatilayotganini kuzatdi.

Hozir u muzey kuratorlaridan biri sifatida bazaga qaytdi.

Oleksandr

Surat manbasi, BBC/Kostas Kallergis

Xalqaro hamjamiyat oldini ola olmagan, Rossiya keltirgan o‘n yillik azob-uqubatlarga nazar tashlab, u muqarrar xulosaga keladi.

"Hozir Ukrainada nima bo‘layotganini ko‘rsak, fikrimcha, barcha yadro qurollarini butunlay yo‘q qilish xato edi," deydi u.

"Lekin bu siyosiy masala edi. Yuqori rahbariyat qaror qabul qildi va biz shunchaki buyruq bajardik."

O‘sha paytda hammasi mantiqan to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinardi. Hech kim 20 yil ichida Rossiya Ukrainaga hujum qiladi deb o‘ylamagan edi.

"Biz sodda edik, lekin ishonardik ham," deydi 1994 yilda Ukrainaning Londondagi elchisi bo‘lib ishlagan Sergey Komisarenko.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
BBC
Ma’lum bo‘lishicha, dushman ancha yaqinda ekan. Biz bir necha o‘nlab jangovar kallaklarni saqlab qolishimiz mumkin edi. Bu mamlakatimiz xavfsizligini kafolatlagan bo‘lardi.
Oleksandr Sushenko
Ukraina yadroviy bombalar muzeyi kuratori (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, keyin esa Frantsiya qo‘shilganda, biz buni yetarli deb o‘ylagandik. Rossiyani ham," deydi u.

O‘nlab yillar davom etgan sovet hokimiyatidan endigina chiqqan kambag‘al mamlakat uchun halokatli darajada qimmat yadro qurol-yarog‘ zaxirasini saqlab turish unchalik ma’noga ega emas edi.

"Agar pulni sanoatga, farovonlikka sarflash mumkin bo‘lsa, uni yadro qurollari yasashga yoki saqlashga sarflashning nima keragi bor?" deydi Komisarenko.

Ammo 1994 yildagi o‘sha kelishuvdan hozir Ukraina o‘z nuqtai nazarini asoslash uchun foydalanmoqda.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Budapesht memorandumining nusxasi bo‘lgan yashil papkani ko‘rsatdi.

"Bu hujjat Ukraina va transatlantik xavfsizlikni ta’minlay olmadi, – dedi u. – Bunday xatolarni takrorlamasligimiz kerak."

atom bombasi

Vazirlik bayonotida Memorandum "strategik xavfsizlik qarorlarini qabul qilishda uzoqni ko‘ra olmaslik yodgorligi" deb ta’riflangan.

Endi Ukraina va uning ittifoqchilari uchun mamlakat xavfsizligini kafolatlashning boshqa yo‘lini topish kerak.

Prezident Volodimir Zelenskiy uchun javob allaqachon aniq.

"Biz uchun eng yaxshi xavfsizlik kafolatlari NATO bilan, – deya takrorladi u yakshanba kuni. –Biz uchun NATO va Yevropa Ittifoqi so‘zsiz muhim."

Zelenskiyning tez-tez ta’kidlashicha, faqat G‘arb alyansiga a’zo bo‘lish Ukrainaning yirik, ochko‘z qo‘shnisiga qarshi xavfsizligini ta’minlashi mumkin, ammo NATO a’zolari bu masalada hamon yakdil emas.

Bir qancha a’zolar e’tirozlariga qaramay, ittifoq shu paytgacha faqat Ukrainaning yakuniy a’zolikka kirish yo‘li "ortga qaytmas" ekanligini aytgan, biroq aniq jadval belgilamagan.

Ayni paytda, Ukrainaning ittifoqchilari o‘rtasidagi barcha muhokamalarda "kuch orqali tinchlik" g‘oyasi ustuvor. Bu kelgusi yilda Donald Tramp boshchiligida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinchlik muzokaralari oldidan Ukrainaning pozitsiyasini quvvatlash uchun kerak.

"Hozir Ukrainaga harbiy yordamimiz qanchalik kuchli bo‘lsa, ularning qo‘li muzokaralar stolida shunchalik baland bo‘ladi," dedi seshanba kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte.

Donald Trampning Ukrainaga nisbatan siyosati qanday bo‘lishini bilmagan holda, harbiy yordamning asosiy ta’minlovchilari, jumladan AQSh va Germaniya, u lavozimga kirishidan oldin Ukrainaga katta miqdorda yangi qurol-aslahalar jo‘natmoqda.

Donald Trampning Ukrainaga nisbatan siyosati qanday bo‘lishi hanuz noma’lum

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Donald Trampning Ukrainaga nisbatan siyosati qanday bo‘lishi hanuz noma’lum

Ukrainada ba’zilar o‘zini himoya qilishga jiddiy yondashgan mamlakat kelajakda yadroviy qurolga qaytishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, uning eng muhim ittifoqchisi AQShning yaqin kelajakda ishonchsiz bo‘lib qolishi ehtimolini hisobga olsak.

O‘tgan oyda rasmiylar oddiy yadroviy qurilmani bir necha oy ichida ishlab chiqish mumkinligi haqidagi Mudofaa vazirligida hujjat tarqalganini rad etishdi.

Bu hozir kun tartibida emasligi aniq, ammo sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Alina Frolovaning aytishicha, bu ma’lumotning oshkor bo‘lishi tasodifiy bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

"Bu, shubhasiz, Ukrainada ekspertlar o‘rtasida muhokama qilinayotgan variant," deydi u.

"Agar biz yordamga ega emasligimizni va bu urushda mag‘lub bo‘layotganimizni ko‘rsak hamda xalqimizni himoya qilishimiz kerak bo‘lsa... Menimcha, bu variant bo‘lishi mumkin."

Yaqin kelajakda Pervomaysk atrofidagi qorli dashtlarga yadroviy qurollarning qaytishini tasavvur qilish qiyin.

Bazaning 30 metr chuqurlikdagi qo‘mondonlik yerto‘lalaridan faqat bittasi but saqlanib qolgan, u 1979 yilda qurib bitkazilgan holatida turibdi.

Bu yadroviy hujumga bardosh berish uchun qurilgan mustahkam inshoot bo‘lib, og‘ir po‘lat eshiklar va yer osti tunnellari orqali bazaning qolgan qismi bilan bog‘langan.

Pastdagi kichkinagina, tor nazorat xonasida, undan ham torroq liftga yaqin joyda qit’alararo ballistik raketalarni uchirish haqidagi shifrli buyruqlar qabul qilinib, ularning shifri yechilar va bajarilardi.

Sobiq raketa mutaxassisi Oleksandr Sushenko ikki operator kalitni qanday burib, tugmani (qizil emas, kulrang) bosganini ko‘rsatadi, so‘ng gollivudcha uslubdagi yirik, global yadroviy almashinuvning video simulyatsiyasini namoyish etadi.

Bu biroz kulgili, lekin shu bilan birga chuqur o‘yga toldiradi.

Oleksandrning aytishicha, eng katta raketalardan voz kechish mantiqan to‘g‘ri qaror bo‘lgan. 1990-yillar o‘rtalarida Amerika endi dushman emas edi.

Ammo Ukrainaning yadroviy arsenali 100 dan 1000 kilometrgacha bo‘lgan turli xil taktik qurollarni o‘z ichiga olgan.

"Ma’lum bo‘lishicha, dushman ancha yaqinda ekan," deydi Oleksandr.

"Biz bir necha o‘nlab jangovar kallaklarni saqlab qolishimiz mumkin edi. Bu mamlakatimiz xavfsizligini kafolatlagan bo‘lardi."