Belarusda yangi harbiy mashqlar: Putin bu safar nimani rejalamoqda?

Lukashenko va Putin kulib bir-birlarining qo‘llarini siqishmoqda. Orqada Belarus xaritasi va tank kollaji

Surat manbasi, BBC/Getty Images/Belarus MOD

    • Author, Sergey Morfinov
    • Role, Bi-bi-si Ukrain xizmati uchun, Kiev
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Ushbu maqolaning Ukrain tilidagi original matnini mana bu yerda o‘qish mumkin.

Sentyabr oyida Belarusda Rossiya bilan birga "G‘arb-2025" qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi – bu "G‘arb-2021" manyovrlarining ayni o‘zi bo‘lib, o‘sha mashqlar ortidan Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlangan edi.

Avgust boshida birinchi eshelonlar Rossiya diviziyalarini Belarus poligonlariga olib kela boshladi.

Katta urush sharoitida bu mashg‘ulotlar ham Ukraina, ham Boltiqbo‘yi mamlakatlari va NATOning butun "sharqiy qanoti" uchun bevosita yoki kelajakdagi tahdid sifatida baholanmoqda.

Aloqador mavzular

Shu asnoda Ukraina rahbariyati, Alyaskadagi tinchlik muzokaralariga qaramay, Rossiya yaqin oylarda Ukrainada yangi hujum harakatlarini tayyorlayotganini ta’kidlamoqda.

"G‘arb-2025" harbiy mashqlari ortida qanday stsenariylar bo‘lishi mumkin va ulardan Rossiya bugun va kelajakda qanday maqsadlarda foydalanishi mumkin?

Rossiya har yili turli hududlarda ehtimoliy "jang maydonlari"dagi harakatlarni mashq qilish uchun strategik qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.

"Bir yili bu "G‘arb", keyin "Sharq", so‘ng "Markaz" va "Kavkaz". To‘rt yil ichida ehtimoliy jang maydonlaridagi vaziyat o‘zgaradi va ular yana bu mashg‘ulotlarni navbati bilan o‘tkazadi," deydi Bi-bi-sining Ukraina xizmatiga Kievdagi "XXI asr strategiyasi" globalistika markazi xavfsizlik dasturlari rahbari Pavel Lakiychuk.

"G‘arb-2021" harbiy mashqlari payti "Grad" tizimidan o‘t ochish

Surat manbasi, Rossiya Mudofaa vazirligi

Surat tagso‘zi, "G‘arb-2021" harbiy mashqlari payti "Grad" tizimidan o‘t ochish

Xususan, "Kavkaz-2008" harbiy mashqlari doirasida Rossiya Bosh Kavkaz tizmasi ostidagi Rok tunneli — avtomobil yo‘lida harbiylar va texnikani to‘plagan edi. Rossiyaliklar mashg‘ulotlar rasman tugaganidan olti kun o‘tib, aynan shu tunnel orqali Gruziyaga bostirib kirgan edilar.

200 mingdan ortiq Rossiya va Belarus harbiylari ishtirok etgan "G‘arb-2021"da esa "Markaziy Federatsiya" (O‘sha mashqlarda RF va Belarus birlashgan kuchlari shunday atalgan edi) havo desantlari, reydlar va shartli dushman – "Qutb Respublikasi"ga qarshi boshqa bir manyovr harakatlarini mashq qildi.

Oradan besh oy o‘tib so‘ng rossiyaliklar haqiqiy bosqinchilik doirasida xuddi shunday "blitskrig" bilan Kiev, Gostomel, Xarkov, Nikolaev va Ukrainaning boshqa shaharlarini egallashga urinib ko‘rdilar.

Rossiya tanklari dalada

Surat manbasi, Russia MOD

Surat tagso‘zi, "G‘arb-2021" mashqlari payti zirhli texnika hujumi. Oradan yarim yil o‘tib, hoynahoy, ayni shu texnika Ukrainaga bosqinda ishtirok etdi

Shu bilan birga, bunday mashg‘ulotlarning barchasi haqiqiy jangovar harakatlar bilan yakunlanmaydi.

"G‘arb-2017" paytida xayoliy "Veyshnoriya" ko‘rinishidagi Boltiqbo‘yi mamlakatlariga hujum va Suvalki yo‘lagini "yorib o‘tish" mashq qilingan edi. Ammo o‘sha mashg‘ulotlar, "Kavkaz-2008"dan farqli o‘laroq, real kuch ishlatishga aylanmadi," deb eslaydi Pavel Lakiychuk.

"Mashg‘ulotlar doirasida kuchlar joylashtiriladi va jangovar shay holatda turadi. Buyruq bo‘lsa, harakatni boshlashadi. 2022 yilda ham shunday bo‘ldi – bosqinchilik mashq qilindi, keyin esa kuchlar amalda qo‘llandi. Shuning uchun mashg‘ulotlar haqiqatan ham harbiy operatsiyaga o‘tish xavfini tug‘diradi. Ammo bu barcha mashg‘ulotlar shunday yakunlanadi degani emas," deydi harbiy tahlilchi.

Hozir Belarusdagi "G‘arb" mashg‘ulotlari to‘rt yillik sikldan so‘ng qaytmoqda, bu davr mobaynida keng ko‘lamli Rossiya-Ukraina urushi davom etdi.

"G‘arb-2025" haqida nimalar ma’lum?

Rossiya va Belarus bayroqlari oldida ikki harbiy bir biriga chest berayapti, orqada esa harbiy eshelon

Surat manbasi, Belarus Mudofaa vazirligi

Surat tagso‘zi, Rossiya harbiylarining "G‘arb-2025" mashqlari uchun Belarusga yetib kelishlari

Moskva va Minsk joriy mashg‘ulotlarga tayyorgarlikni yil boshidan boshlagan.

O‘shanda Belarus mudofaa vazirining xalqaro harbiy hamkorlik bo‘yicha yordamchisi general-mayor Valeriy Revenko jalb qilingan qo‘shinlar soni "13 ming kishidan oshishini" aytgandi.

Ammo keyinroq Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin "keskinlikni kamaytirish uchun" "G‘arb-2025" qisqartirilishi va hatto mamlakat ichkarisiga, chegaralardan uzoqroqqa ko‘chirilishini ma’lum qildi.

Aleksandr Lukashenko ham bo‘lajak mashg‘ulotlar Ukraina uchun ham, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha uchun ham hech qanday xavf tug‘dirmasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Aytgancha, 2022 yilda ham u "G‘arb-2021"dan keyin Belarusdan Ukrainaga bostirib kirish iloji yo‘qligi haqida gapirgan va G‘arb razvedkasining ogohlantirishlarini masxara qilgan edi. Rossiya kolonnalari Chernobil zonasi orqali Belarus hududini tark etib, Kievga yo‘l olgach, Lukashenko go‘yoki Ukrainadan "Belarusga hujum tayyorlanayotgani" haqida insayder ma’lumotlarni oshkor qila boshladi.

Harbiy kiyimdagi Aleksandr Lukashenko chet ellik jurnalistlar qarshisida turib ularga nimadir deyapti

Surat manbasi, «Пул первого»

Surat tagso‘zi, 2022 yil 18 fevral: Aleksandr Lukashenko chet ellik jurnalistlarga, Belarus hududidan Ukrainaga hujum boshlanmadi, deyapti. Hujum 24 fevralda boshlandi

Shu bilan birga, o‘sha Revenko yaqinda "G‘arb-2025" haqida yana bir nechta tafsilotlarni oshkor qildi – mashg‘ulotlar 12-16 sentyabrь kunlari Rossiya va Belarus ittifoqiga qarshi "ehtimoliy tajovuzni qaytarishga tayyorlik" uchun o‘tkaziladi.

Manyovrlar rejalarida havo hujumlariga (shubhasiz, dronlarga ham) qarshi turish, mudofaa jangi va mudofaaga o‘tgan dushmanni mag‘lub etish, qo‘shinlarni aviatsiya bilan qo‘llab-quvvatlash va diversantlarga qarshi kurashish ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, bu haqiqatan ham mudofaa mashg‘ulotlariga o‘xshaydi, masalan, hozirgi urush sharoitida Rossiyaning chegaradosh Kursk viloyati uchun.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Biroq, 13 avgust kuni vazir Viktor Xrenin e’lon qilgan rejalar "mudofaa dasturi"dan tashqariga chiqadi: "G‘arb-2025"da yadro quroli va o‘rta masofali "Oreshnik" raketalarini qo‘llashni rejalashtirish masalasi bor.

Yana bir masala aslida qo‘shinlar nimani mashq qilishi va ularning haqiqiy soni qancha bo‘lishidir.

"G‘arb-2025" mashg‘ulotlari uchun Rossiya qo‘shinlari bo‘lgan birinchi eshelonlar 6 avgust kuni Belarusga rasman kela boshladi.

Boshida gulchambarlari bor Belorus qizlari non va tuz bilan Rossiya harbiysini qarshi olmoqdalar

Surat manbasi, Belarus Miudofaa vazirligi

Muxolifatdagi "Belarus temir yo‘lchilari hamjamiyati" ta’kidlashicha, shu vaqt ichida mamlakatga Rossiyaning 2-Taman motoo‘qchi diviziyasi, 4-Kantemirov tank diviziyasi, shuningdek, 71-motoo‘qchi diviziyasi bo‘linmalari keltirilgan.

Dastlabki ikki diviziya Rossiya 1-tank armiyasi tarkibiga kiradi va 2022 yil fevralidan beri Ukrainaga bostirib kirishda faol qatnashmoqda – o‘shanda ularning bo‘linmalari Chernigov va Xarkovga hujum qilgan. 71-diviziya esa Pechengadagi (Murmansk viloyati) 200-motoo‘qchi brigada negizida tuzilgan bo‘lib, u ham Xarkov viloyatida jang qilgan.

Biroq, "G‘arb-2025" mashg‘ulotlarida qatnashadigan bo‘linmalarning Ukrainaga bostirib kirish tajribasi alohida e’tiborli emas, chunki hozir Ukrainaga qarshi urushda Rossiyaning deyarli barcha harbiy tuzilmalari ishtirok etmoqda.

Mashqlarni baholashning asosiy omili shaxsiy tarkibning haqiqiy soni bo‘ladi.

"Ular 10-12 ming askar bo‘lishini aytishmoqda. Ammo ular doim miqdorni kamaytirib ko‘rsatadi va aslida besh-olti baravar ko‘proq keladi. To‘liq miqyosli bosqin boshlangan 2022 yilda shunday bo‘lgan edi," deya e’tibor qaratadi Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka.

"Belarusga qancha qo‘shin o‘tkazilishi, bu qanday qo‘shinlar ekani, ular Ukraina yoki Litva va Polsha bilan chegarada bo‘lishi muhim. Eng muhimi esa, sentyabrь oyida Belarusdagi mashg‘ulotlardan keyin qanchasi qoladi va qanchasi Rossiyaga qaytadi," deya qo‘shimcha qiladi u.

"G‘arb-2025" mashg‘ulotlari paytida yoki undan keyin voqealar qanday stsenariy asosida rivojlanishi mumkin?

Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshaga qarshi harakatlar

Yo‘lni changitib borayotgan uch tank, tepasida harbiylarning boshlari ko‘rinadi

Surat manbasi, Belarus Mudofaa vazirligi

Hozirda harbiy ekspertlar "G‘arb-2025" mashg‘ulotlari doirasida eng ko‘p muhokama qilayotgan stsenariylardan biri – rossiyaliklar va belaruslarning uchta Boltiqbo‘yi davlati va Polshaga nisbatan tajovuzkor harakatlari.

"NATO zobitlari fikricha, "G‘arb-2025" mashg‘ulotlari haqiqatan ham NATOning sharqiy qanotidagi davlatlarga qarshi provokatsiyalarga tayyorgarlik bo‘lishi mumkin," deya taxmin qiladi Pavel Lakiychuk.

"Agar mashg‘ulotlarning "operativ foni"ni (ya’ni ehtimoliy jang maydonidagi vaziyat va ehtimoliy dushman kim ekanligini) yoki Rossiya tomonidan operatsiyalar rejalashtirilishini ko‘rib chiqsak, rossiyaliklar hozirda NATO 5-modda bo‘yicha majburiyatlarni qanchalik bajarishini sinab ko‘rishga qaratilgan," deya qo‘shimcha qiladi Lakiychuk.

NATO shartnomasining eng mashhur 5-moddasiga ko‘ra, alyansning bir yoki bir nechta mamlakatiga qilingan hujum hammaga qilingan hujum deb hisoblanadi va shunga ko‘ra, alyansning barcha a’zolari tajovuzkorga qarshi chiqishi kerak.

NATOning so‘nggi sammitida Donald Tramp shartnomaning ushbu moddasi to‘g‘riligini tasdiqladi.

Shu bilan birga, NATO nizomining 5-moddasi tarixda faqat bir marta – 2001 yil 11 sentyabrda AQShga uyushtirilgan teraktlardan keyin qo‘llangan. Ittifoqchilar, masalan, Estoniyaga qarshi harbiy tajovuz paytida aslida qanday harakat qilishi haqidagi savol ochiq qolmoqda.

Belarus-Rossiya armiyasi mashg‘ulotlari fonida Boltiqbo‘yi mamlakatlarida Rossiya tajovuzi uchun potentsial zaif bo‘lgan bir nechta joylar haqida gapirish mumkin.

Birinchisi – Suvalka yo‘lagi. Bu Polsha va Litva o‘rtasidagi taxminan 60 km kenglikdagi tor hudud bo‘lib, Boltiqbo‘yi davlatlarining NATOning qolgan a’zolari bilan quruqlikdagi yagona aloqa yo‘li hisoblanadi. U alyansning potentsial "eng zaif joyi" sifatida qaralmoqda, chunki u Rossiyaning Kaliningrad viloyati va Belarus o‘rtasida joylashgan, bu esa strategik zaiflikni keltirib chiqaradi.

Xaritada alohida ko‘rsatilgan Suvalka yo‘lagi

Rossiyaning Boltiqbo‘yi mamlakatlariga taxminiy hujumi stsenariylarida tez-tez uchraydigan boshqa joylar Latviyadagi Daugavpils va Estoniyadagi Narva bo‘lib, bu etnik ruslar ko‘p yashaydigan chegara shaharlaridir. Shuningdek, Litvaning Vilnyus okrugidagi Shalchinin tumani ham bor bo‘lib, uning bir qismi Belarusni uch tomondan o‘rab turadi.

Litva poytaxti Vilnyusning o‘zi ham Belarus chegarasidan atigi 25 km uzoqlikda joylashgan.

"Davlatlarimiz ehtimoliy hujumni hisobga olishlari kerak. Lekin bu yil, menimcha, qandaydir jiddiy keskinlashuv xavfi yo‘q. Mutaxassislar gibrid hujumlar ehtimolini ko‘rib chiqmoqda," deydi Lodz universiteti xodimi, polshalik xalqaro tadqiqotchi Barbara Yundo-Kalishevska.

Uning aytishicha, bunday gibrid hujumlar Belarusdan "noqonuniy" shaxslar oqimini xuddi o‘sha Suvalka yo‘lagi hududiga yo‘naltirish bo‘lishi mumkin. Yoki mazkur hududlarda yoxud Boltiq dengizida turli xil diversiyalar uyushtirish.

"2025-yilgi mashg‘ulotlar NATO ittifoqchilarining javob reaktsiyasi tezligini sinash, uning doktrinasidagi "kulrang zonalar"ni o‘rganish, shuningdek, dronlar va robototexnikadan foydalangan holda turli kuchlarni qo‘llashni sinab ko‘rish bo‘lishi mumkin," deya gibrid tahdidlarni ta’riflaydi Yevropa siyosati tahlili markazi (CYePA).

Urib tushirilgan dron

Surat manbasi, Lithuanian Defence

Bunga misol sifatida yaqinda Belarusdan Litvaga portlovchi modda ortilgan "gerbera" (Rossiyadagi "shahed"ning muqobillaridan biri) uchib kelganini keltirish mumkin.

Garchi hozir Rossiyaning "G‘arb-2025" doirasida keng ko‘lamli hujumi stsenariysi real deb hisoblanmasa-da, NATO bu davrda o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazmoqda – Polshada Iron Defender va Litvada Fierce Wolf.

Belarus Mudofaa vazirligi esa "G‘arb-2025" mashg‘ulotlarida "alohida bo‘linmalar"ni o‘zining g‘arbiy chegaralariga ko‘chirishi mumkinligini istisno qilmadi.

Ukrainaga hujum?

Tank

Surat manbasi, Belarus Mudofaa vazirligi

2022 yildan keyin rossiyaliklarning Belarusdagi harbiy mashg‘ulotlari ortidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana bir stsenariy – Ukrainaning shimoliy viloyatlariga yangi hujumir.

Bu yerda ham hamma narsa mashg‘ulotlarga jalb qilingan rossiyalik harbiylarning haqiqiy soniga bog‘liq bo‘ladi.

"Kiev viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jangovar harakatlarni boshlash hamda Rovno, Volin va Chernigov viloyatlariga raketa zarbalari berish uchun atay e’tibor chalg‘itish maqsadida Boltiqbo‘yi mamlakatlariga qarshi qandaydir provokatsiyalar bo‘lishi mumkin," deb taxmin qilmoqda belaruslik jurnalist, "Xartiya'97" sayti bosh muharriri Natalya Radina.

"2022 yilda rossiyaliklar Belarusdan Pinsk botqoqliklari va Chernobil zonasi orqali chiqib ketishiga ishonib bo‘lmasdi. Lekin ular chiqishdi. Shuning uchun kuchlar joylashuvini, ular qanday harakatlarni mashq qilayotganini, shtablarning qanday harakat qilayotganini kuzatish kerak. Dushman kularining tarkibi qanday – bu yerda razvedkaning puxta ishi bo‘lishi kerak," deya ta’kidlaydi Pavel Lakiychuk.

Uning aytishicha, 2021 yilda bo‘lgani kabi botqoqliklarni kechib o‘tish va ko‘priklar qurish bo‘yicha muhandislik harakatlarini mashq qilish ayniqsa e’tiborli bo‘lishi mumkin.

"Mashg‘ulotlarning rasmiy yakunlanishiga e’tibor bermaslik kerak. Bostirib kirish operatsiyasi bir necha oyga ham kechikishi mumkin. Balki ular keyinchalik g‘arbdan sharqqa zarba berishni yoki yana qandaydir harakatlarni amalga oshirishni xohlashar," deya istisno qilmaydi Lakiychuk.

Shu bilan birga, u qo‘shimcha qilishicha, hozircha shimoldan hujumga tayyorgarlik haqida hech qanday signal yo‘q.

2022 yildan beri potentsial tahdid Belarus armiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga jalb qilish bo‘lib qolmoqda, ammo buning uchun Moskvada Belarus qurolli kuchlarini nazorat qilish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilinishi kerak, deydi ekspert.

Qo‘lida avtomat quroli bilan yerdagi yog‘och to‘shak ustida yotgan Belorus harbiysi

Surat manbasi, Belarus Mudofaa vazirligi

11 avgust kuni Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko shunday deb yozgan edi: "Rossiyaning Belarusdagi "G‘arb-2025" mashg‘ulotlari bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida. U yerda qancha rus askari borligini ko‘rib turibmiz, nima bo‘layotganini tushunib turibmiz. Bugungi kunda u yerdan Ukrainaga hech qanday harbiy tahdid yo‘q."

Bunday tahdid bir necha o‘n ming rossiyalik harbiydan iborat guruh bo‘lishi mumkin edi.

"Agar ular u yerda 50 ming askar yig‘ishsa ham, yetarlicha jiddiy muammo keltirib chiqaradi, chunki odamlarni ko‘chirishga to‘g‘ri keladi," deydi Jitomir viloyatida joylashgan SSO bo‘linmalaridan birining jangchisi Bi-bi-si Ukraina xizmati bilan suhbatda.

"Mayli, kelaverishsin. Yetib bormaydi," deya qo‘shimcha qiladi u.

Shunisi e’tiborga loyiqki, 2022 yil bahorida rossiyaliklar chekinganidan keyin ham Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan so‘nggi hududi – Chernigov viloyati frontga aylanmadi. U ham Belarus, ham Rossiya bilan chegaradosh.

12 avgust kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Volodimir Zelenskiy hozir Rossiya Ukraina sharqi va janubida uchta yo‘nalishda hujumga tayyorlanayotganini aytdi.

Hujum imitatsiyasi

Tank kolonnasi o‘rmon chetidagi qum yo‘l bo‘ylab harakatlanmoqda

Surat manbasi, Rossiya Mudofaa vazirligi

Aslida, cheklangan miqdordagi Ukraina mudofaa kuchlarini ko‘chirish zarurati bilan bog‘liq boshqa stsenariy – ruslarning shimoldan hujumini imitatsiya qilishdir.

"E’tiborni chalg‘itish uchun shantaj va tahdidlar orqali Ukraina sharqidagi frontdan kuchlarning bir qismini Belarus chegarasiga tortishga urinish bo‘lishi mumkin," deydi Natalya Radina.

Rossiyaliklar allaqachon Belarusdagi mashqlardan Ukrainaga axborot ta’sirini o‘tkazishga urinish uchun foydalangan.

"2023 yil boshida Belarusda qo‘shma taktik mashqlar o‘tkazildi, mamlakatga "Iskander-M" operativ-taktik raketalar kompleksi olib kelindi va manyovrlarning yo‘nalishi mudofaadan hujumga o‘zgartirildi. Biroq, keyinchalik Pentagonning oshkor etilgan maxfiy hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, bu harakatlarning barchasi Ukraina razvedkasini Belarus hududidan takroriy hujumning haqiqiy xavfi mavjudligiga ishontirishga qaratilgan edi," deb yozadi "Ukrainskaya prizma" Tashqi siyosat kengashi tahlilchilari Yaroslav Chernogor va Pavel Rad.

Shuning uchun bunday stsenariyda rossiyaliklar ham Ukrainaning shimoliy chegaralariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan darajada kuch to‘plashi kerak bo‘ladi.

Ukraina razvedkasining vazifasi esa uning haqiqiy niyati va jangovar tayyorgarligini to‘g‘ri baholashdan iborat.

Hech narsa sodir bo‘lmaydi

Belarus va Rossiya bayroqlarini ko‘tarib o‘tayotgan harbiylar kolonnasi

Surat manbasi, Belarus Mudofaa vazirligi

Surat tagso‘zi, "G‘arb-2021" harbiy mashqlarining tantanali ochilish marosimi

Nihoyat, ehtimol eng haqiqatga yaqin stsenariy – "G‘arb-2025" mashqlari tugaydi va undan so‘ng hech narsa bo‘lmaydi.

Buning asosiy sababi shundaki, Ukraina bilan urush paytida Rossiyaning "Belarus platsdarm"idan biror sezilarli harakat qilishga kuchi yetmaydi.

Bu yerda Donald Tramp ishtirokidagi ehtimoliy tinchlik muzokaralari ham natijaga, ham jarayonning o‘ziga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, harbiy tahlilchilar hozirgi "G‘arb-2025" manevrlari kichik miqyosda bo‘lsa ham, bu mashqlar kelajak uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida ogohlantiradilar.

Harbiy avtomobillar ustidagi raketa tizimlaridan o‘t ochish

Surat manbasi, Rossiya Mudofaa vazirligi

Surat tagso‘zi, Rossiya va Belarus ishtirokidagi harbiy mashqlar har qanday holatda ham NATOning sharqiy qanoti uchun xavf hisoblanadi deyishadi harbiy tahlilchilar

"G‘arb-2025" nafaqat ramziy tadbir sifatida, balki NATOning Ukrainadan tashqari sharqiy qanotidagi ehtimoliy eskalatsiyaga tayyorgarlik bo‘yicha tobora faolroq strategiyaning bir qismi sifatida ham ko‘rib chiqilishi kerak," deya ogohlantiradi CYePA.

"Bu Yevropa va Yevroatlantika hamjamiyati uchun murakkab ko‘p qirrali muammo. G‘arb yetakchilari nafaqat bunday keng ko‘lamli harbiy mashqlarning oqibatlarini hisobga olishi, balki ularning demokratik birligiga putur yetkazishga qaratilgan gibrid bosim kampaniyalariga qarshi turishga ham tayyor bo‘lishlari kerak," deya qo‘shimcha qiladi ular.

Pavel Lakiychuk esa Ukraina turli stsenariylarga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi: "Ukraina bu mashqlarga ehtiyotkor munosabatda bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlar davomida u yoki bu ko‘rinishda keyinchalik Ukraina shimoliy chegarasida boshlanishi mumkin bo‘lgan harakatlarga tayyor turishi lozim."