Ahmad al-Sharaa Suriya prezidenti bo‘ldi. Dunyo yana qaysi jangarilarni davlat arbobi o‘laroq qabul qilgan edi?

Surat manbasi, Getty Images
Tarixda bir paytlar jangari, qurolli guruh yetakchisi yoki hattoki terrorchi sifatida tamg‘alangan shaxslar siyosiy arbobga aylanib, o‘z xalqlari taqdirini shakllantirgan holatlar bir necha bor uchragan. Suriya yetakchisi Ahmad al-Sharaa bu ro‘yxatni to‘ldirgan so‘nggi shaxsga aylandi.
Bunday hollar doim odil sudlov, yetakchilik va qonuniylik tushunchalari bo‘yicha bahslarni keltirib chiqargan.
Endilikda, Hay’at Tahrir ash-Shom (HTS) guruhi yetakchisi bunday shaxslar safiga qo‘shilib, jangarilik va davlat arbobi chegarasining qayta muhokama qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Avval Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi ostida al-Sharaa boshqargan HTS al-Qoida bilan bog‘liq bo‘lgani sababli terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bugun esa AQSh, Buyuk Britaniya va Turkiya diplomatik munosabatlarni o‘rnatib, al-Sharaani Suriyaning amaldagi rahbari sifatida tan oldi.
Bu keskin burilish – ayniqsa, AQSh bir vaqtlar uni qo‘lga olish uchun 10 million dollar mukofot taklif qilganini hisobga olganda – kishini hayratga soladi.
Al-Sharaaning yo‘li boshqa bir qator mashhur shaxslarning yo‘lini eslatadi.
Ular ham jangarilik faoliyati bilan boshlangan hayotlarida keyinchalik siyosiy arbob sifatida xalqaro tan olinishga erishgan.
Bu esa muhim bir savolni o‘rtaga chiqaradi: zo‘ravonlik orqali yetakchilikka erishgan shaxslarni tarix qanday baholashi kerak?
Ahmad al-Sharaa – Bahsli diplomatiya ramzi
Ahmad al-Sharaa Suriyaning "o‘tish davri"dagi prezidenti etib e’lon qilingani haqida mamlakat rasmiy matbuot xabar qilgan.
Bu xabar isyonchilar Bashar al-Asad rejimini ag‘darganidan yetti hafta o‘tib paydo bo‘lgan.
Al-Sharaa prezident bo‘lishi ortidan mamlakatning 2012 yildagi Konstitutsiyasi bekor qilingan, parlament, armiya va xavfsizlik xizmatlari tarqatib yuborilgan.
Ma’lum qilinishicha, al-Sharaa prezident o‘laroq muvaqqat qonun chiqaruvchi kengash ham tashkil etadi – kengash yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar qudratda bo‘ladi.

Surat manbasi, AFP
Ahmad al-Sharaa davlat institutlari, xususan, armiya, xavfsizlik agentliklari va politsiya qaytadan tashkil etilishini bildirgan.
Suriyaning tilga olingan "o‘tish davri" qancha davom etishi noma’lum, ammo dekabrь oyida bergan intervyusida al-Sharaa yangi saylov tashkil etish ishlari to‘rt yilga qadar vaqt olishi mumkinligi haqida gapirgan edi.
Ahmad al-Sharaa bunga qadar Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi ostida tanilgan.
Uning yetakchiligidagi HTS al-Qoidaga aloqadorligi tufayli haliga qadar BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning terrorchilar ro‘yxatida turibdi.
8 dekabrь kuni al-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar poytaxt Damashqni ishg‘ol etganidan so‘ng mamlakatni 24 yil boshqargan Bashar al-Asad Suriyani tashlab, Rossiyaga qochgan edi.
Asad rejimining ag‘darilishi va mamlakatda 10 yildan ziyod vaqt davom etgan fuqarolar urushi yakunlanishi ortidan rivojlangan davlatlar al-Sharaa hokimiyatini tan ola boshlagan.
AQSh esa al-Sharaaning qo‘lga olinishi yo‘lida e’lon qilingan 10 million dollar qiymatdagi mukofotni yaqindagina bekor qilgan.
Menahem Begin — Jangari yetakchidan Nobel mukofoti sovrindorigacha

Surat manbasi, Getty Images
1940 yillarda Menahem Begin Irgun deb atalgan yahudiy harbiy guruhiga rahbarlik qilgan.
Ushbu guruh Falastindagi britan hukumatiga va arab aholisiga qarshi hujumlar uyushtirgan.
Britaniyaliklar o‘sha vaqtda qidiruvdagi terrorchi hisoblangan Beginning boshi uchun 50 ming dollar mukofot ham e’lon qilgan.
Begin rahbarligida Irgun 1946 yilda Quddusdagi Qirol Devid mehmonxonasini portlatib, 91 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
Ammo 1948 yilda Isroil davlatining tashkil topishi ortidan Beginning hayot yo‘li keskin burilish olgan – u siyosatchiga aylangan.
1977 yilda Begin Isroil bosh vaziri bo‘lgan va bir yil o‘tib, Misr prezidenti Anvar Sadat bilan Kemp-Devid kelishuvini imzolagan, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillik dushmanlikka yakun yasadi.
Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishiga qo‘shgan hissasi uchun Begin va Sadat 1978 yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan.
Yosir Arafat – "Ozodlik kurashchisi"dan tinchlik tarafdorigacha

Surat manbasi, Getty Images
1929 yilda Qohirada dunyoga kelgan Yosir Arafat Isroil davlati tashkil etilganidan so‘ng yuz minglab falastinliklar o‘z uyidan qochishga majbur bo‘lganini ko‘rib, yahudiy armiyasiga qarshi qurolli harakat boshlashga qaror qilgan.
U Fatah harakati asoschilaridan biri va Falastin ozodlik tashkiloti (PLO) rahbari edi.
PLO tarkibidagi ba’zi guruhlar 1970-80 yillarda terrorchilik aktlari o‘tkazgan bo‘lsada, Arafat o‘zini "ozodlik kurashchisi" deb atagan.
AQSh PLO'ni 1987 yilda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.
Ammo oradan bir yil o‘tib, Arafat PLO nomidan ommaviy bayonot bilan chiqib, guruhga qo‘yilayotgan terrorchilik ayblovlarini rad etgan.
1993 yilda u Oslo kelishuvlarini imzolab, Isroilni tan olgan va buning evaziga falastinliklar G‘azo bo‘lgasi hamda G‘arbiy Qirg‘oqdagi sektorda o‘zini o‘zi boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan.
Bu tinchlik kelishuvi uchun Arafat 1994 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Martin MakGinnes — Qirolicha bilan qo‘l siqishgan jangari

Surat manbasi, Getty Images
Martin MakGinnes 1960-1990 yillarda Shimoliy Irlandiyada Britaniya hukmronligini tugatish maqsadida terrorchilik aktlarini amalga oshirgan Irlandiya Respublikachilar Armiyasi (IRA)ning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.
U 1973 yilda portlovchi moslamalar olib ketayotgan mashina yonida qo‘lga tushgach, qamoqqa tashlangan.
Britaniya hukumati MakGinnesni 1987 yilda Shimoliy Irlandiyada 11 insonning umriga zomin bo‘lgan bomba portlashiga aloqadorlikda ayblagan. U bu ayblovni rad etgan.
Ammo 1998 yilda o‘nlab yillar davom etgan zo‘ravonliklarga chek qo‘ygan Yaxshi juma kelishuvi imzolanishidagi ishtiroki MakGinnesning tinchlik yo‘lini tanlashda burilish nuqtasi bo‘lgan.
MakGinnes keyinchalik Shimoliy Irlandiya Bosh vaziri o‘rinbosariga aylangan va Buyuk Britaniya qirolichasi Elizabet II bilan qo‘l siqishib ko‘rishgan ham.
Bu ramziy salomlashuv Irlandiyada tarixiy yarashuvning belgisi sifatida ko‘rib kelinadi.
Gustavo Petro – Kolumbiya prezidentiga aylangan partizan

Surat manbasi, Getty Images
2022 yilda Gustavo Petro Kolumbiya prezidenti etib saylandi.
Ammo Petro o‘z siyosiy faoliyatini Kolumbiyaning eng zo‘ravon qurolli guruhlaridan biri bo‘lgan 19 aprel harakati (M-19) a’zosi sifatida boshlagan.
Petro ushbu guruh a’zosi o‘laroq zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlamaganini ta’kidlagan bo‘lsada, u qurol va portlovchi moddalar saqlashda ayblanib, qamoq jazosini o‘tagan.
Petro qamoqdalik chog‘ida M-19 poytaxt Bogotadagi Adliya saroyiga bostirib kirib, o‘z tarixidagi eng qonli harakatni amalga oshirgan.
Kolombiya qurolli kuchlari saroyda qolgan yuzlab asirlarni qutqarish yo‘lida M-19 bilan 27 soat davomida jang qilgan, oqibatda, yuzga yaqin inson halok bo‘lgan.
1990 yilda M-19 siyosiy partiyaga aylangan va Petro siyosatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, 2022 yilda prezidentlikni qo‘lga kiritgan.












