Tramp Ash-Shar’a bilan uchrashdi, Suriyaga qarshi sanksiyalarni olib tashladi, Qatar bilan $243 milliardlik bitimlar imzolandi

O'qilish vaqti: 5 daq

Tramp AQSh prezidenti samolyotida

Surat manbasi, Reuters

O‘zining ikkinchi AQSh prezidentligi xorijiy safarini Yaqin Sharqdan boshlagan Donald Tramp Saudiya Arabistoni va Qatardagi muloqotlaridan juda mamnun bo‘ldi.

13 may kuni Saudiya Arabistoni bilan AQSh 142 milliard dollarlik bitimlar imzoladilar.

Tomonlar ushbu kelishuvni "tarixdagi mudofaa mahsulotlari bo‘yicha eng yirik bitim" deb ta’rifladilar.

Bu qator Amerika kompaniyalaridan Saudiya Arabistoni harbiy jihozlar va xizmatlar olishini anglatadi.

Ar-Riyodda Prezident Tramp Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon davrasida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi.

Muloqotda video konferentsiya orqali Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an ham qatnashdi.

AQSh Suriyaga nisbatan hali 1970 yillarda kiritgan jazo choralarini olib tashlagani bekor qilindi.

Prezident Tramp Suriyani Abraham Kelishuviga chaqirgan.

Bu kelishuv Isroil bilan Arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan.

Ushbu kelishuv doirasida Birlashgan Arab amirliklari, Bahrayn va Marokash Isroil bilan 2020-2021 yillari shartnomalar imzolashgan.

Tramp Suriyaning Isroil bilan aloqalarini yaxshilashini xohlashini aytdi.

Trampda Ash-Shar’a yaxshi taassurot qoldirdi.

Muvaqqat prezident Ahmad ash-Shar’a AQSh neft kompaniyalarini Suriya neft va gaz sohasiga investitsiya kiritishga chaqirdi.

Saudiyadan so‘ng Prezident Tramp Qatar poytaxti Dohaga yo‘l oldi.

U yerda ham Amerika prezidenti dabdabalar bilan kutib olindi.

Oq Uyga ko‘ra, AQSh bilan Qatar o‘rtasida 1,2 trillion dollarlik manfaat keltiradigan bitimlar imzolangan.

Jami bitimlar 243 yarim milliard dollardan ziyodga baholanishi aytildi.

Ular orasida eng yirigi Amerikaning "Boing" kompaniyasi bilan kelishuv bo‘lib, Qatar 96 milliard dollarga 210 ta samolyot sotib olishga qaror qilgan.

Shuningdek, AQShning Parsons shirkati bilan 97 milliard dollarlik, McDermott energetika injiniring kompaniyasi bilan 8,5 milliardlik, qator harbiy aslahalar, xususan, turli xil dronlar xarid qilishga kelishilgan.

Bundan oldin Tramp Qatardan qiymati 400 million dollarga baholanadigan hashamatli samolyotni hadya sifatida olishi, prezidentligi davrida undan foydalanib turishi, so‘ng bu samolyot AQSh prezidenti kutubxonasiga topshirilishi xabari muxoliflar tanqidiga sabab bo‘ldi.

13 may. Tramp Yaqin Sharqda, ammo u Isroilga bormasligi mumkin, AQSh prezidenti G‘azodagi urushni to‘xtatishga qodirmi?

Tramp va shahzoda

Surat manbasi, Getty Images

AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘ylab rasmiy safari boshlandi. Prezident tashrif davomida Isroilni chetlab o‘tishi mumkin. BMT Isroilning G‘azoga yegulik o‘tkazmasligini "urush quroli" deb ta’rifladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ikkinchi marta prezident etib saylangach, Amerika prezidentlarining odatiga zid ravishda o‘zining ilk rasmiy safarini Saudiya Arabistonidan boshladi.

Poytaxt Ar-Riyod aeroportida uni qirollikning amaldagi rahbari, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon shaxsan kutib oldi.

Yaqin kunlarda u Yaqin Sharqdagi yana ikki mamlakat — Qatar va BAAga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Aloqador mavzular:

Tramp va bin Salmonning dastlabki uchrashuvi suratlarida ular Ar-Riyoddagi qirol Xolid nomidagi aeroportda Saudiya qirollik oilasi a’zolari portretlari yonida birga o‘tirishgani aks etgan. Uchrashuvda AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham qatnashdi.

Uchrashuvlar davomida davlat rahbarlari bir necha kelishuvlarni imzoalagan. Oq uyning xabar berishicha, uchrashuvlar natijasi o‘laroq AQSh mudofaa tizimi tarixida misli ko‘rilmagan – 142 milliard dollarlik shartnoma imzolangan.

Donald Tramp bugun va ertaning bir qismini Ar-Riyodda o‘tkazishni rejalashtirgan.

Chorshanba kuni AQSh prezidenti Qatarga yo‘l oladi. U o‘zining Yaqin Sharq bo‘ylab safarini juma kuni BAAga tashrif bilan yakunlaydi.

Isroil chetda qolgan safar

bayroq

Surat manbasi, Reuters

BBC muxbiri Entoni Zurker Trampning Yaqin Sharq marshrutida Isroil yo‘qligiga e’tibor qaratadi va bu holatni ahamiyatli deb baholaydi.

Uning yozishicha, Isroil rasmiylari Tramp ma’muriyatini mamlakatni safar doirasiga qo‘shishga ko‘ndirishga uringan, ammo bundan natija chiqmagan.

Holbuki, shanba kuni AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi amerikaliklar va isroilliklar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamligicha qolayotganini ta’kidlagandi. Ammo Vashingtonning uzoq yillik ittifoqdoshini bunday ochiqcha chetlab o‘tishi AQShning mintaqa bo‘yicha ustuvor maqsadlari boshqa yo‘nalishga o‘zgarayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Dushanba kuni AQSh va falastinlik HAMAS harakati o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida Amerika fuqaroligiga ega garovga olingan isroillik Edan Aleksandr ozod etildi — bu jarayonda Isroil ishtirok etmadi.

Yana boshqa qadamlar ham Isroil rahbariyatida hayrat va xavotir uyg‘otmoqda — jumladan, Yamanda husiy isyonchilari bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar va Eron bilan yadroviy dastur masalasidagi bevosita muloqotlarda Isroil manfaatlari muhokama qilinmayapti.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Tramp Oq uyga ikkinchi bor qaytganidan keyin u bilan Vashingtonda uchrashgan ilk xorijiy yetakchi bo‘lgan edi.

Ammo Tramp o‘zining birinchi yirik xorijiy safari doirasida, ramziy ma’noda aytganda, Isroildan "bir ko‘cha" nariga kelib, Netanyahunikiga "kirib o‘tmasligi" kutilmoqda, deya yozadi BBC tahlilchisi.

Arab rahbarlari Trampdan G‘azo borasida ko‘proq harakat talab qilishi mumkin

BBCning xalqaro bosh muxbiri Lays Duset Ar-Riyoddan Prezident Donald Trampning tashrifi mintaqa uchun juda hassos bir vaqtda amalga oshmoqda, xabar beradi.

Arab davlatlari yetakchilari undan G‘azodagi azob-uqubatlarni yengillashtirish, qolgan garovdagi insonlarni qaytarish va Isroilga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bosim o‘tkazishni talab qilishi tayin, deydi u.

Tramp bu urushni tugatishni istashini ochiq aytgan, biroq to‘rt kunlik safari davomida u nima qila olishi va nima qilishga tayyor ekani hali ham aniq emas.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu esa bir kun oldin o‘zini Trampga yaqin ittifoqchi sifatida ko‘rsatish maqsadida ular Isroilning urush maqsadlari — jumladan, Hamasni tor-mor etish — yuzasidan kelishib olganini ta’kidladi.

Tramp o‘zini "dunyoning eng yaxshi tinchlikparvari" deb ataydi, ammo u mintaqa davlatlarini o‘z muammolarini hal etishda faolroq bo‘lishga undaydi.

"AQShning bu qadar ko‘p inqirozlarni boshqarishga quvvati ham, imkoniyati ham qolmayapti", – deydi Chatham House tahlil markazi vakili Sanam Vakil.

Shunga qaramay, prezident Trampning so‘zlari va ogohlantirishlari bu mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.

Ayniqsa, G‘azoda ko‘pchilik uning so‘zlari va amalda qiladigan ishlarini diqqat bilan kuzatishadi.

Isroil ochlikdan urush quroli sifatida foydalanyaptimi?

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazarini
Surat tagso‘zi, BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazarini

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Prezident Donald Trampning Yaqin Sharqdagi boy arab monarxiyalariga safari tugagach, G‘azoga yangi "intensiv" hujumlar boshlanishini va’da qilmoqda.

Bu hujumlar faqat havo va artilleriya zarbalarini emas, balki minglab falastinlik fuqarolarni ko‘chirish rejalarini ham o‘z ichiga oladi.

Urushdan avval G‘azo dunyodagi eng gavjum hududlardan biri edi. Isroilning rejasi esa imkon qadar ko‘proq falastinlikni janubdagi juda kichik hududga — deyarli butunlay vayron qilingan Rafa shahri atrofiga jamlashdan iborat.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

BMTning insonparvarlik idorasi ma’lum qilishicha, G‘azo hududining 70 foizi falastinliklar uchun amalan yopiq hisoblanadi. Isroil esa ularni yanada torroq hududga ko‘chirmoqchi.

BMTning falastinlik qochqinlarga yordam beruvchi agentligi (UNRWA) bosh komissari Filipp Lazarini:

"G‘azodagi odamlar boshiga tushgan fojea va azobni ifoda etish uchun so‘zlarim tugayapti. Ular ikki oydan beri yordamsiz qolgan", deydi.

"Ochlik kengaymoqda, odamlar zaiflashgan, och. Agar yaqin haftalarda yordam kiritilmasa, odamlar bombardimondan emas, balki ovqat yo‘qligi sababli halok bo‘ladi. Bu — insonparvarlik yordamini urush quroliga aylantirish demakdir."