Xalqaro Amnistiya Isroilni genotsidda aybladi

G‘azoda yarador keksa ayolni ko‘tarib olib ketayotgan ikki yigit

Surat manbasi, AFP

O'qilish vaqti: 3 daq

Inson huquqlarini himoya qilish Xalqaro Amnistiya tashkiloti Isroilni G‘azoda falastinliklarga qarshi genotsid jinoyatini sodir etishda ayblagan hisobot e’lon qildi.

Ayblovni Isroil keskin rad etadi.

Britaniyada joylashgan inson huquqlari tashkiloti aytishicha, tashkilotning ushbu xulosasi Isroil rasmiylarining "noinsonparvar va genotsidli bayonotlari", raqamli suratlar va guvohlarning ko‘rsatmalariga asoslangan va bu hisobot xalqaro hamjamiyat uchun "uyg‘otishga chaqiriq" bo‘lib xizmat qilmog‘i lozim.

Isroil tashqi ishlar vazirligi 295 sahifalik hisobotni "butkul soxta va yolg‘onlarga asoslangan" hisobot deb ta’rifladi, Isroil harbiylari esa iddaolar o‘zlari duch kelib turgan "operatsional reallikka mos kelmaydigan" butkul asossiz iddaolar deb munosabat bildirdi.

Ayni vaqtda mahalliy shifokorlar Isroilning G‘azoga zarbasi oqibatida kamida 50 falastinlik halok bo‘ldi deb xabar berdilar.

Bular orasida eng ko‘p qurbon Malaviy chodir shaharchasida to‘plangan, yashash joyidan ko‘chgan insonlar orasida bo‘lgan.

Isroil u yerda Hamas jangarilarini nishonga oldik deydi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, oylab davom etgan tadqiqot Isroil "falastinliklarga qarshi genotsid sodir etgan va sodir etishda davom etayapti degan xulosaga kelishga yetarli asos topgan.

Natsistlar Xolokostda yahudiylarni ommaviy qirg‘in qilgari ortidan qabul qilingan 1948 yilgi Genotsid Konventsiyada genotsid shunday ta’riflanadi: "milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruhni to‘laligicha yoki bir qismini yo‘q qilish maqsadida sodir etilgan amallar".

Xalqaro Amnistiya bosh kotibi Agnes Kallamard aytishicha, Isroilning amallari, xususan, "qotilliklar, tana yoki ruhiy jiddiy shikast yetkazishlar va G‘azoda falastinliklarga atayin yaratilgan hayot sharoitlari jismoniy yo‘q qilish hisob-kitobi" bilan qilingan.

"Oy sayin Isroil G‘azoda falastinliklarga inson huquqlariga mos bo‘lmagan va qadri yo‘q odam bo‘lmagan(subhuman) guruh sifatida muomala qildi, bu bilan ularni jismonan yo‘q qilish niyatida ekanini namoyish etdi", dedi Kallamard xonim.

Xalqaro tashkilotning ushbu hisoboti BMTning eng yuqori mahkamasi - Haagadagi Xalqaro Adolat sudi Janubiy Afrikaning Isroilning G‘azoda genotsid sodir etayotgani haqidagi da’volarini tergov qilayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Isroil ushbu sud ishini "butkul asossiz" va "bir yoqlama va soxta da’volarga asoslangan" deb ta’rifladi.

Xalqaro Amnistiyaning ayblovlariga munosabat bildirgan Isroil Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Oren Marmortsen inson huquqlari tashkilotini "ayanchli va fanatiklar tashkiloti" deb ta’rifladi.

"Genotsid qirg‘ini 2023 yil 7 oktyabrida Hamas terrorchi tashkiloti tomonidan Isroil fuqarolariga nisbatan sodir etilgan, deb aytgan Oren Marmortsen, Isroil o‘zini "xalqaro qonunlarga to‘la rioya qilgan holda" mudofaa qilayapti, dedi.

Isroil harbiylari aytishicha, G‘azodagi Hamas harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish maqsadida faol ishlayapti va "amaliyotlari chog‘ida tinch fuqarolarga shikastni kamaytirish uchun barcha imkonli choralarni ko‘rayapti".

15 oy oldingi Hamas yetakchiligidagi Isroil janubiga hujumlar oqibatida askari tinch fuqarolar bo‘lgan qariyb 1200 isroillik halok bo‘lgan, bu G‘azo urushiga sabab bo‘lgan edi.

O‘shandan buyon Hamas yuritadigan tibbiyot rasmiylari taqdim etgan va BMT ishonchli deb biladigan ma’lumotlarga ko‘ra G‘azoda kamida 44,532 inson halok bo‘ldi, ularning aksari tinch fuqarolardir.

G‘azodagi Malaviy chodir shaharchasi Isroil zarbasidan keyin
Surat tagso‘zi, Shifokorlar Malaviy chodir shaharchasida kamida 50 inson halok bo‘ldi, deydilar

4 dekabr kuni butun Falastin hududlari bo‘ylab huujumlarini davom ettirdi.

Xon Yunisdagi yashash joyidan ko‘chgan odamlar vaqtincha boshpana topgan Al-Malaviy chodir jamlog‘iga havo hujumi oqibatida kamida 23 inson halok bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda yarim tunda yong‘in bilan kurashayotgan odamlar aks etgan video tarqalgan.

U yerga yaqin Nosir shifoxonasida Bi-bi-sining mahalliy video operatori qonga belangan bolalar va nogiron erkak yaradorlar olib kelinganini tasvirga olgan.

Ikki bolaning jasadi ko‘rpalarga o‘rab olib kelingan.

Isroil harbiylari aytishicha, hujum gumanitar zonada harakat qilgan Hamas a’zosini nishonga olgan.

"Hujum ortidan ikkinchi portlash aniqlandi, bu narsa hududda qurol-yarog‘ bo‘lganidan darak beradi", dedi Isroil harbiylari o‘z bayonotida.

Isroil harbiylari "tinch fuqarolarga shikast riskini kamaytirish" choralarini ko‘rganini aytadi, Hamas "o‘zining terrorchilik faoliyatida tinch fuqarolardan insoniy qalqon sifatida foydalanayapti", deb aybladi.

Bi-bi-si qo‘lga kiritgan videoda hujumdan keyin odamlar kullar orasidan yeguliklarni terib olayotgani tasvirlangan.

"Hujum ogohlantirishsiz bo‘ldi va katta qirg‘in qildi. Bu yerda har joydan odamlar bor - Rafahdan ham, shimoldan ham. Odamlar bu yerga xavfsiz joy qidirib kelgan", dedi Muhammad Abu Shahli.

Boshidagi yarasi bog‘lab qo‘yilgan Abdul Rahmon Jamoa so‘zlariga ko‘ra, oilasining yetti a’zosi, shu jumladan, otasi va uch inisi halok bo‘lgan.

"Isroil aytgan xavfsiz joy yo‘q bu yerda. Bu gaplar hammasi yolg‘on. Bizni Xudoning o‘zi asrasin!, dedi Abdul Rahmon.