Rim Papasining o‘limi Markaziy Osiyoda shunchalik aks-sado topdimi – besh mintaqa davlati prezidentining barchasi birdek o‘z hamdardligini yo‘lladi

Tojikiston prezidenti Vatikanda

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 4 daq

Papa Frantsisk Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralagan. Markaziy Osiyoda ham bo‘lgan. Halokatli toshqindan jabr ko‘rgan paytda o‘tgan yili Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirib, ular uchun duo qilishga ham chaqirgan.

U 2022 yilda Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan VII s’ezdida shaxsan ishtirok etgan.

Prezident Qasim-Jomart Toqaev bilan yuzma-yuz muloqot qilgan, Qozog‘iston Konstitutsiyasi e’tiqod erkinligining kafolati ekanligini ta’kidlab, davlat bayrog‘i haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashishgacha borgan, undagi ko‘k rangni ufqni yodga soluvchi cheksizlik ramziga qiyoslagan.

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon esa, Rim Papasi bilan o‘tgan yili Vatikanda qizi va kuyovi bilan birga shaxsan ko‘rishgan, barchalarining qanday birga tushgan suratlari mintaqada ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga jalb etmay ham qolmagan.

O‘shanda prezident Rahmonning Vatikanda otasi, eri va Rim Papasi bilan birga olingan suratdagi qizi Tojikistonning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiyadagi favqulodda va muxtor elchisi ekani aytilgan.

Markaziy Osiyo dunyoning aksariyat aholisi musulmon mintaqasi bo‘ladi.

Aloqador mavzular:

Hamdardlik yoki mintaqa nazdida Rim Papasi qanday odam edi?

Rim Papasi

Surat manbasi, Getty Images

88 yoshda bo‘lgan Rim Papasining hayotdan ko‘z yumganiga oid xabar kecha, 22 aprel kuni olingan.

Xuddi shu manzarada uning vafoti munosabati bilan barcha Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining birdek o‘z ta’ziyalarini yo‘llashlari ham mintaqadagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan voqe’likka aylangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining hamdardligini yo‘llarkan, Rim Papasining O‘zbekiston-Vatikan aloqalari, shuningdek, din va konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlashdagi ishlarini e’tirof etgan.

Uning "butun jahonda muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shganini ta’kidlagan".

Qozog‘iston prezidenti esa, "Rim Papasi Frantsisk tinchlikning buyuk homiysi, dinlararo muloqot va totuvlikning izchil tarafdori sifatida qalblarida abadiy qolishi"ni aytgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Papaning "dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan insonparvarlik, bag‘rikenglik, kechirimlilik, rahm-shafqat va davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni targ‘ib etishga qo‘shgan salmoqli hissasini" olqishlagan.

Emomali Rahmon esa, Rim Papasining vafotiga oid xabarni "chuqur qayg‘u bilan qarshi olganliklari"ni bildirgan.

"O‘tgan yili Vatikanda Ruhoniy Hazratlari bilan bo‘lgan uchrashuvdan olgan yaxshi taassurotlari bilan uning Tojikiston va Muqaddas taxt o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirishga bo‘lgan izchil intilishlarini qayd etgan".

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, "Rim papasi Frantsiskning dinlar o‘rtasida do‘stona munosabatlar o‘rnatish, butun dunyoda tinchlik, osoyishtalik va birdamlikni mustahkamlash borasidagi ulkan sa’y-harakatlari barcha xalqlar xotirasida abadiy qolishi"ni ta’kidlagan.

Shavkat Mirziyoyev
rasmiy
Prezidentimiz Vatikan xalqiga, yer yuzidagi butun katolik ahliga chuqur ta’ziya va hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi.
Sherzod Asadov
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Rim Papasi Frantsisk

Rim Papasi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Papa Frantsisk Argentinada kardinal ekanida, u Iso payg‘ambarga taqlid qilib, dindorlarning oyoqlarini o‘z qo‘llari bilan yuvgan. U bu an’anani Papa bo‘lganida davom ham davom ettirgan.

Papa Frantsisk Rim-katolik cherkovidagi an’anadorlarni g‘azablantirgan, hatto, ba’zida liberallar o‘zlarining ham hafsalalarini pir qilgan.

Argentinada kardinal ekanida, u Iso payg‘ambarga taqlid qilib, dindorlarning oyoqlarini o‘z qo‘llari bilan yuvgan. U bu an’anani Papa bo‘lganida davom ham davom ettirgan.

Vatikanning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,4 milliarddan ortiq odam katolik diniga e’tiqod qiladi. Bu Yer yuzi aholisining taxminan 17% ni tashkil qiladi.

Rim papasi nafaqat katoliklar, balki Vatikan davlati va uning boshqaruv organi Muqaddas Taxtga ham boshchilik qiladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, Muqaddas Taxt suveren tuzilma hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, xalqaro munosabatlarning rasmiy ishtirokchisi bo‘lib, 184 davlat, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan to‘liq diplomatik aloqalarga ega.

Papaning davlat va hukumat rahbari, milliarddan ortiq dindorlar yetakchisi sifatidagi mavqei uni dunyodagi eng nufuzli ma’naviy yetakchilardan biriga aylantiradi.

Muqaddas Taxt Birlashgan Millatlar Tashkilotida doimiy kuzatuvchi maqomiga ega. U ovoz berish huquqiga ega bo‘lmasa-da, yig‘ilishlarda qatnashishi va munozaralarni shakllantirish uchun o‘z ta’siridan foydalanishi mumkin.

Ammo ayrim yetakchi ekspertlar bu cherkovning so‘nggi 25 yil ichida demokratiya rivojiga qo‘shgan hissasi uning eng katta yutug‘i ekanini ta’kidlashadi.

Biroq Vatikan har doim ham dunyo rahbarlariga ta’sir o‘tkaza olmadi, derkan, Bi-bi-sining diniy masalalar bo‘yicha muxbiri Lebo Diseka, katolik bo‘lgan AQSh vitse-prezidenti J.D.Vens o‘z hukumatining immigratsiya siyosatini oqlash uchun diniy dalillarni qo‘llaganida, Rim Papasi Isoning o‘zi ham qochqin bo‘lganligini aytib, unga yo‘llagan qattiq ohangdagi maktubini misol tariqasida keltirib o‘tgan.

Ya’ni, AQSh yangi ma’muriyatining chegara xizmatini nazorat qiluvchi va ayni paytda o‘zi ham katolik bo‘lgan Tom Xoman bunga javoban Rim Papasiga "katolik cherkovini tuzatib olish"ni taklif qilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash, ishlash va tahsil olish maqsadida bo‘lgan Markaziy osiyoliklarning soni yuz minglab.

Ishsizlik va kambag‘allik hanuz anchayin dolzarb, ijtimoiy portlashlar xavfi bir qadar yuqoriligi aytiluvchi Markaziy Osiyoning aksariyat aholisi va ular hukumatlari uchun tashqi mehnat migratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezident Tramp boshchiligidagi yangi AQSh ma’muriyatining migratsiyaga oid keskin siyosati boshqalari qatorida mintaqada ham allaqachon xavotir uyg‘otib bo‘lgan voqe’liklardan biri bo‘ladi.

Shu soatlarda Vatikanning rasman ma’lum qilishicha, Rim Papasi Frantsisk shanba, 26 aprel kuni dafn etiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Rim papasi o‘z vasiyatnomasida uning dafn marosimini, odatga muvofiq, tantanali emas, odmiroq va oddiy nasroniy bilan vidolashuvga o‘xshash qilishni buyurgan.

Dunyoning qator davlatlari yetakchilari Rim papasi Frantsisk bilan xayrlashish uchun Vatikanga borish niyatida ekanliklarini rasman ma’lum qilib bo‘lishgan.

Ularning orasida Frantsiya, AQSh, Braziliya va Rim Papasining ona Vatani bo‘lgan Argentina prezidentlari ham bor.

"Interfaks-Ukraina" va "RBK-Ukraina" agentliklari manbalariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Vatikanga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Mintaqa davlatlari poytaxtlaridan hozircha bunga o‘xshash xabar olinmagan.