Tajovuz, ximikatda kuydirish va elektr toki berish: G‘azoliklar ularni Isroil qamoqlarida qanday qiynashganini aytib berishdi

grafikli rasm
    • Author, Alice Cuddy
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 13 daq

Diqqat: ushbu maqolada ko‘ngilni behuzur qiladigan tafsilotlar bor

G‘azoga qaytarilgan falastinlik mahbuslar Bi-bi-siga Isroil harbiylari va qamoqxona xodimlarining beshafqat munosabati va qiynoqlarga duchor bo‘lganliklarini aytib berishdi.

Mahbuslardan biri kimyoviy moddalar bilan hujumga uchragani, yondirilganini aytdi. "Tanamdagi olovni o‘chirish uchun tipirchilardim," deydi 36 yoshli mexanik Muhammad Abu Tavilah.

Biz ozod etilgan besh nafar mahbus bilan atroflicha suhbatlashdik. Ularning barchasi HAMAS va boshqa guruhlar Isroilda 1200 ga yaqin odamni o‘ldirib, 251 kishini garovga olganidan keyin G‘azoda hibsga olingan. Ular Isroilning "Noqonuniy jangchilar to‘g‘risida"gi qonuni asosida ushlab turilgan. Bu qonunga ko‘ra, xavfsizlikka tahdid solishda gumon qilingan shaxslar noma’lum muddatga ayb qo‘yilmasdan hibsda saqlanishi mumkin.

Ular HAMAS bilan aloqada ayblanishgan, garovdagilar va yerosti yo‘llari joylashuvi bo‘yicha so‘roq qilingan, biroq 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlarga aloqalari aniqlanmagan – Isroil oxirgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha ozod etiladigan har qanday shaxs o‘sha hujumda qatnashmagan bo‘lishi shartini qo‘ygan edi.

Bitim doirasida ozod etilganlarning ba’zilari boshqa og‘ir jinoyatlar, jumladan, isroilliklarni o‘ldirganlik uchun jazo o‘tayotgan edi, ammo suhbatdoshlarimiz bunday toifaga kirmaydi. Shuningdek, biz Isroil mudofaa kuchlari (IMK) va Isroil qamoqxona xizmatidan (IQX) ularga nisbatan biror ayblov yoki hukm bor-yo‘qligini so‘radik, ammo savolimizga javob ololmadik.

Mahbuslar o‘z hikoyalarida:

  • Har biri yechintirilgani, ko‘zi bog‘langani, kishanlangani va kaltaklanganini
  • Ba’zilarga elektroshok qo‘llangani, itlar bilan qo‘rqitilgani va tibbiy yordam rad etilganini
  • Ayrimlar boshqa mahbuslarning o‘limiga guvoh bo‘lganini
  • Biri jinsiy zo‘ravonlikka guvoh bo‘lganini
  • Yana biri boshiga kimyoviy moddalar quyilgani va orqasi yondirilganini so‘zlab berdi.

Biz qamoqxonadagi ikki mahbus bilan uchrashgan advokat hisobotlarini ko‘rdik va ularning ba’zilarini davolagan shifokorlar bilan ham suhbatlashdik.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bi-bi-si IMKga batafsil xat yubordi, unda erkaklarning ayblovlari va ularning shaxsiyati batafsil bayon etilgan.

O‘z bayonotida IMK aniq ayblovlarning hech biriga javob bermadi, biroq "mahbuslarni muntazam ravishda tahqirlagani haqidagi ayblovlarni butunlay rad etishini" aytdi.

Unda Bi-bi-si tomonidan ko‘tarilgan ba’zi holatlar "tegishli organlar tomonidan tekshirilishi" aytilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, boshqa ayblovlar "etarli tafsilotlarsiz, mahbuslarning shaxsiga oid ma’lumotlarsiz taqdim etilgani bois ularni tekshirish imkonsiz."

Javob xati shunday davom etadi: "IMK o‘z qadriyatlariga zid bo‘lgan har qanday harakatni jiddiy qabul qiladi... Hibsxona xodimlarining nomaqbul xatti-harakatlari yoki qoniqarli shart-sharoitlar mavjud emasligi to‘g‘risidagi aniq shikoyatlar tegishli organlarga tekshirish uchun yuboriladi va tegishli tartibda ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda muassasa xodimlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi va jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi."

IQX bizning surishtiruvimizda tasvirlangan zo‘ravonlik holatlaridan xabardor emasligini aytdi. "Bizga ma’lum bo‘lishicha, IQX nazorati ostida bunday hodisalar sodir bo‘lmagan," deya qo‘shimcha qilingan javob xatida.

Bristol universiteti Xalqaro huquq markazi hamrahbari doktor Lorens Xill-Kotornning aytishicha, sobiq mahbuslar tasvirlagan muomala "xalqaro huquqqa ham, Isroil qonunchiligiga ham mutlaqo zid" va ba’zi hollarda "qiynoq darajasiga yetadi."

"Xalqaro huquqqa ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar qonuni barcha mahbuslarga insoniy munosabatda bo‘lishni talab qiladi, – deydi u. – Mahbuslarning asosiy ehtiyojlari bilan bog‘liq talablar har qanday taxmin qilingan huquqbuzarlikdan qat’i nazar amal qiladi."

Biz suhbatlashgan besh nafar falastinlik HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida shu yil boshida ozod etilgan.

Ular 33 nafar garovdagi isroillikka (sakkiz nafar halok bo‘lgan va 25 nafar tirik) alishtirilgan 1900 ga yaqin falastinlik mahbuslar orasida edi. Isroillik garovdagilarning ba’zilari ham HAMAS tomonidan zo‘ravonlikka uchragan, och qoldirilgan va tahdid qilinganini aytishgan.

Ilgari ozod etilgan isroillik ayollar asirlikda jismoniy va jinsiy tajovuzlarga uchraganlarini batafsil aytib bergan edi.

Isroilning aytishicha, sud-tibbiyot ekspertizasi o‘t ochishni to‘xtatish paytida qaytarilgan halok bo‘lgan garovdagilarning ba’zilari, jumladan, bolalar, HAMAS tomonidan o‘ldirilganini ko‘rsatadi. Ammo guruh buni rad etmoqda.

Besh nafar ozod etilgan falastinlik mahbusning barchasi bir xil holatni tasvirladi – barchalari G‘azoda hibsga olingan, Isroilga olib ketilgan, avval harbiy kazarmalarda ushlab turilgan, keyin qamoqxonaga o‘tkazilgan va bir necha oydan so‘ng G‘azoga qaytarilgan.

Ular jarayonning har bir bosqichida zo‘ravonlikka uchraganlarini aytishdi.

Bi-bi-si yana G‘azoga qaytayotgan o‘ndan ortiq ozod etilgan mahbus bilan qisqa suhbat o‘tkazdi. Ular ham kaltaklashlar, ochlik va kasalliklar haqida gapirdi.

BBC
So‘ng ustimdan kislota quyishdi. Taxminan bir yarim kun davomida kislota bilan yuvintirishdi. Boshimga quyishardi, men stulda o‘tirardim.
Muhammad Abu Tavilah
Mexanik (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ularning hikoyalari boshqalarning Isroilning "B'Tselem" inson huquqlari tashkiloti va BMTga bergan ko‘rsatmalariga mos keladi. BMT iyul oyida sobiq mahbuslarning yalang‘ochlantirilib, ovqat, uyqu va suvdan mahrum etilgani, elektr toki bilan qiynalgani, sigaret bilan kuydirilib, itlarga talatilgani haqidagi ma’lumotlarni batafsil yoritgan edi.

O‘tgan oyda BMT ekspertlari tayyorlagan hisobotda tahqirlash va jinsiy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Unda bunday tahdidlardan foydalanish Isroil Mudofaa Kuchlari (IMK) uchun "standart amaliyot" ekanligi ta’kidlangan. Isroil bunga javoban "asossiz ayblovlarni qat’iyan rad etishini" bildirdi.

Isroil hozirda xalqaro jurnalistlarning G‘azoga erkin kirishiga ruxsat bermagani sababli, suhbatlarimiz telefon va yozishmalar orqali, shuningdek, hududdagi shartnoma asosida ishlovchi muxbirlarimiz tomonidan o‘tkazildi.

Besh erkakning barchasi bizga zo‘ravonliklar hibsga olingan paytdan boshlangani, ular yalang‘och qilinib, ko‘zlari bog‘langani va kaltaklanganini aytdi.

Mexanik Muhammad Abu Tavilah bir necha kun davomida qiynoqqa solinganini so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, 2024 yil mart oyida askarlar uni hibsga olingan joydan uncha uzoq bo‘lmagan binoga olib ketishgan va uch kun davomida so‘roq qilishgan.

Abu Tavilahning aytishicha, askarlar tozalash uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar solingan qozonga uning boshini botirgan. Keyin tergovchilar uni mushtlagan, ko‘zi jarohatlangan. Ular uning ko‘zini latta bilan yopib qo‘yishgan, bu esa "jarohatni yanada yomonlashtirgan".

O‘zining aytishicha, hatto uni yoqib ham yuborishgan.

"Orqamga o‘t qo‘yish uchun aerozol va yondirgichdan foydalanishdi. Yong‘inni o‘chirish uchun tipirchilardim. Olov bo‘ynimdan oyog‘imgacha tarqaldi. Keyin ular meni miltiqlarining qo‘ndog‘i bilan ketma-ket urishdi, yonlaridagi tayoqlar bilan biqinimga urib, turtishdi," deydi u.

So‘ng "ustimdan kislota quyishdi. Taxminan bir yarim kun davomida kislota bilan yuvintirishdi," deydi u bizga.

"Boshimga quyishardi, men stulda o‘tirardim."

Oxir-oqibat, uning so‘zlariga ko‘ra, askarlar tanasiga suv quyib, uni Isroilga olib ketishgan. U yerda shifoxonada davolangan, jumladan, teri ko‘chirib o‘tkazilgan.

 Abu Tavilahning yelkalari
Surat tagso‘zi, Abu Tavilahning yelkalari

Uning aytishicha, davolanishning asosiy qismi Isroil janubidagi Bersheba yaqinidagi IMK bazasi Sde Teyman kazarmasidagi dala shifoxonasida o‘tkazilgan. U yerda uni yalang‘och holda karavotga bog‘lab qo‘yishgan, hojatxonaga borishiga imkon berishmagan, o‘rniga taglik kiygizishgan. Bu shifoxonadagi isroillik shifokorlar ilgari Bi-bi-siga bemorlarni kishanlash va taglik kiygizish odatiy hol ekanini aytgan edi.

Bi-bi-si Abu Tavilahni ozodlikka chiqqanidan ko‘p o‘tmay suhbatga tortganida, uning orqasi qizil dog‘lar bilan qoplangan edi. Kuyishdan qolgan og‘riq hali ham uni uyg‘otib yuborishi va ko‘ziga ta’sir qilganini aytdi.

Bi-bi-si Abu Tavilahga qilingan hujumga guvoh bo‘lgan hech kim bilan gaplasha olmadi. Ammo G‘azoga qaytganida uni davolagan ko‘z shifokori uning ko‘zi atrofidagi teri kimyoviy moddalar ta’sirida kuyganini tasdiqladi. Shuningdek, shifokor yana Abu Tavilahning ko‘rish qobiliyati kimyoviy moddalar yoki boshqa shikastlar tufayli yomonlashganini aytdi.

Biz uning jarohatlari suratlarini va aytganlarini Buyuk Britaniyadagi bir nechta shifokorga ko‘rsatdik. Ular bu suratlardagi tasvirlarlar Abu Tavilahning hikoyasiga mos kelishini aytishdi. Biroq faqat suratlar orqali to‘liq baholash imkoniyati cheklangani haqida ham ta’kidlashdi.

Bi-bi-si ushbu tafsilotlarni IMKga yetkazdi va tekshirish uchun besh kun muhlat berdi. IMK Abu Tavilahning ayblovlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi, ammo "o‘z qadriyatlariga zid bo‘lgan har qanday harakatni jiddiy qabul qilishini" aytdi.

IMK ba’zi holatlarni "tekshirishi"ni bildirdi, ammo Abu Tavilahning ahvoli sabablari ham tekshiriladimi, degan keyingi savollarga javob bermadi.

G‘azodagi ko‘z do‘xtiri Abu Tavilahning ko‘zlari ximikatdan zarar ko‘rganini tasdiqladi
Surat tagso‘zi, G‘azodagi ko‘z do‘xtiri Abu Tavilahning ko‘zlari ximikatdan zarar ko‘rganini tasdiqladi

Biz suhbatlashgan boshqalar ham hibsga olish paytidagi zo‘ravonlikni tasvirlab berishdi.

"Bizni kishanlab, urishdi. Menga bir tomchi suv ham berishmasdi," deydi parranda kushxonasining 33 yoshli ishchisi Abdul Karim Mushtaha. U bizga 2023 yil noyabrь oyida Isroil nazorat-o‘tkazish punktida oilasi bilan evakuatsiya buyrug‘ini bajarayotganda hibsga olinganini aytdi. Keyinchalik Mushtahani ko‘rgan advokat yozgan hisobotda, u "qamoqxonaga o‘tkazilgunga qadar hibsga olish paytida qattiq kaltaklangan, haqoratlangan, kamsitilgan va yalang‘ochlangan" deb ta’kidlangan.

Ulardan ikkitasi sovuqda tashqarida soatlab qoldirilganini, yana ikkitasi esa isroillik askarlar ularning buyumlari va pullarini o‘g‘irlaganini aytdi.

Bi-bi-si IMKga o‘g‘irlik haqidagi ayblovlar tafsilotlarini taqdim etdi. IMK buni "qonun va o‘z qadriyatlariga zid" deb ta’rifladi. Agar batafsil ma’lumot berilsa, ishlarni "sinchkovlik bilan" o‘rganib chiqishini bildirdi.

Suhbatdoshlarimizning barchasi, jumladan Mushtaha ham, Isroilning Sde Teyman kazarmasiga o‘tkazilganini aytdi. Abu Tavilah ham o‘sha yerdagi dala shifoxonasida davolanganini ta’kidlagan edi.

Suhbatdoshlardan biri yo‘lda unga yomon munosabatda bo‘linganini aytdi. U qasos olishlaridan qo‘rqib, ismini oshkor qilmaslikni so‘radi, shu bois biz uni "Umar" deb ataymiz.

Uning aytishicha, Isroil askarlari uni va u bilan birga bo‘lganlarni "cho‘chqa bolalari" va "Sinvar bolalari" deb haqorat qilib, tupurganlar. Sinvar besh oy oldin Isroil tomonidan o‘ldirilgan HAMAS rahbari va 7 oktyabrь hujumlari tashkilotchisiga ishora edi.

"Bizga: «Siz bizning bolalarimizga nima qilgan bo‘lsangiz, biz ham sizning bolalaringizga shunday qilamiz», degan ovozli yozuvni eshitishga majbur qilishdi," dedi elektr kabel kompaniyasida ishlagan 33 yoshli Umar.

Sde Teyman 2023 yil oktyabrь hujumlaridan keyin jiddiy shikoyatlar sababchisi bo‘lgan. Fevral oyida u yerdagi bir nechta askar mahbusni kaltaklagani uchun ayblangan, mahbus to‘g‘ri ichak yirtilishi va o‘pka teshilishi tufayli kasalxonaga yotqizilgan ekan. Boshqa bir holatda, bazadagi askar G‘azodagi falastinlik mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganini tan olganidan so‘ng hukm qilingan.

qamoqxona

Surat manbasi, Getty Images

Biz suhbatlashgan uch kishi Sde Teymanda va boshqa muassasalarda itlar bilan mahbuslar qo‘rqitilganini tasdiqladi.

"Bizni kazarmadan tibbiy klinikaga yoki so‘roq xonasiga olib borganlarida kaltaklashardi – [tumshug‘i bog‘langan] itlarni ustimizga qo‘yishardi, kishanlarimizni qattiqroq tortishardi," – dedi kazarmada umumiy qamoqda saqlangan va davolangan Abu Tavilah.

Bi-bi-si Isroil mudofaa kuchlaridan mahbuslarni qo‘rqitish va ularga hujum qilish uchun tez-tez itlardan foydalanilgani haqidagi da’volarga javob so‘radi. Ular: "Mahbuslarga zarar yetkazish uchun itlardan foydalanish taqiqlanadi," deb javob berdi.

Shuningdek, ular "IMK qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslar orasida juda xavfli deb hisoblangan tajribali terrorchilar borligi" va "istisno hollarda ularni hibsda saqlash paytida qo‘l kishanlari uzoq vaqt taqib turilishi" mumkinligini aytdi.

Bir nechta mahbus uzoq vaqt turishga majburlangani, jumladan, soatlab qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib turishga majburlanganlarini aytdi.

"Biz ertalab soat 5 dan kechki 10 gacha, ya’ni uxlash vaqti bo‘lguncha tizzalab o‘tirardik," dedi Abu Tavilah.

Yana bir suhbatdosh Hamad al-Dahduhning aytishicha, kazarmalardagi kaltaklashlar "boshimiz va ko‘z, quloq kabi sezgi a’zolarimizga qaratilardi."

Urushdan oldin dehqonchilik bilan shug‘ullangan 44 yoshli erkak buning oqibatida orqasi va qulog‘i vaqtincha shikastlangani, qovurg‘alari singanini aytdi.

IMK bu ayblovga javob bermadi.

Hamad al-Dahduhning aytishicha, kazarmalardagi kaltaklashlar "boshimiz va ko‘z, quloq kabi sezgi a’zolarimizga qaratilardi."
Surat tagso‘zi, Hamad al-Dahduhning aytishicha, kazarmalardagi kaltaklashlar "boshimiz va ko‘z, quloq kabi sezgi a’zolarimizga qaratilardi."

Dahduh va ozod qilingan boshqa mahbuslar aytishicha, so‘roq paytida yoki jazo sifatida elektr toki ham qo‘llangan.

"Jazo bo‘linmalari itlar, tayoqlar va elektr shok qurollari olib kelishardi, bizga elektroshok qo‘llashar, kaltaklashardi," dedi u.

Abu Tavilah har safar joy o‘zgartirilganda kaltaklash va qo‘rqitish davom etganini qo‘shimcha qildi.

So‘roqlar davomida ularni HAMAS bilan aloqadorlikda ayblashgani haqida ham gapirishdi.

"Qamoqqa olingan har bir kishiga: "Sen terrorchisan", deyishardi, – dedi Mushtaha. – Ular har doim bizni 7 oktyabrь voqealarida ishtirokchilikda ayblashardi. Ularning hammasida adovat bor edi.

Men ularga: «Agar men HAMAS yoki boshqa birov bo‘lganimda, xavfsiz yo‘lakdan o‘tarmidim? Ketish haqidagi chaqiriqlaringizga quloq solarmidim?» dedim."

Abdul Karim Mushtahaning aytishicha, u shunchalik kaltaklanganki, qo‘llari va oyoqlari bo‘ylab "qon oqib tushgan."

Uning aytishicha, so‘roqlar tun bo‘yi davom etgan.

"Uch kecha uxlay olmadim, chunki meni qiynoqqa solishdi. Qo‘llarimizni bog‘lab, soatlab boshimiz uzra ko‘tarib turishga majburlashdi, yalang‘och edik. «Sovqotdim» deyishimiz bilan... chelakni sovuq suvga to‘ldirib, ustimizga quyib, ventilyatorni yoqib qo‘yishardi."

Dahduhning aytishicha, tergovchilar G‘azoda bo‘lgan har qanday kishini "terrorchi guruhlar bilan aloqador" deb hisoblashgan va mahbuslar buni sudda hal qilish mumkinmi deb so‘rashganda, bunga vaqt bo‘lmasligini aytishgan.

Unga advokat berishmabdi. IMK Bi-bi-siga shunday javob berdi: "Isroil qonunchiligi fuqarolik okrug sudida sud nazorati, advokatdan foydalanish va Oliy sudga shikoyat qilish huquqini beradi."

Umar ham Sde Teymanga birinchi marta kelganida uni uch kun davomida so‘roq qilishganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar yupqa kombinezon kiydirilgan holda sovuq xonada saqlangan, baland ovozli karnaylardan Isroil musiqasi yangrab turgan.

So‘roq tugagach, ular kazarmaga ko‘zlari bog‘liq holda olib kelinganini aytishdi.

"Kech kirdimi, tong otdimi, bilmasdik. Quyoshni ko‘rmasdik. Hech narsani ko‘rmasdik," deydi Umar.

IMK ta’kidlashicha, "qamoq joylari IMK buyruqlari va qonunga muvofiq boshqarilishini ta’minlash uchun nazorat mexanizmlari," jumladan, yopiq kamera tizimi mavjud.

Umar va Mushtaha aytishicha, ular keyinchalik Ketziot qamoqxonasiga o‘tkazilgan va u yerda kaltaklash hamda boshqa zo‘ravonliklardan iborat "kutib olish marosimi" bo‘lgan.

qamoqxona

Surat manbasi, Getty Images

Umar Ketziotda jinsiy zo‘ravonlikka guvoh bo‘lganini ta’kidladi.

"Ular ba’zi mahbuslarning kiyimlarini yechib, ularni sharmandali harakatlarga majburlashdi... Yigitlarni bir-biriga jinsiy aloqa qilishga majburlashdi. Buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bu to‘liq jinsiy aloqa emas edi. Bir mahbusga boshqasini og‘iz bilan qanoatlantirish buyurilardi. Bu majburiy edi."

Bi-bi-si bu kabi boshqa xabarlarni olmadi, biroq Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklarning ahvolini kuzatib boruvchi Falastin mahbuslari jamiyati Ketziotdagi mahbuslarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni "odatiy holat" deb ta’rifladi. Bu zo‘rlash va jinsiy tazyiqdan tortib jinsiy a’zolarni kaltaklashgacha bo‘lgan holatlarda namoyon bo‘lgan.

Jamiyat vakillari aytishicha, ular mahbuslar o‘rtasida majburiy jinsiy aloqa haqida ma’lumot olmagan bo‘lsa-da, ba’zi mahbuslar bir-birlariga yalang‘och holda qarashga majburlanganini va bir-birlarining ustiga yalang‘och holda tashlanganini aytishgan.

B'Tselem tashkiloti hisobotida jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ayblovlar to‘plangan bo‘lib, ulardan birida mahbus qo‘riqchilar uni sabzi bilan zo‘rlamoqchi bo‘lganini aytgan.

Bi-bi-si Isroil qamoqxona xizmatiga (IQX) mahbuslar bir-biriga jinsiy aloqa qilishga majburlangani haqidagi ayblovni yo‘lladi. IQX Ketziot va boshqa qamoqxonalardagi jinsiy zo‘ravonlik yoki boshqa da’volardan "xabardor emasligini" bildirdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ular shunday javob berdi: "IQX qoidalarga muvofiq va davlat nazorati hamda boshqa ko‘plab rasmiy organlar nazorati ostida faoliyat yurituvchi huquqni muhofaza qilish tashkilotidir.

"Barcha mahbuslar qonunga muvofiq hibsga olinadi. Barcha asosiy huquqlar professional tayyorgarlikdan o‘tgan qo‘riqchilar tomonidan to‘liq ta’minlanadi. Siz aytgan da’volardan bexabarmiz va bizning ma’lumotimizga ko‘ra, IQX javobgarligi ostida bunday hodisalar yuz bermagan.

Shunga qaramay, mahbuslar va qamoqqa olinganlar shikoyat qilish huquqiga ega, ular rasmiy organlar tomonidan to‘liq ko‘rib chiqiladi va hal etiladi."

Umar Ketziot qamoqxonasida ham ularni tayoq bilan urishganini aytdi.

"Qiynoqqa solinganimizdan keyin kechasi bilan belimdan tortib oyog‘imgacha og‘riq azobida qoldim. Boshqa mahbuslar meni to‘shakdan hojatxonagacha ko‘tarib borishardi. Badanim, belim, oyoqlarim kaltak zarbidan ko‘karib ketgandi. Qariyb ikki oy qimirlay olmadim."

Mushtaha boshini eshikka urganlarini va jinsiy a’zolariga zarba berilganini tasvirlab berdi.

"Bizni yalang‘och qilib yechintirardilar. Elektroshok qo‘llashardi. Nozik joylarimizga uraverishardi. Bizga axtalab qo‘yamiz, deyishardi," deydi u.

Uning aytishicha, kaltaklashdan maqsad "suyaklarni sindirish" bo‘lgan, ba’zan mahbuslarni bir joyga to‘plab, ustidan issiq suv quyishgan.

"Qiynoqlar juda ko‘p edi," deya qo‘shimcha qiladi u.

U ham, Umar ham o‘zlari tibbiy e’tiborsizlikka duch kelganlarini aytishdi.

"Qo‘llarim shishib, pufak bo‘lib ketgandi," deydi Mushtaha.

"Agar odamlar oyoqlarimni ko‘rganida, kesib tashlash kerak deyishardi... [Qo‘riqchilar] menga faqat qo‘l va oyoqlarimni suv va sovun bilan yuvishni buyurishardi.

Ammo qanday qilaman? Kuniga atigi bir soat suv berilardi, sovunga kelsak, haftada bir qoshiq shampunь berishardi," deya qo‘shimcha qildi u.

Mushtahaning aytishicha, qo‘riqchilar unga shunday deyishgan: "Yuraging urib turgan ekan, demak ahvoling yaxshi. Oyoqda turar ekansan, demak ahvoling yaxshi. Yurak urishdan to‘xtagandagina davolagani kelamiz."

Mushtahaning aytishicha, qo‘riqchilar unga shunday deyishgan: "Yuraging urib turgan ekan, demak ahvoling yaxshi.
Surat tagso‘zi, Mushtahaning aytishicha, qo‘riqchilar unga shunday deyishgan: "Yuraging urib turgan ekan, demak ahvoling yaxshi.

O‘tgan yil sentyabrida Ketziotda Mushtaha va Umarni ko‘rgan advokatning hisobotida Mushtaha haqida shunday deyilgan: "Mahbus, boshqa mahbuslar singari, qo‘llari, oyoqlari va dumbalaridagi chipqonlar tufayli og‘riqdan aziyat chekmoqda, gigiena yo‘q va unga hech qanday davolanish imkoniyati berilmagan."

Mushtaha Bi-bi-siga G‘azodagi shifokor yozgan hisobotni taqdim etdi. Unda u ozod etilgan kuni qo‘tir kasalligi bilan og‘rigani tasdiqlangan.

Umarning aytishicha, tibbiy yordam so‘ragan mahbuslar kaltaklangan.

Advokat ta’kidlashicha, Umarning "qamoqxonaning og‘ir sharoitlar tufayli terisiga – chov va dumbasiga tarqalgan husnbuzarlar" e’tiborga olinishi kerak edi. Bu gigiena vositalari va toza suv yetishmasligi tufayli yuzaga kelgan. Mahbus aytishicha, hatto dushga tushish navbati kelganida ham, u dushdan qochishga harakat qilardi, chunki suv qichishish va yallig‘lanishga sabab bo‘lardi.

Barcha mahbuslar tasdiqlashicha, ularga oziq-ovqat va suv cheklangan miqdorda berilgan. Bir nechtasi sezilarli darajada ozib ketgan.

Umar 30 kg.ga ozib ketganini aytdi. Advokat aytishicha, Umar unga dastlabki oylarda oziq-ovqat "deyarli yo‘q" bo‘lganini, keyinchalik sharoitlar "bir oz yaxshilanganini" aytgan.

Mushtaha oziq-ovqatni avval mushuklar va qushlar yesin deb qafasdan tashqarida qoldirishardi, dedi.

Suhbatdoshlarimizdan yana biri Ahmad Abu Sayf 17 yoshga to‘lgan kuni hibsga olinganidan so‘ng boshqa qamoqxonaga – ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohildagi Megiddoga olib ketilganini aytdi.

Ahmad Abu Sayf 17 yoshga to‘lgan kuni hibsga olingan
Surat tagso‘zi, Ahmad Abu Sayf 17 yoshga to‘lgan kuni hibsga olingan

Uning aytishicha, muntazam ravishda ularning kameralariga bostirib kirib, ko‘z yoshlantiruvchi gaz sepishgan.

"Har bir gaz hujumidan so‘ng to‘rt kun davomida bo‘g‘ilib, yaxshi nafas ololmasdik," dedi qamoqxonaning bolalar bo‘limida saqlangan Ahmad.

"Bizga bola sifatida qaralmadi, xuddi 7 oktyabrdagi jangarilar kabi muomala qilishdi."

So‘roq paytida tirnoqlarini sug‘urib olishganini aytdi. Bi-bi-si uni ozod etilganidan keyingi kuni suratga olganida, u bizga ba’zi oyoq tirnoqlari hali ham shikastlanganini, qo‘llaridagi chandiqlar esa qo‘l kishanlari va it tirnashlaridan qolganini ko‘rsatdi.

IQX bu ayblovga javob bermadi.

Erkaklarning ikkitasi Sde Teyman va Ketziotdagi boshqa mahbuslar o‘limiga guvoh bo‘lganini aytdi – biri kaltaklash, jumladan, itlar hujumi natijasida, boshqasi esa tibbiy e’tiborsizlik tufayli vafot etgan.

Ular keltirgan voqealarning nomlari va sanalari ommaviy axborot vositalari xabarlari va inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga mos keladi.

Falastin mahbuslar jamiyati Bi-bi-siga xabar berishicha, 2023 yil 7 oktyabrdan beri kamida 63 nafar falastinlik mahbus – ularning 40 nafari G‘azodan – Isroil qamoqxonasida vafot etgan.

IQX hibsdagi falastinliklarning o‘limi haqidagi savollarga javob bermadi. IMK esa "mahbuslar o‘limi holatlari, jumladan, oldindan mavjud bo‘lgan kasallik yoki jarohat bilan ushlab turilganlarning o‘limi haqida xabardor ekanligini" aytdi.

"Tartibga ko‘ra, har bir mahbus o‘limi bo‘yicha Harbiy politsiya ish ochadi," deb qo‘shimcha qildi.

Ba’zi mahbuslar aytishicha, zo‘ravonlik fevral oyida ozod etilgunlariga qadar davom etgan.

"Ozod etilgan kunimiz bizga shafqatsizlarcha munosabat qilishdi. Qo‘l kishanlari qattiq tortilgandi, biror yerga olib borish kerak bo‘lsa, qattiq tortqilashardi," dedi janob Mushtaha.

"Ular: «Agar HAMASga qo‘shilsangiz yoki ular bilan ishlasangiz, nishonga olinasiz», deyishdi."

17 yoshli Ahmad ham yanvarda otashkesim bitimi imzolanganidan keyin sharoit yomonlashganini aytdi. "Askarlar tez orada ozod bo‘lishimizni bilib, zo‘ravonlikni kuchaytirdilar."

Mahbuslar faqat G‘azoga qaytish uchun Qizil Xoch avtobusiga o‘tkazilgandagina o‘zlarini "xavfsiz" his qilishdi, deydi Umar.

Kadrlarda ba’zilar Dovud yulduzi va arabchada "Biz unutmaymiz va kechirmaymiz" so‘zlari yozilgan sviterlarda qaytarilgani ko‘rsatilgan.

G‘azodagi Yevropa shifoxonasining qaytarilgan mahbuslarning ahvolini tekshirgan xodimi teri kasalliklari, jumladan, qo‘tir keng tarqalganini, "haddan tashqari ozg‘inlik va to‘yib ovqatlanmaslik" hamda "qiynoqlarning jismoniy oqibatlari" bilan bog‘liq ko‘plab holatlarni kuzatganini aytdi.

Huquqshunos doktor Lorens Xill-Kotorn bizga shunday dedi: "Albatta, mahbusni kuydirish, kimyoviy moddaga boshini botirish, elektroshok qo‘llash, oyoq tirnoqlarini olib tashlash va qattiq kaltaklash kabi harakatlar qiynoq hisoblanadi. Bu va shunga o‘xshash harakatlarning barchasi, shuningdek, noqulay ahvolda uzoq tutib turish va baland musiqadan foydalanish xalqaro tashkilotlar tomonidan qiynoq deb tan olingan."

Huquqshunos doktor Lorens Xill-Kotorn
Surat tagso‘zi, Huquqshunos doktor Lorens Xill-Kotorn

Qaytib kelgan mahbuslar bilan suhbatlashadigan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ) maxfiylik talabi tufayli shaxslarning ahvoli haqida izoh bera olmasligini aytdi.

Tashkilot hali ham hibsda qolganlar bilan uchrashishga ruxsat berilishini xohlayotganini qo‘shimcha qildi – bunga 7 oktyabrь hujumlaridan beri ruxsat berilmagan.

"XQXQ mahbuslarning ahvolidan chuqur xavotirda va barcha qamoqxonalarni kirib ko‘rish zarurligini ta’kidlaydi. Biz tomonlar bilan ikki tomonlama muloqotda kirish imkoniyatini so‘rashda davom etamiz," deyiladi xabarda.

G‘azoda hali ham 59 nafar isroillik saqlanmoqda, ularning 24 nafari tirik deb taxmin qilinmoqda. XQXQ 18 oylik asirlik davomida ular bilan hech uchrasha olmagan va ularning yaqinlari ularning ahvolidan jiddiy xavotirda.

Ozod etilgan ko‘plab falastinlik mahbuslar uchun G‘azoga qaytish ham quvonch, ham umidsizlik lahzasi bo‘ldi.

Abu Tavilah oilasi uni ko‘rgach, ahvolidan shokka tushganini va u hali ham boshidan o‘tkazganlari ta’sirida ekanini aytdi.

"Jarohatim tufayli hech narsa qila olmayapman, chunki ko‘zim og‘riyapti, yoshlanib, qichishyapti, tanamdagi barcha kuygan joylar ham qichishyapti," deydi u.

O‘smir Ahmad endi G‘azoni tark etmoqchi ekanini aytdi.

"Qamoqda ko‘rganlarimiz va bombalashlarning ruhiy azobi tufayli chet elga ketmoqchiman. O‘limni tiladik, ammo topolmadik."