Mintaqada xavotir: Rossiya qattiq bezovta, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo-chi - nima qiladi? Video

Surat manbasi, BBC/GETTY IMAGES
- Author, Feruza Rahmon
- Role, bbc.com/uzbek
- O'qilish vaqti: 18 daq
Mintaqada vaziyat beqarorlashadimi?
Endi yangi mojaro bo‘y ko‘rsatadimi?
Rossiya, Xitoy va qolgan yirik mintaqaviy o‘yinchilar ham xavotirda...
Nima bo‘ldi?
Mintaqada qo‘rquv va xavotirlarga sabab bo‘layotgan so‘nggi vaziyat tahlilini ilova qilingan linkimiz orqali kirib, tomosha ham qila olasiz:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Xavotir va bayonotlar

Surat manbasi, Reuters
So‘nggi bir necha oyning o‘zida Rossiya va Xitoy ustma-ust keskin ogohlantirdi.
Afg‘onistonda tashqi kuchlarning harbiy hozirligiga qat’iy qarshi ekanliklarini aytdi.
Har ikkovlon ham bunga toqat qilmasliklarini rasman va oshkora bayon qildi.
Bu ikki global yadroviy qudratga qolgan yirik mintaqaviy o‘yinchilar ham qo‘shildi. Ustma-ust qo‘shma bayonotlar yangradi.
Ammo hech bir tomon aynan kimni nazarda tutayotganligini ochiqlamadi.
Ogohlantiruvchi mazmundagi chiqishlar esa Trampning yana Bagramga qaytish istagi manzarasida qayta kuchaydi.
Bagram havo bazasi

Surat manbasi, Getty Images
Bagram yaqin-yaqingacha Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi eng yirik harbiy bazasi bo‘lgan.
Eng so‘nggi AQSh harbiysi Tolibon qudratga qaytgan 2021 yilning avgustida Afg‘onistonni tark etgan.
O‘tgan yigirma yil ichida Afg‘onistonda hozir bo‘lgan xalqaro koalitsiya kuchlarining ko‘pchiligini aynan ular tashkil etishgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan ortga to‘liq safarbarligi rasmiy Vashington va Tolibon o‘rtasidagi Doha bitimi asosida amalga oshirilgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji Markaziy Osiyoda bu uch global yadroviy qudrat o‘rtasida geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Tramp Bagramni o‘zlariga qaytarish istagi va rejasi haqida shu yilning o‘zida bir necha bor to‘xtalgan.
U Tolibon "o‘zlaridan istagan narsalar bor"ligi uchun ham Bagramga qayta olishlari mumkinligiga ishora qilgan.
So‘nggi bor bu masalaga o‘tgan oy ketma-ket qaytgan, aynan o‘shanda Bagram qaytarilmasa, "yomon narsalar yuz berishi" bilan ogohlantirgan.
Shunday ekan, Amerikaga Bagram nega aynan bugun, Doha bitimi imzolanishidan besh yil o‘tib yana kerak bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin?
Doha bitimi nima deydi?

Surat manbasi, Getty Images
Doktor Dovud A’zamiy
Bi-bi-si Jahon xizmati. Xalqaro siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ekspert.
Doha bitimida Amerika Qo‘shma Shtatlarining barcha kuchlari, ularning pudratchilari va maslahatchilari Afg‘onistonni tark etishlari aniq qayd etilgan.
Dovud A’zamiy: Menimcha, prezident Donald Tramp Bagram harbiy bazasini asosan AQSh ichki siyosatining bir qismi sifatida tilga oladi.
Birinchidan, u Demokratlar partiyasidagi siyosiy raqiblarini tanqid qilish uchun bu haqda gapiradi.
Buni tushunishimiz uchun biz biroz tarixga to‘xtalishimiz kerak.
Amerika Donald Trampning ilk prezidentligi davrida Afg‘oniston Tolibon harakati bilan tinchlik bitimini imzolagan.
2020 yil fevralida Qatarda imzolangan ushbu kelishuvda Amerika Qo‘shma Shtatlarining barcha kuchlari, ularning pudratchilari va maslahatchilari Afg‘onistonni tark etishlari aniq qayd etilgan.
Tolibon o‘zi "xorijiy ishg‘ol", deb atagan narsaga qarshi kurashib kelgani bois, mafkuraviy sabablarga ko‘ra, amerikaliklarga o‘z qo‘shinlarining bir qismini Bagram harbiy bazasida qolishiga ruxsat bera olmasdi.
Agar, AQSh kuchlarining bir qismi Afg‘onistonda qolsa, bu Tolibon nuqtai nazaridan, ishg‘ol hali ham tugamaganligini anglatardi.
Donald Tramp saylovda mag‘lub bo‘lib, Jo Bayden AQShning yangi prezidenti bo‘lgach, u Tramp ma’muriyati tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan bosqichma-bosqich olib chiqishni davom ettirdi. Afg‘onistondan barcha AQSh va NATO kuchlarini olib chiqish jarayoni 2021 yilning avgustida, Jo Bayden prezidentligi davrida yakunlandi.
Tramp bundan foydalanib, aynan o‘sha paytdan boshlab Jo Bayden va uning Demokratik partiyasini tanqid qilishga kirishdi, Bayden barcha AQSh kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqib, Bagram harbiy bazasini tark etib, katta xato qilganini aytdi.
Keyin yana bir necha bor, agar o‘zim prezident bo‘lganimda, AQSh kuchlarini Bagramda qoldirgan bo‘lardim, dedi.
AQShdagi so‘nggi prezidentlik saylovoldi kampaniyasi paytida esa uning tanqidlari qattiqroq tus oldi, tez-tez yangraydigan bo‘ldi.
Avval ham aytib o‘tganimdek, aynan Trampning o‘zi Bagramdagilari ilova barcha Amerika kuchlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishini ko‘zda tutuvchi AQSh va Tolibon o‘rtasidagi tinchlik bitimiga rozi bo‘lgan.
Ammo Tramp ikkinchi muddatga saylanib, shu yilning yanvar oyida yana bir bor prezidentlik vakolati ijrosiga kirishganidan keyin ham Bagramni tilga olishdan to‘xtamadi.
Shuning uchun, bu, asosan, uning ichki siyosati masalasiga o‘xshaydi. Tramp Amerika xalqiga Jo Bayden Bagram bazasini tark etib, yomon ish qildi, men esa uni qaytarib olmoqchiman, demoqchi.
Ya’ni, keyin o‘zining ichki siyosatida foydalanish uchun Tramp Bagramga AQSh kuchlarini yuborishni istayotgan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, Bagram harbiy bazasi juda katta va strategik muhim joyda joylashgan.
Ammo Afg‘onistondagi Tolibon hukumati prezident Trampning bu talabini ochiqchasiga rad etdi.
Bagram bugun Trampga nega kerak?

Surat manbasi, AFP
Dovud A’zamiy: Prezident Tramp Tolibon hukumatiga bosim o‘tkazish va ularning biroz yon berishiga erishish uchun Bagram harbiy bazasi haqida so‘z yuritmoqda.
Tolibon hukumati ixtiyorida bir nechta amerikalik mahkum bor va AQSh ularning ozod etilishini istaydi.
Prezident Tramp Bagram bazasini kuch bilan egallash uchun u yerga AQSh qo‘shinlarini yuborishi dargumon.
Agar Amerika shu tarzda Afg‘onistonga yana qo‘shin jo‘natadigan bo‘lsa, urush qayta boshlanadi.
Alal-oqibat, bu Afg‘onistonga qayta bostirib kirishga o‘xshab ko‘rinishi va minglab Amerika qo‘shinlarini talab qilishi mumkin.
Mazkur holatda Amerika qo‘shinlarining Tolibdon kuchlari tomonidan o‘rab olingan bazada qolishi qiyin bo‘ladi.
Bunga o‘xshash bir ish Amerikadagi Tramp tarafdorlari tomonidan ham bir xilda qarshi olinmaydi, chunki ularning ko‘pchiligi o‘z mamlakatlarining yana chetdagi mojaroga tortilishini istamaydi.
Bu boshqa bir sababga ko‘ra ham AQSh uchun juda qaltis ish bo‘ladi. AQSh va Tolibon o‘rtasidagi munosabatlar risoladagidek emas, chunki ular o‘zaro diplomatik aloqada emas.
Qo‘shma Shtatlar Tolibon hukumati va ularning ko‘plab yetakchilariga sanksiyalar ham qo‘llagan. Shu bois, siyosiy jihatdan Tolibon uchun Bagram kabi muhim harbiy bazada AQSh harbiylarining hozirligini qabul qilish qiyin bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, AQSh Bagram harbiy bazasiga kuch bilan kirishi va u yerga o‘z qo‘shinlarini havodan tashlashi mumkin. Ammo Afg‘oniston havo hududiga kirishi uchun qo‘shni davlatlarnikidan foydalanishi taqozo etiladi, buning uchun esa ularning ruxsati lozim bo‘ladi.
Afg‘oniston dengizga chiqish imkoni yo‘q davlat va uning havo hududiga kiruvchi har qanday uchoq qo‘shnisinikidan uchib o‘tishi kerak.
AQSh havo hududidan foydalanish uchun Afg‘onistonga qo‘shni bir davlatning roziligini olgan va Bagramga qo‘shinlarini tashlagan taqdirda ham, harbiylarining u yerda qanday faoliyat yuritishi va jon saqlashi masalasi o‘rtaga chiqadi.
Ayniqsa, mintaqadagi turli davlatlarning AQSh bilan munosabatlari yomon ekani nazarda tutilganida, bu ularning ta’minoti masalasini savol ostida qoldiradi.
Yana, ayniqsa, Bagramga kuch bilan tashlangan taqdirlarida, AQSh kuchlarining qanchalik ish berishi masalasi ham bor.
AQSh va uning NATOdagi ittifoqchilari 2001 yildan 2021 yilgacha – jami 20 yil Afg‘onistonda bo‘lishdi. Afg‘onistondagi urush AQSh tarixidagi eng uzuniga aylandi.
Ammo AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonda o‘n minglab askarlari bo‘lgan paytda ham terrorchilik, giyohvand moddalar va boshqa muammolarni hal eta olishmadi.
Hammasiga Xitoy, Rossiya va Eron sababmi?

Surat manbasi, BBC/GETTYIMAGES
Afg‘oniston Rossiya hanuz o‘zining janubiy chegaralari sifatida ko‘ruvchi Markaziy Osiyo, Xitoy va Moskvaning Yaqin Sharqdagi eng yaqin sanoqli ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Eronga bevosita chegaradosh.
Trampning Afg‘onistonga qaytish istagi, boshqa tomondan, Rossiya Ukrainaga ochgan urush hanuz davom etayotgan, AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo urushi xavfi kuchayayotgan, Eronning Yaqin Sharqdagi mavqei zaiflashib, Vashington va Tehron o‘rtasidagi tanglik ham keskinlashib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
AQSh prezidentining Bagram bilan bog‘liq bayonotlari yana Kremlning Tolibonning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olish qaroridan qisqa vaqt o‘tmay yangradi.
Rossiya shu yilning iyulida Tolibon hukumatini tan olgan, bu kabi qarorga kelgan dunyodagi birinchi davlatga aylangan.
Xitoy esa bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonning eng yirik iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘ladi.
Rasmiy Pekin Afg‘onistonni mintaqa bilan bog‘liq eng yirik geoiqtisodiy loyihalarining ajralmas qismi sifatida ko‘radi, bugun eng yaqin diplomatik hamkorlaridan ham biri.
Bagramning Xitoy o‘zining yadroviy qurollarini ishlab chiqaruvchi sathga yaqinligi ham Tramp ko‘z o‘ngida uning ahamiyatini yanada oshirgan omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
AQSh prezidenti "Afg‘oniston emas, Xitoy uchun" Bagramni o‘zlarida qoldirish rejasida ekanini aytgan.
Tramp orada Bagramni Xitoy egallaganini qayta-qayta iddao qilgan. Ammo Tolibon uning bu da’volarini rad etgan.
Ham xavfsizlik va ham iqtisodiy omillar nuqtai nazaridan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan har tomonlama aloqalarini kuchaytirayotgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham aynan Rossiya va Xitoyning yaqin hamkorlari va ittifoqchilari bo‘lishadi.
Ayniqsa, Ukraina urushi fonida Rossiya barobarida endi Xitoy ham ularni geoiqtisodiysi qolib, o‘zining geosiyosiy orbitasiga tortish harakatida.
Bundan tashqari, ular Rossiyaning o‘z sanksiyalarini chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklari uchun G‘arb izchil muloqotda bo‘lgan mamlakatlar sirasiga ham kirishadi.
Shunday ekan, Afg‘onistonning strategik ahamiyati nazarda tutilganida, Tramp ma’muriyatining Bagram bilan bog‘liq istagini Rossiya, Xitoy va Eron omili bilan bog‘lovchi fikrlar, qarashlar qanchalik asosli?
Dovud A’zamiy: Bagram strategik jihatdan joylashgan va muhim bazadir. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bazani yaxshilash, uning uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqa inshootlarini ta’mirlash uchun katta pul sarfladi.
Prezident Tramp, shuningdek, Bagram bazasini Xitoyga yaqin bo‘lgani uchun yana o‘z qo‘llariga olmoqchi ekanliklarini aytdi. Ha, baza Xitoyga yaqin, chunki Xitoy Afg‘onistonga qo‘shni davlat. Ayni paytda Bagram Afg‘oniston bilan chegaradosh Eron, Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlari yaqinida joylashgan. Bagram yana Rossiyaga ham yaqin.
Agar AQShning diqqat-markazida Xitoy bo‘lsa, Amerika Sharqiy Osiyoda Xitoyga yaqinroq bo‘lgan boshqa yirikroq bazalarga ega. Tayvan, Janubiy Koreya, Yaponiya, Filippin va boshqalarda AQShning o‘n minglab harbiylari joylashgan katta bazalari bor.
Bu omil AQShning Bagramni egallashini yanada qiyinlashtiradi. Hozir Amerikaning Rossiya, Eron va Xitoy bilan munosabatlari harbiylari Afg‘onistondagi hozir bo‘lgan 2001-2021 yillarga qaraganda ancha tang.
AQSh bilan munosabatlaridagi tanglik tufayli mintaqa davlatlari ham uning Afg‘onistondagi harbiy hozirligi ochiq yoki yashirin tarzda o‘zlarining manfaatlariga qarshi qo‘llanilishi mumkinligidan xavotirda.
Shuning uchun mintaqadagi ayrim mamlakatlar o‘zlari ortida turib, turli guruhlardan AQSh tashqi kuchlariga qarshi foydalanishlari mumkin.
Bagram yirik baza. Agar bazaga katta sondagi harbiylarini joylashtiradigan bo‘lsa, bu bilan Xitoy va Eronga yaxshilik qilgan bo‘ladi.
Antonio Gustotstsi: Trampga Bagram shunchalik kerak ekaniga mening ishonchim komil emas.
U Bagram haqida gapirishni hali prezident etib saylanmasidan avval boshlagan.
Keyin orada ham bu mavzuga bir necha bor qaytdi. Yaqinda yana to‘xtaldi.
Bu, odatda, Tramp boshqa masalalarni uncha yaxshi uddalay olmayotgan paytda sodir bo‘ladi.
Hozir, mana, G‘azo bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tramp bu yutug‘idan xursand, shu bois Bagram haqida ko‘pam qayg‘urayotgani yo‘q.
Saylovchilariga saylovoldi kampaniyasi paytida bergan barcha va’dalariga vafo qilayotgandek ko‘rsatishi uchun unga shu ishlar kerak.
Hozir, menimcha, Vashingtonning o‘zida Bagramga qaytish borasida fikrlar yakdil emas.
Chunki Bagramga qaytishlaridan ma’ni yo‘q. Xitoyni tinglash uchun Bagramga kichikkina razvedka bo‘linmasini joylashtirish masalasi bundan mustasno bo‘lishi mumkin.
Sabab, Bagram Xitoyga ancha yaqin joylashgan.
Ammo bu qadar kichik hozirlik qanchalik ish beradi, degan savol bor.
Xitoy, Rossiya, Eron – Afg‘onistonning qo‘shnilaridan hech biri buni istamaydi.
Shunday bir sharoitda, siz o‘zingizni qanday himoya qila olasiz?
Baza xavfsizligini ta’minlash uchun Tolibonga ishonsa bo‘ladimi? Men buni bilmayman.
Bagram yirik baza. Agar bazaga katta sondagi harbiylarini joylashtiradigan bo‘lsa, bu bilan Xitoy va Eronga yaxshilik qilgan bo‘ladi.
Chunki Bagram Fors Ko‘rfazidagi qolgan bazalari ichidan himoyaga eng muhtoji bo‘lib qoladi.
Deylik, AQSh Eronni yana bombalab, nimadir yanglish ketsa, Bagram juda zaif mavqe’da qoladi.
Bazani havodan himoya qilishga to‘g‘ri kelishi bois, ko‘p odam tashlanadi. Harbiy va yuk uchoqlari ishga solinadi. Ular bemalol uchib-qo‘nishi kerak.
Buning uchun sizga katta, bir necha chaqirimlik xavfsiz hudud lozim bo‘ladi.
Misol uchun, so‘nggi oylarda Xitoyning mavqei anchayin keskinlashdi.
Boshida Tramp bilan muzokara olib borishga urindi.
Ammo hozir javob choralarini qo‘llashdan ham tap tortmasligini ko‘rsatmoqda. Oralaridagi ziddiyat kuchaygan.
Shu bois, Xitoy Amerikaning Bagramga qaytishini osonlik bilan hazm qiladi, deb o‘ylamayman.
Menimcha, amerikaliklar ham Bagram qaltis ahvolda qolishi, uni faqat havodan himoya qila olishlari mumkinligini yaxshi bilishadi. Bu ularga anchayin qimmatga tushadi.
AQShning esa Xitoy yaqinida yana ko‘plab boshqa bazalari bor. Shunday ekan, Bagramning qanchalik kerakligi mantiqqa u qadar ham to‘g‘ri kelmaydi.
Markaziy Osiyo va Bagram

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z vaqtida AQSh harbiy bazalarini o‘z hududlariga joylashtirgan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishadi.
Ular ham 2001 yilda Afg‘oniston bois, Amerika Qo‘shma Shtatlari boshlagan "terrorga qarshi urushi"ga bosh qo‘shishgan.
AQSh harbiylari Toshkentning talabi bilan O‘zbekistonni 2005, Qirg‘izistonni esa, Bishkekning so‘roviga muvofiq, 2014 yilda tark etishgan, o‘zlarining bu ikki sobiq Sovet davlatidagi bir necha yillik harbiy hozirliklariga yakun yasashgan.
Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari, bundan tashqari, ayrim nufuzli G‘arb nashrlarida Afg‘onistonni tark etishi bilanoq AQSh tomoni bazalarini qaytarish uchun muzokaralar olib borgan davlatlar qatorida tilga olinishgan.
Boshqa tomondan, Tojikiston misolida aynan Markaziy Osiyo Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan mintaqa bo‘ladi.
Rossiya, bundan tashqari, Qirg‘izistonda ham o‘zining harbiy bazasiga ega, Qirg‘izistondan tashqari yana Qozog‘istonda ham harbiy inshootlari bor. So‘nggi paytlarda G‘arbda Xitoy ham Tojikistonda o‘zining harbiy hozirligini kuchaytirayotganiga oid xabarlarning soni ortgan.
Trampning yana o‘zlariga chegaradosh Afg‘onistonga qaytishlarini ko‘zda tutuvchi Bagram bazasi bilan bog‘liq bayonotlariga Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo Rossiya tomonining Afg‘onistonda tashqi kuchlarning harbiy hozirligiga umuman toqat qilinmasligiga oid so‘nggi bayonoti shu oy, Moskva formati yig‘inida, ular hay’atlarining hozirligi va ishtirokida yangragan.
Voqealarning bu kabi rivoji, boshqa tomondan, O‘zbekiston misolida Markaziy Osiyoning yirik davlatlari Tramp ma’muriyati bilan aloqalarini yanada yuqoriroq bosqichga olib harakatida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Turli jangari guruhlar xuruji xavfi bo‘ladimi, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi yoki katta sondagi qochqinlar oqimi – Afg‘oniston tahdidi, yillarki, ular uchun eng dolzarb va hassos masalalardan biri bo‘ladi.
Yaqin, yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘onistonda ildizlari Markaziy Osiyoga borib taqaluvchi jangari guruhlar ham boshpana topishgan, jang qilishgan va hanuz jon saqlab kelishadi.
Ular o‘z vaqtida Afg‘oniston Tolibon harakati va "al-Qoida" tarmog‘ining yaqin ittifoqchilari sifatida ko‘rilishgan, O‘zbekiston Islomiy harakati esa, hatto, orada bugun Afg‘onistondagi eng jangarisi va halokatlisi ekani aytiluvchi IShIDning Xuroson qanotiga to‘lig‘icha bay’at keltirganini ham e’lon qilgan.
So‘nggi paytlarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonda, ayniqsa, "al-Qoida" qayta faollashayotganiga oid xavotirli hisobotlarining soni ham ortgan.
Aynan xavfsizlik aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari nega bugun Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan har tomonlama hamkorliklarini kuchaytirish harakatida ekanliklarining bosh sabablaridan biri bo‘ladi.
Bundan tashqari, muhim jo‘g‘rofiy joylashuvi bois, Afg‘oniston birgina dengizga yopiq O‘zbekiston misolida ularni xalqaro suv yo‘llariga olib chiqish, yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin bo‘lgan muhim davlat.
Shunday ekan, voqealarning Trampning talabi bilan bog‘liq rivoji Markaziy Osiyo davlatlari uchun nimani anglatadi?
Tarixda bunaqa ziddiyatlar, geosiyosiy o‘yinlar ko‘p bo‘lgan, bizga natija muhimroq.
Farhod Tolipov
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston
Farhod Tolipov: Demak, bu stsenariy deymizmi, bu masalaning qanday rivoj topishi asosan ikkita tomonga bog‘liq bo‘lib qoladi: ya’ni, bu Afg‘oniston hukumatining o‘ziga va AQShning irodasi – Tramp hamda ma’muriyatining o‘ziga.
Men pirovard natijada bir ideal stsenariy sifatida aytgan bo‘lardim, mintaqa, keng mintaqa, Afg‘onistonni ham qo‘shgan holda makro mintaqa deymiz, turlicha harbiy bazalardan xoli hududga aylansa, eng ma’quli, bizning manfaatlarimizga javob beruvchi natija shu bo‘lar edi.
Afsuski, bunday bo‘lmas ekan, demak, o‘sha muvozanat nuqtai nazaridan Afg‘onistonga qaytib kelishi, balki, maqsadga muvofiq bo‘lar.
Lekin u nima maqsadda kelishi mumkin, men mana shunga alohida urg‘u bergan bo‘lardim.
Ya’ni, ular shunga ravshanlik, aniqlik kiritganidan so‘ng biz xulosa qilishimiz mumkin.
Joylashuv joylashuv uchun emas, muayyan maqsad uchun, deyiladi.
Agarda shu maqsad bu hozir beqaror bo‘lgan mamlakatda faqat barqarorlik o‘rnatish, terrorizm o‘choqlarini yo‘q qilish, geosiyosiy barqarorlikka, balansga erishish bo‘lsa, albatta, Markaziy Osiyo mamlakatlarining manfaatlariga javob beradi.
Demak, mana, eslaylik, agar-da, bunga taalluqli bo‘lmasa ham, bevosita bir aloqasi bo‘lmasa ham, Zangezur yo‘lagi masalasini Tramp bartaraf etdi, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga xizmat qildi, ko‘mak berdi, endi bu yo‘lakni nazoratga oladi, bu ham transport-ku, deb hozir juda hammayoqda shu masalani ijobiy ko‘rsatishayapti. Tahlilchilar ham, siyosiy doiralar ham...
Balki, shunga o‘xshagan vaziyatni Markaziy Osiyoga, Afg‘onistonga proektsiya qilgan holda, agar-da, Afg‘onistonda tinchlik, barqarorlik o‘rnatilsa va u uzoq muddatli bo‘lsa, unda haligi biz orzu qilgan, 90-yillardan beri, o‘tgan asrdan beri orzu qilgan transport koridorlari va boshqa loyihalarni Afg‘onistonda amalga oshirish uchun imkoniyatlar ko‘proq ochilishi mumkin.
Tarixda bunaqa ziddiyatlar, geosiyosiy o‘yinlar ko‘p bo‘lgan, bizga natija muhimroq.
Agar-da, AQShning harbiy bazasi joylashgan va uning maqsadlari aniq, ravshan, qancha muddatga kelganligi bildirilgan bo‘lsa, qaysi davlat, qanchalik qudratli bo‘lmasin, Xitoymi yoki Rossiya qarshilik qilishi mumkin? Nima, tanklar, samolyotlar bilan AQShga qarshilik qiladimi? Menimcha, unday bo‘lmasa kerak.
Ko‘p jihatdan mana shu masalaga oydinlik kiritish bu AQShga bog‘liq. Ana o‘sha belgilaydi bunga bo‘lgan munosabat va reaktsiyani.
Bizga muhim nima uchun kirayotganligi, qancha vaqtga, nima maqsadda, shuning natijasida Afg‘oniston biz uchun qanchalik, oxir-oqibat, pirovard natijada, barqarorlashadi, adolatli hukumat o‘rnatiladi, terrorizm o‘choqlari yo‘q qilinadi va Afg‘oniston rivojlanishida tinch yo‘lga o‘tadi.
Mintaqada muqobil tanlov bormi?

Surat manbasi, Getty Images
Dovud A’zamiy: Mintaqalararo muammolar, jumladan, xavfsizlik, giyohvand moddalar noqonuniy kontrabandasi, odam savdosi bilan kurashishning eng yaxshi yo‘li – mintaqaviy mexanizmdir.
Bu muammolar mintaqaviy xususiyatga ega va ularni bir mamlakat o‘zi hal qila olmaydi.
Shu bois, ko‘pmillatli mexanizm va mintaqaviy hamkorlikka ehtiyoj bor.
Agar mintaqa bu muammolarni hal qilsa, tashqi kuchlarning harbiy yoki boshqa yo‘l bilan aralashuviga hech qanday ehtiyoj yoki bahona qolmaydi.
Ayni paytda mintaqadagi ko‘plab muammolar qashshoqlik, ishsizlik va iqtisodiy imkoniyatlarning kamligi, yetishmasligi bilan bog‘liq.
Mintaqa davlatlari umumiy mintaqaviy rivojlanish, savdo va o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, kuchaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishlari lozim.
Tolibon va Bagram

Tolibon AQSh Prezidenti Donald Trampning Bagramni o‘zlariga qaytarish talabini qat’iyan rad etgan.
Amerikaning Afg‘onistonda hech bir shaklda harbiy hozirligini saqlab qolmasligi hali qudratga qaytishlari arafasida kechgan muzokaralar chog‘ida ta’kidlanganini xotirlatgan.
Ularning raddiyasiga Tramp va ma’muriyatining munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.
Ammo o‘tgan oy Tramp Bagram Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilmasa, buning oqibati "yomon" bo‘lishi bilan ogohlantirgan, lekin aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.
Tolibonning Afg‘onistondagi ilk hukumati va Islomiy Amirligini ham 2001 yilda AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya kuchlari qulatishgan.
Qay bir shaklda bo‘lmasin, Afg‘onistondagi vaziyatning izdan chiqishi ham mintaqa davlatlarining allaqachon jiddiy xavotirlariga molik istiqbollardan biri bo‘ladi.
Voqealarning so‘nggi rivoji yana Amerika Tolibonni "xorijiy terrorchi tashkilot" sirasiga kiritish-kiritmaslik masalasini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Trampning ortda qolgan katta miqdordagi harbiy texnikalarini ortga qaytarish talabi Afg‘onistonning Amerika tomonidan qayta ishg‘oliga olib kelishi mumkinligiga oid xavotir va qo‘rquvlar hanuz arimagan vaziyatda bo‘y ko‘rsatgan.
Afg‘onistonning Tolibon qudratga qaytishi ortidan chetda muzlatib qo‘yilgan milliardlab dollarlik hissalari ham asosan Amerika Qo‘shma Shtatlarida saqlangan.
Tolibon hukumati ularni o‘zlariga qaytarish istagida, ammo Tramp ma’muriyati yaqinda Afg‘onistonga moliyaviy ko‘maklarini ham keskin qisqartirib qo‘ygan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi an’anaviy ittifoqchilaridan biri sifatida ko‘riluvchi Pokiston esa, Afg‘onistonning qudratga qaytishi ortidan Tolibon eng ko‘p to‘qnashuvlarga borayotgan qo‘shnisi bo‘ladi.
Shu kunlarda ham mintaqa ikkovlon o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lgan.
Tahlilchilar orasida Tramp ma’muriyati xuddi shu vaziyatdan ham Bagram masalasida Tolibonga ta’sir vositasi sifatida foydalanishi mumkin, degan qarashlar yo‘q emas.
Shunday ekan, Trampning Bagramni o‘zlariga qaytarish talabi Tolibon va Afg‘oniston uchun nimani anglatadi? Tolibon hukumati AQSh prezidentining bu talabi qarshisida nima qila oladi?

Surat manbasi, AFGHANISTAN ISLAMIC PRESS
Antonio Gustotstsi: Menimcha, amerikaliklar Bagram evaziga Tolibonga moliyaviy ko‘mak va Afg‘onistondagi hukumatini tan olishni taklif qilib ko‘rishlari mumkin.
Shu bois ham, Tolibon vazirlari orasida buni qo‘llayotganlari bor. Chunki ular shu yo‘l bilan diplomatik yutuqqa erishishlari mumkin bo‘ladi.
Ya’ni, agar Amerika Tolibon hukumatini tan oladigan bo‘lsa, Yevropadagi aksariyat ham ularga ergashadi.
To‘g‘ri, Tramp iqtisodiy yordamni uncha xushlamaydi. Lekin ular osonlik bilan Afg‘onistonga insonparvarlik ko‘magini qayta tiklashlari mumkin.
Chunki bu shundoq ham Afg‘onistonga berib kelingan yordam.
Shu bois, bu ishlarini osonlik bilan oqlay olishadi.
Bunga o‘zlari uchun arzimas bo‘lgan 200-300 million dollar qo‘shadigan bo‘lishsa, bu Tolibon nazdida juda katta pul bo‘ladi.
Ularning Tolibonga Bagram uchun asosiy takliflari shular bo‘lishi mumkin.
Menimcha, toliblar hammasini chamalab ko‘rib, rozi bo‘lish o‘zlari uchun rozi bo‘lmaslikdan ko‘ra xatarliroq, degan to‘xtamga kelishadi.
Qanday bo‘lmasin, xavflar baribir mavjud.
Tolibon Tramp boshqa narsalar bilan chalg‘ib, Bagramni xayolidan chiqarishiga umid qilsa kerak.
G‘azodagisiga o‘xshash dunyoda Trampga obro‘ keltirishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar esa oz emas. Tramp hozir yana Ukraina haqida ham qayg‘urib qolgan.
Bagram masalasida Tolibon rahbariyati yakdil mavqe’da emas.
Tramp ularni ko‘ndirgan taqdirda ham, Tolibon rahbariyati bunga barchaning roziligini kafolatlay olmaydi.
Chunki saflari anchayin tarqoq. Oralarida amerikaliklar Bagramga qaytishsa, jihodni qayta boshlashga ahd qilganlari ham bor.
Amerikaga zarba berishlari uchun ularni osonlikcha raketa bilan ta’minlaydigan qo‘shni davlatlar ham topiladi.
Mening tushunishimcha, Tolibon Oliy rahbari Hibatulla Oxundzoda Bagramni qaytarishga butkul qarshi.
Tolibonning mahalliy qo‘mondonlari, Qurolli kuchlaridagilarining aksariyati ham xuddi shunday mavqe’da.
Menimcha, ular bu o‘zlarining legitimliklariga qattiq putur yetkazadi, degan o‘ydalar.
Bu Tolibon saflarida jiddiy bo‘linishlar, noroziliklarga sabab bo‘lishi aniq.
Agar rahbariyatida qandaydir o‘zgarish bo‘lmasa, Hibbatulla Oxundzoda amirlikdan ketmasa, fikrimcha, Tolibon Trampning Bagram xususidagi talabiga ko‘nmaydi.
Keyin bu yana barcha qo‘shnilarini ulardan begonalashtiradi.
Qo‘shnilari orasida esa Xitoy kabi qudratlilari ham bor.
Agar Xitoy Tolibon ishonchga darz yetkazdi, degan to‘xtamga kelsa, buni aniq shunday qo‘yib qo‘ymaydi. Iqtisodiy, diplomatik aloqalarini uzadi. Rossiyaliklar ham.
Afg‘onistonda Tolibon hukumatini birinchi bo‘lib tan olgan Rossiyaning bundan xursand bo‘lmasligi aniq. Va, albattaki, Tramni bilgan odamlar uning har doim ham aytgan gapida turavermasligini yaxshi bilishadi.
Shu bois, u birgina Tolibon nazdida emas, umuman olganda, unday ishonchli hamkor yoki ittifoqchi sifatida ko‘rilmaydi.
Ya’ni, siz ular bilan biror kelishuvga borsangiz, olti oydan keyin yoki undan ham ertaroq hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qolishi mumkin, bilasizmi...
Tolibon esa ayrim qo‘shnilari bilan yaxshi aloqalar o‘rnatish uchun ko‘p zahmat chekkan.
Albatta, Pokiston bundan mustasno. Lekin ular kutilmaganda Hindiston bilan munosabatlarini ancha yaxshilashdi.
Keyin Xitoy, Rossiya, Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan.
Hozir Tojikiston bilan ham aloqalarini o‘nglashga qattiq harakat qilishmoqda.
San-manga borib tursa-da, umuman olganda, Eron bilan ham munosabatlari yaxshi.
Agar Bagram masalasida rozilikka borishsa, bularning barchasini yo‘qotishadi.
Ayniqsa, Rossiya, Xitoy va Eron toliblardan butkul orqa o‘giradi.
Shuning uchun ham, Trampning talabiga ko‘nish ularga ancha qimmatga tushishi mumkin. Bundan olajak foydalari esa katta savol ostida.
Yangi urush xavfimi yoki oxiri nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Getty Images
Antonio Gustotstsi: Tolibon o‘zining rasmiy javobini aytdi. Yaqinda Moskvada ham Tashqi ishlar vaziri bunga "yo‘q", dedi. So‘zsiz, bu Bagram mavzusi yakun topdi, degani emas.
Menimcha, G‘azo va boshqa masalalardan sal bo‘shaganida, AQSh ushbu mavzuga qaytishi va yana bir bor bu xususda muloqotlar olib borishi mumkin.
Tolibonning javobi esa, anchayin qat’iy, yakuniy bo‘ldi.
Tramp Bagram deb, Afg‘onistonga qo‘shin yubormaydi, bunisi aniq. Ammo osonlik bilan qandaydir bombalash kampaniyasiga qo‘l urishi mumkin.
Aftidan, ular bundan avval Afg‘onistonda qolgan AQSh harbiy texnikasi saqlanayotgan joylarni bombalash bilan ham tahdid qilishgan.
Bu kabi bir kampaniyaning natijasi esa, faqat ramziy ma’noga ega bo‘lmaydi.
U siyosiy jihatdan ham vaziyatni izdan chiqarishi, Amirlikni beqarorlashtirishi mumkin. Shunday bir xavf bor.
Chunki bu ishni qilaman desa, amerikaliklarga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi.
Tolibonning baribir himoyasi yo‘q.
Keyin bunga ko‘p pul ham ketmaydi.
Amerikaliklar yana Tolibon yetakchilarini ham osonlik bilan nishonga olishlari mumkin.
Ammo Tramp o‘z tahdidini amalga oshirish bilan nimaga erishadi, degan savol ham bor.
Masalan, men Tramp Afg‘onistonni bombalash bilan ko‘p narsaga erishadi, deb o‘ylamayman.
Ammo boshqa narsa bor. Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar qanday yomonlashib borayotgani nazarda tutilsa, rostmana urush xavfi hanuz arimagan.
Xuddi shu narsa amerikaliklarga bosim o‘tkazishlari uchun ko‘proq imkoniyat berishi mumkin.
Agar ular chegara mojarosida Pokistonni qo‘llashlariga ishora qilishsa, buni Pokiston Tolibon harakati yoki ularning Afg‘oniston ichkarisidagi harbiy jihozlarini nishonga olish bilan osonlikcha terrorga qarshi amaliyot, deb taqdim qilishlari mumkin.
Sabab, ular pokistonliklarga qaraganda yaxshiroq mavqe’da bo‘lishadi.
Texnologiyalari ancha ilg‘or, uchuvchisiz uchoq yoki raketalari yordamida Pokiston Tolibon harakati yetakchisi yoki qo‘mondoniga juda osonlik bilan zarba bera olishadi.
Chunki yaqin o‘tmishda Pokiston Tolibon harakatining barcha yetakchilari asosan amerikaliklar tomonidan o‘ldirilgan.
Shuning uchun Amerika terrorizmga qarshi xuddi shunday kurashini qayta boshlashi mumkinligi istisno qilinmaydi.
Ular buni Bagram masalasini hal qilishda bosim sifatida qo‘llashlari mumkin.
Pokistonliklar ham, albattaki, Amerikaning qo‘llovidan juda xursand bo‘lishadi.
Sababi, aynan Tramp hokimiyatga kelganidan keyin AQSh va Pokiston munosabatlari ancha yaxshilandi.
Shunday ekan, bu ular uchun o‘z bosimlarini kuchaytirishning bir yo‘li bo‘lishi mumkin.
Tolibon ham bunga javoban qila oladigan ishlar bor.
Ammo bugun ular unday katta ta’sirga ega bo‘lmaydi.
Misol uchun, hozir "al-Qoida"ga Afg‘oniston kerak emas. Ya’ni, tarmoq Yevropa yoki Amerikada ham o‘tirib, o‘zining hujumlarini rejalashtira oladi.
Lekin "al-Qoida"ning Afg‘onistonga ochiqcha qaytgani va faol ekani har qanday AQSh prezidenti uchun sharmandalik sanaladi.
Chunki AQSh bundan avval aynan "al-Qoida" sabab, Afg‘onistonga kirgan, to‘g‘rimi?
Afg‘onistonda yana ular bayrog‘ining hilpirab turishi Trampni jim qarab turmaslikka undashi mumkin.
Bu uning mintaqada haqiqiy mojaroga tortilishi xavfini paydo qiladi.
Ammo, menimcha, Tramp bu narsani xohlamaydi.
Shu bois ham, bunday bo‘lishiga ishonchim komil emas.
Bundan tashqari, Tramp yana Afg‘onistonga o‘ralashib, ko‘p narsa topmaydi.
Tolibon ham uning Bagramdan ko‘ra o‘zi uchun dolzarbroq bo‘lgan boshqa muhim xalqaro masalalar bilan chalg‘ishiga umid qilsa kerak.

Surat manbasi, skrinshot
Rossiya-Tolibon munosabatlari tarixchasi
- Rossiyaning Tolibon bilan aloqalari silliq bo‘lmagan.
- Harakat 20 yildan ortiq Rossiyaning "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida turgan.
- Rossiya uning faoliyatini 2003 yilda o‘z hududida rasman taqiqlagan.
- Tolibon bungacha Rossiyadagi chechen bo‘lginchilarini oshkora qo‘llagan, hatto Rossiyaga qarshi jihod ham e’lon qilgan.
- Tolibon ilk bor qudratga kelgan 90-yillar oxiri va 2000 yillar boshlarida Rossiya unga nisbatan keskin mavqe’ni egallagan.
- 2001 yilning 11 sentyabridagi teraktlar ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarini ham qo‘llab-quvvatlagan.
- Xuddi shu amaliyotlar natijasida Tolibonning Afg‘onistondagi ilk tuzumi qulatilgan, Islomiy Amirligi barham topgan, ammo toliblar butkul yengilmagan.
- Tomonlar o‘rtasidagi urush qariyb yigirma yilga cho‘zilgan, Afg‘onistonda yana IShID faollashgan.
- G‘arb qo‘shinlarining janubiy sarhadlaridagi uzoq yillik hozirligi va IShID esa, xuddi shu manzarada tomonlarni bir-biriga yaqinlashtirgan ikki muhim omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
- Rossiya Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga kirishgan, 2017 yilda G‘arb tomonidan dastaklangan afg‘on hukumati, mintaqa davlatlari va Tolibon vakillarini ham o‘z ichiga oluvchi Moskva muloqot formatiga asos solgan.
- So‘nggi afg‘on urushiga diplomatik yo‘lda yechim topishga urinib ko‘rgan, formati bugun ham faoliyatda, Afg‘onistondagi Tolibonga muxolifatda bo‘lgan siyosiy guruh vakillariga ham o‘z eshiklarini ochiq tutgan.
- Orada G‘arbning Afg‘onistondagi Tolibon harakatini qo‘llayotgani va unga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganiga oid da’volarini izchil ravishda rad etib kelgan.
- Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni butkul tark etib, qudratga yana Tolibon qaytarkan, uning muvaqqat hukumati bilan munosabatlarini faol rivojlantirgan.
- O‘zining Afg‘onistondagi, Afg‘onistonning Rossiyadagi elchixonasini ham yopmagan.
- Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, qisqa vaqtning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi $1 milliard AQSh dollariga yetgan.
- Rasmiy Moskva Tolibonni Afg‘onistondagi "haqiqiy kuch", deb atagan.
- Shu yilning aprelida Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqargan, iyulida esa, dunyoda birinchi bo‘lib uning Afg‘onistondagi hukumatini rasman tan olgan.
- Afg‘onistonni Rossiyaning o‘zi 10 yillik harbiy hozirligi ortidan 1989 yilda tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.
- Ammo, aksariyat mintaqaviy yetakchi tahlilchilar nazdida, Kreml Afg‘oniston tahdidini, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining turli bosimlarini o‘tkazishda eng muhim va samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham qo‘llab keladi.
Qisqacha ma’lumot o‘rnida

Surat manbasi, EPA
Tolibonning dunyoning uch davlati - Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan tan olingan ilk tuzumi Afg‘onistonda besh yilcha amal qilgan.
Nyu-York va Vashingtonda 2001 yilning 11 sentyabrida sodir etilgan va Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘rilgan "al-Qoida" tarmog‘i ayblangan teraktlardan so‘ng xuddi o‘sha yilning o‘zida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari tomonidan qulatilgan.
Shundan so‘ng 20 yil davomida Tolibon o‘zining ittifoqchilari bilan birga AQSh va NATO misolida dunyoning eng qudratli davlati va harbiy ittifoqiga qarshi turgan.
2020 yilda Trampning ilk ma’muriyati Tolibon bilan kelishuvga borgan, xuddi shu bitim shartlari asosida xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etgan.
2021 yilning avgustida ayni shu kelishuv manzarasida harakat yana Afg‘onistonda qudratga qaytgan, ammo mamlakatdagi oz bo‘lmagan siyosiy muxoliflari bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqargan.
Afg‘onistonni yana Islomiy Amirlik, deb e’lon qilgan va uning o‘zlari talqinidagi Shar’iy qadriyatlar asosida boshqarilishini e’lon qilgan.
Koalitsion hukumat bo‘ladimi, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarining to‘laqonli kafolati – hokimiyatga qaytishidan to‘rt yil o‘tib ham, rasman tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy shartlarni hanuz bajarmay keladi.
Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyaning bu harakatini uning Tolibon siyosiy muxoliflari bilan xayrlashuvi sifatida baholash mumkin va endi bu muxolifatning Moskvadan yuz burib, G‘arbga ko‘proq umid bog‘lashi ehtimoli ham yo‘q emas.
Ayni qarashda bo‘lgan ekspertlar fikricha, Tolibon tomonidan muvozanat buzilgan taqdirda, xuddi shu muxolifat AQSh ilova biror bir qudrat tomonidan bevosita qo‘llansa, bu Afg‘onistondagi ichki vaziyatni o‘zgartira oladigan omilga aylanishi mumkin.












