Eron vaziri Bi-bi-siga: "Yadroviy kelishuv uchun murosalarni muhokama qilishga tayyormiz" (Video)

Eron vaziri oq ko‘ylak, qora kostyum kiygan, va qora rangli ko‘zoynak taqqan
Surat tagso‘zi, Eron vaziri: "To‘p Amerika tomonda. Tehron muzokaralarga tayyor".
    • Author, Liz Dyuset
    • Role, Bi-bi-si muxbiri
    • Reporting from, Tehronda
    • Author, Jeremi Kalli
    • Reporting from, Londonda
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Eron vaziri Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, agar amerikaliklar sanksiyalarni bekor qilishni muhokama qilishga tayyor bo‘lsa, Eron AQSh bilan yadroviy kelishuvga erishish uchun murosalarni ko‘rib chiqishga tayyor.

AQSh rasmiylari bir necha bor ta’kidlab kelishicha, bu cho‘zilib ketgan muzokara jarayoni rivojini to‘xtatib turgan tomon AQSh emas, balki Erondir.

Shanba kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Prezident Donald Tramp kelishuvni afzal ko‘rishini, biroq Eron bilan kelishuvga erishish "juda qiyin" ekanini aytdi.

Ammo Eron tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Majid Taxt-Ravonchi Tehronda Bi-bi-siga bergan suhbatida, "To‘p Amerikaning maydonida, ular kelishuvni istayotganini isbotlashi kerak", dedi va "Agar ular samimiy bo‘lsa, ishonchim komil, biz kelishuv sari yo‘lga chiqamiz", deya qo‘shimcha qildi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Tramp agar Eronning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Eronga zarba berish bilan tahdid qildi. AQSh mintaqada harbiy ishtirokini kuchaytirmoqda.

Bu o‘tgan oy Eronda butun mamlakat bo‘ylab hukumatga qarshi namoyishlarning zo‘ravonlik bilan bostirilishidan keyin sodir bo‘ldi. Inson huquqlari guruhlari minglab odamlar halok bo‘lganini aytmoqda.

AQSh va Eron fevral boshida Fors ko‘rfazi davlati Ummonda bilvosita muzokaralar o‘tkazdi va Taxt-Ravonchi seshanba kuni Jenevada ikkinchi bosqich bo‘lib o‘tishi belgilanganini tasdiqlab, ular "ko‘proq yoki kamroq ijobiy yo‘nalishda bo‘ldi, biroq baholash uchun hali erta", dedi. Tramp ham bu muzokaralarni ijobiy deb ta’riflagan.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tehronning 60% boyitilgan uranini suyultirish taklifini murosaga tayyorligining dalili sifatida ko‘rsatdi.

Qurol yaratish darajasiga yaqin bo‘lgan bu boyitish Eron Islom Respublikasi yadroviy qurol ishlab chiqishga yaqinlashmoqda degan shubhalarni kuchaytirdi. Eron buni har doim inkor etib kelgan.

"Agar ular sanksiyalar haqida gaplashishga tayyor bo‘lsa, biz dasturimiz bilan bog‘liq bu va boshqa masalalarni muhokama qilishga tayyormiz", dedi Taxt-Ravonchi Bi-bi-siga. Bu barcha yoki ayrim sanksiyalarni bekor qilishni anglatadimi, degan savolga u aniqlik kiritmadi.

Eron 2015-yilgi yadroviy kelishuvda qilganidek, 400 kilogrammdan ortiq yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini Eron tashqarisiga chiqarishga rozi bo‘ladimi, degan savolga Taxt-Ravonchi, "Muzokaralar davomida nima bo‘lishini aytishga hali erta", dedi.

Tramp uch yil o‘tib kelishuvdan chiqib ketgan, 2015-yilgi ko‘p tomonlama kelishuv doirasida past darajada boyitilgan 11000 kilogramm uranni qabul qilgan Rossiya, bu materialni yana qabul qilishni taklif qilgan.

Video tagso‘zi, Video ingliz tilida: Eron AQSh bilan yadroviy kelishuvning bir qismi sifatida sanksiyalarni bekor qilish mumkinligini aytayotgan bir paytda, Bi-bi-si muxbiri Liz Dyuset Tehronning Katta bozorida.

OAVda ilgari xabar qilingan boshqa takliflar orasida Tehronning yadroviy boyitishni vaqtincha to‘xtatish taklifi ham bor.

Eronning asosiy talablaridan biri muzokaralar faqat yadroviy masalaga qaratilishi bo‘lishi kerakligi edi. Bu haqda Taxt-Ravonchi shunday dedi: "Bizning tushunishimizcha, agar kelishuvga erishmoqchi bo‘lsangiz, yadroviy masalaga e’tibor qaratishingiz kerak degan xulosaga kelishgan".

Agar tasdiqlansa, bu Eron uchun muhim oldinga qadam bo‘ladi. U Vashingtonning boyitishni nol darajaga tushirish haqidagi talablarini har qanday kelishuvga to‘sqinlik sifatida ko‘rgan.

Eron buni qizil chiziq, yadroviy qurollarni tarqatmaslik shartnomasi doirasidagi huquqlarining buzilishi deb hisoblaydi.

Taxt-Ravonchi Bi-bi-siga, "Nol darajada boyitish masalasi endi muhokama masalasi emas. Eron nuqtai nazaridan u endi muzokara stolida muhokama qilinmaydi", dedi. Bu Trampning juma kuni jurnalistlarga aytgan, "Biz hech qanday boyitishni xohlamaymiz", degan so‘zlariga zid.

Eron muzokarachisi, shuningdek, Tehronning ballistik raketa dasturini amerikalik muzokarachilar bilan muhokama qilishdan bosh tortishini yana bir bor takrorladi. Bu o‘z navbatida Isroilning asosiy talablaridan biri bo‘lib kelgan, chunki bu raketalar aynan shu davlatni nishonga olgan.

BBC
To‘p Amerikaning maydonida, ular kelishuvni istayotganini isbotlashi kerak. Agar ular samimiy bo‘lsa, ishonchim komil, biz kelishuv sari yo‘lga chiqamiz.
Majid Taxt-Ravonchi
Eron tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Har qanday kelishuvga Eronning mintaqadagi qurolli guruhlarni qo‘llovi masalasini kiritish ham, Rubio kabi AQSh rasmiylari tomonidan ta’kidlangan.

"Bizga isroilliklar va amerikaliklar hujum qilganida, raketalarimiz bizni himoya qildi, shunday ekan qanday qilib mudofaa imkoniyatlarimizdan voz kechishga rozi bo‘lishimiz mumkin?", dedi Taxt-Ravonchi.

O‘n yildan ortiq avvalgi muzokaralarda ham muhim rol o‘ynagan va hozirgi muzokaralarda ham asosiy rol o‘ynayotgan yuqori martabali diplomat AQSh prezidentining qarama-qarshi bayonotlaridan xavotir bildirdi.

"Ular muzokaralarga qiziqish bildirmoqda, degan gaplarni eshityapmiz", dedi u. "Buni ochiqdan-ochiq aytishdi. Ummon orqali shaxsiy suhbatlarda ham bu masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qiziqish borligini aytishdi".

Ammo so‘nggi bayonotlarida Tramp yana rejim o‘zgarishiga e’tibor qaratib, "Ehtimol, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa shu bo‘lardi", dedi.

"Buni shaxsiy xabarlarda eshitmayapmiz," dedi Taxt-Ravonchi, hozir asosiy arab vositachisi bo‘lib turgan Ummon Sultonligining tashqi ishlar vaziri Sayid Badr bin Hamad Al-Busaidiy orqali uzatilayotgan xabarlarga ishora qilib. Boshqa mintaqaviy kuchlar, jumladan Qatar ham muhim rol o‘ynamoqda.

Taxt-Ravonchi mintaqadagi AQSh harbiy kuchlarining ko‘payishini ham savol ostiga qo‘yib, yana bir urush "Iztirobli, hamma uchun yomon… hamma aziyat chekadi, ayniqsa bu tajovuzni boshlaganlar", deya ogohlantirdi.

U qo‘shimcha qilib: "Agar biz buni mavjudligimizga tahdid deb his qilsak, shunga yarasha javob beramiz", dedi. Eron amerikalik kampaniyani omon qolish uchun kurash deb hisoblaydimi, degan savolga u: "Bunday juda xavfli stsenariy haqida o‘ylashning o‘zi oqilona emas, chunki butun mintaqa tartibsizlikka yuz tutadi," deb javob berdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Eron bir necha bor mintaqadagi AQSh harbiy bazalarini qonuniy nishon deb hisoblashini aytgan.

Avvalgi hujumlarda, jumladan o‘tgan iyun oyida AQSh Eron yadroviy ob’ektlariga zarba bergach, Qatardagi Al-Udeyd harbiy bazasiga qilingan hujumda Tehron amerikaliklar orasida qurbonlar bo‘lmasligiga harakat qilgan.

Mintaqada hozir 40 mingdan ortiq AQSh askari joylashtirilgani haqidagi savolga Taxt-Ravonchi "bu boshqacha o‘yin bo‘ladi," deb javob berdi.

Yuqori martabali Eron rasmiylari mintaqa bo‘ylab hamkasblari bilan jadal muzokaralar olib bormoqda, ular esa o‘z navbatida keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan urushning oldini olish zarurati haqida Prezident Tramp bilan telefon orqali gaplashmoqda.

"Biz mintaqada urushga qarshi deyarli bir ovozdan kelishuvni ko‘ryapmiz", dedi Taxt-Ravonchi.

Eron bir necha bor Isroilni ushbu muzokara yo‘lini sabotaj qilishga urinayotganlikda ayblagan.

"Garchi 100% ishonchimiz komil bo‘lmasa ham, biz buni diplomatiya orqali amalga oshira olishimizga umid qilamiz", dedi u, va "Eron kutilmagan hodisalardan ogoh bo‘lishi kerak", deya qo‘shimcha qildi.

Bu o‘tgan iyun oyida Isroilning kutilmagan hujumiga ishora bo‘lib, hozir 12 kunlik urush deb ataladigan mojaroning boshlanishiga sabab bo‘lgan. Bu Eron Ummonda AQSh maxsus vakili Stiv Vitkof bilan bilvosita muzokaralarning oltinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rayotganidan bir necha kun oldin sodir bo‘lgan va Tehronning bu jarayonga bo‘lgan ishonchini kamaytirgan.

Ma’lumki, o‘tgan yilgi muzokaralarda oldga siljish yo‘qligidan Eron norozi bo‘lgan, Vitkof esa ko‘pincha yuqori darajada texnik masala bo‘lgan bu jarayonga kerakli mutaxassislarsiz kelgan deb aytiladi.

Eron rasmiylari, jumladan Prezident Masud Pezeshkian, bir bosqichda erishilgan kelishuvlar keyingi uchrashuvga kelib o‘zgartirilayotganini tanqid qilgan.

Fevral boshidagi so‘nggi muzokaralarda AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushnerning ishtiroki Eron tomonidan AQShning yanada jiddiyroq jalb etilishining ijobiy belgisi sifatida ko‘rilgan.

Boshqa tomondan, Eronning har qanday kelishuv uchun zarur bo‘lgan qiyin murosalarga tayyormi-yo‘qmi degan savollar ham ko‘tarilgan.

Ko‘plab kuzatuvchilar yangi kelishuv yaqin ekaniga shubha bilan qaramoqda, biroq Taxt-Ravonchi Eron Jenevadagi navbatdagi bosqichga kelishuvga erishish umidi bilan borishini aytdi.

"Biz qo‘limizdan kelganini qilamiz, lekin boshqa tomon ham samimiy ekanini isbotlashi kerak", dedi u.

Bi-bi-sining bosh xalqaro muxbiri Liz Dyuset uning materiallari Bi-bi-sining Fors xizmati tomonidan ishlatilmasligi sharti bilan Tehrondan xabar bermoqda. Bu cheklovlar Eronda faoliyat yuritayotgan barcha xalqaro OAV tashkilotlariga tatbiq etiladi.