Ko‘krak saratonini to‘xtatadigan vaktsina chiqadi. Bunga qancha vaqt qoldi?

Laboratoriyada ishlayotgan ayol olim tasviri. Uning qora sochlari baland qilib yig‘ilgan, u oq laboratoriya xalatida, rezina qo‘lqop va niqob taqib olgan. U igna yordamida probirkalarga suyuqlik yubormoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Dunyo bo‘ylab 50 ta faol ko‘krak bezi saratoni vaktsina sinovlari olib borilmoqda.
    • Author, Andjela Xenshell
    • Role, BBC World Service
    • Author, BBC yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 6 daq

"Biz burilish nuqtasiga yetib keldik," deydi 30 yillik faoliyatidagi eng katta yutuq – ko‘krak saratoniga qarshi vaktsina yaratish arafasida turgan onkolog doktor Nora Dsis.

Doktor Dsis Vashington Tibbiyot universitetining saratonga qarshi vaktsinalar instituti rahbari. Uning fikricha, keyingi o‘n yilda vaktsinalar saraton kasalligini davolashning standart usullaridan biriga aylanadi.

Ko‘plab davlatlarda ko‘krak bezi saratoni ayollar orasida saraton tufayli o‘limning asosiy sababidir. Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyodagi har 20 ayoldan biri umri davomida bu kasallikka chalinishi mumkin.

Biroq, umid bor. Ko‘krak bezi saratoni tadqiqotlari jamg‘armasi xabar berishicha, butun dunyo bo‘ylab turli usullardan foydalangan holda ko‘krak bezi saratoniga qarshi 50 dan ortiq vaktsina sinovlari o‘tkazilmoqda. Bularning beshtasi ilg‘or bosqichdagi faol sinovlardir.

So‘nggi 18 oyda vaktsina ishlab chiqarish sohasida katta yutuqlarga erishildi. Immunoterapiyadagi bu yutuqlar – kasallikka qarshi kurashish uchun tananing o‘z immun tizimini faollashtiradigan inqilobiy davolash usuli, hamda saraton bemorlari ma’lumotlarining o‘n minglab to‘plamlarini tahlil qila oladigan sun’iy intellekt rivojlanishi bilan bog‘liq.

Viktoriyaning portreti. Uning uzun o‘rilgan sochlari boshining tepasida tugun qilib yig‘ilgan. U yelkalari ochiq, naqshli kiyim va ko‘plab qora lentalar bilan bog‘langan katta, naqshli marjon taqib olgan

Surat manbasi, Michael Shelford

Surat tagso‘zi, Aktrisa Viktoriya Ekanoe 30 yoshida ko‘krak bezi saratoniga chalinganini aniqladi.

Vaktsinaning haqiqiy hayotdagi potentsial ta’sirini 30 yoshida sut yo‘llarida ko‘krak bezi saratonining erta shakli – ductal carcinoma in situ (DCIS) tashxisi qo‘yilgan aktyor Viktoriya Ekanoe misolida ko‘rish mumkin.

"Bu sizning ish faoliyatingiz, ijtimoiy hayotingiz, oilangiz va do‘stlaringizga katta ta’sir qiladi. Dunyongizni ostin-ustun qilib yuboradi, – deydi u. – Agar vaktsina yordamida buning oldini olsak, bu haqiqatan ham katta o‘zgarish bo‘lardi."

Uning davolanishi ayniqsa og‘ir kechdi, chunki u o‘roqsimon hujayrali kasallikka ham chalingan edi. Shu sababli, operatsiyalardan o‘tish uchun unga qon quyish kerak bo‘ldi. Ammo kasallikni erta aniqlash va davolash unga yordam berdi.

Saratonga qarshi vaktsinalar qanday ishlaydi?

Olimlar o‘nlab yillar davomida saratonni davolash va oldini olish uchun vaktsinalar ishlab chiqishga harakat qildi, ammo sezilarli muvaffaqiyatga erishmadi.

Qizamiq yoki meningit kabi kasalliklarga qarshi vaktsinalar tanaga kirib kelayotgan virus yoki bakteriyalardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan immunitetni shakllantiradi.

Bu jarayon saraton kasalligida murakkabroq kechadi, chunki kasallik sababi virus emas, tananing o‘z hujayralaridir. Shu sababli, aksariyat saraton vaktsinalari individual tarzda ishlab chiqariladi, ularning "tarkibiy qismlari" har bir bemorga va o‘smaning o‘ziga xos genetik xususiyatlariga mos ravishda o‘zgartiriladi.

Ushbu vaktsinalar organizmga faqat o‘sha saraton hujayralarida uchraydigan markerlar yoki antigenlarga qarshi oqsillar yoki antitanalar ishlab chiqarishni buyuradi.

Qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?

Bu ishlarning bir qismini AQShning eng istiqbolli vaktsinalarni ishlab chiqarishni tezlashtiruvchi konsortsiumi – Saratonga qarshi vaktsinalar koalitsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan doktor Nora Dsis boshqarmoqda.

Doktor Dsis bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda, jumladan, UW'ning HER2 oqsiliga qaratilgan WOKVAC vaktsinasini sinovdan o‘tkazishni kengaytirmoqda. Bu oqsil odatda ko‘krak bezi saratoni hujayralarining tez o‘sishiga yordam beradi.

Ushbu sinovda vaktsina barcha tashxislarning taxminan uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladigan HER2 ko‘krak saratoni bilan kasallangan bemorlarga o‘smalarni olib tashlash uchun jarrohlik amaliyotidan oldin kimyoterapiya va boshqa davolash usullari bilan birga qo‘llanmoqda.

"Biz nihoyat, yaqin kelajakda saraton kasalligiga qarshi vaktsinalarni klinik amaliyotda qo‘llash uchun tasdiqlash nuqtasiga yetib keldik," deydi doktor Dsis.

Shu bilan birga, avgust oyida Anixa Biosciences biotexnologiya kompaniyasi va Ohayo shtatidagi Klivlend klinikasi tomonidan ishlab chiqilgan vaktsina uchun klinik sinovlarning birinchi bosqichi yakunlandi.

Ushbu peptid asosidagi vaktsina eng xavfli shakllardan biri bo‘lgan agressiv uch karra manfiy ko‘krak saratoni (TBNC) bilan bog‘liq ona suti oqsili alfa laktalbuminga qarshi qaratilgan.

Laboratoriyada olingan doktor Nora Dsisning bosh suratidir. Uning qisqa qizil sochlari bor va qizil ramkali ko‘zoynak taqib olgan. U jo‘xori rangidagi baland yoqali jemper va och jigarrang palto kiygan. Uning orqasida metall javonlarda shisha kolbalar joylashgan.

Surat manbasi, Kiran Dhillon/UW Medicine Cancer Vaccine Institute

Surat tagso‘zi, Doktor Dsisning tadqiqotlari keng tarqalgan saraton turlariga qarshi immunitetga asoslangan terapiyalarni o‘rganishga qaratilgan

"Biz organizmga ko‘krak bezi saratoni hujayralariga xos bo‘lgan oqsilni kiritamiz va tanani ushbu hujayralarga qarshi kurashishga o‘rgatamiz," deydi Anixa shifokori Anil Kumar.

Olimlar ushbu vaktsina o‘smani kamaytirishi mumkinligini aniqlashga harakat qilmoqda. Bu jarrohlik amaliyoti og‘irligini kamaytirishi yoki bu amaliyot umuman kerak bo‘lmasligiga olib kelishi, shuningdek, bemorlarda keyinchalik o‘smalarning qayta paydo bo‘lish ehtimolini sezilarli pasaytirishi mumkin.

Vaktsina TBNC'dan xalos bo‘lgan bemorlarda, shuningdek, biopsiyalarida saraton oldi holatini ko‘rsatadigan mutatsiyalar aniqlangan ayollarda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ushbu ayollarning 70 foizdan ortig‘ida immunitet tizimi ko‘krak bezi saratoni hujayralarini tanigan va ularga qarshi kurashgan.

Klivlend klinikasi Saraton instituti doktori G. Tomas Buddning aytishicha, dastlabki natijalar vaktsina minimal nojo‘ya ta’sirlar bilan "yaxshi qabul qilinganini" ko‘rsatgan.

Klinik sinovlarning ikkinchi bosqichi 2026 yil boshida boshlanadi va unga vaktsina samaradorligini taqqoslash imkonini beruvchi platsebo guruhi ham qo‘shiladi.

Doktor Kumar kuni kelib bu vaktsinani saratonga chalinmagan ayollarga – va ba’zi erkaklarga ham – "kasallik boshlanishi oldini olish" uchun berish mumkin bo‘lishiga umid qilayotganini aytmoqda.

So‘ng 3-bosqich sinovlar o‘tkaziladi – bu juda katta tadqiqotlar bo‘lib, unda yuzlab va minglab bemorlar ko‘plab shifoxonalarda ishtirok etadi va yangi davolash usullari hozirda mavjud eng yaxshi usullar bilan taqqoslanadi.

Bu bosqichdan so‘ng vaktsinani litsenziyalash uchun yana bir necha yil kerak bo‘lishi mumkin, vaholanki, AQSh regulyatori FDA saraton kabi ba’zi kasalliklar uchun tasdiqlash jarayonini tezlashtirish choralarini ko‘rgan.

Diana Innesning surati - u katta qora yumshoq shlyapa, osilib turuvchi qizil sirg‘alar va qora naqshli ko‘ylak kiygan. U qizil bo‘yalgan g‘isht devor fonida tasvirlangan.

Surat manbasi, Diana Innes

Surat tagso‘zi, Diana Innes qizini uxlatayotgan paytda ko‘kragida bo‘rtib chiqqan joy borligini payqagan

"Xuddi lotereyada yutgandek bo‘ldim," deydi ko‘krak bezi saratoniga qarshi vaktsina olib, hozir uch yildan beri remissiyada bo‘lgan Diana Innes.

39 yoshida u ikki yoshli qizini uxlatish uchun tebratayotganda ko‘kragida o‘sma borligini sezdi va unga uch karra manfiy ko‘krak saratonining (TNBC) 3-bosqichi tashxisi qo‘yildi.

Diana bir necha oy davomida radikal jarrohlik, nur terapiyasi va 16 martalik kimyoterapiyani o‘z ichiga olgan og‘ir davolanishni boshdan kechirdi, shu jumladan, rangi va zaharliligi tufayli "qizil iblis" deb ataluvchi uchta eng kuchli kimyoterapiyani ham oldi.

Keyin unga ko‘krak bezi saratoniga qarshi vaktsina sinovida qatnashishi mumkinligi aytildi. Avvaliga u ikkilandi, lekin to‘la ma’lumot olgach, o‘zini juda omadli his qildi.

"Men chindan ham bu ilm-fandagi navbatdagi katta yutuq deb o‘ylayman," deydi u.

Bu davolanishdan kimlar foydalana oladi?

Shaxsga moslashtirilgan vaktsinalar imkoniyatlariga nisbatan nekbinlik ortgan bo‘lsa-da, bu hali boshlang‘ich bosqich. Ular yuqori darajada maqsadli davolashni ta’minlaydi, ammo ularning murakkab ishlab chiqarish jarayoni ishlab chiqarishni qimmatlashtiradi.

Farmatsevtika kompaniyalarining uzoq muddatli maqsadi keng tarqalgan o‘smalarga yo‘naltirilgan, aholi orasida keng ishlatiladigan "tayyor" vaktsinalarni ishlab chiqishdir.

Ko‘krak bezi saratonidan omon qolish ehtimoli va bemorning qaerda yashashi o‘rtasidagi bog‘liqlik hamon keskin.

Yuqori daromadli mamlakatlarda tashxis qo‘yilgan ayollarning 83 foizi omon qoladi, kambag‘al mamlakatlarda, shu jumladan, Janubiy Afrikaning deyarli barcha hududlarida bir xil tashxis qo‘yilgan ayollarning yarmidan ko‘pi vafot etadi.

Ba’zi saraton mutaxassislari vaktsinalar kabi ilg‘or texnologiyalar ko‘plab muhtoj ayollarga hech qachon yetib bormasligidan xavotirda ekanliklarini aytishmoqda.

Jarrohlik, nur terapiyasi va kimyoterapiya kabi saraton kasalligini davolashning eng oddiy usullaridan foydalana oladiganlar va foydalana olmaydiganlar o‘rtasida allaqachon katta tafovutlar bor, deydi IARC saraton kasalligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari doktor Izabel Soerjomataram.

"Murakkab, shaxsga moslashtirilgan saraton davolash usullari haqida gap ketganda, vaziyat yanada qiyinlashadi," — deydi u.

Kristen Dahlgrenning bosh suratidir - uning yelka uzunligidagi to‘lqinli, sarg‘ish sochlari bor va u qora kostyum kiygan.

Surat manbasi, CVC

Surat tagso‘zi, Ko‘krak bezi saratonidan omon qolgan va sobiq NBC News muxbiri Kristen Dahlgren ko‘krak bezi saratoni vaktsinalarini haqiqatga aylantirish uchun tadqiqotchilarga yordam berish maqsadida Cancer Vaccinee Coalition (Saraton Vaktsinasi Koalitsiyasi)ni tashkil etdi.

IARC'ning fevral oyidagi hisobotiga ko‘ra, 2050 yilga borib ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanish dunyo bo‘ylab 38 foizga oshishi, kasallikdan o‘lim esa har yili 68 foizga ko‘payishi kutilmoqda.

"Har daqiqada dunyo bo‘ylab to‘rt ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilmoqda va bir ayol bu kasallikdan vafot etmoqda, bu statistika tobora yomonlashmoqda," deydi hisobot muallifi va IARC tadqiqotchisi doktor Joan Kim.

Viktoriya uchun vaktsina ishlab chiqarish jarayoni yetarlicha tez kechmayapti. U hozir qora tanli ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni haqida ko‘proq xabardorlikni oshirish uchun kampaniya olib bormoqda.

"Hali ham ko‘krak bezi saratoni haqida deyarli gapirilmaydigan jamoalar bor," deydi u.

"Aybdorlik hissi va uyat bor – aybdorlik hissi yo‘qotilgan shaxsiyatingiz markazida turadi. Bu juda og‘ir."

Diana, ayniqsa remissiyaning besh yilligiga yaqinlashgani sari, saratonning qaytishidan xavotirda.

"Ammo bu ilmiy-fantastik hikoya emas, biz klinik sinovlarning 2-bosqichidamiz. Men bugun tirik dalil sifatida shu yerdaman," deydi u.