O‘zbekistonda qizlar bachadon nayi saratonidan emlanadi

Сурат манбаси, AFP
Dunyo aholisini immunizatsiyalash bilan shug‘ullanuvchi "Gavi" Alyansi Uganda, Ruanda va O‘zbekistonda bir yarim million qizni bachadon nayi saratonidan emlashi haqida e‘lon qilgan. Al‘yansning ma‘lum qilishicha, kelgusi yildan boshlab mazkur uch mamlakatda bir yarim million qiz bachadon nayi saratoniga qarshi emlanadi. Bachadon nayi saratoni xastaligi dunyoning yo‘qsil mamlakatlarida keng tarqalgani aytiladi. Nima uchun Ruanda va Uganda qatori O‘zbekiston ham tanlab olindi?BBC ayni savol bilan Gavi Al‘yansi ijroiy direktori muovini Xelen Evansga bog‘landi.
Xelen Evans: Gabi Al‘yansi jamoatchilik va xususiy sheriklikka asoslangan tashkilot va e‘tiborini asosan emlashda yordam olish huquqiga ega bo‘lgan dunyoning yo‘qsil mamlakatlariga yordam berishga qaratgan. Mamlakatlarning o‘zlari emlash borasida Al‘yansga ariza topshirishadi va mutaxassislar tekshiruvidan keyingina qaror olinadi. Ruanda Uganda va O‘zbekiston arizalari ko‘rib chiqilgach, bu mamlakatlarda bachadon nayi saratoniga qarshi emlash ishlari olib borishga qarori olindi. Yangi vaktsina bachadon nayi saratoniga qarshi juda ham samarali ish beradi.
BBC: Bachadon nayi saratoni xastaligining boshqa saraton kasalliklaridan farqi nima? Nima uchun unga qarshi vaktsinatsiya qilinadi?
Xelen Evans: Bu vaktsinatsiya dunyoning rivojlanayotgan davlatlarida bachadon nayi saratoniga qarshi olib borayotgan ishlarning samaradorligini oshiradi. Bachadon nayi saratoni ayollar orasida eng tez sur‘atlarda o‘sib borayotgan saraton hisoblanadi. Bu kasallik virusdan paydo buluvchi yagona saraton turidir. Undan dunyo bo‘ylab yiliga taxminan 266 ming ayol vafot etadi. Ularning 85 foizi dunyoning qashshoq o‘lkalariga to‘g‘ri keladi. Ammo bizda hozir bu kasallikning oldini 70 foizga olishga qodir bo‘lgan vaktsina mavjud. U balog‘at yoshiga yetmagan qizlarga qo‘llanadi. Biz yo‘lga qo‘yayotgan yangi barnoma tufayli 2020 yilga qadar yarim millionga qadar ayol o‘limi bartaraf etiladi.
BBC: Helen, nima uchun bachadon nayi saratoni qashshoq o‘lkalarda keng tarqalgan? Bunga sabab nima?
Xelen Evans: Men qashshoq o‘lkalarda rivojlangan davlatlarga nisbatan ko‘proq tarqalmagan degan bo‘lardim. Lekin rivojlanmagan davlatlarda bachadon nayi saratonini aniqlash yo‘llari deyarli yo‘q va ularni davolash ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. G‘arb o‘lkalarida ayollar bachadon nayi saratoni bor-yo‘qligi tez tez tekshirib turiladi. Yo‘qsil mamlakatlarda teshkirish deyarli bo‘lmagani uchun talafotlar ham yo‘qori.
BBC: O‘zbekistonda jamiyat ancha an‘anador va qizlarning turmush qurganga qadar jinsiy aloqada bo‘lishi keng tarqalmagan. Nima uchun emlash ishlari aynan qizlar orasida olib boriladi?
Xelen Evans: Bachadon nayi saratoniga qarshi emlash ishlari qizlarning jinsiy hayotni boshlagunlariga qadar amalga oshirilsa samaraliroq bo‘lishi aniqlangan. Shuning uchun asosan balog‘atga yetmagan, yoshlari 9 va 13 orasida bo‘lgan qizlarni emlaymiz. O‘zbekiston maktablarida emlash dasturi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun u yerda bachadon nayiga qarshi emlash ishlarini olib borish juda oson kechadi. Bachadon nayi saratoni O‘zbekistonda ko‘krak saratonidan keyin eng ko‘p tarqalgan saraton turi hisoblanadi. O‘zbekistonda har yuz ming ayoldan to‘qqiztasi bachadon nayi saratoniga chalinishi aniqlangan. Lekin yangi vaktsinalar ushbu kasallikni keskin qisqartirishiga ishonamiz.












