O‘zbekiston va dunyo: Avlodida ko‘krak bezi saratoni bo‘lgan bemorlar uchun yangi umid

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Fergus Uolsh
- Role, Tibbiyot masalalari bo‘yicha muharrir
- O'qilish vaqti: 4 daq
Yangi davolash usuli agressiv, irsiy ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlarning omon qolish darajasini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin, deb ko‘rsatadi bir tadqiqot.
Kembrijdagi Addenbruk kasalxonasi tomonidan o‘tkazilgan va "Nature Communications" jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda BRCA1 yoki BRCA2 genida irsiy o‘zgarishlari (mutatsiyalari) bo‘lgan, ko‘krak bezi saratonining erta bosqichida aniqlangan ayollar qatnashdi.
Ularga operatsiyadan oldin maqsadli terapiya vositasi bo‘lgan Olaparib berish saratonning qaytalanish ehtimolini sezilarli darajada kamaytirdi.
Agar kattaroq klinik sinov natijalarni tasdiqlasa, Buyuk Britaniyada yiliga 1200 dan ortiq bemor amaliyotdagi ushbu o‘zgarishdan foyda ko‘rishi mumkin.
Gollivud yulduzi Anjelina Joli 2013 yilda kasallikka chalinish xavfini kamaytirish uchun ikki tomonlama mastektomiya (ko‘krakni olib tashlash) operatsiyasini qildirgani, irsiy ko‘krak bezi saratoni genlari haqida xabardorlikning oshishiga sabab bo‘ldi.
Мана, олти йил ўтди, мен эса соғломман ва саратон касаллигидан бутунлай халос бўлдим. Бу ҳақиқатан ҳам ажойиб.
"Men saratondan xalos bo‘ldim"
59 yoshli Kembrijshirlik Jeki Van Boxovenning oilasida ko‘krak bezi saratoni kasalligi avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Uning o‘zida ham BRCA1 genining nuqsonli nusxasi bor bo‘lib, bu uning hayoti davomida ushbu xastalikka chalinish xavfini juda yuqori qiladi.
Unga 2019 yilda agressiv ko‘krak o‘smalari tashxisi qo‘yilgan va u ushbu klinik sinovda ishtirok etgan.
"Menga tashxis qo‘yishganida, men butunlay hayratda qoldim," dedi u BBC Newga bergan intervyusida.
"Mana, olti yil o‘tdi, men esa sog‘lomman va saraton kasalligidan butunlay xalos bo‘ldim. Bu haqiqatan ham ajoyib."
Jekining onasi ham, singlisi ham ko‘krak bezi saratoni bilan og‘rigan. Uning uchta qizi bor va to‘ng‘ichi Daniel ham irsiy BRCA genidagi o‘zgarishni (mutatsiyani) meros qilib olgan.
"Agar kelajak avlodlarimda BRCA geni bo‘lsa, bu ular uchun yangi umid degani," dedi Jeki.
Taxminlarga ko‘ra, har 400 kishidan birida BRCA1 yoki BRCA genlarida o‘zgarishlar (mutatsiyalar) mavjud.
Buyuk Britaniyaning Saratonni Tadqiq Qilish Markazi (Cancer Research UK) hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu genlarida o‘zgarishlar bo‘lgan har o‘nta ayoldan taxminan yettitasi ko‘krak bezi saratoniga chalinadi. Bu ko‘rsatkich ushbu genlarda mutatsiyalari bo‘lmagan har yetti ayoldan biriga nisbatan ancha yuqori.

BRCA geni mutatsiyalari bo‘lgan erkaklarda ko‘krak bezi saratoni rivojlanish xavfi ancha past bo‘ladi.
Olaparib - BRCA genlarida mutatsiyalari bo‘lgan saraton kasalliklarini davolash uchun mo‘ljallangan birinchi dori bo‘lib, tabletka shaklida qabul qilinadi. U PARP deb ataladigan oqsilni bloklash orqali saraton hujayralarining DNKsini tiklash qobiliyatini to‘xtatadi. Shu narsa saraton hujayralarining o‘limiga olib keladi.
"Partner" deb nomlangan klinik sinov Angliya, Shotlandiya va Uelsning 23 ta markazida o‘tkazildi. Operatsiyadan oldin erta bosqichdagi ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan 39 nafar ayolga kimyoterapiya bilan bir qatorda "Lynparza" nomi bilan ham tanilgan olaparib dorisi berildi.
Bemorlar har bir kimyoterapiya infuziyasidan 48 soat o‘tgach olaparib tabletkalarini qabul qilishni boshladilar. Uch yil o‘tgach, ularning barchasi omon qoldi.
Taqqoslash uchun, tadqiqotda operatsiyadan oldin kimyoterapiya olgan, ammo olaparib qabul qilmagan 45 nafar ayol orasida oltita o‘lim holati qayd etildi.
Sinovga rahbarlik qilgan Kembrij universiteti qoshidagi Addenbruk kasalxonasi shifokori va ko‘krak bezi saratoni tibbiyoti professori Jan Abraham natijalarni "haqiqatan ham quvonarli" deb ta’rifladi.
"Ko‘krak bezi saratonining ushbu turi uchun 36 oyda 100% omon qolish darajasini kuzatish juda kam uchraydigan hol. Biz ushbu yangi yondashuvning salohiyatidan juda hayajondamiz."
Olingan natijalar tuxumdon, prostata va oshqozon osti bezi kabi BRCA bilan bog‘liq boshqa saraton turlariga ham qo‘llanilishi mumkin.
Professor Abraham kelgusi yilda 600 ga yaqin bemorni o‘z ichiga olgan yirik, xalqaro klinik sinov rejalashtirilayotganini aytdi. Uning bashorat qilishicha, agar natijalar takrorlansa, bu Buyuk Britaniyada yiliga 1200 dan ortiq bemor uchun klinik amaliyotda katta o‘zgarishlarga olib keladi.
Hozirda bemorlarga operatsiyadan keyin bir yil davomida olaparib beriladi, sinovda esa bemorlar operatsiyadan oldin 12 hafta davomida tabletkalarni yarim dozada qabul qilishdi.
Professor Abraham shunday dedi: "Iqtisodiy tomondan qaraganda, bu NHS (Britaniya milliy sog‘liqni saqlash xizmatlari) uchun sezilarli miqdorda pulni tejaydi, chunki dori berish davomiyligi va dozasi ancha kam."
Cancer Research UK bosh direktori Mishel Mitchell shunday dedi: "Ushbu tadqiqot hali dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, davolashning diqqat bilan tanlangan bosqichida olaparibni qo‘shish ushbu aniq turdagi ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlarga yaqinlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatini berishi mumkin bo‘lgan hayajonli kashfiyotdir."
Sinovda faqat ayollar ishtirok etgan bo‘lsa-da, professor Abrahamning ta’kidlashicha, olaparib natijalari BRCA mutatsiyasi bilan kasallangan va ko‘krak bezi saratoniga chalingan kam sonli erkaklarga ham tegishli bo‘ladi.
Sinov Cancer Research UK va AstraZeneca tomonidan moliyalashtirildi va Sog‘liqni saqlash va Tibbiy yordam Milliy Instituti (NIHR) Kembrij Biotibbiyot Tadqiqot Markazi, Cancer Research UK Kembrij Markazi va Addenbrooke's Charitable Trust (ACT) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.












