O‘zbekiston qishga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Yilning 26 sentyabr sanasida Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumi yuzasidan yig'ilish o'tkazdi.

Surat manbasi, BBC/PA Media/Rasmiy

Surat tagso‘zi, Yilning 26 sentyabr sanasida Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumi yuzasidan yig'ilish o'tkazdi.
O'qilish vaqti: 4 daq

Qish mavsumi kirib kelishiga atigi bir-necha haftalar qolar ekan, O‘zbekistonda ham kunlar qisqarib, havo harorati pasayishni boshlagan. Isitish va elektr ta’minotiga bo‘lgan talab oshmoqda. Bu esa qariyb har yili aholining turli e’tirozlariga sabab bo‘ladigan energetika tizimi haqida ba’zi savollarni qayta o‘rtaga chiqaradi.

O‘zbekiston kelayotgan qish mavsumiga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda? Mamlakat energetika ta’minoti oshib borayotgan talabni qondira oladimi? Energiya resurslari kamayib borayotgan bir paytda, tizimda nimalar o‘zgardi? Aholining esa kutilmalari qanday?

Yilning 26 sentyabrь sanasida Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bunda prezident qishga tayyorgarlik hali to‘liq emasligini, ayrim viloyatlarda qozonxonalar ham ta’mirdan chiqmaganini tanqid qilgan.

Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha 640 ta maktab va bog‘chadan 125 tasida ta’mirlash ishlari hali yakunlanmagan. 9,8 ming ko‘p qavatli uyning qariyb mingtasi tayyor emas. Jizzax va Surxondaryodagi qozonxonalar ta’miri ham oxirigacha yetkazilmagan.

"Bugungi kunda aholiga 55 ming tonna, shundan 381 ta olis qishloq va ovullarga 9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilgan. Aholiga omborlardagi 27 ming tonna tarqatilmay qolgan ko‘mirni hamda kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni to‘liq yetkazish topshirildi. Gaz va elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mutasaddilar shaxsan javobgar ekani ko‘rsatib o‘tildi," - deyiladi prezident matbuot xizmatining xabarida.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Vaholanki, mamlakatda oktyabrning o‘zi ham sezilarli darajada salqin ob-havo bilan boshlandi. Olimlar esa qish quruq va mo‘’tadil bo‘lishini, ammo anomal sovuqdan ham holi emasligini ta’kidlamoqda. Mustaqil tadqiqotchi Erkin Abdulahatov bu yilgi qish mavsumi erta kirib kelishini, unga tayyorgarliklar esa allaqachon yakunlangan bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

"Hozirgi kuz-qish mavsumi 2021-2022 yil analogiga o‘xshab ketayapti. 2022 yilda haqiqatan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zarba bera oladigan kichik 2 muddatli anomal sovuq kuzatilgan. Boshqacha aytganda qishimiz mo‘’tadilga yaqin – iliq yoki issiq emas. Oktabr oyi sovuqroq, noyabrь ham sovuqroq. Lekin dekabrь issiqroq. Yanvar esa biroz mo‘’tadil va ayrim hududlarimizda, shimoliy viloyatlarda kuchli antitsiklon ta’siri seziladi. Ammo janubda biroz issiqroq bo‘lishi mumkin. Sovuq havo oqimi kirib kelganda haroratning -10 darajagacha pasayib ketishi holatlari kuzatilishi mumkin," – deydi u.

O‘zbekistonda isitish va elektr tiziming asosiy ta’minotchisi bo‘lgan gaz manbalari yildan-yilga kamayib bormoqda.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, O'zbekistonda isitish va elektr tiziming asosiy ta'minotchisi bo'lgan gaz manbalari yildan-yilga kamayib bormoqda.

Biroq, O‘zbekistonda isitish va elektr tiziming asosiy ta’minotchisi bo‘lgan gaz manbalari yildan-yilga kamayib bormoqda.

2019 yilda O‘zbekistonda 61 milliard kub metrga yaqin gaz qazib olingan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, ayni ko‘rsatkich 44milliard kubdan sal oshiqni tashkil etgan. Bu besh yil ichida qariyb 30 fozilik tushish degani.

Ammo energiyaga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Kutilmalarga ko‘ra, bu yil energiya sarfi tarixiy rekord darajaga chiqishi mumkin.

O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida korxona 35−500 kV kuchlanishli liniyalarni ekspluatatsiya qilish hamda davlatlararo elektr energiyasi tranzitiga mo‘ljallanganini qayd etgan.

"Bu yilgi mavsumda O‘zbekiston energiya tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 300 mln kVt/soatdan oshishi, maksimal quvvat esa 13 GVtdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. 5-oktabrgacha kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘lamiz", — degan Isaqulov.

Joriy yilning 18 iyul kuni anomal issiq tufayli elektr energiyasining kunlik iste’mol hajmi 272,6 mln kVt/soatdan oshib, qishki maksimum (271,8 mln kVt/soat) va avvalgi yozgi rekord ko‘rsatkichni (253,3 mln kVt/soat) yangilagandi. Kunlik 300 mln kVt/soatdan oshishi bu mamlakat uchun tarixiy rekord darajadagi iste’moldir.

"So‘nggi yillarda gaz resurslari tortilayapti. Yer ostidagi gaz zahiramiz yildan-yilga kamayyapti va uni burg‘alab olish jarayonlari yanada qiyinlashayapti. Aholi ko‘payyapti. Iqtisodiy sektor o‘sayapti. Elektr-eneregiya ishlab chiqarish va gazga bo‘lgan talab haddan tashqari ortayotgani fonida esa bizda gaz qazib olish teskari ravishda, o‘tmishdagiga nisbatan 50 foizga kamayib ketgan. Sababi, ayni holatda resurslarimiz yetarli emas," – deydi Erkin Abudlahatov.

Erkin Abdulahatov
BBC.COM/UZBEK
Elektr-eneregiya va gazga bo‘lgan talab haddan tashqari ortayotgani fonida bizda gaz qazib olish teskari ravishda o‘tmishdagiga nisbatan 50 foizga kamayib ketgan.
Erkin Abdulahatov
Mustaqil tadqiqotchi

Tabiiy gaz manbalari kamayib borar ekan, O‘zbekiston allaqachon muqobil energiya resurslari va hamkorlarini izlashni boshlagan. Mamlakat rahbariyati so‘nggi yillarda bot-bot urg‘ulayotgan quyosh va shamol ta’minoti hanuz juda kichik foizni tashkil qilsa-da, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, haminqadar o‘smoqda.

Shu bilan birga, 2023 yil so‘ngida O‘zbekiston Rossiya bilan ham gaz importi bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. Avvaliga ikki yilga mo‘ljallangan kelishuvning hozirgi holati haqida ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas.

Biroq, O‘zbekiston energetika tizimining mazut, ko‘mir va gazga suyanishi, mutaxassislarning fikricha, tobora yirik ekologik xavf yaratmoqda. Sababi, ayni manbalar - bugun mamlakatda havo sifatini buzayotgan eng birlamchi omillar.

O‘zbekiston bu borada kelayotgan qish mavsumi qanday o‘zgarishlar qilishi hali noma’lum. Muqobil manbalar bo‘yicha izlanishlar qanday natija berayapti, mamlakat bu yil ekologik oqibati yomon bo‘lgan ko‘mirdan qanchalik keng foydalanadi, bular haqida ochiq manbalarda ma’lumot mavjud emas.

Shunga qaramasdan ham aholining aksariyati hanuz energetika tizimini e’tirozli deb topadi. Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda yashovchilar o‘tin va ko‘mirdan foydalanishga ko‘nikishgan. Biroq, poytaxt Toshkentda yashovchilarning aksariyati ham qish kelishi bilan tizimda muammolar boshlanishidan yozg‘iradi.

2023-yil so‘ngida O‘zbekiston Rossiya bilan gaz importi bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, 2023-yil so'ngida O'zbekiston Rossiya bilan gaz importi bo'yicha shartnoma imzolagan.

BBC hukumat ayni qish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani yuzasidan rasmiy tashkilotlar, xususan, Energetika vazirligi va havo sifati tobora yomonlashib borayotgan Toshkent shahar ma’muriyati bilan bog‘landi. Biroq, maqola chop etilishga tayyorlanayotgan vaqtga qadar, mavzu haqidagi hech bir yangi axborot BBCga ma’lum emas. Shu sababdan, unda ochiq manbalarda mavjud ma’lumotlarga tayanildi.