DXX va IIV Toshkentda qanday noqonuniy diniy jamoatni fosh etganini ochiqladi

Surat manbasi, DXX
DXX tarqatgan bayonotda aytilishicha, Toshkentdagi milliy taomlar oshxonalaridan birida tungi vaqtda bojxona idoralarining uch nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori o‘rinbosari, xususiy avtomaktab direktori o‘rinbosari, "Sergeli-avto" bozorida savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va boshqalardan iborat jami 17 nafar fuqaro ovqatlanish bahonasida to‘planib, turli xil diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy jamoat ko‘rinishidagi yig‘inlarni tashkil etishgan.
1976-2001 yillar oralig‘ida tug‘ilgan mazkur shaxslarning ko‘pchiligi asli namanganlik bo‘lib, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilishadi.
DXX yozishicha, Bojxona qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari dinga mutaassiblarcha berilib, 2021 yildan boshlab mazkur norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan. U har bir dars uchun jamoat a’zolaridan ma’lum miqdorda pul yig‘ib, ustozlarga bergan.
DXX tarqatgan videoda bir necha erkaklar, niqobli zobitlar va stol ustiga sanab qo‘yilayotgan dollar kupyuralari ko‘rinadi.
Mazkur xabarda aytilishicha, guruh a’zolari 1989 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan va hozirda Misrda bo‘lgan shaxsdan "Telegram" messenjeri orqali onlayn tarzda saboq olishgan. Shuningdek, ularga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ham offlayn tarzda diniy ma’ruzalar o‘tgan.
Божхона қўмитасининг бошқарма бошлиғи ўринбосари динга мутаассибларча берилиб, 2021 йилдан бошлаб мазкур норасмий диний дарсларни мунтазам равишда ташкил этиб келган.
"Hozirda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi hamda jamoat a’zolariga Misr davlatidan turib, onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan", - deyiladi DXX xabarida.
Diniy erkinliklarga cheklovlar
Human Rights Watch chop qilgan "2025 yilgi Dunyo hisoboti"da aytilishicha, O‘zbekiston hukumati diniy jamoatlarni qayd qilishdan bosh tortish, sobiq diniy mahbuslarni muntazam nazorat qilish, musulmonlarni keng talqinli va mavhum matnli ekstremizmga aloqador moddalar bilan javobgarlikka tortish orqali diniy erkinliklarni cheklab keladi.

Surat manbasi, DXX
"2024 yilda 23 kishidan tashkil topgan kamida ikkita guruh O‘zbekistonda man etilgan Hizb-ut Tahrir harakatiga a’zolikda ayblanib hibsga olindi va bu bilan marhum prezident Islom Karimovning qo‘li ostidagi repressiv tajribaga qaytgandek bo‘ldi", deyiladi Human Rights Watch hisobotida.
Hisobotda, shuningdek, aytilishicha, O‘zbekiston parlamenti ota-onalar va vasiylarga nisbatan 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga "noqonuniy" diniy ta’limni olishga ruxsat bergani uchun jazo choralarini tayinlovchi qonunni ko‘rib chiqmoqda.
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 23 iyulda qabul qilingan va Senat tomonidan 2024 yil 20 sentyabrda ma’qullangan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda ham diniy ta’limga cheklovlar kiritildi.
Qonun ilovasida shunday deyiladi: "Aholi orasida, ayniqsa yoshlar o‘rtasida nosog‘lom ma’rifiy ishlarni amalga oshirish hollari ko‘payib, bunday tadbirlar doirasida aholining va yoshlarning ongiga, madaniyatiga va his-tuyg‘ulariga begona bo‘lgan turli yot qarashlar va g‘oyalar singdirilmoqda."
Unda aytilishicha, mazkur sohaga aholining qiziqishi kuchayib borayotganligi hamda u bu borada faoliyat yurituvchi shaxslarning asosiy daromad manbaiga aylanib borayotganligi sohani huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.












