Oltin narxida yangi rekord. Bundan O‘zbekistonga foyda

Qo‘lqopli qo‘l oltin quymalarini olmoqda

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 5 daq

14 yanvar kuni jahon bozorida oltin narxining yangi rekordi qayd etildi: untsiyasiga 4639,32 AQSh dollar.

1 untsiya - 28,3495 grammga teng.

Ammo ko‘plab tahlilchilar fikricha, oltinning narxi yaqin orada $5000 ga yetadi.

Nega? Buning asosiy sababi global iqtisodiy noaniqlikdir.

Oltin har doim zamon notinch bo‘lganda odamzod o‘zining boyligini himoya qiladi deb ishongan buyum bo‘lib kelgan.

Bugun davom etayotgan Rossiyaning Ukrainadagi urushi, Eron atrofidagi beqaror vaziyat sarmoyadorlarni himoya boyliklaridan boshpana izlashga undayapti, shu kunlarda kumushning narxi ham yangi rekordini urib, untsiyasi 91 AQSh dollaridan ko‘tarildi.

Oltin narxi ko‘tarilishiga 2025 yil aprelida AQSh Prezidenti Donald Trampning global savdoni izidan chiqargan keng ko‘lamli boj tariflarini e’lon qilgani ham turtki bo‘ldi.

Shuningdek, tahlilchilarga ko‘ra, AQSh markaziy banki o‘zining asosiy foiz stavkasini pasaytiradi deb kutilgani ham tillo bahosini oshirdi, bu esa oltinni investorlar uchun yanada jozibador kapitalga aylantirdi.

Shu bilan birga, iqtisodiy tahlilchilar oltin narxi oshib borayotganining qator muhim omillarini eslatadilar.

Bular quyidagilar:

Chayqovchilik kayfiyati

Oltinning o‘zining ichki qiymati bor, ammo bu uni odatiy chayqovchilik savdosidan himoya qiladi degani emas. Jahon Oltin Kengashi o‘tgan yili oktyabrida qayd etishicha, oltin qiymati o‘sishini qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik istagi ko‘proq investorlar va boy shaxslarni aktsiyalardan diversifikatsiya qilish maqsadida oltin sotib olishga undagan.

Oltin ETFlari joriy etilishi oltin xarid qilishni ancha osonlashtirdi.

So‘nggi yillarda ko‘plab investorlar AQShdagi texnologiya aktsiyalariga sarmoyalarini yotqizishgan, ammo 2025 yil boshida sun’iy aqlga tayangan hissalar haddan ziyod ortiqcha baholangan degan xavotirlar paydo bo‘ldi.

"Agar sun’iy intellekt vasvasasi pufak bo‘lib chiqsa, boyliklarimni oltin bilan diversifikatsiya qilay", degan puldorlar ko‘paydi.

Iqtibos

Dollar spekulyatsiyasi

Savdo va AQShning yangi yo‘nalishiga oid noaniqlik AQSh aktivlari va dollarni ham qayta baholashga olib keldi.

Albatta, dollar hali ham asosiy zaxira valyuta bo‘lib, global umumiy zaxiraning 57% va xorijiy tranzaktsiyalarning 88%ini tashkil etadi.

Ammo AQSh Moliya vazirligining xavfsiz aktiv o‘laroq global standart sifatidagi roli asta-sekin yo‘qolishi mumkin degan xavotirlar o‘rtaga chiqqan, shu kunlarda Prezident Trampning Federal Rezerv yoki markaziy bank rahbari Jerom Pauellga nisbatan qilayotgan tanqidlari, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi buning eng so‘nggi isbotidir.

Bank depozitida oltin quymalarini qo‘yayotgan osiyolik erkak

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ayrim sarmoyadorlar o‘z qo‘llaridagi narxi tushib ketishi mumkin degan aktsiyalardan voz kechib, quyma oltin sotib olish va oltinlarini xavfsiz joylarda saqlashni afzal ko‘rayaptilar

Shuningdek, kelgusi o‘n yilliklarda AQSh tashqi qarzi yanada o‘sadi va siyosiy bo‘linishlar tufayli qarz limiti buziladi, bozorda sarosima keltirib chiqaradi degan bashoratlar ham o‘rtaga tashlanayapti.

Bu ko‘pincha oltin tarafdorlari uchun asosiy bahs mavzusi bo‘lib kelgan: AQSh qarzini to‘lolmaslik xavfi oltinni juda jozibador qilib qo‘yadi.

AQSh defolti xavfi ko‘pincha ortiqcha baholanadi; bu hali ancha uzoqda, ammo bozorlar uning ehtimoli so‘nggi yillarda oshgan deb hisoblaydilar va AQSh milliy valyutasining qadri oxirgi bir yilda 5% pasaydi.

Markaziy banklar

Oltin narxining o‘sishiga ta’sir qilayotgan yana bir muhim omil — global markaziy banklar o‘zlarining zaxiralari uchun tobora ko‘proq oltin xarid qilayotganlaridir.

Hozirda markaziy banklar tarixda qazib olingan barcha oltinning 20%iga egalik qilayaptilar.

1990 yillar va 2000 yillar boshida markaziy banklar inflyatsiya pastligi va nisbiy barqarorlikni hisobga olib, oltin zaxiralarini kam qiymatli deb bilib sotishga moyil edilar.

Ammo 2008 yildagi moliyaviy inqirozdan keyin oltin xaridlari ko‘paydi.

Aslida, 2022 yildan buyon dunyo mamlakatlari markaziy banklari yanada ko‘proq oltin sotib olmoqdalar.

Rossiyaning dollar aktivlariga sanksiyalar kiritilgani boshqa ko‘plab mamlakatlarni dollar aktivlarini diversifikatsiya qilishga chorladi.

Xitoyning oltin zaxiralari oxirgi 20 yilda sezilarli darajada oshdi.

Tillo taqinchoqlarni taqib oynaga qarayotgan hind qizi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hindiston dunyoda zargarlik buyumlarini eng ko‘p sotib oladigan mamlakat hisoblanadi

Zargarlik

Oltinning uzoq muddatli jozibadorligi sabablaridan biri shuki, u nafaqat qiymat saqlaydigan boylik, balki zargarlikda ham o‘zining ichki foydasiga ega.

Hindistonda kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish zargarlikda oltinga talabni oshirdi, bu mamlakatda oltin zargarlikda ayniqsa qadrlanadi.

Zargarlikka talab oltinga nisbatan global umumiy talabning taxminan 40% ini tashkil qiladi.

Ammo oltin narxlarining ko‘tarilib ketgani talabga ta’sir qildi: 2024 yili juda baland narxlar tufayli global oltin iste’moli 7% ga kamaydi.

Shuningdek, iste’mol xarajatlari sekinlashishi, yuqori tariflar va ishonchning pasayishi bilan birga AQSh retsessiyaga kirishi mumkin degan xavotirlar bor va bular ham oltinning jozibadorligini oshirishi mumkin.

Albatta, oxirgi yillarda iqtisodiy vaziyat yomonlashdi, ammo 2022 va 2024 yillarda retsessiya ro‘y beradi, degan bashoratlar ilgari surilgan, biroq bu bashoratlar ro‘yobga chiqmadi.

Iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, retsessiya yaqinlashganining haqiqiy belgisi — foyda marjalari pasayishi va ishsizlikning o‘sishidir.

Hozircha bu belgilar global iqtisodda kuzatilayotgani yo‘q.

Oltin qimmatlashayotganidan yutayotgan O‘zbekiston

O‘zbekiston jahonda eng ko‘p oltin qazib olayotgan 10 davlatdan biridir.

Bu ro‘yxat quyidagicha:

  • Xitoy, u yiliga 370 – 380 tonna oltin qazib oladi, ketma-ket 10 yildan ortiq vaqt davomida dunyoda 1-o‘rinni egallab kelayapti.
  • Rossiya, 310 – 330 tonna, dunyodagi eng yirik oltin zaxiralariga ega.
  • Avstraliya, 290 – 310 tonna, qazib olishning katta qismi G‘arbiy Avstraliya hissasiga to‘g‘ri keladi.
  • Kanada, 200 – 210 tonna, so‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshayapti.
  • AQSh, 160 – 180, Nevada shtati AQSh oltinining 70% dan ortig‘ini beradi.
  • Qozog‘iston, yiliga 130 tonna atrofida, sanoatni modernizatsiya qilish hisobiga ishlab chiqarish o‘smoqda.
  • Meksika, 120 – 130 tonna, Lotin Amerikasidagi eng yirik ishlab chiqaruvchilardan biri.
  • Indoneziya, 110 – 120 tonna, dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri – Grasberg shu yerda.
  • Gana, 100 – 110 tonna, "Afrikada Janubiy Afrikani ortda qoldirib, 1-o‘ringa chiqib oldi."
  • O‘zbekiston, 100 – 110 tonna,"Muruntov" koni dunyodagi eng yirik ochiq oltin koni hisoblanadi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Markaziy Banki ma’lum qilishicha, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 66 milliard AQSh dollaridan oshdi.

Oxirgi bir yilda zaxiralar ko‘payishi 61%dan ziyodni tashkil etdi.

2025 yilning noyabrida Jahon Oltin kengashi O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha dunyodagi eng yirik uchta xaridordan biri bo‘lgani haqida xabar berdi.

World Gold Council hisobotiga ko‘ra, bir oy davomida O‘zbekiston 10 tonna oltin sotib olgan.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasi va boshqa ochiq manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida markaziy banklar tomonidan sof oltin xaridi jami 45 tonnani tashkil etgan.

Eng yirik xaridor Polsha ketma-ket ikki oy 12 tonnalab oltin sotib oldi.

Braziliya 11 tonna bilan ikkinchi, O‘zbekiston 10 tonna bilan uchinchi, Qozog‘iston esa 8 tonna bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Chexiya, Xitoy va Indoneziya ham kichik hajmlarda oltin zaxiralarini oshirgan.

2025 yilda eng ko‘p oltin sotgan uch mamlakat Singapur, Rossiya va O‘zbekiston bo‘lgan.

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta jamg‘armasi tashkil etilib, dunyo mamlakatlari ushbu ikki nufuzli moliya tashkilotiga a’zo bo‘lib kirganlaridan keyin a’zo mamlakatlar o‘z zimmalariga muayyan majburiyatlarni olganlar.

Ushbu majburiyatlardan biri - mamlakatning kamida olti oylik importi hajmiga teng oltin-valyuta zaxirasiga ega bo‘lish.

Bunda oltin 50 foizini, xorijiy mamlakat valyutasi 50 foizini tashkil etishi kerak.

Taniqli iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubaev aytishicha, O‘zbekiston va Qozog‘istonning o‘z oltiniga ega ekanligi ularga oltin zaxirasini xalqaro moliya tashkilotlari talabidan ko‘proq jamg‘arish imkoniyatini bergan.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning chetdan oltin sotib olishga ehtiyoji yo‘q.

Ular o‘z konlaridan oltin qazib oladilar, Navoiy yoki Olmaliq kon zavodlariga quyilgan oltinlarini Markaziy Bankka milliy valyutada sotish buyurilgan.

O‘z konlariga ega bo‘lgani uchun ham O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasining 70-80 foizini oltin tashkil etadi.

Iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubaev bilan suhbatimizni tinglang:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post