Nega faqat seks payti odam haqiqatan ozod bo‘ladi – Rustam Aleksander buni qanday asosladi?

Rustama Aleksander kitobi muqovasi
    • Author, Nina Nazarova
    • Role, Bi-bi-si
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Rustam Aleksandr tarixchi, "Yopiq. Sovet Ittifoqida gomoseksuallar hayoti" hamda "Seks bor edi. Sovet Ittifoqining intim hayoti" nomli ikki ilmiy-ommabop kitob muallifi. Ikkala kitob ham Individuum nashriyotida chop etilgan. Joriy yil may oyida nashriyotning uch xodimi "LGBT targ‘iboti" uchun ekstremizmda ayblanib, uy qamog‘iga olingan. Bi-bi-si Aleksander bilan Rossiyadagi seksofobiyaning yangi bosqichi haqida suhbatlashdi.

Bi-bi-si: Hozir Rossiyada seks bilan bog‘liq vaziyat qanday?

Rustam Aleksander: Hammasi "seks" so‘zi ostida nimani tushunishingizga bog‘liq. Birinchidan, Rossiyada jinsiy salomatlik va umuman, aniq jinsiy amaliyot qanday ahvolda. Men tarixchiman, shifokor emasman, seksni ijtimoiy jarayonlar nuqtai nazaridan o‘rganaman. Men davlat [SSSRda] o‘zining – zamonaviy so‘z bilan aytganda – biopolitikasini samarali olib borish uchun seksdan qanday foydalanganiga e’tibor qaratdim.

Hozirgi vaziyat o‘shanday emas. Rossiya juda katta, joylardagi vaziyat Moskvadagidan farq qiladi. Ammo umuman olganda, seksga uyatli, gapirish kerak bo‘lmagan narsa sifatida munosabat, seks faqat shaxsiy mexanik amaliyot bo‘lib, boshqa ijtimoiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsata olmaydi, degan fikr katta avlod orasida hamon ustunlik qilmoqda. Shu ma’noda sovet merosi hali-hanuz tirik.

Aloqador mavzular

Yosh avlodga kelsak, ularda vaziyat ancha liberal. Xususan, Facebook va Instagram o‘z-o‘zidan seksni "sotadi", ular shahvoniylashtirgan. Buni, albatta, pornografiya sifatida emas, balki inson erkinligining bir ko‘rinishi sifatida targ‘ib qilishadi.

Hozir hokimiyatdagi keksa avlod yoshlarga o‘zlarining sovetcha qarashlarini, seksofobiyani singdirishga faol ravishda harakat qilmoqda. Shou-biznesda vaziyat "xohlaysan-u, qo‘rqasan". Ivleevaning "yalang‘och ziyofati" misoli shuni ko‘rsatdiki, endi o‘zingizni namoyishkorona seks-ramz sifatida ko‘rsatishdan oldin ikki marta o‘ylab ko‘rish kerak. Ya’ni, seks mavzusini avvalgidek ishlatishga urinishmoqda, ammo buni "vatanparvarlar"ning e’tiborini tortmaydigan tarzda qilishga intilishmoqda. Ivleevaning ziyofati yulduzlar orasida ochiq seksuallik bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Basharti shunday bo‘lsa, bu oqibatsiz qolmaydi.

Garchi hozir ham seks "sotilayotgan" bo‘lsa-da, bundan foyda ko‘rishni istaydiganlar ham bor. Masalan, yaqinda [Rossiyada] "Ayni shu haqda" seriali chiqdi. Unda yosh shifokor odamlarni jinsiy bilimsizlikdan davolash uchun olis hududlarga boradi. Men suhbatlashgan aktyor aytishicha, deyarli ikki yil davomida huquqshunoslar turli nozik masalalarni kelishib olishgan. Ular [seks haqida suratga olishni] xohlashadi, chunki mavzu qiziqarli, lekin qonun bilan muammo bo‘lmasligi kerak. Bema’ni va ahmoqona vaziyat.

"Yalang‘och tun" fotolaridan kollaj

Surat manbasi, TASS/NASTYA IVLEEVA/BBC

Bi-bi-si: Sizningcha, nima uchun avtoritar hokimiyat seksofobiyaga moyil? Bu faqat Rossiyaga xos xususiyatmi yoki butun dunyoda shundaymi?

Rustam Aleksandr: Ha, deyarli hamma joyda shunday. Avtoritar davlatlarda seks – inson o‘zini erkin his qila oladigan yagona soha. Demak, bu yerda boshqacha fikrlash tendentsiyalari paydo bo‘lishi mumkin. Gomofobiyani oling: odamlar nafaqat jinsiy aloqa qilib farzand ko‘rishmaydi, balki o‘z aloqalarini, hamjamiyatlarini ham shakllantirishadi. Har qanday, hatto demokratik jamiyatda ham LGBTni himoya qiladigan ijtimoiy institutlar juda kam bo‘lgani uchun, gomoseksuallar shunchaki yashab qolish uchun atrofdagi voqealarga tanqidiy munosabatda bo‘lishga majbur. Ularda ijtimoiy vaziyatlarni salbiy stsenariylar asosida tekshirish zarurati bor. Bu esa tanqidiy fikrlashni shakllantiradi. Bu xavfli, chunki ular mavjud tuzumni savolga tutishadi.

Hamma Chaykovskiyning gomoseksual bo‘lganini aytishdan qo‘rqadi. Ammo jinsiy komponent insonni harakatga undaydigan eng muhim narsa. Bu uning shaxsiyati, uni biror ish qilishga majbur etadigan kuch. Shuning uchun har qanday avtoritar davlat odamlar haqiqatan ham to‘liq erkin bo‘la oladigan bu nazorati zaif soha mavjud bo‘lishini istamaydi.

Bi-bi-si: Seksofobiya har doim gomofobiyadan boshlanadimi yoki bu shart emas?

Rustam Aleksander: Shart emas, menimcha. Odatda eng ko‘zga tashlanadigan narsadan boshlanadi – ayolsifat erkaklar, erkaksifat ayollar. "Bu nimasi, yo‘qotaylik". Keyin esa mayda-chuyda narsalarga o‘tiladi – katta ziyofatda paypoqni noto‘g‘ri joyga kiydi va hk. Bular arzimas narsalar, lekin ularni ham ta’qiqlashadi.

Bi-bi-si: Sizningcha, hozir Rossiyada axborot olish, shuningdek, abort va kontratseptsiya masalalarida sinfiy jamiyat mavjud deb hisoblash mumkinmi?

Rustam Aleksander: Ha, bu nafaqat jinsiy aloqa, balki hayotning o‘zi bilan bog‘liq masala. Men bu ro‘yxatga ochiq gomoseksual hayot tarzini yuritish huquqini ham qo‘shgan bo‘lardim. O‘z muhitida moyilligini yashirmaydigan ko‘plab insonlarni bilaman. Ular aslida gey va lesbiyanlarga kuchli ijtimoiy tayanch bo‘la oladigan, jamoat oldida so‘zlay oladigan ajoyib notiqlarga aylanishi mumkin edi. Biroq ular aksincha yo‘lni tanlashmoqda. Bu – Rossiya jamiyati hayotidagi eng muhim omillardan biri. Mashhur shaxslarning ko‘plab farzandlari gomoseksual, ularning ma’lumotlari tanishuv ilovalarida ochiq-oydin mavjud. Ha, ular ota-onalarida noqulaylik hissini uyg‘otadi, lekin o‘z xavfsizligidan cho‘chishmaydi – ular o‘zlarini imtiyozli va himoyalangan deb bilishadi. Boshqa tomondan, kamalak nishoni taqib yurgan bechora bir qiz jarimaga tortiladi.

Chaykovskiy portreti bilan kollaj

Surat manbasi, Getty/BBC

Bi-bi-si: Postsovet Rossiyasida jinsiy aloqa haqida tayyorlangan va hukumat tomonidan ma’qullangan ilmiy-ommabop asarlarni nashr etishga urinishlar bo‘lganmi?

Rustam Aleksander: Hozir xayolimga hech narsa kelmayapti – bu, ehtimol, bu borada muhim narsa bo‘lmaganini bildirar. Rossiyada ayrim nashriyotlar bu mavzuda kitoblar chiqargan, bu borada Igor Kon yetakchi edi. Uning jinsiy tarbiya, jinsiy aloqa, Rossiya jinsiy madaniyati haqida aniq, tushunarli yozilgan kitoblari bor edi va ular mashhur bo‘lgan. Televidenieda ham bu mavzular ko‘tarilgan: Yelena Xanga bilan "Bu haqda" ko‘rsatuvi, "Dom-2". Bizga qanchalik bema’ni tuyulmasin, men "Dom-2"ni kuniga bir necha soat davomida jinsiy diskursni erkinlashtirgan realiti-shou deb hisoblayman.

Bu borada ommaviy madaniyat davlatdan ko‘ra ko‘proq rol o‘ynagan. Davlat hanuzgacha seks haqida qanday gapirishni bilmaydi. Asosiy muammo shuki, rossiyaliklarga bunday mavzuni yetkazish uchun hamon G‘arbdan kimdir kerak bo‘lmoqda. 1997 yilda bu rolni Nyu-Yorkda yashovchi afro-rossiyalik Yelena Xanga bajargan edi – o‘ziniki ham, begona ham. "Anfisa Chexova bilan seks haqida" ko‘rsatuvida boshlovchi Chexova "Katta shaharda seks" filmidagi Kerri Bredshouga taqlid qilgan. "Dom-2" esa aslida xorij formatiga asoslangan realiti-shou edi. Bugun esa, Instagram taqiqlangan bo‘lsa-da, jinsiy tendentsiyalarni aynan u belgilab bermoqda. Ammo jinsiy tarbiya bo‘yicha jiddiy davlat qo‘llanmalari yo‘q.

Bi-bi-si: Rossiya fuqarolarini seks haqida hech narsa bilmaydigan asrlarga qaytishdan aynan internet asraydi, deb aytish mumkinmi?

Rustam Aleksander: Albatta. Internet bo‘lmaganida, odamlar hozir zarur ma’lumotlarni ololmasdi. Lekin muammo shundaki, internetdagi hamma fikr ham ekspertniki emas. Bundan tashqari, kuch va hokimiyat bilan bog‘liq masalalar ham mavjud: ikki million obunachisi bor bloger jamiyat manfaatini emas, o‘z foydasini ko‘zlashi mumkin. Ular orasida akademik yoki ilmiy jamoalarda qabul qilingan hamkasblar taqrizi – peer-review – mavjud emas. Ya’ni, ularning kontenti boshqa mutaxassislar tomonidan baholanmaydi. Bu masalada iste’molchi o‘z vijdoni bilan yolg‘iz qoladi. Normal davlatlarda esa bu sohalarda faoliyat yuritadigan, davlat tomonidan nashr etilgan va tizimli yondashuvga asoslangan kitoblar ishonchliroq bo‘ladi.

Internet, ayniqsa Instagram, bu borada katta rol o‘ynaydi. Esingizda bo‘lsa, Instagram dastlab oddiy, beozor rasmlar platformasi sifatida boshlangan edi. Bugun esa u to‘liq jinsiylashtirish maydoniga aylangan. Algoritmlar chiroyli tana namoyish etilgan kontentni tomosha qilganingizni payqasa, keyingi tavsiyalar faqat shu turdagi kontentga aylanadi. Hatto porno saytlarga kirish ham shart emas. Men tanlov va qaror erkinligini qo‘llab-quvvatlayman, lekin bunday jinsiylashtirish odamlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Pornografiyaga qaramlik, real hayotda seksning imkonsizligi – chunki miya faqat ekran orqali qo‘zg‘alayotgan bo‘ladi – bu jiddiy muammo. Ammo bu boshqa mavzu. Bu hamma narsani taqiqlash kerak degani emas. Axborot yo‘qligidan ko‘ra, borligi afzal.

Anfisa Chexova, Yelena Xanga «Dom 2» ko‘rsatuvi logotipi bilan kollaj

Bi-bi-si: Men aynan shuni so‘ramoqchi edim – G‘arb matbuotida pornografiya o‘smirlarda seks haqida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllantirayotgani haqida yozishmoqda.

Rustam Aleksander: Afsuski, bu haqiqat. Inson tabiati shundayki, biror narsa yuzaga kelgach, uning oqibatlari haqida o‘ylashga vaqt ketadi. Pornografiya va Instagram'ning pornografiyalashuvi muammosi nimada? Yigirma yil oldin pornografik filmni ko‘rish uchun uyga borib, chang bosgan javondan videokassetani olib, videomagnitofonga qo‘yish kerak edi. Unga istalgan vaqtda va joyda kira olmas edik. Bugun esa bunday kontentga soniyalarda kirish mumkin. Bu esa aqliy salomatlik bilan bog‘liq muammolar, yolg‘on umidlar va noto‘g‘ri tasavvurlarni keltirib chiqaradi. Agar pornografiya turli stsenariylarni ko‘rsatsa, oddiy pozadagi seksning kimga keragi bor? Men tez-tez tvitterda pornografiyani ko‘rgan erkaklarning juftidan ham aynan shunday xatti-harakatlarni kutishi haqidagi munozaralarni ko‘raman. Bu stsenariylar o‘ziga xos tarzda zararsiz bo‘lishi mumkin, ammo miyada avval pornografik tasvir paydo bo‘ladi, keyin esa juft.

G‘arbda ayrim shifokorlar pornografiyaning hech qanday salbiy oqibati yo‘q, bu boradagi xavotirlar behuda, deb hisoblashadi. Boshqa shifokorlar esa, aksincha, pornografiyasiz jinsiy aloqa qila olmaydigan erkaklar ularga murojaat qilayotganini aytishmoqda. Pornografiya ko‘pincha real seksga qaraganda kuchliroq qo‘zg‘atuvchi vositaga aylanadi. Ammo bu allaqachon qaramlik shakliga o‘tgan holat. Yana qayd etaman: men bu masalani chuqur tahlil qila oladigan seksolog emasman.

Aslida, bu jarayonlar Rossiya sharoitida qanday kechayotganini o‘rganish juda qiziq bo‘lar edi. Ammo bu mavzuni muhokama qilishda tanqidiy, ochiq va faqat ilmiy asoslangan, tizimli, konstruktiv yondashuv zarur. Bu bilan davlat dumasidagi deputat emas, Sovet merosidan chiqqan kishilar emas, balki sohaga oid bilim va malakaga ega mutaxassis shug‘ullanishi kerak.

Avvalo Rossiyada ruhiy salomatlik muammolarini chuqur tushunish kerak. Avval uni tan olish, u haqida ochiq gapira boshlash, so‘ngra pornografiyaning bunga qanday ta’siri borligini o‘rganish lozim.

Bi-bi-si: Demak, texnologik taraqqiyot sovet davri bilan qiyoslashga hali imkon bermas darajada oldinga ketganmi?

Rustam Aleksander: Biz yashayotgan dunyo mutlaqo boshqacha. Rossiya, hozirgi vaziyatga qaramay, baribir ochiq mamlakat bo‘lib qolmoqda – unga kelishadi, undan ketishadi. Bu internet mavjud bo‘lgan, global jarayonlarga baribir qo‘shilgan mamlakat. Jamiyat o‘sha davrdagidek ezilgan emas.

Sovet Ittifoqi bilan qiyoslash faqat hukumat tashabbuslari doirasida mumkin. Hukumat ko‘proq tug‘ilishni istaydi, gender rollarini qat’iy belgilamoqchi: erkak – jangchi, ayol – uy bekasi va tug‘uvchi. Gomoseksual xatti-harakatlar va tug‘ish bilan yakunlanmaydigan barcha jinsiy xulqlar ta’qib ostida. Jinsiy tarbiya borasidagi tashabbuslarning yo‘qligi, amaldorlarning ikkiyuzlamachiligi, OIV muammosiga nisbatan loqaydlik – bularning barchasi Sovet davrini eslatadi.

Yoki, masalan, 2018-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati paytida rus erkaklari rus ayollarning braziliyalik, kolumbiyalik yoki yevropalik erkaklarga e’tibor qaratganidan g‘azabga mindi. Bu menga 1957 yildagi festival voqealarini eslatadi: o‘shanda ham sovet erkaklari qizlarning chet elliklar bilan aloqalariga nisbatan jahl bilan munosabat qilgan va ularni jazolashga uringan – sababi oddiy: chet elliklar qiziqroq va o‘ziga qaraganroq edi.

Kollaj: Keksa ayol binoklda yosh yigitlarga qarayapti

Surat manbasi, Getty/BBC

Bi-bi-si: Qachon Sovet davridagi gomoseksuallik va jinsiylik mavzulariga ixtisoslashishga qaror qildingiz? Qayerda tahsil olgansiz, qaerliksiz?

Rustam Aleksander: Men Rossiyada tug‘ilganman, Moskvadagi juda yaxshi oliygohda o‘qiganman – hozir u joyning nomini tilga olishni istamayman. So‘ngra Avstraliyadagi Melburn universitetida doktorlik dissertatsiyasini yoqladim.

Bi-bi-si: Tarix bo‘yicha tahsil olganmisiz?

Rustam Aleksander: Yo‘q, xalqaro munosabatlar bo‘yicha o‘qiganman. 2010-yillar boshlarida Avstraliyada stipendiya olib, Sovet tarixi bilan shug‘ullana boshladim. Faqat maktab darsliklaridagi faktlar emas, tendentsiyalar, insoniy nuqtai nazardan muhim va qiziqarli bo‘lgan mavzular meni jalb qildi.

Ko‘pchilik uchun tarix bu – elita, podsholar, saroy, statistika. Ammo bu yondashuvda insonning shaxsiy hayoti, davlat siyosatiga shaxsiy munosabati aks etmaydi. Bu – Rossiyada inson qadri qanchalik past ekanini ko‘rsatadi. Yoki davlat bunday tadqiqotlarni istamasligini. Uning e’tibori davlat darajasidagi voqealarga qaratilgan, odamlarning real hayotiga esa e’tiborsiz. G‘arbda esa, aksincha, shaxsiy hayot siyosiy ahamiyatga ega – ko‘pchilik tarixni aynan oddiy insonlar hayoti orqali hikoya qiladi.

Shu boisdan ham "Yopiq. Sovet Ittifoqida gomoseksuallar hayoti" kitobi qiziqish uyg‘otdi – u faktlar emas, odamlar haqida. "Seks bor edi" kitobida ham aynan shu yondashuv saqlangan. Albatta, ba’zi jihatlarni davlat siyosati kontekstisiz tushunib bo‘lmaydi.

Gomoseksuallik mavzusi – bu xuddi idish-tovoq do‘konidagi fildek: G‘arbda yashab, Rossiyaga qarasangiz, bu mavzu barcha joyda ko‘zga tashlanadi, lekin hech kim u haqida ochiq gapirmaydi. Yashirin va taqiqlangan narsalar esa hech qachon sog‘lom ko‘rinmaydi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Rossiya tarixshunosligida hali ham yoritilmagan muhim mavzular ko‘p. Masalan, meni ruhiy salomatlik, antidepressantlar tarixi, ularning Rossiya jamiyatiga kirib kelish jarayoni qiziqtiradi.

Men gomoseksuallik mavzusidan uyalmayman. Ammo tushunamanki, agar bugun o‘zimni gomoseksuallik tarixi mutaxassisi sifatida tanitsam, bu Rossiya kontekstida ustunlik emas, tamg‘a bo‘lib qoladi. Men esa allaqachon fikri o‘zgargan, bu mavzudan charchagan odamlar bilan ham aloqa o‘rnatmoqchiman. Ular bilan nafaqat gomoseksuallik tarixi, balki Rossiya bugun duch kelayotgan voqealarga bevosita ta’sir qiluvchi boshqa muhim tarixiy mavzular haqida ham suhbat qurish mumkin.

Umuman olganda, agar Rossiyada ijobiy o‘zgarishlar yuz bersa, "LGBT" atamasini butunlay yangilashga to‘g‘ri keladi. Chunki bu so‘z hozir shunchalik zaharli va salbiy ma’no kasb etganki, LGBT jamoasi haqida so‘z yuritish uchun boshqa atama kerak bo‘ladi. Qanaqa bo‘lishi noma’lum – balki "kvir" yoki yana boshqa bir so‘z, lekin bu alohida muammo, boshqa masala.

2017 yildagi Sankt-Peterburgdagi gey-parad

Surat manbasi, Reuters/BBC

Surat tagso‘zi, 2017 yildagi Sankt-Peterburgdagi gey-parad

Bi-bi-si: Kitoblaringiz hozir Rossiyada sotiladimi?

Rustam Aleksander: "Seks bor edi" kitobi sotilmoqda, hatto yaxshi sotilmoqda. Hech kim unga qarshi chiqqandek emas. Ammo "Yopiq" kitobi sotuvda yo‘q.

Bi-bi-si: Kitoblaringizda tasvirlangan oddiy insonlar tarixini qanday topgansiz?

Rustam Aleksander: Avvalo arxivlar orqali. Shuningdek, ingliz tilida juda ko‘p ilmiy adabiyotlar bor – ularda ba’zan men hikoya qilgan voqealarning qisqacha eslatib o‘tilganini ko‘raman. Ammo ular atigi ikki-uch jumla bilan cheklanadi, faqat havola beriladi. Shunda o‘ylayman: bu qadar ajoyib va murakkab voqeani shunchalik yuzaki tilga olish juda achinarli. Shuning uchun borib, o‘sha hujjatni o‘zim topaman, o‘rganaman va rus o‘quvchisiga taqdim etaman.

Muammo shundaki, ko‘pchilik tarixchilar, ochiq aytaman, qiziqarli yozishni istamaydi. Buni o‘zlari ham tan oladi: ular gumanitar fanlar haddan ortiq murakkab atamalar bilan to‘lib-toshganini ta’kidlashadi. Ilmni imkon qadar ommaga yaqin, demokratik va tushunarli qilish kerak.

Shaxsan men zerikarli kitoblarni yoqtirmayman – ularni uzoqdan sezaman. Ha, ilmiy asar yozayotganimda bunday manbalar bilan ishlayman, lekin bundan rohat olmayman. Bunday kitob yotoqxonamdagi stolda yotmaydi, uyqu oldidan o‘qilmaydi. Idealda esa, kechqurun o‘qiladigan kitob qiziqarli, bilim beruvchi va tanqidiy fikrlashga undovchi bo‘lishi kerak.

"Seks bor edi" – mukammal kitob emas, lekin unda odamni fikrlashga undaydigan, "nahotki shunday bo‘lgan bo‘lsa?" degan savolni tug‘diradigan kuch bor. Ha, bo‘lgan. Men uchun eng muhim vazifa – Rossiya va boshqa mamlakatlarda kitob javonlarida, birinchidan, o‘qilishi maroqli, ikkinchidan, "pastdan yuqoriga" yondashuviga asoslangan tarixiy asarlarning ko‘payishiga hissa qo‘shish.

Bi-bi-si: Sizning uslubingiz haqida so‘ramoqchi edim. Siz manbalardagi faktlarni sahna va dialoglarga aylantirasiz. Tushunishimcha, "an’anaviy tarixchilar" bunday qilmaydi.

Rustam Aleksander: O‘zimni qanday atashni bilmayman – balki pank-tarixchiman. Ammo men faqat tarixiy manbalarga tayanaman. Hech narsani o‘ylab topmayman. Axir Sovet davrida hech kim jinsiy hayoti haqidagi kechinmalarini yozib qoldirmagan. To‘g‘ri, shunday qilganlar ham bo‘lgan, lekin ular, odatda, elita vakillari edi. Ishchilar, dehqonlar esa bu haqda shunchaki yozishga jur’at eta olmasdi.

Shu sababli, ularning hayotini tushunish uchun tarixiy rekonstruktsiya, ya’ni tarixni sog‘lom va jiddiy anglashga asoslangan metodni qisman qo‘llash zarur, deb hisoblayman. Oddiy qilib aytganda, voqealarning boshlanishi va yakuni asl manbaga asoslanadi, o‘rtasidagi ba’zi tafsilotlar esa muhim tarixiy kontekst doirasida tiklanadi. Bu rekonstruktsiya voqelikning umumiy manzarasini o‘zgartirib yubormaydi, lekin o‘quvchini o‘ziga tortadi.

Shu bilan birga, bu usulni suiiste’mol qilmaslikka harakat qilaman. Masalan, "Seks bor edi" kitobida bu yondashuvni minimal darajada ishlatganman va uni qaerda qo‘llaganimni o‘quvchiga darhol bildirishni lozim topganman.

"An’anaviy tarixchilar" bir jumla yozib, havola berishadi, o‘z fikrini bayon qilishadi – tamom. Men ham buni uddalayman, va sof ilmiy ishlarimda aynan shunday qilaman. Ammo rus tilida yozgan kitoblarim ilmiy-ommabop janrga mansub. Bu yerda, ayrim hollarda, o‘quvchiga biroz yaqinroq bo‘lish, uni jalb etish kerak, chunki men o‘quvchini o‘ylayman.