Video: O‘zbekistonlik Rossiya generalini o‘ldirganlikda gumonlanmoqda, O‘zbekiston tomoni uni aniqlashtirmoqda

Surat manbasi, EPA/Rossiya Xavfslik xizmati
General Igor Kirillov va uning yordamchisini o‘ldirganlikda gumonlanib, 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. O‘zbekiston rasmiylari hozircha ushbu shaxsni aniqlashtirayotganini aytdi.
Tergov jarayonida gumondor Ukraina razvedkasi topshirig‘i bilan harakat qilganini va unga 100 ming AQSh dollari bilan birga Yevropa davlatlaridan biriga chiqarib qo‘yishni va’da qilishganini aytgan.
Rossiya tergov qo‘mitasi va Federal Xavfsizlik xizmati Rossiya qurolli kuchlarining radiatsion, kimyoviy va biologik qo‘shinlari rahbari Igor Kirillov va uning yordamchisi o‘limi borasida hisobot berdi. Ikki mas’ul shaxs generalning uyi yonidagi portlash natijasida halok bo‘lishgandi.
Xavfsizlik xizmati gumondorni so‘roq qilish jarayoni aks etgan videoni tarqatdi.
Videodagi erkak kurtkasining chap yengi yirtilganini ko‘rish mumkin edi. Kuzatuvchilar u o‘zining buzilgan rus tilisida, go‘yoki oldindan yodlatilgan narsani aytib bergandek, taaassurot qoldirganini aytishgan.
U Moskvaga Ukraina maxsus xizmati topshirig‘i bilan kelganini aytgan. Keyin u samokat sotib olgan, bir necha oydan so‘ng "bomba uchun narsalar" kelgan. Bomba yasalgandan keyin uskuna general uyi yoniga joylashtirilgan, Kirillov pod’ezddan chiqqan vaqti gumondor tugmani bosgan.
Erkakning aytishicha, bu unga "100 ming AQSh dollari va Yevropa pasporti" taklif etishgani uchun qilganini aytgan.
Oldinroq Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manba BBCga generalning o‘ldirishi maxsus amaliyot bo‘lganini bildirgandi.
Rossiya maxsus kuchlarining xabar berishicha, gumondor Kirillov uyini kuzatish uchun avtomobil ijaraga olgan va unga Wi-Fi hamda videokamera o‘rnatgan.
U sodir bo‘layotgan hodisalarni Ukrainaning Dneprida o‘tirgan tashkilotchilarga translatsiya qilgan.
"Zobitning pod’ezddan chiqqani haqida videosignal olingach qo‘lbola portlash uskunasi masofadan harakatga keltirilgan", deyiladi Federal xavfsizlik xizmati xabarida.
Kirillov va uning yordamchisini o‘ldirish hodisasi bo‘yicha bir necha moddalar bilan jinoyat ishi ochilgan. Aybi isbotlansa gumondor bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
RIA Novosti o‘z manbasiga tayangan holda O‘zbekiston TIV Moskvada O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingani borasidagi xabarni aniqlashtirayotganini yozgan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
BBC O‘zbek xizmati O‘zbekiston TIV, Bosh prokuraturasi va IIVga holat yuzasidan munosabat bildirishni so‘rab murojaat qildi.
Kunning ikkinchi yarmiga kelib, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy xabar bilan chiqdi. Unda ushbu shaxs haqidagi ma’lumot aniqlashtirmoqda, deyiladi.
"O‘zbekiston Respublikasining Moskvadagi elchixonasi 2024 yil 17 dekabrь kuni Moskvada sodir etilgan terakt ishi doirasida "O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi" hibsga olingani haqidagi tarqalgan ma’lumotlarga e’tibor qaratdi.
Diplomatik vakolatxona qabul qiluvchi davlat huquq-tartibot idoralari bilan aloqada bo‘lib, ushbu voqeani sodir etganlikda gumon qilingan shaxs haqidagi ma’lumotni aniqlashtirmoqda", deyiladi elchixona xabarida.
Ushbu xabar ostiga izoh qoldirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi hodisadan bir kun o‘tib o‘zbekistonlikning qo‘lga olinishiga shubha bilan qarashgan.
"Yaxshiyam O‘zbekiston fuqarolari bor, aks holda ishni ochisholmasdi", deydi @Aleh351.
O‘zbekistonlik oddiy fuqaroning rus generalini o‘ldira olishiga shubha qilganlar ham bor.
"Rossiya rasmiylari fikricha, Igorь Kirillov degan o‘ris general-leytenantini o‘zbeklar o‘ldirganmish. U qanday generalki, shunday yuqori rutbadagi jangovar amaldorni oddiy o‘zbek gastarbayteri o‘ldirib ketaversa?!" deydi jurnalist Abror Zohidov.
BBCda ushbu holatni mustaqil manbalardan tasdiqlatish imkoni yo‘q.
Rossiyaning kimyoviy qurollar rahbari Moskvada portlatildi, O‘zbek militsiyalari Rossiyada nima qiladi, Ukrainada yana bir o‘zbek ushlandi

Surat manbasi, Россия Мудофаа вазирлиги
Rossiyaning radiatsion, kimyoviy va biologik himoya kuchlari rahbari Igor kirillov Moskvadagi portlashda halok bo‘ldi. U G‘arb tomonidan Ukrainadagi jang maydonlarida kimyoviy qurollar qo‘llashga bosh-qosh bo‘lishda ayblangandi.
Ukraina xavfsizlik xizmati manbalari portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, uni qonuniy nishonga qaratilgan maxsus operatsiya deb ta’rifladi.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Kirillov va uning yordamchisi elektr samokatga o‘rnatilgan portlovchi moddalar orqali o‘ldirilgan. Portlash uning Moskva janubiy-sharqidagi Ryazanskiy Prospektda joylashgan uyidan chiqqan paytda sodir bo‘lgan.
Kirillov o‘zining Rossiya mudofaa vazirligida o‘tkazgan g‘alati brifinglari bilan nom qozongandi. Bu brifinglar sabab Britaniya tashqi ishlar vazirligi uni "Kreml dezinformatsiyasi uchun muhim tashviqotchi" deb atagan.

Biroq Kirillov faqat tashviqotchi emas, balki Rossiyaning Timoshenko nomidagi Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya akademiyasini rahbari va 2017 yildan boshlab Rossiya armiyasining Radiatsion, kimyoviy va biologik himoya kuchlarini boshqargan.
Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu qo‘shinning asosiy vazifalari xavflarni aniqlash va bo‘linmalarni zararlanishdan himoya qilish bilan birga "alangalanuvchi vositalar orqali dushmanga zarba berish"dan iborat.
Britaniya tashqi ishlar vazirligi uning boshqaruvi ostidagi kuchlar "Ukrainada vahshiy kimyoviy qurollar qo‘llaganini" ta’kidlagan. Ular tartibsizliklar bilan kurashish vositalari va "toksik bo‘g‘uvchi modda xloropikrindan" keng foydalanishganini bildirgan.
Uning o‘ldirilishi arafasida Ukraina Xavfsizlik kuchlari u "sharqiy va janubiy frontlarda taqiqlangan kimyoviy qurollarni ommaviy qo‘llagani" uchun jinoiy ish doirasida ayblanganini e’lon qilgandi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevral oyidagi Rossiya bosqinidan buyon Ukraina hududida "dushman tomonidan 4800 dan ortiq kimyoviy qurol qo‘llash holatlari" qayd etilgan.
Toksik moddalar dron hujumlari va jang granatalari vositasida qo‘llanilgani aytilgan.
Kirillov urush boshidanoq Ukraina va G‘arbga qarshi bir qator da’volari bilan tanilgandi, ammo ularning hech biri faktlarga asoslanmagan.
Uning eng shov-shuvli da’volaridan biri — AQSh Ukrainada biologik qurollar laboratoriyalarini qurgani haqida bo‘lgan. Bu 2022 yildagi bosqinni oqlash uchun ishlatilgandi.
U 2022 yil mart oyida Rossiya tomonidan bosqinning birinchi kunida topilgan hujjatlarni namoyish qildi. Bu ma’lumotlar kremlparast OAV tomonidan tarqatilgan, lekin mustaqil ekspertlar tomonidan yolg‘on deb rad etilgan.
Kirillovning Ukrainaga qarshi ayblovlari bu yil ham davom etdi.
O‘tgan oy u Ukraina armiyasining Rossiyaning chegara hududidagi Kurskka qarshi hujumini "Kursk atom elektr stantsiyasini egallashga qaratilgan asosiy maqsadlardan biri" ekanini da’vo qildi.
U ukrain hisobotiga asoslangan deb da’vo qilgan slayd-shoularni namoyish etdi. Unda avariya yuz bersa, faqat Rossiya hududi radioaktiv zararlanishga uchrashini aytilgandi.
Kirillovning asosiy mavzularidan biri Ukraina "iflos qurol" yaratishga intilayotgani haqidagi ayblovlar edi.
Ikki yil oldin u Ukrainadagi "ikki tashkilotga "iflos qurol" ishlab chiqarish bo‘yicha maxsus ko‘rsatmalar berilgan" deb iddao qildi. Bu da’volar G‘arb davlatlari tomonidan "ochiqch yolg‘on" deb rad etilgan.
Biroq Kirillovning da’volari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan ogohlantirish yangrashiga olib keldi: agar Rossiya Kiev bunday qurol yasayotganini aytayotgan bo‘lsa, bu faqat bir narsani anglatadi — Rossiyaning o‘zi uni yasamoqda.
O‘tgan yozda Kirillov yana shu mavzuda qaytib, Rossiya o‘tgan yil fevralda bosib olgan Ukrainaning Avdeevka yaqinida kimyoviy qurol laboratoriyasini topganini da’vo qildi.
Uning aytishicha, Kiev Xalqaro kimyoviy konventsiyasini buzgan va bu ishda unga G‘arb davlatlari yordam bergan.
Uning o‘limi Kreml tarafdorlari tomonidan yo‘qotish sifatida qabul qilinmoqda, biroq boshqa tomondan bu Ukraina Moskvadagi yuqori martabali amaldorlarni nishonga olish qobiliyatiga ega ekanini isbotladi.
Rossiya parlamenti yuqori palatasi spiker o‘rinbosari Konstantin Kosachyov uning o‘limiga "o‘rni bosilmas yo‘qotish" deb ta’rif berdi.
Fuqarolarini himoya qilish uchun: O‘zbekiston va Qirg‘iziston Rossiyaga Ichki ishlar idoralari xodimlarini yubormoqda
Ularning asosiy vazifasi o‘z mamlakati fuqarolariga yordam ko‘rsatish, jumladan, Qirg‘iziston va Rossiya orasida ko‘chib o‘tish masalalari bo‘yicha ko‘maklashish.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari shtat jadvaliga qo‘shimcha Ichki ishlar vazirligining vakili lavozimi joriy etiladi. Bu haqda fergana.news xabar bermoqda.
Ushbu qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev 13 dekabrь kuni imzolagan.
Hujjat muqaddimasida qayd etilishicha, "yangi shtat birligi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, noqonuniy migratsiya va boshqalarga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy qilinmoqda".
Eadaily.com nashri ushbu xabar bir necha savollar paydo qilganini yozadi.
"Eng avvalo, diplomatik vakolatxonalar ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan taqdirda faqat tashqi siyosat masalalarini hal qilish uchun tashkil etiladi. Rossiya bilan elchixonalar yoki konsulliklar darajasida diplomatik aloqalar o‘rnatgan birorta davlatda Ichki ishlar vazirligining vakili yo‘q", deyiladi maqolada.
Unda aytilishicha, yagona istisnoli davlat Qirg‘iziston bo‘lib, bu mamlakat hukumati o‘z ichki ishlar xodimlarini Rossiyaga yuborish g‘oyasini shu yilning oktyabr oyida joriy qilgan.
Qirg‘iziston o‘z xodimlarini Rossiyaning to‘rtta eng yirik shahri: Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Novosibirskka yuborishgan.
"Ko‘rinib turibdiki, Toshkent qirg‘iz hamkasblarining Rossiya hududida o‘z fuqarolarining manfaatlarini qanday "himoya qilishini" bir yarim oy kuzatdi va oxir-oqibat "bizga ham kerak ekan" degan xulosaga keldi", deyiladi maqolada.
Qirg‘izistonning 24KG sayti "ularning asosiy vazifasi o‘z mamlakatlari fuqarolariga yordam ko‘rsatish, jumladan, Qirg‘izistondan Rossiyaga yoki Rossiyadan Qirg‘izistonga ko‘chib o‘tish masalalari bo‘yicha ko‘mak berishdir," — deb yozadi.
Ukraina kuchlari Zaparoje yo‘nalishida O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi
Zaporoje yo‘nalishidagi jangovor harakatlar davomida Ukraina Milliy gvardiyasining "Spartan" operativ brigadasi harbiy xizmatchilari Rossiya tomonida jang qilgan 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda "Spartan" operativ brigadasining Telegram kanali xabar berdi.
Harbiylarning ma’lum qilishicha, qo‘lga olingan shaxsni Moskvadagi migratsiya markazi orqali Rossiya armiyasi yollagan. U jinoiy javobgarlikdan qutulish va pul ishlash umidi bilan shartnoma imzolagan.
Rossiya markaziy Osiyodan kelgan migrantlarni faol ravishda yollayotgani aytiladi.
Rossiyada yashovchi erkaklarga jinoiy javobgarlikdan qutulish va katta miqdorda moliyaviy mukofotlar olish va’dasi bilan shartnomalar taklif etilishi ko‘p uchraydi.
Kun.uz saytining yozishicha, Moskvaga o‘qishga borib, urushda qatnashgan op,trbcnjykbr talabaga hukm o‘qildi.
22 yoshli farg‘onalik yigit Rossiya armiyasi safida 2023 yil 13 oktyabr kunidan 2024 yil 10 fevralgacha Luhansk va Donetskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Tan jarohati olib, gospitalda davolanib chiqqach komandirining turli xil haqoratomuz so‘zlari sabab O‘zbekistonga qaytgan. U sudda onkologik kasallikka chalingan onasini davolatish va operatsiya qildirish uchun shu ishga qo‘l urganini aytgan.
Qo‘shtepa sud hukmi bilan A.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.












