Turkiya: 12 yil uyga bormagan o‘zbek migrant

Surat manbasi, taqdim
- Author, Sohiba Hayot
- Role, Jurnalist, Turkiya
- O'qilish vaqti: 4 daq
Quvalik Bekzod Mahsumov 2012 yilda tirikchilik uchun Turkiyaga ishlashga ketgandi. Va shu ketganicha 12 yilda birinchi marta uyiga bordi.
"Shuncha yildan keyin o‘z yurtingizga borganda boshqa mamlakatga tushib qolgandek his bo‘larkan", deydi u.
Bekzod nega muhojirlikda yillab qolib ketdi? O‘tgan yillar davomida hayoti qanday kechdi?
Muhojir ko‘p yillik mashaqqatlari, yaxshi-yomon kunlari, boshidan kechirganlari va ko‘ngil kechinmalarini Bi-bi-si O‘zbek xizmati uchun hikoya qilib berdi.
Aloqador mavzular:
12 yilda uyga borganimda umuman boshqacha bo‘ldi. Mahallaga kirmasdan turib, samolyotdan tushganimdanoq ichimga g‘ulg‘ula tushdi. Hayajonlanganimdan yig‘lagilarim kelib ketdi...
"Hayajondan yig‘lagim keldi"
- 12 yilda uyga borganimda boshqacha bo‘ldi. Umuman boshqacha bo‘ldi. Mahallaga kirmasdan turib, samolyotdan tushganimdan keyinoq, ichimga g‘ulg‘ula tushdi. Hayajonlanganimdan yig‘lagilarim kelib ketdi. Necha yillardan beri endi ota-onamni ko‘rgani kelayapman deb g‘alati bo‘ldim. Mahallaga kirganimdan dadamning o‘zi chiqdi, men ota-onamning oldiga otildim. Boshqacha bo‘ldi.
12 yil ichida qancha odam bor, qanchasi yo‘q. Men ko‘rgan insonlarning ba’zilari bor, ba’zilari yo‘q. Bolalarni tanimaysiz, ota-onasini taniysiz, xolos. Xuddi shunday ahvolga tushdim, bir ajoyib holat bo‘ldi.
Shuncha yildan keyin o‘z yurtingizga borganda boshqa mamlakatga tushib qolgandek his bo‘larkan. Yillarcha yurib borgach, ajoyib bo‘larkan, o‘zingizni g‘alati his qilarkansiz.
"Ustozsiz usta bo‘ldim"
Farg‘onada to‘ylarda videokamerachilik qilib yurardim. Bir kuni kameram tushib ketib, ochib tuzatdim. Ta’mirlash ishlariga qiziqish o‘shanda boshlandi. Shundan keyin telefonga o‘tdim.
Birinchi ishim insonlarning telefonlarini buzishdan boshlaganman. Buzib-buzib, odamlardan so‘kish eshitib tuzatib o‘rganganman.
Birinchi tuzatgan telefonim Siemens edi. Telefonni Siemensdan o‘rgandim, keyin Nokia chiqdi. Keyin radiotelefon bor edi, ularni tuzatishni boshladim. Keyin asta sekin rivojlanib, o‘rganib shu telefonlarga keldim.
Ustozim yo‘q, o‘zim buzib tuzatib, internetdan o‘rganib, usta bo‘ldim.
Muhojirlikka yo‘l

Surat manbasi, taqdim
Turkiyaga tanishlar orqali keldim. Telefon tuzatib yaxshi pul topsang bo‘ladi deyishdi, keldim. 8 yil "Vodofon"da ishladim. 4 yilki, "Turksel"daman.
Bir kunda 50-60 tacha odam keladi. Yozda undan ham ko‘proq bo‘ladi, yuzga yetadi. Ko‘p odam keladi, ulgurish qiyin.
Insonlar bilan muomala qilib, hammasini vaqtida qilib berish biroz qiyin.
Bir kunda hammasiga ulgurmayman, yarmini olib qolaman. Uyga olib ketib, kechasi ta’mirlayman.
Tonggi 5-6 gacha ishlayman, majburman. Bo‘lgani bo‘ladi, bo‘lmaganini ertalab ishga kelib qaytarib topshiraman.
"Ko‘chada qolgandim"

Surat manbasi, taqdim
Birinchi kelgan paytimda til o‘rganish qiyin bo‘ldi. Insonlar bilan muloqot qilish, fikringizni tushuntirish qiyin bo‘larkan.
Bu Qumkapiga faqat o‘zbeklar kelmaydi, turklardan tashqari ingliz, frantsuzlar, boshqa millatlar ham keladi. Ular bilan gaplashib telefonini ta’mirlab berish biroz qiyinroq bo‘ldi.
Ko‘chada qolganman, internet kafeda yotib yurardim. Avvaliga meni ishga chaqirgan odamlarni uyida yashab turdim, keyin ish topgunimcha xaftalab ko‘chada o‘tgan paytlarim ham bo‘ldi.
Kechasi internet kafeda yotardim, pul berib albatta. Yotoq joyim yo‘q edi. Kunduzi odamlardan ish so‘rardim. Turkchani bilmaganimdan qo‘limda ishora qilib tushuntirardim.
Shukrki, yaxshi odamlarga uchradim. Hozirgi ish beruvchim juda ko‘p yaxshiliklar qildi, undan juda minnatdorman.
"Yer oldim, uy qurdim"
O‘zbekistonga yaqinda,12 yil deganda borib-keldim.
Ilojim yo‘q, shu yerda ishlab pul topishga harakat qildim.
Rosa qiynalganman. Birov menga yordam qilmagan, mana bu telefon ustaxonasida ishla, demagan.
12 yilni ichida 1 yarim 2 yil "koronavirus" vaqti ham bo‘ldi-da. Shu vaqtda bo‘sh o‘tirgan kunlarim ham bo‘ldi. Hech kim ishlamadi.
Ammo, baribir, uy qildim, uchastka oldim. Yerning o‘zini sotib olishingiz ham eng kamida 2 yarim 3 yil vaqt oladi. O‘zbekiston sharoitida uy solish uchun ham 4 yilcha ketadi.
2 yil koronavirus yillarini chiqarib tashlasak, qolgan yillarda shularni qildim. Ya’ni, yer olib, uy solib ko‘tarib bitirdim.
Bu yerda o‘zimga yarasha mijozlarim bor. Ish beruvchilarim ham yaxshi.
Qumkapida ko‘pchilik taniydi meni, men ham ularni taniyman.
Xurmat, munosabatlarimiz yaxshi. O‘rnashib bo‘lganman.
"Qiyin, ammo O‘zbekistondan yaxshi"

Surat manbasi, taqdim
Istanbulga kelgan vaqtlarimda 3 xonali uyda 3 xo‘jalik yashagan kunlarimiz ham bo‘ldi.
Kechasi mehmonxonada ishlardim, kunduzi telefon ta’mirlardim. Shunaqa qiyinchiliklar bilan ishlab, uyga pul yubordim, shunchalikka yetdim.
Hozirda har oy uy, ya’ni ijara to‘lovi va yeb-ichishimizdan tashqari 2-3 ming dollar pul ishlab, uyga yuboraman.
Kimgadir Turkiya yoqadi, kimlargadir Rossiya. Sharoitga qarab.
Bu yerga asosan ayollar kelib ishlasa bo‘ladi, ularga ish imkoni ko‘proq. Erkaklarga ish kam va pullari ham oz. Ayollarning ishi ham yaxshi, pullarini ham yaxshi beradi.
Men kelgan paytimda yaxshiroq edi, bora-bora dollar ko‘tarilgani sari qiyinlashib ketdi. Hozirgi mahalda osonmas.
Turkiya koronavirus davridan oldin yaxshiroq edi, bu yog‘iga qiyinlashib ketdi. Lekin O‘zbekistonga qaraganda, rivojlangan joy, pul topishingiz osonroq.
Yana bir-bir yarim yilcha ishlayman-da, keyin uyga qaytaman.
Ota-onamni Hajga jo‘natish haqida o‘ylayman, keyin esa shu yerlarga kelib aylantirish niyatim bor.
Uyga borib ham shu ishimni davom ettirmoqchiman.
2 farzandim bor, hozir ular ota-onam qaramog‘ida.
Ayolim esa yonimda, birga qaytamiz.
Bolalarni o‘qitib, kasbli-hunarli bo‘lishlari uchun harakat qilaman.












