Ukraina urushidan qaytgan rus askarlarini Rossiyada kimlar qanday talamoqda?

- Author, Cergey Goryashko va surishtiruv jurnalistikasi bo‘limi
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadan qaytgan harbiylar "qahramonlar"dek kutib olinishiga va’da bergan edi. Biroq Bi-bi-si tahlillari ko‘rsatishicha, ayrim hollarda davlat rasmiylari bu harbiylarni maoshlari va kompensatsiyalaridan mahrum qilib chuv tushirmoqdalar.
2022 yil fevralida urush boshlanganidan beri Putin armiya saflarini uch baravar kengaytirdi. Buning uchun asosiy vosita – pullik rag‘batlar bo‘ldi.
Yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan mintaqalardan minglab ruslar katta pul ishlash umidida frontga yo‘l oldi. Ulardan biri – 39 yoshli Nikita Xursa.
Rossiyadagi o‘rtacha maoshga nisbatan 600% ko‘proq haq to‘lanadigan bu xizmatda yangi jangchilar birinchi yilda 5,2 million rublgacha (£47 000) pul olishi mumkin. Jarohat olgan taqdirda esa 4 million rublgacha kompensatsiya ajratiladi.
Xursa – Rostov viloyatidagi Ukrainaga yaqin shaharchadan chiqqan oddiy hunarmand. 2024 yil yozida bir necha oy frontda bo‘lib, jarohat olgach, uyiga qaytgan. U maoshiga oilaviy orzusi – yangi uy sotib olishi kerak edi.
Biroq bir kecha u mast holda xotini Oksana bilan janjallashib, g‘azab bilan uydan chiqib ketdi. Qo‘lida esa naqd pulga to‘la bir plastik xalta bor edi. U Rostovga borib, uyni o‘zicha sotib olishga qaror qildi.
"Xotinim menga "ertalab o‘ylab ko‘rasan", deganida bunday bo‘lmas edi", deydi u hozir.
Yo‘lda uni politsiya to‘xtatdi. Xaltadagi pulni ko‘rgan politsiyachilar pora talab qildi. Xursa urushdan qaytganini aytganiga qaramay, ular qariyb hamma pulni – 2,66 million rublni (£24 000) – olib qo‘yishdi.
Bu voqea Putinning «qahramonlarga» bergan va’dalarini hech kim inobatga olmayotganini ko‘rsatadi.

Surat manbasi, Nikita Khursa
Yana bir holatda Moskva aeroportida ishlovchi politsiyachilar frontdan qaytayotgan askarlar haqida taksichilarga ma’lumot berib turgan. Haydovchilar avval arzon narx taklif qilib, manzilga yetkazgach, 15 baravar ko‘p haq so‘rashgan. E’tiroz qilgan askarlar tahdidlarga uchragan, ayrimlar zaharlangan va bank kartochkalari orqali pullari yechib olingan.
Tergovchilar bu guruh askarlardan kamida 1,5 million rubl o‘g‘irlaganini taxmin qilmoqda.

Surat manbasi, .
Ba’zan askarlar pulni hali qo‘liga olmasidan oldinoq aldangan. Masalan, 2024 yil oktyabrida Vladimir viloyatida harbiy chaqiruv markazining uch xodimi yangi chaqirilganlarga berilgan SIM-kartalar orqali ularning hisoblariga kirib, 11 million rubldan ko‘proq maoshni o‘zlashtirgan.
Belgorod viloyatida esa bir amaldor yangi askarlarning bank hisob raqamlarini o‘z raqamiga bog‘lab, 1 million rublni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmoqda.
Afsuski, ba’zan harbiylarni o‘z komandirlari ham aldagan.

Bir askar Bi-bi-siga aytishicha, ularning bo‘linmasi do‘konlarga kirish huquqidan mahrum etilgan va barcha harbiylardan bank kartochkalari hamda PIN kodlarini bosh serjantga topshirish talab qilingan. Serjant 50 ta kartochkani jamlab olgan – ko‘plari «bedarak yo‘qolgan» deb qayd etilgan askarlarga tegishli bo‘lgan. Aytishicha, ofitser kartochkalardagi pullar bilan qochib ketgan. Ayrimlarida 2 million rublgacha mablag‘ bo‘lgan.
Nikita Xursa pulini olib qo‘ygan politsiyachilarni prokuraturaga berdi. Ularga nisbatan talonchilik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Biroq ish sudga yetib bormadi. Sababi – har ikki politsiyachi armiyaga yozilib, Ukrainaga jo‘nab ketgan. Yangi qonunlarga ko‘ra, ayblanuvchilar urushda qatnashish orqali jazodan qutulishlari mumkin.

Surat manbasi, Nikita Khursa
"Avvaliga jahlim chiqdi, – deydi Xursa Bi-bi-siga Sankt-Peterburg yaqinidagi shifoxonadan. – Keyin esa o‘ylab qoldim: agar Xudo bo‘lsa, balki hammasi aynan shunday bo‘lishi kerakdir".
U pullarini qaytarib ololmadi va hozir harbiy shifokor xulosasini kutyapti – u frontga qaytishi kerakmi-yo‘qmi.
Chunki shartnoma asosida xizmat qilayotgan askarlar urush tugaguncha jangda qolishlari shart.
Xursaning aytishicha, yuragi yaqinida snaryad parchasi bor, ammo u o‘zini fuqarolik hayotida ko‘ra olmaydi.
U va Oksana hozir ajrashgan: u xotinini o‘zini kutib yashashga majbur qilmaslikni ma’qul ko‘rgan.
"Agar men bu yerda bo‘lmasam, ko‘chada qolaman, – deydi u. – Faqat armiya seni saqlab qoladi, tom ostida ushlab turadi".
Illyustratsiyalar muallifi Natalya Maka.












