Putin Ukrainada tinchlik borasida Trampning "boshini aylantirish" uddasidan chiqa oldi – tahlil

putin

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Sara Reynsford
    • Role, Sharqiy Yevropa bo‘yicha muxbir
  • O'qilish vaqti: 2 daq

18 mart kungi telefon suhbatidan oldin Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqoti katta voqea bo‘lishini e’lon qilgandi. Ammo natija unchalik maqtanarli darajada emas.

Kecha o‘tgan muloqot bilan Rossiya prezidenti Amerika yetakchisiga Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lida qadam tashlagandek ko‘rinish uchun yetarlicha vaj berdi.

Shu bilan birga, Kreml Trampning boshini aylantira olganini ochiq namoyish etmaslik uddasidan ham chiqa oldi.

Tramp Putin tomonidan Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga hujumlarni 30 kunga to‘xtatish va’dasi berilganiga ishora qilishi mumkin.

Albatta agar bu va’da amalga ko‘chsa, tinch aholi biroz yengillik sezadi.

Ammo bu mutlaqo Amerika Rossiyadan talab qilayotgan to‘liq va shartsiz sulhga rozilik, degani emas.

Tramp "o‘ta dahshatli urush" deb atagan va o‘zi to‘xtatishga qodirman, deb kelgan qurolli mojaro esa hanuz avjida.

Bu orada Xalqaro jinoiy sud (ICC) tomonidan urush jinoyatchiligida gumon qilingan Putin yana xalqaro siyosat sahnasida muhim o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Aloqador mavzular:

Rossiya davlat matbuoti ikki prezidentning telefon suhbati ikki soatdan ortiq davom etganini xabar qildi.

Kremlning bu haqdagi rasmiy bayonoti ham 500 so‘zdan iborat kattagina matn.

Unda suhbat samimiy o‘tgani ko‘rsatilgan: ular xokkey haqida gaplashgani aytiladi – Rossiyadagi auditoriya buni mamnuniyat bilan qabul qiladi, albatta.

TASS
Tramp hokimiyatga qaytganidan soʻng Xalqaro jinoiy sud tomonidan urush jinoyatchiligida gumon qilingan Putin yana xalqaro siyosat sahnasida muhim oʻrin egallashga muvaffaq boʻldi.
Sara Reynsford
BBC muxbiri (Batafsil: bbc.com/uzbek)

G‘arb dunyosida uch yildan buyon yakkalanib qolgan Rossiya, bundan ancha oldin ham sovuq bo‘lgan munosabatlarga qaramay, endi muloqot qilishni xohlayotgan Amerika ma’muriyati bilan bevosita ishlashga qaytdi.

Ikki yetakchi, hatto, Yaqin Sharqdagi tinchlik va "global xavfsizlik" masalalarini ham muhokama qilgan.

Kreml bunday keskin o‘zgarishga hali ham ishonolmayotgandir, ehtimol.

Suhbat oldidan, ayrimlar Donald Tramp Rossiyaga bosim o‘tkaza olarmikin, degan savolni o‘rtaga tashlagandi.

Sababi Rossiyaning sulhga kelishishni paysalga solib kelayotgani bir haftadan ortiq vaqtdirki yaqqol ko‘rinib turibdi.

Ammo telefon muloqoti chog‘ida Putin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki hafta oldin Oval ofisda yuz kelgan keskin tanbehga uchramagan ko‘rinadi.

Har ikki davlat bergan rasmiy axborotdan kelib chiqilsa, hech narsa o‘zgarmagan.

Rossiya hamon tinchlik istashini takrorlamoqda.

Biroq o‘z dron va raketa zarbalarini to‘xtatish o‘rniga, hali erishilmagan sulhning nazorat tartibi ustida bahslashib, Kievning qarshilik ko‘rsatish salohiyatini susaytirish maqsadida yangi shartlarni o‘rtaga tashlashda davom etmoqda.

Shunday shartlardan biri – Ukraina ittifoqchilaridan kelayotgan qurol va razvedka ma’lumotlari oqimini to‘xtatish.

Amerika bularning birontasiga hozircha rozi bo‘lmagani ukrainaliklar uchun nisbatan yaxshiroq kelajakdan yagona umid bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, bu telefon suhbati Rossiyaning bosqinni to‘xtatishga hech qanday qiziqishi yo‘qligini yana bir bor tasdiqlab berdi ham.

Ammo bo‘lib o‘tgan barcha bu gaplar Ukrainaga yetayotgan og‘ir azob-uqubatlar yukini hech ham kamaytirmaydi.

Amerikaning diplomatik sa’y-harakatlari uchun ham bu natija quvonarli ko‘rinmaydi.

Kreml uchun esa Donald Tramp Oq uyga qaytganidan keyin tasavvur qilish qiyin bo‘lgan darajadagi juda qulay kun bo‘ldi.