Alyaskadagi Tramp-Putin sammiti va Yevropa-Ukraina xavotirlari. Shimoliy Koreyaliklarga bundan nima?

Surat manbasi, EPA
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15 avgust, juma kuni Alyaskaning Ankorij shahridagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida uchrashishi rejalashtirilgan. Oq uy uchrashuvning asosiy maqsadi Tramp uchun urushni qanday tugatishni tushunish uchun "tinglash amaliyoti" ekanligini ta’kidladi va katta yutuqlar kutilmayotganini aytdi. Sammit oldidan Yevropa yetakchilari va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Tramp (va NATO rahbari Mark Rutte) bilan virtual uchrashuv o‘tkazishadi. Maqsad Ukraina manfaatlarini buzmaslik yoki noqulay tinchlik bitimini qabul qilmaslik muhimligini ta’kidlashdir. Yevropa yetakchilari Ukrainaning chegaralarini kuch bilan o‘zgartirishga qarshi qat’iy ogohlantirish berishdi, "xalqaro chegaralar kuch bilan o‘zgartirilmasligi kerak" va Ukraina o‘z kelajagini tanlash huquqiga ega ekanligini ta’kidlashdi. Vengriya rahbari Viktor Orban bu bayonotni imzolamagan yagona shaxs bo‘ldi, u Rossiya bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi postida yetakchilarning bu bayonotni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortganini aytdi.
Tramp tinchlik bitimi "ba’zi hududlarni almashtirish" masalan, Rossiya Donbas va Qrimni saqlab qolishini o‘z ichiga olishi mumkinligini taklif qilgan bo‘lsa-da, prezident Zelenskiy Donbas hududini berishni qat’iy rad etdi. Uning ta’kidlashicha, bu Ukrainaning konstitutsiyasini buzadi va kelajakda Rossiya hujumlari uchun "ko‘prik" yaratadi.
Zelenskiy Rossiyaning urushni tugatishga sodiqligi borasida shubha bildirdi va yangi hujum operatsiyalariga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u sammit uchun Alyaskaning tanlanishini Putin uchun "shaxsiy g‘alaba" deb hisobladi, bu uning izolyatsiyadan chiqishiga yordam berishini va Kiev ishtirokisiz tuzilgan har qanday kelishuvlar "o‘lik qarorlar" bo‘lishini aytdi.
Ankorijda 14 va 15 avgust kunlari Putin kabi "avtoritar diktatorlarni" shtatga taklif qilishga qarshi bo‘lgan guruhlar tomonidan norozilik namoyishlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xalqaro siyosat sahnasida shular sodir bo‘layotgan bir vaqtda Ukraina tinchlik muzokaralari uchun boshlang‘ich nuqta sifatida havodagi o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirganidan qisqa vaqt o‘tib, Xerson va Donetsk viloyatlaridagi Rossiyaning dron hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgani aytiladi.
Putin - Kim Chen In do‘stligi yana bor "namoyishda"

Surat manbasi, Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan o‘z "do‘stligi"ni yana bir bor tasdiqladi va Pxenyanning Rossiyaning Ukrainadagi urushini harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotganini maqtadi.
Shimoliy Koreya Rossiyaga Rossiya kuchlari bilan birga jang qilish uchun raketalar, artilleriya snaryadlari va taxminan 10,000 nafar askar yetkazib berdi. Bu hamkorlik Moskva G‘arbdan iqtisodiy va diplomatik jihatdan ajratilganligi sababli misli ko‘rilmagan deb ta’riflanmoqda.
oyiga
100-200 dollarmaosh oladi. Bu pullar qochib ketmasliklari uchun uyga qaytgunlaricha ushlab turiladi.
Nafaqat harbiy, ishchi kuchi bilan ham qo‘llov
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan ishchi kuchi tanqisligini bartaraf etish uchun minglab shimoliy koreyaliklar Rossiyaga asosan qurilish sohasida "qullikka o‘xshash sharoitlarda" ishlash uchun yuborilmoqda.
Rossiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda 13,000 dan ortiq shimoliy koreyalik Rossiyaga kirib kelgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 baravar ko‘pdir. Ulardan deyarli 8,000 nafari BMT sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun "talaba vizalari" bilan kirgan. Bu ishchilar "dahshatli" sharoitlarga duch kelishmoqda, jumladan, yiliga ikki kun dam olgan holda 18 soatdan ortiq ishlashga majbur bo‘lishmoqda.
Shimoliy Koreyada chetda ishlash qadrlansa-da, ishchilarning daromadining katta qismi "sodiqlik to‘lovi" sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Shimoliy Koreya davlatiga yuboriladi.
Ishchilar odatda oyiga atigi 100-200 dollar olishadi, bu pullar qochib ketmasliklari uchun uyga qaytgunlaricha ushlab turiladi.
Ular boshqa xorijiy ishchilarga qaraganda ancha kam maosh olishadi, bu esa o‘zlarini "mehnat lageri" yoki "qullar" kabi his qilishlariga sabab bo‘ladi.
Shimoliy Koreya hukumati tez-tez o‘tkaziladigan mafkuraviy treninglar va o‘zini tanqid qilish majlislari hamda qurilish maydonchalarini tark etish imkoniyatlarini keskin cheklash orqali ishchilar ustidan nazoratni kuchaytirmoqda.
Bu esa 2022 yildan buyon Seulga qochib ketayotganlar sonining yarmiga kamayishiga olib keldi.
Rossiya rasmiylaridan biri Ukraina kuchlari tomonidan qisqa muddatga egallab olingan Kursk viloyatini qayta qurish uchun 5,000 shimoliy koreyalik yuborilishini tasdiqladi.
Shuningdek, ularning bir qismi Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlaridagi rekonstruktsiya ishlariga joylashtirilishi ehtimoli yuqori deb hisoblanmoqda.
12 avgust 2025. Ukraina yerini berishga rozi bo‘lishi mumkinmi?

Surat manbasi, Reuters
15 avgust, juma kuni Alyaskada AQSh Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashuvi mo‘ljallangan.
Maqsad - Ukraina urushini to‘xtatish.
11 avgust kuni Oq Uydagi matbuot anjumanida Prezident Tramp Putin bilan uchrashuvda Ukrainaga Rossiya bosib olgan yerlarini qaytarib olib berishga harakat qilishini aytdi.
Urushni to‘xtatish uchun Kiev bilan Moskva hududlardan voz kechishlariga to‘g‘ri keladi, dedi Prezident Tramp.
Jurnalistlar Prezident Trampning yana "er almashish"(land-swapping) iborasini qo‘llaganiga e’tibor qaratadilar.
"Rossiya Ukrainaga qaysi yerini yon berishi mumkin? Kiev hech qachon Rossiyaning biror hududiga da’vo qilmagan", deb yozadi Bi-bi-si muxbiri.
Matbuotda Rossiya Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Zaporojiya va Xerson viloyatlarini o‘ziniki deb tan olinishi evaziga urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi haqidagi taxminlar bildirilgan, bu hududlarni o‘zinki deb e’lon qilganiga qaramasdan, Rossiya harbiylari to‘laligicha o‘z nazoratlariga ololgan emas.
Kievdagilar Putin Trampni ana shu kelishuvga ko‘ndirishi mumkin va so‘ng Tramp Ukrainani ko‘ndirish maqsadida bosim o‘tkazishi mumkin deb xavotirlanadilar.

Surat manbasi, .
Shuning uchun ham Tramp-Putin uchrashuvida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etishi kerak degan fikrlar bildirilayapti.
Oq Uyda gapirgan Prezident Tramp so‘zlariga ko‘ra, agar Putin bilan "yaxshi kelishuv"ga erishilsa, bu haqda Yevropa rahbarlarini, birinchi bo‘lib Ukraina Prezidenti Zelenskiyni xabardor qiladi.
Tramp aytishicha, keyingi uchrashuv Putin bilan Zelenskiy o‘rtasida, balki o‘zi bilan birga uchchovi o‘rtasida bo‘lishi mumkin.
Putin bilan Tramp uchrashuvi oldidan Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar nomidan qo‘shma bayonot tayyorlandi, ammo Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu bayonotga qo‘shilmasligi va shuning uchun ham imzolamaganini ma’lum qildi.
Londonda nashr etiladigan Daily Telegraph gazetasining G‘arb diplomatlari xabarlariga tayanib yozishicha, Ukraina Rossiya bosib olgan hududlarini yon berishga tayyor.
"Muzokara mavqe’sining yumshashi Tramp bilan Putinning Alyaskadagi muzokaralari arafasida yuz berdi", deb yozadi ro‘znoma.
Ukraina shu vaqtgacha Rossiya bosib olgan hududlarini berishga ko‘nmasligini ta’kidlab kelar edi.

Surat manbasi, .
Aftidan Yevropa rahbarlari bilan Ukrainadagi to‘xtatish rejasi kelishilgan, bu reja janglarni hozirgi jabha chizig‘ida muzlatib qo‘yish va bosib olingan hududlar nazoratini Rossiya ixtiyoriga topshirishni ko‘zda tutadi.
12 avgust kuni Ukraina Prezidenti Zelenskiy Rossiya qo‘shinlari yangi ishg‘olga tayyorgarlik ko‘rayapti degan bayonot bilan chiqdi.
"Biz Rossiya armiyasi urushni yakunlashga tayyorlanmayotganini ko‘rayapmiz. Aksincha, ular yangi hujum amaliyotlariga tayyorlanayotganlaridan alomat beradigan harakatlar qilishayapti. Bunday sharoitda dunyo birdamligiga xavf solinmasligi muhim", deb yozdi o‘zining X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida Ukraina prezidenti.
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Kaya Kallasning Bi-bi-siga aytishicha, Ukraina taqdiriga oid har qanday kelishuv Kiev ishtirokida tuzilishi shart.
"Ayonki, Putin Yer yuzidagi eng nufuzli odam, ya’ni prezident Tramp bilan birga suratga tushishni istaydi va u sanksiyalarni bekor qilishni xohlaydi. Ehtimol, u bunga erishadi ham", dedi Kallas xonim.
Biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainani bo‘lib olish rejasi ish bermaydi, dedi Kaya Kallas.
"Ukraina va Yevropa Ukrainani qoniqtirmaydigan biror bir shartni qabul qilmasliklarini aniq-tiniq bildirishgan. Agar kelishuvda Ukraina ishtirok etmasa, kelishuv tasdiqlanmaydi. Shu bois Ukraina muzokaralar stolida bo‘lishi kerak", dedi Kallas.
Yevropa diplomatiyasi rahbari aytishicha, hududiy yon berishlar Putinni va boshqa mojarolarni harbiy yo‘l hal qilishni ma’qul ko‘radiganlarni yanada ruhlantiradi.
"Agressorni tajovuzi uchun mukofotlash mumkin emasligi aniq. Aks holda, biz butun dunyoda yanada ko‘proq tajovuzlarning guvohi bo‘lamiz", dedi Kaya Kallas.
11 avgust. Putin Markaziy Osiyo rahbarlariga hisobot berayaptimi?

Surat manbasi, Reuters
Matbuot xabarlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina urushi bilan bog‘liq so‘nggi rivojlanishlar, Prezident Tramp bilan Alyaskada ko‘rishayotgani haqida Markaziy Osiyo rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib boxabar etgan.
Tojikiston prezidentining rasmiy veb-sahifasi xabar qilishicha, 10 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgan.
"Rossiya prezidenti AQSh bilan muzokara jarayoni asosiy natijalari haqida xabar qildi", deyiladi xabarda.
Kreml Telegram kanali xabariga ko‘ra, Prezident Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga AQSh maxsus elchisi Stiv Uitkoff bilan muzokaralari haqida qo‘ng‘iroq qilgan.
"Telefon suhbati mobaynida Vladimir Putin AQSh prezidenti maxsus elchisi Stiv Uitkoff ishtirokidagi suhbatiga baholari bilan o‘rtoqlashdi. Muhim xabar uchun minnatdorlik izhor etgan Shavkat Mirziyoyev Ukraina inqirozini siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal etish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi", deyiladi Kreml axborotida.
Qirg‘izistondagi 24.kg veb-nashri xabar berishicha, Prezident Sadir Japarovga qo‘ng‘irog‘i payti "Rossiya Federatsiyasi rahbari AQSh maxsus elchisi Stiven Uitkoff bilan suhbati asosiy yakunlari hamda Donald Tramp bilan Alyaskada rejalashtirilayotgan uchrashuvi haqida hikoya qilib bergan".
"Sadir Japarov Rossiya-Amerika muloqoti rivojlanishini va Ukraina inqirozini siyosiy-diplomatik hal qilish maqsadida qo‘yilayotgan qadamlarni olqishladi", deyiladi xabarda.
Kreml Telegram kanaliga ko‘ra, Prezident Mirziyoyevdan keyin Prezident Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqaevga "sim qoqqan".
"Toqaev bilan suhbatda Vladimir Putin Rossiya va Qozog‘istonning ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlari ruhida" Vashington bilan dialogi, shu jumladan, Uitkoff bilan muloqoti muhim xulosalarini yetkazdi", deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabarida.
"Qozog‘iston prezidenti axborot uchun minnatdorlik bildirdi va tinch yechimni izlash qadamlarini olqishladi", deyiladi xabarda.
Fergana veb-nashri e’tibor qaratishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining matbuot xizmatlari o‘z rahbarlarining Uitkoff bilan suhbat haqidagi telefon qo‘ng‘irog‘iga qanday reaktsiya bildirganlari haqida yozmaganlar.

Surat manbasi, .
Putin bilan telefon so‘zlashuvidan keyin Qozog‘iston Prezidenti Toqaev Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilgan.
Bu haqda Qozog‘iston prezidentining rasmiy veb-sayti Oq O‘rda xabar berdi.
Prezident Toqaev "Yaxshi janjaldan yomon tinchlik afzal" degan qadimga naqldan kelib chiqib ish ko‘rishga chaqirgan.
Kreml Telegram kanali Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoy raisi Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Braaziliya Prezidenti Luis Inasio Lula da Silvaga ham qo‘ng‘iroq qilib Alyaska uchrashuvi haqida xabar berganini ma’lum qildi.
Rossiya Ukrainaga 2022 yil 24 fevralida to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyin G‘arb Rossiyaga qarshi jazo choralari kiritdi, Rossiyaga harbiy, iqtisodiy yordam bermaslikka chaqirib keladi.
Ammo MDH, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar bilan bog‘langan Rossiya o‘zining yakkalanib qolmaganini, dunyoda do‘stlari ko‘p ekanini namoyish etishga harakat qilib keladi.
Jo Bayden prezidentligida Ukrainaning eng yirik dastaklovchisi bo‘lib kelgan AQShda Prezident Tramp 2025 yil yanvarida ikkinchi muddatini boshlaganidan keyin ma’muriyatning Ukraina urushiga yondashuvi o‘zgardi.
Prezident Tramp o‘zining maxsus elchisi Stiv Uitkoffni Moskvaga bir necha marotaba Prezident Putin bilan Ukraina urushini to‘xtatish maqsadidagi muzokaralarga yubordi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yuzma-yuz uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaskada bo‘lib o‘tishi xabar qilindi.












