Sirdaryo va Amudaryo suvi o‘zaro taqsimlandi, Afg‘oniston yo‘q. O‘zbekiston: 9 ballgacha zilzila bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlar aniqlandi, Toshkent qayta qurishga muhtojmi?

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Markaziy Osiyo davlatlari Amudaryo va Sirdaryo suvlarini taqsimlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Unda hozircha Afg‘oniston yo‘q. O‘zbekistonda faol seysmik yoriqlarning xaritasi tuzildi. Toshkentning qariyb yarmi qayta qurishga muhtojligi aytildi.
Markaziy Osiyoning beshta sobiq sovet respublikalari Sirdaryo va Amudaryo daryolari suvlarini taqsimlash bo‘yicha bayonnoma va kelishuv imzoladilar. Unda Qo‘shtepa kanalini qurayotgan Afg‘oniston yo‘q.
Imzolangan hujjatlar qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishni ta’minlash hamda suv havzalarining ekotizimini buzmaslik maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar Markaziy Osiyoning suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi davlatlararo komissiyasi hujjatlarida e’lon qilindi.
Hujjatda 2025 yilgi sug‘orish davri uchun suv sarfi limitlarini belgilangan.
Sirdaryodan umumiy hisobda qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun taxminan 11,9 milliard kub metr suv ajratiladi. Bu resurslar quyidagicha taqsimlanadi:
- O‘zbekiston — 8,8 mlrd kub m;
- Tojikiston — 1,9 mlrd kub m;
- Qozog‘iston (Do‘stlik kanali) — 909 mln kub m;
- Qirg‘iziston — 270 mln kub m.
Amudaryodan suv olish limiti 2025 yil aprel-oktyabr oylari davri uchun deyarli 40 milliard kub metrni tashkil qiladi, deb ko‘rsatilgan.
Amudaryo havzasidagi suvlar davlatlar o‘rtasida quyidagicha taqsimlanadi:
- O‘zbekiston — 16 mlrd kub m;
- Turkmaniston — 15,5 mlrd kub m;
- Tojikiston — 7 mlrd kub m.
Bundan tashqari, daryo deltasi va Orol dengiziga ham suv uzatiladi — bu yerda resurs sarfi 2,1 milliard kub metrni tashkil etadi.
Shuningdek, sug‘orish davridan tashqari Amudaryo suvining qanday sarflanayotgani ham ko‘rsatilgan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, uch davlat belgilangan me’yor doirasida suv sarflamoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zlariga ajratilgan resurslarning 90 foizidan ko‘prog‘ini ishlatgan bo‘lsa, Tojikiston eng 80 foizga yaqinini sarflagan.
Shuningdek, 2024 yil oktyabridan 2025 yil martgacha bo‘lgan davrda daryo deltasi va Orol dengiziga 1,5 milliard kub metrdan ortiq suv uzatilgani qayd etilgan.
Hisobotda mintaqa suv resurslaridan foydalanish niyatini bildirgan Afg‘oniston yo‘q. Tolibon hukumati Amudaryoning boshlang‘ich nuqtasida qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun Qo‘shtepa kanalini jaddallik bilan qurmoqda.
Mutaxassislar kanal ishga tushsa, suv borasida shusiz ham muammolarga duch kelayotgan daryoning quyidagi O‘zbekiston uchun yanada qiyin bo‘lishini taxmin qilishadi.
Toshkentning qariyb yarmi qayta qurishga muhtoj

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Toshkent shahrining qariyb yarmi 20 yil ichida rekonstruktsiya va yangilanishga muhtojligi xabar qilindi.
Spot nashri CMWP Uzbekistan konsalting kompaniyasi va Atlas Global byurosi tomonidan tayyorlangan "IQ Toshkent 25. Shaharning 1930−2025 yillardagi rivojlanish dinamikasi" mavzusidagi tadqiqot bilan tanishib shu xulosaga kelgan.
Bosh reja asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtdagi mavjud qurilish va infratuzilmalarning 43%i uchun rekonstruktsiya zarur. Unga nafaqat turar-joy binolari, balki ko‘cha-yo‘l tarmog‘i, muhandislik kommunikatsiyalari va jamoat joylari ham kiradi.
- Tadqiqotda shahar muhitini yangilash uch yo‘nalishda amalga oshirilishi aytilgan:
- hududning 43%i — rekonstruktsiya: ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini qisman zichlashtirish va rivojlantirish orqali mavjud binolarni yangilash;
- hududning 28% — konservatsiya: obodonlashtirish va atrof-muhit barqarorligini ta’minlagan holda yangi qurilishsiz joriy foydalanishni saqlab qolish;
- hududning 15%i — renovatsiya: kam qavatli, sanoat va foydalanilmayotgan uchastkalarni yangi qurilishlarni shakllantirish orqali to‘liq o‘zgartirish.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, Toshkentning faol rivojlanishi shaharning asosiy tizimlarini, jumladan, transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilishni, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirishni kengaytirishni talab qiladi.
O‘zbekistonda 9 ballgacha zilzila kuzatilishi mumkin bo‘lgan tektonik yoriqlar aniqlandi

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
O‘zbekistonda 36 ta tektonik yoriq seysmik faol deb topilib, ular uchun tegishli pasportlar ishlab chiqildi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat hududining 3 foizida 9 ballga zilzila sodir bo‘lishi mumkin
Bu haqda Podrobno.uz sayti Seysmologiya institutiga tayanib xabar berdi.
O‘zbekiston bo‘yicha bunday yoriqlar soni 800 tadan ortiqligi aytilgan.
Bu ishlar uch yil davomida olib borilib, yangi seysmik xarita yaratishga asos bo‘lgan.
2021–2024 yillar davomida Toshkent va Farg‘ona vodiysidagi tektonik zonalar to‘liq o‘rganildi. Aniqlangan 800 ta yoriqdan 36 tasi faol deb baholandi.
"2021–2024 yillar davomida olimlar Toshkent va Farg‘ona vodiysidagi tektonik zonalarni to‘liq o‘rgandilar. Aniqlangan 800 ta yoriqdan 36 tasi faol deb baholandi — ular yaqin 5–10 yil ichida zilzilalar manbasiga aylanishi mumkin", deyiladi xabarda.
Har bir faol zona uchun alohida pasport tuzilib, unda yoriqning uzunligi, chuqurligi, qiyalik burchagi va seysmik faollik tarixi haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Ushbu natijalar 1978 yildan beri ilk bor yangilangan seysmik xarita uchun asos bo‘ldi. Yangi xaritaga ko‘ra, 9 ballik seysmik xavfli hududlar mamlakat hududining 3 foizini egallaydi — bu avvalgi 2 foizga nisbatan ko‘proq bo‘lib, qurilish uchun aniqlashtirilgan xatarlarini aks ettiradi.
Xabarda ushbu hududlar keltirilmagan.
Boshqa yoriqlarni o‘rganish ishlari ham davom ettirilmoqda, deyiladi unda.












