Zaharli chiqindini ushlab bo‘ladimi yoxud nega Mirziyoyev tanqid qilgan sement sanoati o‘syapti? Podkast

Britaniya karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyalari ishga tushgach, avval to‘xtab qolgan zavodlarni ham qayta ochishi mumkin.

Surat manbasi, Wesley Kristopher

Surat tagso‘zi, Britaniya karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyalari ishga tushgach, avval to‘xtab qolgan zavodlarni ham qayta ochishi mumkin.
O'qilish vaqti: 4 daq

Britaniya o‘zining Pik Distrist hududida sement va ohak zavodlaridan chiqadigan karbonat angidrid (CO2)ni ushlab, Irlandiya dengizi ostiga ko‘muvchi quvurlarni yotqizishni rejalayapti.

Quvurlar bir necha viloyatlardagi karbonat angidridni Kumbriya viloyati qirg‘oqlaridagi dengiz ostida bo‘shab qolgan gaz maydonlariga tashib beradi.

Britaniya Moliya vaziri Reychel Riivsga ko‘ra, qariyb 60 million funt (81 mln dollar) sarflanishi kutilayotgan bu loyiha sement va ohak sanoatini zamonaviylashtiradi va yuzlab yangi ish joylarini yaratadi.

"Peak Cluster" nomini olgan loyiha sementdan chiqadigan karbonat angidridni tutish va ko‘mish bo‘yicha jahondagi eng yirik loyiha bo‘ladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Karbonatni ushlash va ko‘mish yo g‘amlash deganda elektr stantsiyalari va sanoat zavodlari havoga chiqaruvchi CO2 ni manbaning o‘zidayoq ushlab olish tushuniladi. Bu bilan karbonat angidridning atmosferaga chiqishi va iqlim yanada isishining oldi olinadi. So‘ng bu chiqindi odatda yerga chuqur ko‘miladi.

Dunyo bo‘ylab davlatlar iqlim isishini to‘xtatishga urinishda davom etar ekan, CO2 chiqindilarni tutib qolish iqlim isishini to‘xtatishdagi eng umidbaxsh yechimlardan deb ko‘rilmoqda.

Sement - zamonaviy quruvchilik materiallarining eng keng tarqalgan turi.

Ammo, sement va ohak zavodlari ishlab chiqarish jarayonida juda katta CO2 ni chiqaradilar. Shuning uchun ham, ularni karbonsizlashtirish eng qiyin va muhim vazifa bo‘lib qolyapti.

Bi-bi-si tahliliga ko‘ra, sementdan chiqadigan zaharli chiqindilar inson yaratuvchi karbonat angidridning 7,5 foizini tashkil qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Britaniya hukumatiga ko‘ra, "Peak Cluster" loyihasi har yili uch million tonna CO2 ning atmosferaga chiqishini bartaraf qiladi.

Ammo, sanoat karbonat angidridni ushlab qolishda nafaqat hukumat, balki xususiy sarmoyadorlardan ham sarmoyalarni kutmoqda.

Britaniya hukumati kelasi 25 yilda bunga 21,7 milliard funt ajratishni va’da qilgan.

Zavod ochilishi
jizzaxnews.uz
2024 yilda

O'zbekiston sement sanoati

  • 34%ga o'sdi

    Manba: Global Cement (bbc.com/uzbek

    Agar karbonat angidridni atmosferaga chiqishini to‘xtatish keng yo‘lga qo‘yilsa, bu avval chiqindi ko‘pligi sabab to‘xtatib qo‘yilgan zavodlarning ham qayta ochilishiga yetaklashi mumkin.

    Karbonat angidridni ushlash

    Karbonat angidridni ushlash va ko‘mish jarayoni tabiiy jarayondan farq qiladi. Tabiiy jarayonda uni daraxtlar o‘ziga so‘rib oladi va qancha ko‘p daraxt bo‘lsa, atmosferaga shuncha kam chiqindi chiqadi.

    Karbonat angidridni havodan mashinalar yordamida so‘rib oladigan va g‘amlaydigan usul ham mavjud.

    Karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyalari bir necha o‘n yillabki bor, lekin jahon bo‘ylab ular unchalik keng tarqalishga muvaffaq bo‘lmagan. Bunga ularni o‘rnatishdagi moliyaviy va energetik sarf-xarajatning yuqoriligi sabab bo‘lib keladi.

    Hozirda dunyoda 45 tacha shunday inshootlar ishlayapti va ular, Xalqaro energetika agentligiga ko‘ra, yiliga 50 million tonna CO2 ni ushlab qolyapti.

    CO2 ni ushlash va g‘amlash eng kir sanoatlar uchun yaxshi yechim deb ko‘rilmayapti.

    Surat manbasi, Getty Images

    Surat tagso‘zi, CO2 ni ushlash va g‘amlash eng kir sanoatlar uchun yaxshi yechim deb ko‘rilmayapti.

    Bu katta raqamdek ko‘rinishi mumkin, lekin atmosferaga chiqayotgan chiqindi oldida u hech narsa emas. Jahon bo‘ylab qazilma yoqilg‘ilar va sanoatlar har yili havoga 35 milliard tonna CO2 ni chiqaradi.

    Lekin, BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo hay’ati uni yaxshi yechim deb ko‘ryapti. Chunki, energiya ishlab chiqarishda tobora quyosh va shamol kabi qayta tiklanuvchi energiya turlariga o‘tish bilan yoqilg‘ilarga qaramlikni kamaytirish mumkin, lekin sement va ohak kabi o‘ta zaharli mahsulotlarga hozircha muqobil narsa yo‘q.

    O‘zbekiston

    O‘zbekiston uchun karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyasi hozircha deyarli tatbiq etilmagan yangi tushuncha. O‘zbek matbuotida bu texnologiya hukumat darajasida muhokama qilinayotgani haqida bot-bot xabarlar chiqib turadi.

    Mamlakatda karbonat angidrid asosan energiya sektoridan chiqadi, bu sektor issiqxona gazlarining 83 foiziga mas’ul.

    Lekin, ayni damda, O‘zbekistonda sement va ohak sanoati ham yaxshi rivojlangan.

    Shavkat Mirziyoyev
    president.uz
    Mutasaddilar ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli.
    Shavkat Mirziyoyev, 2024 yil, yanvar
    O'zbekiston prezidenti (bbc.com/uzbek)

    Global sement tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistonda sement ishlab chiqarish 2024 yilda 34 foizga oshgan. Ko‘plab sement zavodlari, xususan "Bekobodtsement", "Qizilqumtsement", "Quvasoytsement", "Zomintsement" va boshqalar ayni damda ohak ham ishlab chiqaradi.

    Ularda karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyalari o‘rnatilmagan.

    2024 yil yanvarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov endi mamlakatda boshqa sement zavodlari qurilmasligini e’lon qilgandi.

    Unga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab mavjud bo‘lgan 47 ta sement zavodlari ishlaydi, avvalroq esa 23 ta zavodga ekologik talablarga javob bermagani uchun ishlab chiqarishni davom ettirish man etilgan edi.

    "Qolgan [47 ta] zavodni tekshirganimizda, ulardan qariyb 90 foizi ekologik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Ularning har biriga ogohlantirish berildi", - deb aytgandi vazir o‘tgan yil boshida.

    Vazirning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bu chiqishidan bir necha kun avval Prezident Shavkat Mirziyoyev sement sektorini qattiq tanqid qilgandi.

    «Mamlakatimizda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan. Lekin mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli ta’sirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli», degandi prezident.

    Aloqador maqolalar

    Ammo, prezidentning tanqididan atigi uch oy o‘tib, 2024 yil aprelida Xitoyning Conch International Holdings Ltd va Zhejiang Shanfeng Building Materials Co Ltd shirkatlari ishtirokida Andijon viloyatida yana bir sement zavodi ochildi.

    Shu yilning avgustida esa JIZZAX WCC SPECIAL CEMENT" MChJ O‘zbekiston-Xitoy-Tojikiston qo‘shma korxonasi Jizzax viloyatida yana bir sement zavodini ishga tushirdi.

    Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, prezident tanqidiga qaramay, 2025 yilning yanvardan aprelgacha bo‘lgan muddatida O‘zbekistondagi zavodlar 4,32 million tonna sement ishlab chiqarishgan. Bu bir yil avvalgi shu davrga solishtirilsa, 200 ming tonna ko‘p miqdordir.

    Bu loyihalar haqida jamoatchilikka ochiqlangan xabarlarda karbonat angidridni ushlash va g‘amlash texnologiyalari jalb qilingani haqida ma’lumot yo‘q.