Yolg‘onchi yoki xiyonatchi odamni yuziga qarab aniqlash mumkinmi?

- Author, Pallab Gosh
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 5 daq
Asrlar davomida odamlar o‘zgalar yuz ifodasini o‘qiy olishlariga ishongan, bu qadimiy malaka "fiziognomika" deb atalgan.
U 19-asrda jinoyatchilarni aniqlash uchun qo‘llangan – katta jag‘ va yonoq suyaklari, nosimmetriklik, bo‘rtiq qosh chiziqlari yoki yassi yoxud katta deb hisoblangan burunlar kabi "kamroq madaniylashgan" insonlarga xos belgilar sizdan shubhalanishlari uchun asos bo‘lgan.
Albatta, bu mutlaqo bema’nilik edi: bularning barchasi ijtimoiy va irqiy xato tushunchalarga bog‘liq bo‘lib, fanga aloqasi yo‘q edi. Fiziognomika allaqachon inkor qilingan.
Shunday bo‘lsa-da, ba’zi zamonaviy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, odamlar hamon yuz belgilariga qaraydi, jozibadorlik darajasi, yuz simmetriyasi va mimikalarga e’tibor beradi.
Olimlar ta’kidlashicha, bu xususiyatlar odamni ishonchliroq ko‘rsatishi mumkin.
Ochiq yuzlilar ishonchlimi?

2000 yilda e’lon qilingan tadqiqot ko‘rsatishicha, biz ko‘pincha yuzaki belgilarga qaraymiz. Bu esa qiyofasi jozibali odamlar ijobiyroq qabul qilinishi, ya’ni ular aqlliroq, malakaliroq va ishonchliroq ko‘rinishini anglatadi.
"Go‘zal narsa yaxshi. Ichki ishonch shunday, – deydi Koventri universiteti o‘qituvchisi, psixolog Reychel Molitor. – Agar siz kimnidir ko‘rsangiz va u sizga jozibali ko‘rinsa, boshqa ijobiy fazilatlari ham bor deb o‘ylaysiz." To‘g‘ri, jozibalilik yoki go‘zallik tushunchalari butun dunyo bo‘ylab farq qiladi va hatto vaqt o‘tib o‘zgaradi ham.
Ammo 2015 yilda jozibadorlik va ishonchlilik haqidagi tasavvurlarni o‘rgangan boshqa bir tadqiqot ko‘rsatishicha, yuz qanchalik odatiy yoki o‘rtacha bo‘lsa, u shunchalik jozibali va ishonchli ko‘rinadi.
Bu odamda ishonch uyg‘otadigan jozibadorlikning ham ma’lum bir darajasi mavjudligini anglatadi. Agar bu "jozibadorlik" ma’lum chegaradan oshib ketsa, odam ishonarsizroq qabul qilina boshlaydi.
Bizning "ishonch reflekslarimiz"ni shodon va do‘stona ko‘rinadiganlar ham qo‘zg‘atishi mumkin.
Buni 2008 yilda Prinston universiteti olimlari o‘tkazgan bir qator tajribalar ham tasdiqlagan. Unda ishtirokchilar baxtli yoki tabassum qilgan yuzlarni g‘azabnok, qayg‘uli yoki xo‘mraygan yuzlarga qaraganda ancha ishonchliroq deb baholagan.
Ishtirokchilar asosan mahalliy universitet jamoasidan jalb qilingan edi.
2015 yilda frantsuz ko‘ngillilari o‘rtasida o‘tkazilgan boshqa tadqiqot ko‘rsatishicha, samimiyroq ko‘ringan tabassumlar ishonch qozonish ehtimolini oshiradi va hatto yuqori daromad olish imkoniyatlarini ham ko‘rsatadi.
Boshqa tomondan, quyosh ko‘zoynaklari, niqoblar yoki hatto peshonani yopuvchi sochlar ishonchni pasaytirishi mumkin, deydi doktor Molitor.
Yuz ifodalarim qanchalik ishontiradi?
Shunday qilib, men tadqiqotchilardan yuzim qanchalik ishonchli ko‘rinishi haqida so‘radim.
Ular avvalo yuz tuzilishimdagi simmetriyani tekshirib ko‘rishdi.
Simmetriya – go‘zallik, go‘zallik esa ishonchlilik, deydi London Qirollik kollejining psixologiya va kriminologiya bo‘yicha o‘qituvchisi Mircha Zlotyanu. Ammo bu yerda ham ma’lum me’yor mavjud.
"Barcha odamlarda yuzning ikki tomonlama asimmetriyasi ma’lum darajasi kuzatiladi, – deydi doktor Zlotyanu. – Demak, yuzning ma’lum darajadagi simmetriyasi go‘zallik bilan bog‘liq bo‘lishi, lekin haddan tashqari simmetriya g‘ayritabiiy ko‘rinishi mumkin."
Shuning uchun ham raqamli avatarlar, robotlashtirilgan yoki sun’iy yaratilgan yuzlar kabi juda mukammal simmetrik yuzlar deyarli vahimali tuyulishi mumkin.
Yuzim qanday ishonchliroq ko‘rinishi mumkinligini ko‘rsatish uchun unga turli tahrirlar qilindi. Bunga Plimut universitetining psixologiya o‘qituvchisi Mila Mileva yordam berdi. U yuzimning fotosuratini o‘zgartirib, simmetriyasini sozladi va lablarimni tabassum hosil qilguncha tahrirladi.
Ba’zi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ayollarning ovozi, yuzlari va ismlari erkaklarnikiga qaraganda ishonchliroq qabul qilinadi. Boshqa tadqiqotlar esa yuzning ayollik xususiyati oshgani sari ishonchliroq ko‘rinishini ko‘rsatgan. Shu sababli doktor Mileva mening yuz tuzilishimni yanada ayollarga xos ko‘rinishga keltirish uchun yoshartirdi.
Shundan so‘ng u qisqa onlayn so‘rovnomada yuzimning turli variantlarini baholash uchun 26 nafar ko‘ngilliga berdi. Rasmlar 35 ta boshqa rasmlar to‘plamiga kiritilgan va ular birdan (umuman ishonchsiz) to‘qqizgacha (o‘ta ishonchli) shkala bo‘yicha baholangan.
Garchi bu rasmiy ilmiy yoki akademik tadqiqot bo‘lmasa-da, natijalar kutilganidek edi – yoshroq, shodon, feminin, ya’ni ayolsifatroq versiyaga ko‘pchilik ko‘proq ishonch bildirdi.
Kelajakda odamlar xabarlarimga ko‘proq ishonishi uchun ko‘proq tabassum qilishim kerak degan qarorga keldim.
To‘da tafakkuri va soxta jamoaviy fikr

Biroq, "Xoinlar" teleshousida kimga ishonish kerakligi haqidagi savollar guruh dinamikasi tufayli ancha murakkablashadi va qatlamlashadi.
Doktor Molitor aldov sohasida mutaxassis. U "Xoinlar" teleshousining katta muxlisi. Bu yilgi ishtirokchilar yolg‘onchini aniqlash uchun nima sababdan shuncha ko‘p vaqt sarflagani haqida o‘z tushunchasiga ega: uning ta’kidlashicha, jamoaviy fikr, ya’ni «muvofiqlik mayli», xato qaror qabul qilishga olib keladi.
"To‘da tafakkuri odamlarni, hatto aldov belgilari noaniq yoki shubhali bo‘lsa ham, jamoaviy xatoga tortadi."
Uning ta’kidlashicha, aql ko‘pincha aslida xato bo‘lgan dastlabki jamoaviy fikrga muvofiq kelmaydigan dalillarni e’tiborsiz qoldiradi.
Odamlarning kimga qanchalik ishonishi tezligi ham muammoning bir qismi bo‘lishi mumkin. Ayni shu odamning ishonchliligini xato baholashga olib kelishi mumkin.
Doktor Milevaning tushuntirishicha, bizning ishonchni baholash qobiliyatimiz insoniyat evolyutsiyasining juda erta bosqichlarida shakllangan – ajdodlarimiz bir lahzada kimning do‘st yoki dushman ekanligini aniqlashlari kerak bo‘lgan. "Bu juda tez jarayon. Ishonchlilik haqida barqaror tasavvur hosil qilish uchun bizga soniyaning atigi o‘ndan biri kerak bo‘ladi," deydi u.
Uning tadqiqotlari ko‘rsatishicha, bizning ishonch reflekslarimiz tez, ammo juda xato ishlaydi.
Nima uchun yolg‘onchilarni aniqlashda epsizmiz?
Kimdir shunchaki asabiylashgani, uyalgani yoki xavotirlangani uchun terlashi yoki ko‘zini olib qochishi mumkin – yolg‘on gapirayotgani uchun emas.
Yolg‘onni aniqlashning ilmiy usullari va aldovning ijtimoiy roli bo‘yicha mutaxassis Mircha Zlotyanu ham bu fikrga qo‘shiladi.
U ikki narsani aniqladi. Birinchidan, biz kim ishonchli va kim yolg‘onchiligini ajrata olamiz deb hisoblaymiz. Ikkinchidan, aslida unday emas.
"Hammamiz yolg‘onni payqay olamiz deb o‘ylaymiz, chunki terlash, ko‘zni olib qochish, qizarish, bezovtalanish yoki boshqa jismoniy belgilarni qidiramiz. Ammo bu belgilar vaziyatga bog‘liq va umuman aldovning ishonchli ko‘rsatkichlari emas," deydi u.
"Kimdir shunchaki asabiylashgani, uyalgani yoki xavotirlangani uchun terlashi yoki ko‘zini olib qochishi mumkin – yolg‘on gapirayotgani uchun emas. Ko‘pincha biz bu belgilarni xato talqin qilamiz, ular yolg‘onni anglatadi deb o‘ylaymiz, aslida esa ular shunchaki ma’lum bir vaziyatdagi noqulaylik yoki hayajon belgilari".
Bir qator tajribalarda ko‘ngillilar yolg‘on yoki rost gapirgan ishtirokchilar videolarini tomosha qilishdi yoki suhbatlarini tinglashdi. Kuzatuvchilar yolg‘onni aniqlash uchun terlash, boshqa tomonga qarash yoki qizarish kabi odatiy belgilarni qo‘llab ko‘rgan.
Doktor Zlotyanu va uning jamoasi ko‘ngillilar farqni ajrata olmasligini, ular soxta his-tuyg‘ular yoki to‘qima hikoyalar kabi turli yolg‘onlarni payqashda no‘noqligini aniqladilar.
Ko‘proq odam ishtirok etganda, aniqlik yanada pasaydi, jamoaviy fikr yana xato javobni tasdiqladi. Bu tajriba ikki yoki undan ortiq bosh bitta boshdan yaxshiroq emasligini ko‘rsatdi.
O‘zlarining haqliklariga ishongan odamlar aslida yanglishgan edi.
"Ilmiy adabiyotlarga, shuningdek, ularga muvofiq bo‘lgan bizning natijalarimizga qarasangiz, odamlarning yolg‘onni aniqlay olish darajasi deyarli tasodifga tengligini ko‘rasiz," deydi doktor Zlotyanu.
"Demak, bu aslida tanga tashlash bilan barobar".
«Xoinlar» mahorati
Ehtimol, bular "Xoinlar" teleshousining ushbu mavsum ishtirokchilari nega uzoq vaqt fosh bo‘lmay qolgani sababini izohlar.
Har bir mutaxassisning individual xususiyatlar bunda qanday rol o‘ynagani borasida o‘z fikri bor.
Xo‘sh, biz ishonadigan odamlar bizni bemalol aldayveradimi?
Doktor Zlotyanuning ta’kidlashicha, agar shunday bo‘lsa, bu albatta yomon narsa emas.
Ilmiy nuqtai nazardan, deydi u, yolg‘on qadimdan qoralab kelingan, aslida esa, boshqalarni aldash va aldanish qobiliyati zarardan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy naf keltiradi.
"Siz do‘stlaringizga oddiy narsalar haqida yolg‘on gapirasiz, ularning ko‘rinishi yaxshi ekanligini, hammasi joyida bo‘lishini, tortning ikkinchi bo‘lagidan tashvishlanmaslik haqida aytasiz."
"Bularning barchasi axloqiy jihatdan qoralanmaydi. Ular munosabatlarni o‘rnatish, hamjihatlikni saqlash va boshqalarga o‘zlarini yaxshiroq his qilishlariga yordam berishga qaratilgan."
Bu, hech bo‘lmaganda, bir turdagi "ijtimoiy yelim" hisoblanadi.
Kimdir rost gapiryaptimi-yo‘qmi, degan savolga kelsak, olimlar ta’kidlashicha, "Xoinlar" teleshousi ishtirokchilari va boshqalar uchun muhim narsa noto‘g‘ri tushuncha, mayllardan xabardor bo‘lishdir, ilk taassurotlarni shubha ostiga olish va iloji boricha ichki tuyg‘ularga kamroq e’tibor berishdir.












