Urushning bolalar miyasiga ta’siri yillar o‘tib qanday namoyon bo‘ladi?

Yerda o‘tirib yuqoriga qarab turgan yosh bolalarning qora va oq rangdagi tasviri, ulardan birining yuzida mo‘ylov va soqol chizilgan
Urushning bolalar miyasiga ta’siri yillar o‘tib qanday namoyon bo‘ladi?
    • Author, Fergal Kin
    • Role, BBC Maxsus muxbiri
  • O'qilish vaqti: 11 daq

Diqqat: maqolada ayrim o‘quvchilar dilini xira qilishi mumkin bo‘lgan urush va o‘lim tavsifi berilgan.

Avval Abdurahmonning otasi halok bo‘ldi. Xonadon Isroil havo hujumiga uchragandi. Bolaning onasi, 29 yoshli Asmo an-Nashash, "uning jasadini bo‘lak-bo‘lak holda olib chiqishdi" deb eslaydi.

Keyinchalik, 2024-yil 16-iyulda Markaziy G‘azodagi Nusayrat lageridagi maktabga havo hujumi uyushtirildi. O‘n bir yoshli Abdurahmon jiddiy jarohat oldi. Shifokorlar uning oyog‘ini kesib tashlashga majbur bo‘ldi.

Uning ruhiy holati yomonlasha boshladi. "U sochini yulib, o‘zini qattiq ura boshladi", deb eslaydi Asmo. "U depressiyadagi odamga o‘xshab qoldi, do‘stlari o‘ynab, yugurganini ko‘rar... o‘zi esa yolg‘iz o‘tirardi."

2025-yil may oyida Iordaniyadagi shifoxonada Abdurahmon bilan uchrashganimda, u o‘zini chetga olib, ehtiyotkor tutdi. G‘azodan o‘nlab bolalar davolanish uchun qirollikka evakuatsiya qilingan edi.

"Biz G‘azoga qaytamiz va o‘sha yerda o‘lamiz", dedi u menga.

Abdurahmon – men mojarolar haqidagi qariyb qirq yillik reportajlarimda uchratgan minglab jarohatlangan bolalardan biri. Ba’zi yuzlar xotiramga o‘rnashib qolgan.

Ayrimlarini xuddi kecha ko‘rgandekman. Bu chehralar bolalar boshiga solingan dahshatlarni aks ettiradi.

2024-yil 28-fevralda G‘azo janubidagi Rafah shahrida bolalar vayron bo‘lgan mashinada o‘tirishibdi

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘azo janubidagi Rafah shahrida bolalar vayron bo‘lgan mashinada o‘tirishibdi, 28-fevral, 2024-yil
2024-yil 8-iyulda G‘azo janubidagi Xon Yunis ko‘chasida bolalar it bilan yo‘lda yurib kelishmoqda

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘azo janubidagi Xon Yunis ko‘chasida bolalar it bilan yo‘lda yurib kelishmoqda, 8-iyul, 2024-yil
G‘azoda kattalar poyabzalni ushlab turgan Falastinlik bola

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Yuz minglab bolalar Gazoda ikki yildan ortiq davom etgan urushni boshdan kechirishdi

Birinchisi 1980-yillar o‘rtalarida Eritreyadagi tepalikda bo‘lgan. Adonay Mikoil Efiopiyaning napalm hujumi majruhi bo‘lgan bola edi. Shamol uning yaralariga changni uchirganda, u azobdan yig‘lardi. Uning qichqiriqlari, ko‘zlaridagi azob ifodasi shu qadar ediki, u davolanayotgan chodirdan qochib chiqishga majbur bo‘ldim.

Bir necha yil o‘tgach, Belfastda IRA (Irland respublikachilar armiyasi) tomonidan portlatilgan otasining tobuti ortidan kelayotgan bolakayni eslayman. Hech qachon hech kimning ko‘zida bunchalik chuqur g‘am-anduhni ko‘rmagandim.

Serra-Leonedagi fuqarolar urushi paytida mast jangari qo‘llarini kesib tashlagan qizcha; Souetoda onasiga ostonadagi qotillik qurbonining qonini artishda yordam berayotgan bola; Ruandada boshqa bolalar nima uchun uni "Granata" deb atashini so‘raganimda yig‘lab yuborgan bola qiyofasi – bu ehtiyotsizligimni hech kechira olmayman.

U ota-onasini o‘ldirgan portlashda yaralangan ekan.

Raqamlar inqiroz ko‘lamining naqadar kengligini ko‘rsatadi. Oslo Tinchlik tadqiqot instituti o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, 2024 yilda 520 million bola mojaro hududlarida yashagan – bu dunyodagi har beshinchi bola demakdir. Ushbu raqamga kelish uchun mojaro ma’lumotlari aholi ma’lumotlari bilan birlashtirilgan.

AFP/Getty Images
G‘azoda inson o‘lmasligi mumkin, ammo jarohat chandig‘i qoladi. Hamma narsa, hatto kelajak tasavvuri ham yo‘q.
Davide Musardo
“Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti psixologi (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Sobiq askar bolalar haqidagi "Soyalardan yorug‘likka" kitobi muallifi, professor Tereza Betankur buni "Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik gumanitar falokat" deb ataydi.

U jarohatlarning kelajakda uzoq davom etadigan ta’siridan ogohlantiradi. "Bu yosh bolaning rivojlanayotgan miyasida doimiy asorat qoldirishi mumkin, bu esa o‘rganish, xulq-atvor, jismoniy va ruhiy salomatlik uchun umrbod oqibatlarga olib keladi".

Urushning bolalar ongiga ta’sirini o‘rganishga shuncha vaqt sarflanibdi, xo‘sh, ularga nima yordam berishi mumkin endi?

Bu savol millionlab bolalarga ta’sir ko‘rsatgan ko‘plab global mojarolar davridan so‘ng hech qachon bu qadar dolzarb bo‘lmagan: oktyabr oyida Darfurning al-Fasher shahrida onalari va opa-singillari jangarilar tomonidan zo‘rlangan sudanlik bolalar; 2023 yil 7-oktyabrda Hamas tomonidan Isroildan o‘g‘irlab ketilgan yoshlar – ularning ko‘pchiligi oilalari va qo‘shnilarining qirg‘in qilinishiga guvoh bo‘lgan; Ukrainadagi Bucha bolalari, ularning ota-onalari 2022-yil fevral oyida rus qo‘shinlari tomonidan qirg‘in qilinganlar orasida edi; G‘azoda ikki yildan ortiq urushni boshdan kechirgan Abdurahmon kabi yuz minglab bolalar.

Sudanliklar ovqat uchun navbatda turishyapti

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Sudanliklar ovqat uchun navbatda turishyapti
Sudanlik qochqinlar Sudan-Chad chegarasi yaqinidagi tranzit lagerda ovqat olishmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Sudanlik qochqinlar, 2025-yil

Bu masalaga shaxsiy qiziqishimni ham bildirishim kerak. Men posttravmatik stress buzilishidan (PTSB) aziyat chekkanman – ham buzilgan oilada o‘sgan bolaligimda, ham keyinchalik urush va genotsidga guvoh bo‘lgan katta yoshimda. Bu bolalar urushini boshdan kechirishdan farq qilsa-da, men uning alomatlarini juda yaxshi bilaman: haddan tashqari tashvish, o‘ta hushyorlik – tahdidlardan doim ehtiyot bo‘lish – flashbeklar, qo‘rqinchli tushlar va depressiya. Simptomlar bir necha marta kasalxonaga yotqizishni talab qiladigan darajada og‘ir edi.

Shaxsiy hayotiy tajribam bois bolalar qanday reaktsiya qilishi va ularni qanday davolashga juda qiziqdim.

"Turli tadqiqotlarda urush va ko‘chishlarga duchor bo‘lish ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar xavfi bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar bor", deydi Surrey universiteti psixologiya professori Maykl Plyuss.

U suriyalik urush qochqinlari farzandlarini uzoq vaqt o‘rgangan va shunchaki umumlashma taxminlar qilishdan saqlanishga chaqiradi. "Bolalarning bu vaziyatlarga turlicha reaktsiya qilishini tan olish muhim."

Turli omillar natijaga ta’sir qilishi mumkin. Bola travmatik hodisalarga qancha vaqt duchor bo‘lgan? Ular jismonan jarohatlanganmi? Hayotidagi yaqin odamini yo‘qotganmi yoki uning o‘ldirilgani yoki jarohatlanganini ko‘rganmi? Keyinchalik ularda jismoniy xavfsizlik va hissiy qo‘llab-quvvatlov bo‘lganmi?

Bosniya va Gertsegovinadan kelgan 2976 nafar bolada – ularning barchasi to‘qqiz yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan chog‘ida urush ko‘rgan – travmadan keyingi alomatlar va og‘ir qayg‘u alomatlarining yuqori darajasi qayd etilgan.

Bolalar oyoq protezlarining oq-qora tasviri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bolalar oyoq protezlarining tasviri
Qishda yosh o‘g‘il bolani qorli yo‘lda chang‘ida tortib ketishyapti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qishda yosh o‘g‘il bolani qorli yo‘lda chang‘ida tortib ketishyapti
Saraevoda suratga olingan yosh bolalarning oq-qora tasviri

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bosniya va Gertsegovina: Saraevodagi bolalar

Ammo "zaharli stress" tufayli uzoq muddatli sog‘liqqa zarar yetishi ehtimoli bor – yurak kasalliklari, autoimmun muammolar kabi. Bunda tana kortizol va katexolaminlar singari adrenalin ishlab chiqaradigan gormonlar bilan to‘yinadi.

Shuningdek, epigenetika sohasida bir avlodning jarohatli kechmishi keyingi avlodlarda genlar faoliyatidagi o‘zgarishlarda namoyon bo‘lishi mumkinligini o‘rganadiga tadqiqotlar qilinmoqda.

Agar oilamizda ruhiy majruhlik kechmishi bo‘lsa, biz ruhiy salomatlik muammolari, giyohvandlik yoki boshqa sog‘liq muammolariga ko‘proq moyil bo‘lamizmi? Bu qanchalik genetika bilan, qanchalik oilaviy muhitimiz va kundalik hayotimiz bilan bog‘liq?

To‘planib boruvchi oqibatlar

Epigenetika ilmiy tadqiqotlardagi ko‘proq taxminiy va bahsli soha bo‘lib, hali ko‘p narsani o‘rganish kerak.

"Menimcha, jarohatning avlodlararo o‘tishi haqida ba’zi dalillar bor", deydi professor Plyuss. "Bularning ba’zilari yoki ko‘pchiligi biologik emas, balki ijtimoiy muhit oqibatidir, ammo ba’zi epigenetik omillar ham mavjudligini ko‘rsatadigan dalillar bor."

Istanbul xulq-atvor ilmlari markazi direktori professor Metin Bosho‘g‘li bunga shubha bilan qaraydi. Biroq, uning fikricha, ba’zi temperament xususiyatlari (masalan, irsiy jihatdan avloddan-avlodga o‘tadigan moyilliklar) ba’zi odamlarni travmatik hodisalarga ko‘proq ta’sirchan qilishi mumkin.

O‘zimning posttravmatik stres buzilishi (PTSB) haqidagi kitobim ustida tadqiqot olib borayotganimda, Britaniyaning ushbu sohadagi eng nufuzli mutaxassislaridan biri, Qirollik psixiatrlar kollejining sobiq prezidenti professor Saymon Uessli bilan suhbatlashgan edim.

Irlandiya ocharchiligi davrida tug‘ilgan katta buvi-buvalarim, 1920-yillarda urush tajribasidan aziyat chekkan buvimning oilaviy kechmishi meni PTSBga genetik jihatdan ko‘proq moyil qilgan bo‘lishi mumkinmikan deb qiziqardim.

"Ajdodlari bir joyda tug‘ilgan va bir xil sharoitlarga duch kelgan odamlarni o‘rganmasdan turib, buni bilish iloji yo‘q", dedi u menga. "Men buni bitta odamga asoslanib ayta olmayman..."

"Menimcha, tushunarliroq va eng kuchli ta’sir qiladigan omil – bizning qanday o‘sib-ulg‘ayganimiz. Siz o‘sib-ulg‘aygan xonadon va qiziqishlaringiz sizga aynan shunday ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin emas".

Ikkita suriyalik qochqin bolakaylar oila buyumlari yuklangan mashina oldida, ko‘chib ketishayotgan payti kameraga qarab ikki barmog‘ini ko‘tarib turishibdi

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Ikkita suriyalik qochqin bolakaylar oila buyumlari yuklangan mashina oldida, ko‘chib ketishayotgan payti olingan surat
Suriyaning shimoliy viloyatidagi mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan jamloqdagi chodir yonida turgan qizlar

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Professor Plues Suriya urush qochqinlarining bolalari bo‘yicha uzoq muddatli tadqiqotlar olib bordi va taxminlar qilishdan ogohlantiradi

Jarohat oilaviy inqiroz ekanligi borasida tadqiqotchilar asosan yakdil. Gap faqat bolaning ko‘rgan-kechirganlari yoki omon qolganidagina emas, balki kattalarga ta’sir ham bor.

"Urush zonalaridagi bolalar nafaqat o‘z g‘amxo‘rlarning o‘limi va og‘ir ayriliqlarni boshdan kechiradi, – deydi professor Betankur, – balki o‘z jarohati va azobini boshdan kechirayotgan g‘amxo‘r kattalar ham bolalarini urush dahshatlarida to‘liq himoya qila olmay qolishi mumkin".

Professor Plyussning suriyalik qochqinlar o‘rtasida olib borgan tadqiqotlari buni tasdiqlaydi. Bir vaqtda bir nechta ruhiy kasalliklarga moyil bo‘lgan bolalarning 80 foizida oilaviy sharoitlar katta ta’sir qilgan edi.

2022-yilda Livandagi suriyalik qochqinlar haqida chop etilgan tadqiqotda 1600 ga yaqin oila ishtirok etdi. Professor Plyussning aytishicha, bolalarning (xavfsiz uy-joy, oziq-ovqat va ta’lim imkoniyati kabi) turmush sharoitlariga qarab, "ularning ruhiy salomatligini taxminan 10 baravar ko‘proq aniq aytish mumkin edi".

Sog‘lomroq moslashgan bolalar "yaxshiroq himoyalovchi ijtimoiy muhitda bo‘lgan, ehtimol ota-onalari ularni himoya qila olgan, yaqin do‘stlari, munosabatlari bo‘lgan, maktabga borolgan va urushning salbiy oqibatlarini yumshatuvchi barcha tashqi omillarga ega bo‘lgan" bo‘lishi mumkin.

Britaniyadagi bu bilimlarning ildizlari Ikkinchi jahon urushiga va Blitzni boshdan kechirgan bolalarning kechmishiga borib taqaladi. O‘shanda, 1940-yil sentyabrdan 1941-yil maygacha nemis havo hujumlari bo‘lgan.

Londondan evakuatsiya qilinadigan bolalar gaz niqobini kiyish mashqi jarayonida

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Londondan evakuatsiya qilinadigan bolalar gaz niqobini kiyish mashqi jarayonida
1940-yilda qutqarilgan bolalar o‘yinchoqlarini ushlab tugunlar ustida o‘tirishibdi

Surat manbasi, Hulton-Deutsch Collection/Corbis/Getty Images

Surat tagso‘zi, Qutqarilgan bolalar o‘yinchoqlarini ushlab o‘tirishibdi, 1940-yil
Blits, yani Britaniyaning ruhiy holatini buzish va infratuzilmani yo‘q qilishga qaratilgan shiddatli va davomli Germaniya bombardimon kampaniyasi davrida Londondan evakuatsiya qilingan bolalar bir qator bo‘lib o‘tirishibdi. Ularning yangi uylarida ayol oyoqlarini tekshirib ko‘ryapti

Surat manbasi, Fox Photos/Getty Images

Surat tagso‘zi, Professor Plues: "Dalillar o‘ta ishonarli [...] urush va ko‘chirilish ruhiy salomatlik muammolarining yuqori xavfi bilan bog‘liq".

London Qirollik kolleji professori Edgar Jons urush davrida Greyt-Ormond-stritdagi bolalar kasalxonasida davolangan 212 nafar bola o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotga e’tibor qaratadi. Tadqiqotchilar 1949 yilda – urush tugaganidan to‘rt yil o‘tgach, bolalarni qayta tekshirganida, ularning atigi 21 foizi tuzalganini aniqlagan. Ota-onalarning roli – ham ijobiy, ham salbiy bo‘lsin – muhim omil sifatida namoyon bo‘lgan.

"Bolaning portlashlarga bo‘lgan reaktsiyasining qanchalik og‘irligi ota-onasining uning xavotiriga qanday ta’sir qilishiga bog‘liq deb xulosa qilingan", deydi professor Jons.

Qo‘rquvni yengish va o‘zni qo‘lga olish

Mening tajribamda terapiya va dori-darmonlar yordam bergan, lekin oila va do‘stlarning doimiy qo‘llab-quvvatlovi ham muhim rol o‘ynadi. G‘amxo‘r munosabatlarsiz zulmatdan chiqib keta olmasdim.

Shuningdek, meni jarohatni eslatuvchi narsalardan qochmaslikka undashdi. Masalan, uzoq vaqt davomida Afrika qit’asiga sayohat qilishdan qochdim, chunki bu menga Ruanda genotsidini eslatishidan qo‘rqardim. Ammo shifokorim asta-sekin meni qo‘rquvga yuzma-yuz kelishga undardi. Bu bir necha yil davom etdi, alaloqibat qaytdim va u yerda yuragimga yaqin joylarga borishni davom ettirmoqdaman.

Professor Bosho‘g‘li 1999-yildagi 18000 ga yaqin odam halok bo‘lgan Turkiya zilzilasidan omon qolganlar orasida "Nazoratga yo‘naltirilgan xulqiy davolash" deb atalgan usulni qo‘llashni boshlab berdi.

Usul odamni voqea qayta sodir bo‘lishidan qo‘rquvini nazorat qilishga undashdan iborat. Ota-onasiga doimiy bog‘lanib qolgan bolalarni yolg‘iz uxlashga o‘rgatishga harakat qilindi.

"Ular qo‘rquvni yengib o‘tgach, qo‘rquv bilan bog‘liq barcha travmatik stress reaktsiyalari ham yaxshilanadi", deydi professor Bosho‘g‘li.

7-oktyabr hujumlaridan so‘ng Hamas asirligidan ozod etilgan bolalar bilan ishlaydigan isroillik psixologlar ham nazorat hissini qayta tiklash muhimligini ta’kidlamoqda.

Hamas tomonidan hujum qilingan kibbutz uyining bombadan yashirinish uchun mo‘ljallangan yerto‘ladagi boshpana yonida bir yumshoq o‘yinchoq ayiq yotibdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hamas tomonidan hujum qilingan kibbutz uyining bombadan yashirinish uchun mo‘ljallangan yerto‘ladagi boshpana yonida o‘yinchoq ayiq yotibdi
Yosh bola velosipedda 7-oktyabrdagi hujumdan keyin garovga olinganlarga bag‘ishlangan bannerni yonidan o‘tib ketyapti

Surat manbasi, AFP/Getty Images

Surat tagso‘zi, Yosh bola velosipedda 7-oktyabrdagi hujumdan keyin garovga olinganlarga bag‘ishlangan bannerni yonidan o‘tib ketyapti
Isroildagi Bellinson shifoxonasiga garovda bo‘lganlarni tashishga mo‘ljallangan birinchi vertolyot yetib kelganidan so‘ng, bir ota qiziga tasalli bermoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Global to‘qnashuvlar millionlab bolalarga ta’sir ko‘rsatdi, shu jumladan 2023-yil 7-oktyabrda Hamas tomonidan Isroildan olib ketilgan yoshlarga, o‘sha kuni oila a’zolari va qo‘shnilarining o‘ldirilishiga guvoh bo‘lganlarga, hozir uning oqibatlariga yuz tutganlarga ham

"Child and Adolescent Psychiatry and Mental Health" (Bolalar va o‘smirlar psixiatriyasi va ruhiy salomatlik) jurnali uchun maqolada isroillik mutaxassislar jamoasi bunga "omon qolganlarga ularning ehtiyojlari va fikrlari tinglanishini ta’minlagan holda o‘z xavotirlarini ifoda etish uchun ma’lumot va imkoniyat berish orqali" erishilganini yozgan.

Biroq, muvaffaqiyatli davolash ko‘p jihatdan o‘ldirilish yoki mayib bo‘lishdan qo‘rquv doimiy xavf bo‘lmagan barqaror muhitni yaratishga bog‘liq.

"Ularga, shuningdek, ota-onalari sog‘lom bo‘lishi, xavfsiz joyda yashashi, ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi, kundalik tartibi, hayotlarida ma’lum darajada marom bo‘lishi kerak", deydi professor Plyuss.

Urush vayron qilgan hududlarda bunday sharoit kamdan-kam hollarda bo‘ladi. Otashkesin buziladi. Jabha chiziqlari o‘zgarmay qoladi. Ko‘chganlar jamloqlarga tiqilib qoladi.

"Biz insoniylikdan mahrum etildik"

Shunday bo‘lsa-da, xavfsiz muhit haqidagi bu so‘zlar do‘stim Beatani va barqaror muhit uning hayotini qanchalik o‘zgartirganini yodimga soldi.

1994-yilda Ruanda genotsidi – fashistlar Xolokostidan keyingi eng yomon ommaviy qirg‘in sodir bo‘lganida u 15 yoshda edi. 100 kun davomida 800 minggacha odam, asosan tutsi ozchiligi vakillari qatl etildi.

Muxbir sifatida men o‘nlab yetim bolalarni qattol "Interahamwe" jangarilari nazorat qiladigan yo‘l to‘siqlari orqali olib o‘tgan karvonda yurgan edim. Ular orasida Beata Umubeyi Mayresse ham bor edi. Bu dahshatli tajriba bo‘ldi, ayniqsa oilalari halok bo‘lgan bolalar uchun.

Har bir yo‘l to‘sig‘ida bizga xanjar ko‘targan to‘dalar hujum qilishi mumkin edi.

Yillar o‘tib, u o‘z kechmishini o‘rganayotganda (keyinchalik "Karvon" kitobida nashr etilgan) Beata men bilan bog‘landi. Uning xotirjamligi va ochiqko‘ngilligidan hayratga tushganimni eslayman. U turmush qurgan, ikki farzandli, Frantsiyada yashaydi, hozirda muvaffaqiyatli yozuvchi.

"Menga yordam bergan birinchi narsa genotsid joyini tark etib, Frantsiyaga ko‘chish bo‘ldi. Men xavfsiz, tinch joyda, boshpanada, barcha moddiy ehtiyojlarimni qondiradigan oila quchog‘ida edim, psixolog bilan uchrashish imkoniyatim bor edi. Sentyabr oyida maktabga qaytdim va bu ham menga yordam berdi".

Ruandalik qizaloq yo‘l chekkasida jomadonga suyangan holda o‘tiribdi

Surat manbasi, VCG/Getty Images

Surat tagso‘zi, Ruandalik qizaloq yo‘l chekkasida jomadonga suyangan holda o‘tiribdi
Ruandadagi fuqarolar urushidan so‘ng bir guruh odamlar kundalik hayotini davom ettirishmoqda

Surat manbasi, Mirrorpix/Getty Images

Surat tagso‘zi, Ruandadagi fuqarolar urushidan so‘ng bir guruh odamlar kundalik hayotini davom ettirishmoqda
Ruanda, Gisenyidagi Zaire chegarasidagi Nyarushishi tutsi qochqinlar jamlog‘i, 1994 yil 24 iyun

Surat manbasi, Liaison/ Getty Images

Surat tagso‘zi, Millionlab bolalarga ta’sir qilgan jahon mojarolari: 1994-yilda Ruandada 100 kun ichida 800 000 ga yaqin odam qirg‘in qilingan

Beataga onasi qo‘shildi, u ham omon qolgan edi. Otasi qirg‘indan oldin vafot etgan ekan.

U o‘zini vazmin tutsa-da, qo‘rquv izlari hali ham bor edi. U bir kuni kechasi radioda klassik musiqa yangraganida vahimaga tushib qoldi – bu genotsid boshlangan kechada Ruanda radiosida yangragan musiqani eslatgandi. Mushakbozlik yoki ovchilarning o‘q ovozi uni sinfda parta ostiga yashirinishga majbur qilardi, "chunki men Frantsiyada urush boshlandi deb o‘ylardim".

Men undan farzandlarini genotsidning travmatik merosidan himoya qilish uchun nima qilayotganini so‘radim.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Farzandlaringizga aytish qiyin bo‘lgan gaplar bor, bizni qanday kamsitishganini, meni qanday zo‘rlashlariga oz qolganini. «Aytib bo‘lmas» atamasi bolalarga bu voqealarni yetkazishda ma’noga ega. Biz ularni o‘z jarohatlarimiz bilan zararlashdan qo‘rqamiz".

Ammo Beata uchun nozik yondashuv juda muhim. "Ruanda ularning tasavvurida genotsid sifatida qolmasligi kerak. Men ularga bolaligimdagi voqealarni aytib berardim va har safar u yerga borganimda mevalar olib kelardim, toki ular ham mazali taomlar yurtini kashf etishsin".

Garchi u to‘laqonli va baxtli hayot kechirsa-da, Beata hali ham xavotirlardan aziyat chekadi va antidepressantlar qabul qiladi. Men ham dori ichaman va Beata kabi buni og‘irlik yoki uyat sifatida ko‘rmayman.

Aksincha, tibbiy yordam va dori-darmonlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan o‘zimni baxtli his qilaman.

Ruandaga qaytib kelgan Fergal Kin (yuqoridan o‘ngda)
Surat tagso‘zi, Fergal Kin (o‘ngdan ikkinchi) Ruandadagi genotsiddan so‘nggi safar chog‘ida

Ko‘plab mutaxassislar xavfsiz muhit yaratishni juda muhim deb hisoblaydi.

"Ular shunchaki ruhiy salomatlik muammolari qurbonlari emas, – deydi professor Plyuss. – Ular qiziquvchan bolalar va shuning uchun ular maktabga borishlari, birgalikda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak va bu ular duch kelayotgan ruhiy salomatlik muammolarini hal qilish kabi muhim bo‘lishi mumkin".

G‘azoda ishlaydigan psixologlar bu ehtiyojlarni yaxshi biladi. "Chegarasiz shifokorlar" tashkilotida ko‘ngilli bo‘lib ishlagan Davide Musardo dronlar va portlashlar manzarasida terapiya o‘tkazishga harakat qilgani haqida yozgan.

"G‘azoda inson o‘lmasligi mumkin, ammo jarohat chandig‘i qoladi. Hamma narsa, hatto kelajak tasavvuri ham yo‘q. Odamlar uchun eng katta qo‘rquv bugungi kun – bombalar, janglar va aza emas, balki kelajakdir. Tinchlik va qayta qurishga ishonch zaif, men kasalxonada ko‘rgan bolalarda o‘sishda orqaga ketishning aniq belgilari bor edi".

G‘azoda hozirgi otashkesin doimiy bo‘lishi, qayta qurish ishlarini boshlash, oilaviy hayot va ta’limni tiklash imkonini berishi mumkin. Bu ehtimol bor, lekin aniq emas. Sudanda tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga urinishyapti, ammo natija berishiga umid kam. Ukrainadagi va boshqa ko‘plab urushlar davom etmoqda.

Ruhiy jarohatlash urushning o‘zi kabi qadimiy. Siyosatchilar, jurnalistlar va mojarolar oqibatlarini o‘rganuvchi mutaxassislar ko‘pincha "Xunrezlik to‘xtaganidan keyin nima bo‘ladi?" deb so‘rashadi. Boshqa joyda qotillik davom etaveradi. Bu o‘zlari boshlamagan va nazorat qila olmaydigan urushlarga duchor etilgan bolalarning ayanchli qismatidir. Ruhiy jarohatlarni davolash bo‘yicha to‘plangan barcha bilimlarga qaramay, insoniyat uning asosiy sababi – urushni bartaraf etishdan hali yiroq.

Xarriet Uaytxed qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etgan

Asosiy rasm: EPA/Shutterstock