Tramp muhojirlik vizalarini to‘xtatdi: O‘zbekiston ro‘yxatda bormi?

Amerika prezidenti Donald Tramp uchoqdan tushmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AQShda muhojirlik siyosati qayta ko‘rib chiqilmoqda
O'qilish vaqti: 3 daq

Tramp ma’muriyati 75 ta davlat fuqarolari uchun muhojirlik vizalarini ko‘rib chiqish jarayonini noma’lum muddatga to‘xtatdi.

Bu qaror AQShga kirishning qonuniy yo‘llarini yanada cheklamoqda.

Chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti Tramp ma’muriyati Amerikaning ijtimoiy yordam tizimi suiste’mol qilinishiga ortiq toqat qilmasligini ta’kidladi.

Prezident Donald Tramp hokimiyatga kelganidan beri AQShga ham noqonuniy, ham qonuniy kirishni cheklashga intilmoqda. Shu kunga qadar ma’muriyat Braziliya, Eron, Rossiya va Somaliya fuqarolari uchun muhojirlik vizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Yangi tartib 21 yanvardan kuchga kirishi aytilmoqda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Tommi Piggottning aytishicha, davlat kotibi Marko Rubio rahbarligida tizim qayta baholanmoqda. Shu jarayonda "ijtimoiy nafaqa va davlat yordamiga muhtoj bo‘lishi mumkin bo‘lgan xorijiy fuqarolarning kirib kelishini oldini olish" maqsadida vizalarni ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtatilgan.

Associated Press ning xabar berishicha, Davlat departamenti konsullik xizmatlariga mazkur davlatlardan muhojirlik vizasi uchun arizalarni qabul qilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bu cheklov turist yoki biznes vizalariga taalluqli emas.

So‘nggi oylarda Davlat departamenti Tramp tomonidan milliy xavfsizlikka tahdid deb baholangan, jumladan Rossiya, Eron, Afg‘oniston va qator Afrika mamlakatlaridan muhojirlarni qabul qilishni cheklagan edi.

Noyabr oyida Vashington shahrida ikki nafar milliy gvardiyachiga o‘q uzganlikda ayblangan afg‘on muhojiri bilan bog‘liq hodisadan so‘ng ma’muriyat 19 ta davlat fuqarolari uchun kirishga taqiq va cheklovlar joriy qilgandi.

Dekabrga kelib bu ro‘yxatga yana beshta davlat qo‘shildi. Shuningdek, Falastin ma’muriyati tomonidan berilgan hujjatlar bilan sayohat qiluvchilar ham taqiq doirasiga kiritildi.

Bundan tashqari, dastlabki 19 ta taqiqlangan davlat fuqarolari uchun boshpana so‘rab berilgan arizalar, fuqarolikka qabul qilish va "grin karta" arizalarini ko‘rib chiqish ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Yanvar oyi boshida Davlat departamenti AQShga kirish vizasi uchun ariza topshirishda 15 ming dollargacha garov to‘lash talab qilinadigan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirgan edi.

Markaziy Osiyodan bu ro‘yxatga Qirg‘iziston va Tojikiston kiritilgan, Turkmaniston esa avvalroq qo‘shilgan.

O‘zbekiston: AQSh vizalarida o‘zgarish yo‘q

Muhojir chegara devoridan oshib o‘tishga urinayotgan lahza.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yo‘llar har doim ham silliq emas...

Avvalroq AQSh 75 ta davlat fuqarolari uchun muhojirlik vizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatgani, ushbu ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etdi. Vazirlik Axborot xizmati rahbari Ahror Burhonovning O‘zAga ma’lum qilishicha, ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari uchun AQSh vizalari odatdagi tartibda ko‘rib chiqilmoqda va hech qanday cheklov joriy etilmagan.

Shuningdek, tarqalgan xabarlarda gap asosan muhojirlik vizalari haqida ketgani, turistik yoki biznes vizalariga nisbatan cheklovlar joriy etilmagani aytilmoqda.

Ayrim ochiq manbalarga ko‘ra, so‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar grin-karta orqali AQSh vizasini qo‘lga kiritish ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab keladi.