Suriyada yagona ayol vazir bo‘lish nimani anglatadi?

Hind Kabawat o‘z ish xonasida. Qo‘ng‘ir sochlari yelkazigacha tushgan, yashil, qora va oq naqshli ko‘ylak ustiga och jigarrang palto kiygan. Orqa fonda teri kreslolar, Suriya bayrog‘i va lyustra ko‘zga tashlanadi.
Surat tagso‘zi, Hind Kabavat aytishicha, agar u o‘z strategiyasini mustaqil belgilashda erkin bo‘lmasa, bu lavozimda qolmas edi.
    • Author, Liz Duset
    • Role, BBC'ning xalqaro masalalar bo‘yicha bosh muxbiri
    • Author, Lina Shayxuni
    • Role, BBC Jahon xizmati
    • Reporting from, Suriya
  • O'qilish vaqti: 8 daq

"Birinchi kuniyoq men: nega bu yerda boshqa ayollar yo‘q, deb so‘radim", deydi Hind Kabavat.

U Suriyada Mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha vazir. Ayni paytda Hind Kabavat o‘tish davri hukumatdagi yagona ayol vazir hamdir.

Hukumat qudratga kelgan dastlabki oylardayoq mazhablararo zo‘ravonliklar bilan yuzma-yuz keldi. Bu voqealar minglab odamlar hayotiga zomin bo‘ldi. Suriyadagi ko‘plab ozchilik jamoalar buning uchun hukumat kuchlarini ayblashdi.

Avval muhojiratdagi muxolifat yetakchisi bo‘lgan Kabavat hukumat kamchiliklarga yo‘l qo‘yganini tan oladi. U bu bilan prezident Ahmad ash-Sharaa qo‘zg‘olonchi kuchlari 2024 yil 8 dekabr kuni poytaxtga kirib, Asad oilasining o‘n yillab davom etgan shafqatsiz hukmronligiga barham berganidan beri yo‘l qo‘yilgan xatolarni tilga oladi.

Lekin uning ta’kidlashicha, "o‘tish davrida xatolar bo‘lishi tabiiy".

Kabavat, shuningdek, prezidentning eng katta xatolaridan biri hukumat tarkibiga boshqa ayollarni tayinlamagani, deb hisoblaydi. Uning aytishicha, prezident unga kelajakda ayollar soni ko‘payishiga va’da bergan.

Suriya o‘tish davri hukumati a’zolari ikki qator bo‘lib turib suratga tushgan. Ular orasida prezident Ahmad ash-Sharaa va Hind Kabavat ham bor. Kabavat ular orasidagi yagona ayol. Uning oq shim-kostyumi erkak hamkasblarining qora kostyumlari orasida yaqqol ajralib turadi.

Surat manbasi, Syrian Presidency

Surat tagso‘zi, Kabavat prezident Ahmad ash-Sharaaning o‘tish davri hukumati tarkibida. U o‘tgan yil mart oyida bu lavozimga tayinlangan.

Kabavat uchun prezidentning yaqin safdoshlari va ayrim sobiq jangchilar ko‘pchilikni tashkil qilgan hukumat tarkibida ishlash oson emas. U bir vaqtning o‘zida turli bosimlar o‘rtasida muvozanat saqlashiga to‘g‘ri kelyapti.

BBC'ning Global Women maxsus loyihasi doirasida biz Kabavatni yaqindan kuzatdik. Uning oldida Suriyadagi eng himoyasiz hisoblangan odamlari taqdiriga bog‘liq hujjatlar turibdi. Ular - yetimlar, bevalar, shuningdek Asad rejimi davrida bedarak ketgan o‘n minglab insonlarning azador oilalari.

Yana bir dolzarb vazifa bor. Qariyb 14 yil davom etgan fuqarolik urushi sabab ko‘chib ketgan millionlab odamlar uchun ish o‘rinlari yaratish va uy-joy topish lozim. Shu bilan birga, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlardan qochayotganlarning azob-uqubatlarini yengillatish ham zarur.

Ushbu xarob bo‘lgan mamlakatda hamma narsa dolzarb. Davlatning o‘zi ham vayron vaziyatda. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, suriyaliklarning 90 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda yashaydi.

Damashq chetidagi Jobar qishlog‘ida vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uylar
Surat tagso‘zi, Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriyani qayta tiklash kamida 200 milliard dollarga tushadi

Yanvar oyining boshida Hind Kabavat mamlakat shimolidagi Halab shahriga shoshildi. Bu yerda hukumat kuchlari bilan kurdlar yetakchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar avj olgan edi. Janglar ortidan minglab odamlar vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirildi.

O‘tgan yoz u asosan druzlar yashaydigan janubiy shaharga yordam yetkazishga harakat qildi. U yerda druzlar, badaviylar va hukumat kuchlari o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar bo‘lgandi.

Kabavat, shuningdek, Asad oilasi mansub bo‘lgan alaviy jamoasidan zo‘rlangani da’vo qilingan ayolning oilasiga bilan ham aloqa qurdi. Ayol harbiy kiyimdagi qurolli shaxslarni jinsiy tajovuzda ayblagan edi.

Ayrimlar Kabavat Suriyadagi turli jamoalar o‘rtasidagi chuqur bo‘linishlarni yumshatish uchun yanada ko‘proq ish qilishi mumkin, deb hisoblaydi.

Hind Kabavat
Suriya Mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha vaziri
BBC
Biz butkul vayron mamlakatni meros qilib oldik. Yangi davlat uchun qonunlarni yangilash va moslashtirish ustida ishlayapmiz. Bu vaqt talab qiladi.
Hind Kabavat
Suriya Mehnat va ijtimoiy masalalar bo‘yicha vaziri (bbc.com/uzbek)

Hukumat mazhablararo zo‘ravonliklarga javob berishda xato qildimi, degan savolga u shunday javob beradi:

"O‘tish davrida, urushdan keyin xatolar bo‘ladi. Bundan hech kim xursand emas, jumladan prezident ham".

Uning ta’kidlashicha, bu voqealar yuzasidan tergov ochilgan. Hozir esa, "jinoyat sodir etganlarning ko‘pchiligi qamoqqa olingan".

Ishonch va tinchlikni qanday ta’minlash masalasi Kabavatning butun mehnat faoliyatini belgilab kelgan. U Suriya, Livan, Kanada va AQSh universitetlarida tahsil olgan. Huquqshunos va muzokarachi sifatida u fuqarolik urushi davrida muhojiratdagi suriya muxolifatida yetakchi rol o‘ynagan.

Kabavatning aytishicha, eng kuchli vosita bu - o‘zaro muloqot.

"50 yillik diktaturadan keyin odamlar 'biz sizga ishonamiz' deb aytishi vaqt talab qiladi", deydi u. Uning ta’kidlashicha, ishonch faqat hukumat bilan xalq o‘rtasida emas, odamlar o‘rtasida ham shakllanishi kerak.

Kabavat uyining bog‘chasida. Bu uy och va to‘q rangli g‘isht qatorlaridan qurilgan an’anaviy suriya uyi. Oq yog‘och eshik ustida nafis arka bor, zinapoyalarida bezakli plitkalar yotqizilgan, derazalar atrofida esa o‘rmalab o‘sgan o‘simliklar ko‘zga tashlanadi. Kabavat och jigarrang jemper kiygan. U kameradan sal chap tomonga qarab, o‘ychan qiyofada turibdi.
Surat tagso‘zi, "Men odamlarning azob-uqubatini ko‘ryapman va ularning og‘riqlari uchun o‘zimni mas’ul deb his qilaman", deydi Kabavat.

Biz u bilan Idlib shahriga yo‘l oldik. Bu hudud bir paytlar prezident Ahmad ash-Sharaaga qarashli Hayat Tahrir ash-Shom kuchlarining asosiy tayanch nuqtasi bo‘lgan.

Ichki urush davrida Kabavat shu yerda ishlagan. U ayollar boshchiligidagi Tastakel tashkilotiga aynan shu yerda asos solgan. Bu nom arabchada "mustaqil bo‘lish" degan ma’noni anglatadi. Ayni paytda u Kabavatning yangi Suriyani barpo etish haqidagi qarashlarini ham ifoda etadi.

Ërug‘, odamlarga to‘la zalda Suriyaning turli hududlaridan kelgan yoshu qari ayollar va ba’zi erkaklar to‘planishgan. Ular eski tuzum tugaganini nishonlashmoqda. Shu bilan birga, qaror qabul qilish jarayonida ayollar rolini qanday kuchaytirish mumkinligi muhokama qilinmoqda.

Kabavat uchun bu, avvalo, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish demak.

Yaqinda o‘tgan o‘tish davri parlamenti, ya’ni Xalq Majlisiga bilvosita saylovlarda Idlibdan birorta ham ayol saylanmadi. Umuman olganda, ayol nomzodlar jami o‘rinlarning 4 foizinigina qo‘lga kiritishdi.

"Siz birlashib, siyosiy jihatdan yetarlicha puxta o‘ylashingiz kerak edi. Shunda kamida bir yoki ikki ayolni saylash mumkin bo‘lardi", deya u ayollarni tanqid qiladi.

Kabavat Idlibdagi anjumanda mikrofon orqali so‘zlamoqda. Suratning o‘ng tomonida ro‘mol o‘ragan ikki ayol, ikkinchi tomonida esa qora qalpoqli bir erkak va uzun qo‘ng‘ir sochli bir ayol ko‘rinadi
Surat tagso‘zi, Kabavat anjumanda qatnashganlarni ayollarni saylovga ilgari surishda siyosiy jihatdan yanada strategikroq bo‘lishga chaqirdi.

Bu har doim Suriya ayollari qiyofasi bo‘lib kelgan. Suriya turli an’ana va qarashlardan tashkil topgan jamiyat.

Prezident Ahmad ash-Sharaa va uning tarafdorlari sunniy islomni qat’iy talqin qiladi. Shu bois avval boshda qattiqroq islomiy qoidalar joriy etilishi mumkin, degan xavotirlar bo‘lgan. Hozirgacha bunday bo‘lmadi. Shunga qaramay, ayrim odamlar orasida xavotir hanuz saqlanib qolmoqda.

Avvaliga "Al-Qoida" safida bo‘lgan qo‘mondon, keyinchalik islomiy isyonkorlar yetakchisiga aylangan Ash-Sharaaning o‘zi ham harbiy kiyim o‘rniga g‘arbcha kostyum kiyadi. U o‘zini murosasoz rahbar sifatida ko‘rsatmoqda.

Kabavatning aytishicha, o‘tgan yil mart oyida prezident hukumatni e’lon qilgan birinchi kuniyoq unga yana ayollar tayinlanishini aytgan. "U: bu hali oldinda, biz hozir o‘tish davridamiz, dedi", deb qo‘shimcha qiladi u.

Uni hukumatda shunchaki ramziy ayol sifatida ko‘rsatishga qaratilgan har qanday da’vo Kabavat tomonidan qat’iy rad etiladi.

"Men bu yerda ko‘zbo‘yamachilik uchun emasman", deydi u.

"Ishimni qilayotganimda o‘zimni na nasroniy, na ayol deb his qilaman. O‘zimni Suriya vatandoshi deb bilaman. Agar o‘zimni ozchilik vakili yoki ayol sifatida his qila boshlasam, qonuniyligimni yo‘qotaman."

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:


Ahmad ash-Sharaa 2025 yil noyabrь oyida bo‘lib o‘tgan tadbirda. U Asad rejimi Halab ustidan nazoratni yo‘qotgan kunni nishonlash marosimida qo‘llarini ko‘tarib turibdi. Ash-Sharaa to‘q ko‘k kostyum va ko‘k galstuk taqqan. Uning sochi va soqoli qora, atrofida esa kostyum kiygan boshqa erkaklar bor.

Surat manbasi, Nabieha Altaha/Anadolu/Getty Image

Surat tagso‘zi, Avval islomiy isyonkorlar yetakchisi bo‘lgan Prezident Ahmad ash-Sharaa hozir o‘zini murosasoz rahbar sifatida ko‘rsatmoqda.

Idlibdagi anjumanda jamiyat o‘zgarib borayotganini namoyish etadigan kutilmagan holat kuzatildi. Kabavatni hayajonga to‘la yosh ayollar o‘rab olishdi. Ular birin ketin quvonch bilan gapirishardi.

Ular Kabavat asos solgan Tastakel darslarida o‘qigan sobiq talabalar edi.

"U bizga o‘rgatgan g‘oyalarni amalga tadbir qilyapmiz. Tayyor bo‘lish uchun yanada ko‘proq tajriba orttirishga harakat qilyapmiz", deydi ulardan biri Sivar.

Qizlardan yana biri G‘ufron fikrini ta’kidlash uchun barmog‘ini tepaga qaratib shunday deydi:

"Yo biz qaror qabul qilish vakolati bor joyni egallaymiz, yoki umuman u joyda bo‘lishni istamaymiz."

Kabavat buni ma’qullaydi.

Juda konservativ hisoblangan Idlibda ham urush yillarida avvalgi avlod ayollari fuqarolik jamiyatida yetakchi rol o‘ynagan.

Muloyim, ammo o‘ziga ishongan Ahlam ar-Rashid hozir viloyat hukumatida ijtimoiy masalalar bo‘yicha rahbar hisoblanadi.

Qariyb o‘n yil oldin, 2017 yilda, u ayollar huquqlarini ilgari surgan faoliyati uchun BBC'ning 100 ayol ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Fuqarolik urushi davrida, uning aytishicha, ayollar siyosat, gumanitar yordam, ta’lim va sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalarda yetakchilik qilishdi. Ko‘pchiligi o‘sha paytda ham, hozir ham, oila boquvchisi bo‘lib qolishmoqda.

Kabavat bilan muloqot qilayotgan qizlar...
Surat tagso‘zi, Kabavatning sobiq talabasi bo‘lgan G‘ufron ayollar qaror olish vakolatiga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.

Biz shahar chetidagi ochiq hududda qurilgan chodirlardan iborat jamloqqa bordik.

Bu yerda Rashid aytayotgan, hozir suriyalik ayollar oldida turgan eng katta muammo nimaligini yaqqol ko‘rish mumkin.

Ushbu jamloq va mamlakat bo‘ylab shunga o‘xshash yana ko‘plab joylarda uylari hanuz butunlay vayron bo‘lib turgan millionlab suriyaliklar yashashadi.

Kabavat o‘zini kutib turgan erkaklar bilan salomlashib o‘tdi.

So‘ng u tezgina qiqirlab kulayotgan bolalar va umid bilan boqib turgan ayollar tomon yurdi. Ayollarning ko‘pchiligi qora keng libos kiyishgan. Kabavat esa, boshidagi jun qalpog‘i bilan ham qishning sovug‘ini va ham mahalliy an’analarni hisobga olgan ko‘rinardi.

Chodir masjid ichida u yerga o‘tirib, ayollarning dardlarini tinglaydi. Ularning ko‘pchiligi bevalar. Ular yordamsiz, qashshoqlikda og‘riqlab bilan yashaydilar.

Kabavat yana so‘zni ularning o‘ziga qaytaradi. U qo‘l mehnati buyumlarini tayyorlashni o‘rganib, ularni xalqaro bozorda sotishni istaganlar bor-yo‘qligini so‘raydi. Bir zumda son sanoqsiz qo‘llar ko‘tariladi.

So‘ng u yo‘lini davom ettiradi. Ortidan quvnoq bolalar qator bo‘lib ergashishadi. U hazil, hursandchilik va ozgina umid ulashadi. Ammo bu bolalar va ayollar juda muhtoj bo‘lgan haqiqiy yordam hali yetib kelmagan.

Kabavat qochqinlar lageridagi insonlar bilan uchrashayotgan payti. U ikki ayol orasida o‘tirib, ularning gaplarini tinglamoqda. Qora rangli jun qalpoq, keng qora shim, och rangli ko‘ylak va qora jemper kiygan. Ikki tomonidagi ayollar ro‘mol o‘ragan, ulardan biri uning yordamchisi bo‘lib, yozib bormoqda.
Surat tagso‘zi, Hind Kabawat (markazda) uylari vayron bo‘lgan suriyaliklarning dardlariga quloq tutmoqda

Keyin men undan chodirda yashayotganini aytgan odamga nimalar degani haqida so‘radim. U muxolifat safida qattiq ishlagani, hanuz chodirda qolganidan shikoyat qilgandi.

Kabavat shunday javob berdi: "Albatta, ular haq. Men ularning dardini his qilaman."

U xalqaro hamjamiyat tomonidan "uyushgan sa’y-harakatlarga" zarurat borligini ta’kidlaydi.

Men esa, donorlar hukumatdan zudlik bilan yangi huquqiy tizimni joriy etish va oshkoralikni ta’minlashni kutayotganini eslatdim.

"Yo‘q, bu yerda ular haq emaslar", deydi u qat’iyat bilan.

"Biz butkul vayron bo‘lgan mamlakatni meros qilib oldik. Yangi davlat uchun qonunlarni yangilash va moslashtirish ustida ishlayapmiz. Bu vaqt talab qiladi."

Prezident Ash-Sharaaning yaqin doirasi vazirlarning o‘z o‘rinbosarlarini tayinlash vakolatini cheklayotgani haqida xabarlar haqida so‘raganimda u yanada qat’iylashdi.

"Agar o‘z o‘rinbosarimni tayinlay olmasam yoki o‘z strategiyamni belgilashda erkin bo‘lmasam, shu zahoti bu yerda qolmayman", dedi u. "Meni hech kim nazorat qilmaydi."

Uning qo‘shimcha qilishicha, ash-Sharaa "faќat bir tomonga suyana olmaydi".

"Agar u hukumatda turli odamlarni birlashtirmasa, keng qamrovli bo‘la olmasa, biz yashab qololmaymiz", dedi u.

Hind Kabavat jigarrang jemper va jun qalpoqda, atrofini o‘nga yaqin bola o‘rab olgan. Bolalardan bir nechtasi unga qarab turibdi, ayrimlari tabassum qilmoqda. Kabavat gapirayotgan holda ikki ko‘rsatkich barmog‘ini ishora qilmoqda. Orqa fonda ko‘chirilganlar uchun qurilgan chodirlar ko‘rinadi.
Surat tagso‘zi, Kabavat jamloqda odamlar bilan jonli muloqot qiladi, ammo ularga yordam sifatida taklif qila oladigan imkoniyatlari cheklangan.

Asaddan keyingi Suriya ko‘plab davlatlardan yuzlab million dollarlik yordamlar oldi.

AQSh tomonidan olib borilgan harakatlar, prezident Donald Trampning shaxsiy qo‘llab-quvvatlashi bilan, og‘ir sanksiyalar bekor qilindi.

Lekin Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriyaga faqat vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklashning o‘zi uchun kamida 200 milliard dollar kerak bo‘ladi. Ayrim donorlar esa, mamlakat ichidagi beqarorlik va mintaqadagi keskinlik sabab hozircha ehtiyotkorlik qilishmoqda. Bu holat Isroilning o‘z qo‘shnisiga qaratilgan takroriy hujumlari ortidan yanada kuchaygan.

Isroil esa, bu harakatlarni Suriyadagi qurolli guruhlardan kelayotgan tahdidlarga javob sifatida izohlaydi.

Biz Kabavatning uyida, devorlarida oilaviy suratlar va Suriyaning yangi bayrog‘i joylashgan mehmonxonasida o‘tirgan paytimiz, uning barqaror xotirjamligi bir lahzaga buzildi.

"Men odamlar azob tortayotganlariga guvoh bo‘lyapman, o‘zimni ularning og‘riqlari uchun o‘zimni mas’ul his qilaman", deydi u, ko‘z yoshini artar ekan. Uning aytishicha, odamlarga yordam berish uchun imkoniyatlar yetmasligini his qilgan paytdagina o‘ziga: "Nega bu ishni boshladim?" degan savolni beradi.

Shu payt eshik ortida shovqin eshitiladi. Yana bir delegatsiya uni kutib turgan edi.

"Yetar, ko‘z yoshlar yetib ortdi", deydi u o‘zini qo‘lga olib. "Yana bir kun. Va yana ishga qaytamiz."

GLOBAL WOMEN deb yozilgan matn