Oshib borayotgan harbiy xarajatlar iqlimga qanday xavf soladi?

Polsha va NATO ittifoqchilari 2025 yil 17 sentyabrida Polsha shimoli g‘arbida o‘tkazgan harbiy o‘quv mashqlari payti osmonga o‘rlagan tutun

Surat manbasi, Wojtek Radwanski/AFP via Getty Images

    • Author, Navin Singx Xadka
    • Role, Bi-bi-sining atrof-muhit muxbiri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Iqlim o‘zgarishi xavfsizlikka katta tahdidga aylanib borar ekan, butun dunyo bo‘ylab harbiylar zudlik bilan qayta qurollanish zarurligi haqida gapirayaptilar, ayni paytda, ular atrof-muhitga chiqarayotgan karbonat angidrid chiqindilari ortib bormoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yangi hisobotida harbiy xarajatlarning ortishi iqlim inqirozini tezlashtirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab davomli mojarolar ko‘paygani yaqin kelajakda harbiy xarajatlar va shu bilan birga karbonat angidrid chiqindilari ortishiga olib kelishi mumkin.

Ba’zi mutaxassislar iqlim o‘zgarishini yumshatish sa’y-harakati xarajatlari qisqartirilib, mudofaaga yo‘naltirilayotganidan xavotirdalar.

Harbiy paradda o‘tayotgan qurollangan askarlar

Surat manbasi, Zhang Wei/China News Service/VCG via Getty Images

Surat tagso‘zi, Ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, agar dunyo harbiylari bir mamlakat bo‘lganlarida, bu mamlakat havoni ifloslantirishning eng yirik manbasi bo‘lishi mumkin

Harbiylar aslida qancha chiqindi chiqaradi?

Dunyo bo‘ylab harbiylar tomonidan chiqarilgan chiqindilar haqida yagona, tekshirilgan ma’lumotlar manbai yo‘q, ammo ba’zi hukumatlar bu ma’lumotlarni o‘z ixtiyori bilan e’lon qiladi.

Ayrim mutaxassislar bashoratlar va hisob-kitoblar asosida global manzarani chizganlar.

BMT Bosh kotibining so‘nggi hisobotida aytilishicha: "Hozirgi eng yaxshi hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab harbiy sektor umumiy global issiqxona gazlari chiqindilarining 3,3 foizidan 7 foizigachasini chiqaradi."

BMT Bosh kotibining co‘nggi hisobotida aytilishicha: "Hozirgi eng yaxshi hisob-kitoblarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab harbiy sektor umumiy global issiqxona gazlari chiqindilarining 3,3 foizidan 7 foizigachasini chiqaradi."

Agar dunyo harbiylari alohida mamlakat bo‘lganida, u Xitoy, AQSh va Hindistondan keyin to‘rtinchi yirik chiqindi chiqaruvchi bo‘lar edi.

Bu Buyuk Britaniyadagi harbiy faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini o‘rganadigan "Mojarolar va atrof-muhit observatoriyasi" xayriya tashkiloti hamda axloqan maqbul fan va texnologiyalarni targ‘ib qiluvchi "Global mas’uliyat uchun olimlar" mustaqil tashkiloti tomonidan 2022 yilda tashkillashtirilgan qo‘shma tadqiqotda aniqlangan.

Butun dunyo bo‘ylab harbiy byudjetlar kengayishi vaziyat yanada yomonlashishini ko‘rsatmoqda.

Mojarolarni o‘rganadigan mustaqil tashkilot – Stokgolm Xalqaro tinchlik tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda global harbiy xarajatlar 2,7 trillion dollarni tashkil etib, oldingi yilga solishtirganda 9,4 foizga o‘sgan va kamida Sovuq Urush tugaganidan beri rekord darajaga yetdi.

Unda ta’kidlanishicha, 2024 yilda 100 dan ortiq davlat harbiy xarajatlarini oshirdi, ayniqsa, Yevropa va Yaqin Sharqda bu ko‘rsatkich jadal o‘sdi.

Joriy yil boshida Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) a’zo davlatlarning mudofaa va xavfsizlik xarajatlarini 2035 yilgacha yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan 5 foizigacha oshirishini e’lon qildi.

Bu 2021-2023 yillarda NATO a’zolarining umumiy harbiy uglerod chiqindisi 30 million tonnaga oshganidan keyin aytilmoqda, ayni shu davrda harbiy xarajatlar ham ko‘paygan.

Sayyoramiz barqarorligi masalasi bilan shug‘ullanadigan xalqaro tadqiqot va targ‘ibot instituti – Transmilliy institutga ko‘ra, bu taxminan sakkiz milliondan ortiq qo‘shimcha avtomobilni yo‘lga qo‘yish bilan barobardir.

Ayrim eng katta ifloslantiruvchilar

Mutaxassislar ogohlantirishicha, haqiqiy muammo katta miqdorda yoqilg‘i talab qiladigan qiruvchi uchoqlar, tanklar, harbiy kemalar va suv osti kemalari kabi og‘ir qurol tizimlarini qanday karbonsizlantirish masalasidir.

Ularning aytishicha, dunyoda qiruvchi uchoqlar eng ko‘p energiya talab qiladigan mashinalar qatoriga kiradi. Keng tarqalgan tadqiqotga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar armiyasida reaktiv yoqilg‘i so‘nggi yarim asrda AQSh Mudofaa vazirligi (hozir nomi AQSh Urush vazirligi deb o‘zgartirilgan) uchun umumiy energiya iste’molining 55 foizini tashkil etgan..

Nature jurnalida 2022 yilda chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, AQSh Harbiy-havo kuchlarining birgina F-35 qiruvchi uchog‘i har 100 dengiz mili (185 km) masofaga parvoz qilganda, Buyuk Britaniyaning o‘rtacha benzinli avtomobili bir yilda chiqaradigan miqdorda karbonat angidrid ajratadi.

"Har yili AQSh harbiylarining reaktiv yoqilg‘idan foydalanishi AQShning olti million yo‘lovchi avtomobilinikiga teng bo‘lgan chiqindini hosil qiladi," deya qo‘shimcha qilinadi tadqiqot maqolasida.

Qanotlaridan tutun chiqarib tikka osmonga ko‘tarilayotgan harbiy qiruvchi uchoq

Surat manbasi, Hakan Akgun/Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tadqiqotlarga ko‘ra, harbiy qiruvchi samolyotlar atrof-muhitni eng ifloslantiradigan texnkadir

Shunga qaramay, Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutiga ko‘ra, AQSh 2024 yili harbiy xarajatlarini undan oldingi yilga solishtirganda 5,7 foiz oshirdi va dunyodagi eng yirik mudofaa byudjetiga ega bo‘lib qoldi.

"Zaxiralarni ko‘paytirish uchun harbiy ishlab chiqarishni kengaytirish energiya talab qiladi, ammo past uglerodli harbiy texnologiyalardagi yutuqlar cheklangan," dedi Mojarolar va atrof-muhit observatoriyasidan Dug Veyr.

Aniq ustuvor yo‘nalishlar

Bi-bi-si AQSh Urush vazirligidan bu ko‘paytirilgan xarajatlar karbonat angidrid chiqindilari uchun nimani anglatishi mumkinligi va harbiy sektorni karbonsizlantirish rejalari bor-yo‘qligini so‘radi.

"AQSh Urush vazirligi vazirlikning asosiy jangovar missiyasiga mos kelmaydigan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq dasturlar va tashabbuslarni bekor qilmoqda," dedi Pentagon co‘zchisi Shon Parnell Bi-bi-siga elektron pochta orqali javobida.

"Biz asosiy sa’y-harakatlar yo‘nalishi sifatida yo‘q qilish, jang qilish va jangovar tayyorgarlikni yaxshilashga e’tibor qaratmoqdamiz. Buni uch yo‘l bilan amalga oshirmoqdamiz: jangovar ruhni tiklash, armiyamizni qayta qurish va dushmanni tiyib turish qudratini qayta yo‘lga qo‘yish."

NATO o‘ziga yuborilgan shu kabi savollarga javob bermadi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, tashkilotning ko‘paygan karbonat angidrid chiqindilarini qoplash bo‘yicha sa’y-harakatlari unchalik samarali emas.

"Hozirgi kunda dekarbonizatsiya bo‘yicha sa’y-harakatlar qayta qurollanish byudjetlari ko‘lamiga nisbatan juda oz," dedi Bryusseldagi Yevropa harbiy birlashmalar va kasaba uyushmalari tashkilotining siyosat bo‘yicha katta xodimi Dimitra Kutuzi.

"Yevropa mudofaa sanoati energiya samaradorligi va barqarorlikni o‘z rejalariga kiritishni boshlamoqda, ammo bugun ishlab chiqarilayotgan tizimlar ishga tushishi uchun yillar kerak bo‘ladi," deya ogohlantirdi u.

Bangladesh poytaxti Dakkaga yog‘gan kuchli yomg‘irlar ortidan suv bosgan shahar ko‘chasia borayotgan avtomobillar va ular orasidagi velosiped mingan erkak

Surat manbasi, Syed Mahamudur Rahman/NurPhoto via Getty Images

Urush xarajatlari

Mojarolarning iqlimga yetkazgan zarari qiymatini aniq o‘lchash qiyin bo‘lsa-da, hozirgi ayrim urushlar ularning atrof-muhitga ta’siri naqadar katta ekanligini ko‘rsatmoqda.

Rossiya-Ukraina urushiga berilgan bahoga ko‘ra, mojaroning dastlabki ikki yilida 175 million tonna atrofida issiqxona gazlari chiqarilgan, deyiladi 2024 yilda e’lon qilingan hisobotda.

2025 yil mayida e’lon qilingan Isroil-G‘azo urushi bo‘yicha yana bir tadqiqotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlardan chiqadigan karbonat angidrid chiqindilari qariyb 1,9 million tonnani tashkil etgani, bu 36 ta alohida davlat va hududlarning yillik chiqindilaridan ko‘p ekanligi aytilgan.

Iqtibos

Britaniya armiyasining iste’fodagi generali va NATOning sobiq yuqori martabali amaldori Richard Nugi shunday deydi: "Xoh tez uchuvchi samolyot, xoh fregat yoki tank bo‘lsin, bizda hamon chiqindisiz ishlaydigan texnologiya yo‘q. Shu bois, texnologiya paydo bo‘lmaguncha chiqindilarni o‘zimiz xohlagandek kamaytira olmasligimizni tan olishimiz kerak."

Demak, mudofaaga ko‘proq pul ajratish iqlim bo‘yicha mablag‘ni kamaytirishni anglatadi.

BMT Bosh kotibining sentyabr oyida e’lon qilingan hisobotida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish bo‘yicha yillik kamomad allaqachon 4 trillion dollarni tashkil etgani ko‘rsatilgan (uning yarmi aynan energetika va iqlim ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan).

Hisobotda aytilishicha, kelgusi yillarda taqchillik 6,4 trillion dollargacha oshadi, xuddi shunday 2035 yilga borib global harbiy xarajatlar 6,6 trillion dollargacha yetishi mumkin.

Shuningdek, dunyoning eng boy davlatlari o‘z harbiy kuchlariga eng zaif mamlakatlarni iqlim moliyasi bilan ta’minlashdan 30 baravar ko‘proq mablag‘ sarflayotgani ta’kidlangan.

2024 yil noyabrida Boku shahrida o‘tgan iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan sammitda faollar boy mamlakatlardan kambag‘al mamlakatlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashlari uchun zarur mablag‘ni to‘lashni talab qildilar.

Surat manbasi, Sean Gallup/Getty Images

2024 yildagi Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan COP29 iqlim bo‘yicha muzokaralaridan so‘ng, rivojlangan davlatlar 2035 yilgacha yiliga 300 milliard dollar ajratishga kelishib oldilar, rivojlanayotgan mamlakatlar esa iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlariga moslashish uchun yiliga 1 trillion dollardan ko‘proq mablag‘ kerakligini aytadilar.

"Global harbiy xarajatlar yiliga taxminan 2,5 trillion dollarni tashkil etadi," dedi 2024 yil noyabr oyida Ozarbayjon poytaxti Bokuda bo‘lib o‘tgan COP29 iqlim bo‘yicha muzokaralarida Panamaning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha maxsus vakili Xuan Karlos Monterrey Gomez.

"Bir-birini o‘ldirish uchun 2,5 trillion dollar ko‘p emas, lekin hayotlarni saqlab qolish uchun bir trillion dollar aqlga sig‘maydi."

Lekin hozir avvalgi va’dalar ham bajarilishiga shubha bor.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) ma’lumotlariga ko‘ra, 11 ta donor mamlakat 2025-2027 yillarda rivojlanish uchun rasmiy yordamni, ya’ni iqlimni moliyalashtirishni ham o‘z ichiga olgan tashqi yordamni qisqartirishini e’lon qildi.

Masalan, Buyuk Britaniya 2027 yilga borib yordam xarajatlarini yalpi milliy daromadning 0,5 foizidan 0,3 foizigacha kamaytirish orqali mudofaa sohasiga mablag‘ni ko‘paytirishini aytdi.

"Ko‘plab yoki bir nechta shimoliy davlatlar, jumladan, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari xalqaro hamkorlik byudjetlarini qisqartirib, buni mudofaa byudjetiga yo‘naltirmoqda," dedi BMTning qurolsizlanish masalalari bo‘yicha oliy vakili Izumi Nakamitsu Bi-bi-si bilan suhbatda.

Uning aytishicha, mablag‘larning bunday yo‘naltirilishi iqlim, ijtimoiy xarajatlar va boshqa sohalar uchun kamroq moliyaviy resurslar ajratilishiga olib kelishi mumkin.

General Nugi "xohlaymizmi-yo‘qmi, harbiy kuchlar doim bo‘ladi," deydi.

"Urushda harbiy chiqindilarni ko‘paytirishni to‘xtatishning eng yaxshi usuli, birinchi navbatda, urushdan tiyish vazifasini bajaradigan kuchli armiyaga ega bo‘lishdir, NATO va Britaniya aynan shunga harakat qilmoqda."

Boshqalar esa qudratli harbiy kuchlar odamlarni iqlimning vayronakor ta’siridan chindan ham himoya qila oladimi yoki uning ta’sirini tezlashtiradimi, kabi savolni beradilar.