Tan olinmagan qahramonlar: Xolokost davrida yahudiylarni qutqargan arablar

Qora va oq suratda engil paxta ko‘ylki kiygan Xolid Abdulvahob to‘g‘ridan-to‘g‘ri kameraga qarayapti.

Surat manbasi, Oilaviy arxivdan

Surat tagso‘zi, Isroilning Xolokost qurbonlari xotirasi markazi Xolid Abdulvahob yaxshi va olijanob inson bo‘lganligini, ammo u "Millatlar orasida solih" unvonini olganlar qatoriga kirmaganligini bildirdi
    • Author, Svaminatan Nataradjan
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Isroil Xolokost yodgorlik markazi 28 mingdan ortiq g‘ayriyahudiyga Xolokost davrida o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, yahudiylarni qutqargani uchun "Millatlar orasida solih" unvonini bergan. Natsistlar bosib olgan Shimoliy Afrikada minglab yahudiy qirg‘in qilingan, ammo birorta arab millatiga mansub shaxs arab mamlakatida yahudiy hayotini saqlab qolgani uchun "Millatlar orasida solih" deb tan olinmagan.

"Tunisda bir arab novvoy har kuni o‘z novvoyxonasida oziq-ovqat kartochkasi bo‘lmagan yahudiylar uchun qo‘shimcha non qoldirardi."

"Arab ayollari yahudiy chaqaloqlarini o‘z uylariga olib, ularga enaga bo‘lishgan, chunki onalarining ovqati ham, suti ham yo‘q edi."

"Jazoirda islom ulamolari mahalliy musulmonlarga musodara qilingan yahudiy mol-mulkini boshqarishni taqiqlovchi fatvo chiqardi, bu fatvo chiqarilgandan keyin birorta mahalliy arab unga bo‘ysunmaganiga misol topa olmadim."

Bu Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti (AQSh) ijrochi direktori Robert Satloff to‘plagan Shimoliy Afrika aholisining Ikkinchi jahon urushi paytida yahudiylarga qanday yordam bergani haqidagi hikoyalardan bir shingili, xolos.

Natsistlar Yevropada olti milliondan ortiq yahudiyni qirib tashlagan. Shimoliy Afrikadagi yahudiy jamoalarini frantsuz Vishi rejimi ham qo‘shimchasiga ta’qib qilgan. Bu o‘lim, quvg‘in va mol-mulk musodaralariga olib keldi, ammo ancha kichik miqyosda.

"Qirg‘indan tashqari, Yevropadagi yahudiylar boshiga ne tushgan bo‘lsa, arab mamlakatlaridagi yahudiylarni chetlab o‘tgani yo‘q," deydi Satloff Bi-bi-si Jahon xizmatiga bergan intervyusida.

AQSh Xolokost memorial muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra, Marokash, Jazoir, Tunis va Liviyada yarim millionga yaqin yahudiy yashagan. Satloffning hisob-kitobiga ko‘ra, mintaqada halok bo‘lgan yahudiylar soni 4-5 ming kishini tashkil etadi.

O‘zini xavfga qo‘ygandi

Si Ali Sakkataning (chapda), Xolid Abdulvahob va Hamza Abduljalilning (o‘ngda) fotosuratlari to‘plami

Surat manbasi, Rob Satloff

Surat tagso‘zi, Si Ali Sakkat (chapda), Xolid Abdulvahob va Hamza Abduljalil (o‘ngda) tan olishga loyiq, deydi doktor Rob Satlof.

Uning ta’kidlashicha, kamida uch arab Isroilning Xolokost yodgorlik markazi – «Yad-Vashem» tomonidan tan olinishga munosib.

1942 yil noyabridan 1943 yil mayigacha natsistlar to‘liq bosib olgan Shimoliy Afrikaning yagona davlati Tunisda yahudiylar sariq yulduz taqishga majburlangan. Natsistlar barcha yahudiy erkaklarga majburiy mehnatga jo‘natish uchun to‘planishni buyurganida, ulardan biri Jozef Nakkash qochishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘n yillar o‘tib, Nakkash Parijda yashayotganida, bir arab o‘zini katta xavf ostiga qo‘yib, unga boshpana berganini Satloffga so‘zlab berdi.

"SS 1942 yil dekabrь oyida yosh yahudiy erkaklarni ommaviy hibsga olish uchun qurshov uyushtirdi, – deydi Satloff. – SS ro‘yxatida bo‘lgan odamni yashirish, eng og‘ir jinoyat hisoblanardi."

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"[Nakkash] nemislar qo‘liga tushishdan qochib, yashirindi, qurshovdan chiqib o‘z tumanidagi jamoat hammomiga kirib qoldi."

Hammom egasi Hamza Abduljalil Nakkashga uni himoya qilishini aytib, yerto‘laga yashirdi.

"Men nafaqat qutqarilgan odam bilan uchrashdim, balki Tunisga borib, o‘sha hammomni topdim va uni qutqargan odamning o‘g‘li bilan ko‘rishdim, – dedi Satloff Bi-bi-si Jahon xizmatiga. – U hamma tafsilotlarni bilardi. Ikki tomon ham bitta hikoyani so‘zlab berdi."

Tunisning sobiq meri Si Ali Sakkat ham poytaxtdan taxminan 55 kilometr uzoqlikdagi Zaguan vodiysidagi shahar tashqarisida joylashgan uyida mehnat lageridan qochgan bir guruh yahudiylarni oziq-ovqat va boshpana bilan ta’minlab, o‘z hayotiini xavf ostiga qo‘ygandi.

Yovuzlikka qarshi turish

Tunisdagi yahudiy erkaklar Jerbadagi ibodatxonada ibodat qilishmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tunisda hali hamon kichik yahudiy jamoasi yashaydi. Tunisning Jerba orolidagi ibodatxonada olingan surat

Ammo Satloffning eng yoqtirgan hikoyasi Xolid Abdulvahob voqeasi bo‘lib, u bir natsist zobitining o‘zi tanigan yahudiy ayolga ko‘z tikkanini aytganini tasodifan eshitib qolgan ekan.

Tun yarmida Abdulvahob yashirinib yurgan bu ayol va uning oilasini qutqarib, Tunisdan taxminan 30 kilometr uzoqlikdagi o‘z fermasiga olib boradi va omborlar hamda otxonalarga yashiradi. Ammo bu bilan cheklanib qolmadi – natsistlar istilosi tugagunga qadar u jami 20 nafar ayol va bolani yashirdi, ularning oilalaridagi erkaklar majburiy mehnatga jo‘natilgan edi.

Qutqarilganlardan uchtasi keyinchalik Yad-Vashemga murojaat qilib, Abdulvahobni "Millatlar orasida solih" unvoniniga sazovor deb tan olishini so‘radi, ammo ikki marta ularga rad javobi berildi.

Rob Satloff
Men Abdulvahob yovuzlikka qarshi turgan inson ekanini, meni qutqargani uchun uzoq va mazmunli hayot kechira olganimni bilaman
Yeva Vayzel
(Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Markaz uning "Millatlar orasida solih" inson bo‘lganini va guvohlarning ko‘rsatmalari uning olijanobligidan dalolat berishini tan oldi, ammo yahudiylarning uning fermasida bo‘lishi natsistlarning to‘liq xabardorligida va qonuniy asosda bo‘lganini aytib, Abdulvahobga bu unvonni berishni rad etdi. Bu unvon Xolokost paytida yahudiylarni natsistlar qirg‘inidan qutqarish uchun o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan yahudiy bo‘lmagan kishilarga beriladi.

"Tunisdagi Germaniya bosqinchiligi bor-yo‘g‘i olti oy davom etgan, u yerda [natsistlarning qirg‘in siyosatining] "yakuniy yechimi"ni amalga oshirish rejalari oxiriga yetkazilmagan", deya qo‘shimcha qildi Yad-Vashem.

2011 yil dekabrь oyida 13 yoshida Abdulvahob yashirgan Yeva Vayzel New York Times gazetasida maqola chop etib, bu qarordan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi.

"Men Abdulvahob yovuzlikka qarshi turgan inson ekanini, meni qutqargani uchun uzoq va mazmunli hayot kechira olganimni bilaman – xuddi u oilamdagi boshqa baxtli insonlarni qutqarganidek", deb yozgan u.

"Umid qilamanki, uning tarixini so‘zlab beradigan hech kim qolmasidan avval Yad-Vashem uning ishini qayta ko‘rib chiqadi", dedi Vayzel.

"Qulay" rivoyat

Ramkaga solingan misrlik shifokor Muhammad Xelmiyning oq-qora surati

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Misrlik shifokor Muhammad Helmiy Berlinda yosh yahudiy ayolini yashirib, uning oilasiga yordam bergan, "Millatlar orasida solih" unvoniniga sazovor bo‘lgan yagona arab hisoblanadi

"Millatlar orasida solih" unvoniga sazovor bo‘lgan 28 mingdan ortiq insonning 70 ga yaqini musulmonlar, ammo ular orasida faqat bittagina arab bor – Berlinda yosh yahudiy ayolni yashirgan va uning oilasiga yordam bergan misrlik shifokor Muhammad Helmiy.

Satloff to‘plagan hikoyalar juda ta’sirli bo‘lsa-da, AQShning Manxetten universiteti Xolokost, genotsid va dinlararo muloqotni o‘rganish markazi direktori Mehnaz Afridi ular "qulay" rivoyatga zid ekanligini aytadi.

"Isroildagi ba’zilar uchun xaloskor arablar borligini tan olish zamonaviy siyosiy manzarani murakkablashtiradi, – deydi Afridi Bi-bi-si Jahon xizmatiga bergan intervyusida. – Arab dunyosidagi ayrimlar uchun esa arab zaminidagi yahudiylar natsist zulmidan najotga muhtoj bo‘lganini tan olish Xolokost inkorchilik va siyosiy jihatdan foydali bo‘lgan relyativizmga putur yetkazadi."

"Xolokost tahdidi ostidagi hayot"

Marokash qiroli Muhammad V ning Parijga rasmiy tashrifi vaqtida olingan qora-oq fotosurati

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Marokash qiroli Muhammad V yahudiylarga qarshi irqiy qonunlarni joriy etish talablarini bajarishdan bosh tortgan

Afridi Marokash qiroli xizmatini ham tan olishga chaqirmoqda.

"Vishi natsistlar rejimi davrida Marokash va Tanjega yahudiylarni mehnat lagerlariga joylashtirish buyurilgan. Marokash qiroli Muhammad V antisemit qonunlarni joriy etish yoki Marokash yahudiylarini Frantsiyaga jo‘natish talablarini bajarishdan bosh tortgandi", deydi u.

Yad-Vashem saytida yodgorlik qoshidagi Xalqaro Xolokostni o‘rganish maktabi xodimi (hozirda nafaqada) Jeki Mettsger shunday yozadi: "Agar Xolokost deganda ommaviy qirg‘in tushunilsa, Shimoliy Afrikada Xolokost bo‘lmagan. Yahudiylarning bu davrdagi tarixini yaqinlashib kelayotgan, lekin amalga oshmay qolgan Xolokost tahdidi ostidagi hayot deb hisoblash to‘g‘riroq bo‘ladi."

Biroq Bi-bi-si Jahon xizmatiga yozma javobda markaz "Shimoliy Afrika Xolokostning bir qismi" ekanligini tan oldi.

"Natsistlar bu mintaqadagi yahudiylarni Yevropa yahudiylari, shuningdek, Mandat ostidagi Falastin va Yaqin Sharqdagi yahudiylar taqdiriga tayyorlagan", deyiladi bayonotda.

"Agar Shimoliy Afrika Polsha ozod qilingan paytda (1943 yilda emas, 1945 yilda) ozod qilinganida, bu yahudiylarning aksariyati omon qolmagan bo‘lardi", deb hisoblaydi Yad-Vashem.

Medallar va faxriy yorliqlar Polshaning Gdansk shahrida, 2018 yil 30 avgustda ommaviy namoyishga qo‘yildi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yad-Vashem yodgorlik majmuasi 28 mingdan ortiq yahudiy bo‘lmaganlarni "Millatlar orasida solih" unvoni bilan sharaflagan

Tashkilot qo‘shimcha qilishicha, har bir tan olish arizasi noxolis munosabatsiz birdek sinchkovlik bilan tekshiriladi, biroq hozirda ularning ekspert qo‘mitasi qutqaruvchi arablarning ishlarini ko‘rib chiqmayapti, chunki yangi arizalar kelib tushmagan.

Shunga qaramay, Xolid Abdulvahob tarixiga o‘xshash voqealar asta-sekin e’tirof etilmoqda, deydi Afridi.

"2009 yilda Vashingtondagi Adas Israel "Millatlar orasida solih"lar bog‘ida va Milandagi "Millatlar orasida solih"lar bog‘ida qizi Faizaning ishtirokida o‘tkazilgan marosimda uning sharafiga daraxt ekildi", deydi Afridi.

Getty Images
Isroildagi ba’zilar uchun xaloskor arablar borligini tan olish zamonaviy siyosiy manzarani murakkablashtiradi
Mehnaz Afridi
Manxetten universiteti Xolokost, genotsid va dinlararo muloqotni o‘rganish markazi direktori (Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing)

Satloff ham bu fikrga qo‘shiladi.

"Men Shimoliy Amerika va Yevropadagi ko‘plab tashkilot va muassasalar o‘sha davrda yahudiylarni himoya qilgan arablarning jasorati va mardligini e’tirof etganidan juda faxrlanaman", deydi u.

Satloff yangi dalillar paydo bo‘lishi bilan kelajakda rasmiy tan olish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishiga umid qilishini aytadi.