Afg‘oniston: erkakcha kiyinadigan onaxon, bachapo‘shlik an’anasi va 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar qachon o‘qishga qo‘yiladi? - video

Hukmina o‘rindiqda boshiga salla o‘rayapti, yonida miltig‘i turibdi
Surat tagso‘zi, Hukmina miltiq ushlab va salla o‘rab yuradi
O'qilish vaqti: 4 daq

Erkakcha kiyinadigan Afg‘on ayoli Tolibondan nima istamoqda?

Yetmish yoshni qarshilagan Hukmina Afg‘onistonning Xo‘st viloyati Tanay tumanida yashaydi. Keksa yoshiga qaramay, u hali hamon faol.

"Otamning o‘nga yaqin farzandlari vafot etgan. Men qurol ushlashni o‘rganib, pichoq ko‘tarib yurardim. Molu qo‘ylarni boqardim. Keyinchalik Puli Xumri bozoridan menga miltiq sotib olib berishdi", deydi u.

Hukmina bir umr Tanay tumanining Gurbaz sahrosida yashagan. Otasining farzandi kam bo‘lgani sabab u otasiga dastyor bo‘lishni istadi. Endilikda uning o‘zi yordamga muhtoj.

Urf-odatlarga binoan erkaklar bajaradigan ko‘plab og‘ir ishlarni o‘zi qilishga majbur bo‘lgan Hukmina, boshqa Afg‘onlar singari ayollar yordam uchun begonalarga qaram bo‘lib qolishidan havotirlik bildiradi. "Vatanimizda ayol doktorlar bo‘lganida, horijiy davlarga borib davolanishning keragi bo‘lmas edi", deydi u.

 Hukmina erkak kiyimida, boshida salla, devorga osilgan alfavitga qarayapti
Surat tagso‘zi, "Mullalarga qanday kiyim yoqsa, qizlarimiz kiysin va maktabda o‘qisin", deydi Hukmina.

O‘g‘il bola ko‘rinishidagi Afg‘oniston qizlari

BBC Jahon hizmati, Afg‘onistonda yillar osha davom etib kelayotgan, bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan, bachapo‘sh an’anasini muntazzam yoritib keladi. Bu an’ana ijtimoiy va iqtisodiy bosim, o‘g‘il farzandga bo‘lgan ehtiyoj tufayli ko‘plab oilalar qizlarini o‘g‘il sifatida tarbiyalashga majbur bo‘lgani oqibatida kelib chiqqan.

2021 yildan keyingi keskin cheklovlar qizlarning ta’limi, ishlashi va erkin harakatini yana cheklab qo‘ygani sababli, ayrim oilalar bachapo‘shga qaytayotgani haqida huquq himoyachilari xabar bermoqda. Faollar ruhiy bosim yillar davomida o‘g‘il sifatida yashab, birdan qiz roliga qaytishga majburlik ham 2025 yilda yanada murakkablashgani haqida aytishadi.

O‘g‘il bola kiyimida yosh qizaloq ko‘chada, mashina yonida turibdi
Surat tagso‘zi, Ko‘pchilik qizlar ko‘chalarda ishlash uchun o‘g‘il bolalar kabi kiyinadilar

Psixologlar, bugungi kunda bachapo‘sh qizlar bolalik xotiralarining yo‘qolishi, mustaqillikdan birdan voz kechishga majburlik kabi ruhiy bosimlar ostida qolishini aytishadi.

Biroq ayrim sobiq bachapo‘sh qizlarga ko‘ra, aynan shu tajriba ularga jasorat, mustaqillik va yetakchilik qobiliyatini bergan. Mutaxxasislar bu qobiliyatlar qizlarda ikki qarama-qarshi his-tuyg‘u uyg‘otishini aytishadi.

Shunday ekan, yillar osha kelayotgan savol bugun ham javobsiz qolmoqda: qachon Afg‘on qizlari erkinlik va hurmatga o‘g‘il bolalardek, o‘z qiyofasini yashirmasdan, haqqoniy ravishda ega bo‘lishadi?

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Hukminaning Afg‘onistonda qizlar ta’limiga qo‘shgan hissasi

Hukmina Tolibon hukumatini Islom dini doirasida qizlar uchun maktablarni ochishga chaqiradi. "Ularga aytadiganim shuki Islom dini bunday emas. Afg‘onistonda Islom talablarini hech kim buzmagan. Oramizdan Malaladek mard ayollar chiqqan. Shunday qahramonlar, doktorlar o‘zimizdan chiqsa, ular sa’y-harakati bilan biz chetga qaram bo‘lmaymiz. O‘zgalarga qullikdan qutilamiz. Shunday ekan, qizlarimizga maktabni ochib berishsin. O‘z hijobida, islomiy kiyimida, burqa kiyadimi, yoki hijobmi, mullalarga qanday kiyim yoqsa qizlarimiz kiysin va maktab o‘qisin", deya suhbatni yakunlaydi u.

BBC
Mullalarga qanday kiyim yoqsa qizlarimiz kiyisin va maktabda o‘qisin
Hukmina
Afg‘onistonlik ayol (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Hayot yo‘li mashaqqatli bo‘lishiga qaramay, Hukmina o‘ziga tegishli bo‘lgan yer maydonidan maktab uchun joy ajratdi", deydi BBC Afg‘on hizmati muxbiri Spin Tanay.

"U yerining bir qismini o‘g‘il bolalar maktabi uchun, boshqa qismini qiz bolalar maktabi uchun taqdim etdi.

Afg‘onistonda Hukminaga o‘xshagan ta’lim olishni, yorqin hayot kechirishni istaydigan hotin-qizlar ko‘p, lekin afsuski ularning ovozini hech kim eshitishni xohlamayapti".

BBC muxbiri erkak kiyimini kiyib salla o‘ragan, hasa ushlagan, 70 yoshli Hukmina bilan, Hukminaning uyi oldida turishibdi
Surat tagso‘zi, Afg‘onistonda Hukminaga o‘xshagan ta’lim olishni, yorqin hayot kechirishni istaydigan hotin-qizlar ko‘p, lekin afsuski ularning ovozini hech kim eshitishni xohlamayapti", deydi BBC Afg‘on hizmati muxbiri Spin Tanay

To‘rt yillik sukut: Afg‘oniston qizlari kelajakdan uzilib qolmoqda

Afg‘oniston qizlari uchun ta’lim olish huquqi yil sayin qo‘ldan ketib, oqibatlari endi yashirib bo‘lmas darajaga yetgan.

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel 2025 yil 17 sentabr kuni Nyu-Yorkdan qilgan bayonotida jumladan shunday degan edi: "6-sinfdan yuqori bo‘lgan Afg‘oniston qizlari o‘qishga qo‘yilmaganiga to‘rt yil bo‘ldi."

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib 2.2 milliondan ortiq qiz ta’limdan chetda qoladi, bu yil qo‘shni davlatlardan 2 million afg‘onistonliklar qaytib kelgani sabab bu raqam yanada ko‘paymoqda.

Yaqinda sodir bo‘lgan va 1172 nafar bolani hayotdan olib ketgan halokatli zilzila esa malakali ayol shifokorlar va ijtimoiy xodimlarga bo‘lgan ehtiyoj qanchalik katta ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Qizlar o‘qimasa, bunday kasblar va boshqalari yo‘qolib ketishi mumkin.

UNICEFning 2025 yil 25 sentyabrь kuni 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar ta’limi haqida qilgan bayonoti

Surat manbasi, Screenshot

Surat tagso‘zi, UNICEFning 2025 yil 25 sentyabrь kuni 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar ta’limi haqida qilgan bayonoti

Bu yilning 26 mart kuni BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) qizlarning o‘rta maktabga borishiga qo‘yilgan taqiq ketma-ket to‘rtinchi yilga kirgani munosabati bilan chuqur havotir bildirdi.

BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Roza Otunbaeva yangi o‘quv yili ham yana "qizlarning sinf xonalaridagi achinarli holat, yani ularning yo‘qligi bilan boshlandi" deya ta’kidladi.

UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 2.2 million qiz ta’limdan mahrum bo‘lgan, shundan 400 ming nafari 2025 yilga to‘g‘ri keladi.

Agar taqiq 2030 yilgacha davom etsa, 4 milliondan ortiq qizning kelajagi izdan chiqadi. UNAMAga ko‘ra bu taqiq Afg‘oniston rivojlanishini orqaga tortmoqda va mamlakatni xalqaro hamjamiyatdan yanada yiroqlashtirmoqda.

UNICEF
Afg‘oniston qizlari nafaqat darsdan, balki ijtimoiy muloqot, shaxsiy rivojlanish, o‘z kelajagini shakllantirish imkonidan mahrum bo‘lmoqda
Ketrin Rassel
UNICEF ijrochi direktori (Batafsil: bbc.com/uzbek)

BMT agentliklarining bayonoti shuni ko‘rsatadiki, bu faqat ta’lim muammosi emas balki insonparvarlik, iqtisodiy va ijtimoiy inqirozning chuqurlashgan ko‘rinishidir.

Ketrin Rassel Afg‘oniston qizlari nafaqat darsdan, balki "ijtimoiy muloqot, shaxsiy rivojlanish, o‘z kelajagini shakllantirish imkonidan" mahrum bo‘layotganini aytdi. UNICEF xodimlari esa uyga qamalib qolgan qizlar orasida ruhiy tushkunlik, erta turmush va yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari ortib borayotganini qayd etmoqda.

UNAMAning 2025 yil 26 mart kuni 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar ta’limi haqida qilgan bayonoti

Surat manbasi, Screenshot

Surat tagso‘zi, UNAMAning 2025 yil 26 mart kuni 6-sinfdan yuqori bo‘lgan qizlar ta’limi haqida qilgan bayonoti

BMT agentliklarining ta’kidlashicha hech bir jamiyat o‘z farzandlarining yarmini sukutga mahkum qilgan holda rivojlana olmaydi.

Rassel aytganidek, qizlarning ta’limdan mahrum qilinishi "bizning davrimizdagi eng katta adolatsizliklardan biridir". Xalqaro tashkilotlar taqiq darhol bekor qilinishi kerak deyishmoqda.