O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Istanbuldagi qotillik haqida ma’lumot berdi

Surat manbasi, Reuters
Boshi va oyoqlari tanasidan judo qilingan ayol jasadi tunda Istanbul chiqindi ishi ichida topilgani haqida Turkiya matbuoti xabar tarqatdi.
Jasad qoldiqlari matoga o‘ralgan bo‘lgan, Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneri ichidan shanba, 24 yanvar tunida qog‘oz yig‘uvchi tomonidan topilgan, deb xabar berdi DHA axborot agentligi.
Tergovchilar qurbonning 37 yashar O‘zbekiston fuqarosi ekanini aniqlaganlar.
Tergovchilar ayol boshi va oyoqlarini darrov topolmaganlar.
Biroq kuzatuv kameralaridagi tasvirlarni o‘rganish chog‘i shaharning boshqa bir chiqindixonasida ikki erkak bir jomadonni tashlab ketgani videosini ko‘rib qolganlar.
Jomadon ichida nima borligi ma’lum bo‘lmagan.
Oradan bir necha soat o‘tib politsiya Istanbul aeroportida Turkiyadan uchib ketayotgan ikki O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan gumondorni hibsga olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay uchinchi gumondor ham qo‘lga olingan.
Ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ushbu qotillikka g‘azabnok munosabat bildirmoqdalar.

Femitsid - ayolga nisbatan nafrat holatlari ko‘payib borayotganidan norozilik bildirayotgan Turkiyadagi ayol huquqlari tashkilotlari femitsidga qarshi samarali chora ko‘rishni talab qilmoqdalar.
Shu munosabat bilan 25 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 16 da Anqara shahrida norozilik yurishi e’lon qilindi.
Turkiyada rasman femitsid holatlariga oid rasmiy ma’lumot e’lon qilinmaydi.
Shuning uchun xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar ayollar qotilligi va shubhali o‘limiga oid raqamlarni matbuot xabarlari asosida yig‘ib boradilar.
"Biz femitsidni to‘xtatamiz" deb nomlangan tashkilot e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025 yili mamalakatda 294 ayol o‘ldirilgan, 297 ayol esa shubhali vaziyatlarda hayotdan ko‘z yumgan.
Qotillik bosh konsulxona nazoratiga olingan
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qilishicha, qotillik O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulxonasi nazoratiga olingan.
"O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Shishli tumanida vatandoshimiz vafoti to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 24-yanvar kuni soat 19: 40 atrofida Istanbul shahrining Shishli tumanida chiqindilar orasidan buyum to‘plab yurgan fuqaro konteyner ichida o‘ralgan jasadni ko‘rib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Ko‘rik jarayonida jasadning bosh qismi mavjud emasligi qayd etilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud-tibbiy ekspertiza markazi hamda prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida marhumaning shaxsi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Hakimova Durdona ekani tasdiqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.
Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatildi hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv jarayonlari Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Bosh konsulxona ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni rasmiy manbalar orqali taqdim etib boradi.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi", deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.












